Zaharli moddalar. Lazerli printerning kukuni tarkibiga zaharli moddalar kiradi. Ular qog`ozga tushirilayotgan paytda kuydiriladi va butunlay zararsizlantiriladi. Printerga tiqilib qolgan qog`oz sug`urib olinganda undagi kukunning bir qismi kuydirilmagan bo`ladi va havoga chang tarzida tarqalishi, kiyim va teriga yuqib, inson organizmiga kirib borishi mumkin. Bunday chala kuydirilgan qog`ozlarni qarovsiz qoldirish, ulardan boshqa maqsadlarda foydalanish va axlat qutilariga tashlash mumkin emas. Ularni darhol avvaldan tayyorlab qo`yilgan yupqa tsellofan yoki qog`oz paketlarga joylash va tashