1. Murakkablashgan gaplar orqali birgina maqsad ifodalanmay, murakkab fikr o‘z
ifodasini topadi.
2. Murakkablashgan gapni tashkil etgan bo‘laklar gapning umumiy mazmuni bilan
izohlash munosabatida bo‘ladi.
3. Murakkablashgan gapda ikki xil predikativ birlik, hukm bo‘ladi. Bu predikativ
birlikning biri asosiy bo‘lib, ikkinchisi to‘liq bo‘lmagan hukmdir. Asosiy hukm gapning umumiy
mazmunidan anglashilsa, to‘liq bo‘lmagan hukm gapning uyushiq, ajratilgan bo‘laklari, undalma
va kirish bo‘laklar orqali ifodalanadi.
4. Murakkablashgan gapni tashkil etgan bo‘laklar asosiy gapning umumiy mazmuni bilan
munosabatga kirishadi.
5. Murakkablashgan gapni tashkil qiluvchi bo‘laklar o‘ziga xos intonatsiya bilan talaffuz
etiladi. Bu intonatsiya boshqa gap bo‘laklari intonatsiyasiga o‘xshamaydi, ular gap bo‘laklaridan
pauza bilan ajralib turadi.
6. Murakkablashgan gaplarda shakliy va mazmuniy
murakkablashuv va munosabat
mavjud. Mazmuniy munosabatda ob’ektiv, sub’ektiv, vokativ va modal munosabat o‘z ifodasini
topadi.
7. Murakkablashgan gap o‘ziga xos sintaktik qurilmalar bo‘lib, shuning uchun ular sodda
va qo‘shma gaplardan farqlanadi.
Uyushiq bo‘lakli gap. Gap tarkibida bir turdagi bo‘laklar birdan ortiq holda qator keladi.
Bir turagi bo‘laklar gapning uyushiq bo‘laklarini tashkil qiladi. Bunday bo‘laklar ishtirok etgan
gap uyushiq bo‘lakli gap sanaladi: G‘ijjak, tanbur, chang, ud, nay, daf va hokazo yangradi.
(O.)
Uyushgan bo‘laklar bir xil so‘roqqa javob bo‘lib, bir xil sintaktik vazifani bajarib, teng
bog‘lovchilar yoki sanash intonatsiyasi yordamida birikadilar.
Uyushgan bo‘laklar o‘zaro tenglashish, boshqa gap bo‘laklari bilan tobelanish asosida
sintaktik aloqa kirishadilar.
Bir xil sintaktik qiymatga ega bo‘lgan va ular gapning boshqa bo‘lagiga tegishli bo‘lib,
shu bo‘lakka nisbatan birday sintaktik munosabatda bo‘lgan birdan ortiq gap bo‘laklari uyushiq
bo‘laklar sanaladi.
Hozirgi o‘zbek tilida gap uyushiq bo‘laklarining qo‘llanilishi tasodifiy bo‘lmay, balki
tarixan shakllangan sintaktik hodisalardir. U o‘zining quyidagi xususiyatlari bilan xarakterlanadi:
1. Uyushgan bo‘lak gapda bir xil sintaktik vazifani bajaradi.
2. Uyushgan bo‘lak komponentlari o‘zaro teng aloqada bo‘ladi va teng bog‘lovchilar
yordamida bog‘lanadi.
3. Uyushiq bo‘lak o‘zi uchun umumiy hisoblangan bo‘lak bilan bir xil munosabatda
bo‘ladi.
4. Uyushiq bo‘laklar sanash intonatsiyasi orqali talaffuz qilinadi.
5. Uyushiq bo‘laklar, odatda, bir xil so‘z turkumlaridan ifodalanadi.
Uyushiq bo‘laklar gapda o‘zaro teng bog‘lovchilar bilan, pauza va sanash intonatsiyasi
bilan aloqaga kirishadi.
Gapning uyushiq bo‘laklari sanash intonatsiyasi va teng bog‘lovchilar( biriktiruv, zidlov,
ayiruv, inkor) vositasida bog‘lanadi.
Ajratilgan bo‘laklar. Intonatsion hamda fikran ajratilib, gapda ma’lum mustaqillikka ega
bo‘lgan bo‘laklar ajratilgan bo‘laklar sanaladi.
Ajratilgan bo‘laklar nutqda biror bo‘lakni ajratib, bo‘rttirib ko‘rsatish uchun xizmat qilib,
tinglovchi diqqatini shu bo‘lakka jalb qiladi. Bunday bo‘laklar og‘zaki nutqda alohida
intonatsiya bilan aytilib, muhim stilistik vosita hisoblanadi.
Ajratilgan bo‘laklar, qaysi gap bo‘lagiga tegishliligiga qarab, bir necha xil bo‘ladilar.
Ajratilgan ega,
ajratilgan kesim, ajratilgan to‘ldiruvchi, ajratilgan aniqlovchi, ajratilgan
izohlovchi, ajratilgan hol.
Ikkinchi darajali bo‘laklarning ajratilishi izohlash, inversiya, gap bo‘laklarining kengayib
kelishi bilan bog‘liq.
Kirish va kiritma qurilmalar
gapning biror bo‘lagi bilan sintaktik munosabatga
kirishmaydi. Ular gapning ayrim bo‘lagi yoki butun ifodaga so‘zlovchining sub’ektiv
munosabatini, emotsional tuyg‘usini ifodalaydi.
So‘z turkumidan ajralib chiqib, faqat modal ma’no ifodalovchi so‘zlar ( masalan, shekilli,
demak, modomiki), ma’lum so‘z turkumidan ajralib chiqmagan kirish va gap bo‘lagi vazifasida
qo‘llanuvchi so‘zlar (qisqasi, rost, aftidan, oxiri) kirish bo‘lak vazifasida keladi.
Kirish so‘zlar bir so‘zdan iborat bo‘lib, ma’lum so‘z turkumlari bilan bog‘lanadilar.
Kiritma qurilmalar. Kiritma qurilmalar gap mazmuniga yoki uning ayrim bo‘laklari
ma’nosiga oid qo‘shimcha izoh, ma’lumotlar beradi. Bular gap
tarkibiga nutq jarayonida
kiritilib, gap bilan mantiqiy-semantik jihatdan munosabatga kirishadilar.
Kiritma qurilmalar intonatsion jihatdan mustaqillika ega bo‘ladilar. Ular biror so‘roqqa
javob bo‘lmaydilar, semantik vazifa bajarmaydilar, gap bo‘lagi yoki qo‘shma gaplarning
komponenti bo‘lib hisoblanmaydilar.
Kiritma qurilmalarning gap tarkibida qo‘llanish shakllari uch tipga bo‘linadi: kiritma so‘z,
kiritma birikmalar, kiritma gaplar.
Kiritma so‘z ayrim so‘z shaklida bo‘ladi:
Ustozi (Vohidov) o‘z shogirdlarining qobiliyatli
yigit ekanligini maqtar edi. (Jurn.)
Kiritma birikmalar so‘z birikmasi shaklida bo‘ladi: U (safardan qaytgan kishi)... juda
mayda odatiy voqealarni ham qoldirmay so‘zlar edi.(G‘.G‘.)
Kiritma gaplar gap shaklida bo‘ladi: Shu payt dumi kalta chavkar ot mingan qora soqolli
keksa bir bek (yuzi ayollarniki singari tuksiz bo‘lganidan, jangchilar o‘zaro uni ko‘sa dnb
atashardi) Husaynning yoniga yugurib keldi. (Jurn.)
Kirish qurilmalar gap boshida kelsa, undan keyin, gap oxirida kelsa, undan oldin, gap
ichida kelsa, har ikki tomonidan vergul qo‘yiladi.
Kiritma qurilmalar, odatda, qavsga olinadi va tire bilan ajratiladi.
Undalmalar. So‘zlovchining nutq qaratilgan shaxs yoki predmetni ifoda qiluvchi mustaqil
so‘z yoki so‘z
birikmasi undalma
deyiladi. Undalma gapning umumiy mazmuni bilan bog‘liq
bo‘lib, gap bo‘laklari bilan grammatik aloqaga kirishmaydi.
Undalma bosh kelishik shaklida keladi. Bu jihatdan u egaga o‘xshaydi. Lekin undalma
undosh intonatsiyasi, pauza bilan ajratilishiga ko‘ra hamda kesim bilan bog‘lanmasligi jihatidan
egadan farq qiladi. Undalma ko‘proq so‘zlovchi nutqi qaratilgan shaxsni ifoda qiladi. Kechir
meni, Onaxon, ishga ko‘milib ketdim.
(Yashin.)
Undalmalarda intonatsiya, gap xarakteriga ko‘ra, turlicha bo‘ladi: darak gaplarda past
ohang bilan aytiladi, so‘roq gaplarda alohida urg‘u olgan undalmalardan keyin cho‘ziq pauza
bo‘ladi: buyruq
gaplarda gap mazmuniga qarab, past hamda kuchliroq ohang bilan aytiladi;
undov gaplarda kuchli ohang bilan aytiladi.
Undalma intonatsiyasi uning gapda kelgan o‘rniga ham bog‘liq bo‘ladi. Undalma gap
boshida kelganda, undash, chaqirish intonatsiyasiga ega bo‘lib, pauza bilan ajratiladi; gap
o‘rtasida kelganda undalmadan oldingi pauza keyingisidan qisqaroq bo‘ladi; undalma gap
oxirida kelganda ham undalmadan oldingi pauza uncha cho‘ziq bo‘lmaydi.
Sodda gap tarkibiga turli sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi, shart maylidagi fe’lli o‘ram
(oborot)larni kiritish natijasida bu gap qurilishi murakkablashishi (ham shakl, ham mazmun
jihatidan) va bunday o‘ram (oborot)lardagi ikkinchi darajali predikatsiyaga ko‘ra
gapda
predikativ jamlanish yuzaga kelishi mumkin.
Ravishdoshlar o‘ziga oid so‘zlar bilan kengayib keladi va ular ravishdosh o‘rami deb
yuritiladi. Ravishdosh o‘ramlari, odatda, ajratilgan bo‘ladi. Botir, mehmonlar bilan salomlashib,
ayvon to‘ridagi uyga o‘tdi. (S.N.)
Ravishdosh o‘ramlar o‘zining alohida sub’ekt bo‘lagiga ega bo‘lmasligiga ko‘ra ikki turga
ajratiladi:
1.O‘zining alohida sub’ekt bo‘lagiga ega bo‘lmagan ravishdosh o‘ramlardagi ikkinchi
darajali predikatsiya ayni o‘ramlarni gapga aylantirmaydi. Bunday ravishdosh o‘ramlar
butunchasiga muayyan mazmunni ifodalab, gapda asosan, hol vazifasini bajaradi. Aka-uka
yaxshilab yuvinib bo‘lgach... dasturxonga kelishdi. (S.A.)
2. O‘zining alohida sub’ekt bo‘lagiga ega bo‘lmagan ravishdosh o‘ramlar ergash gaplar
sifatida baholanadi.
Sifatdosh o‘ramlar bilan murakkablashgan sodda gaplar:
Dostları ilə paylaş: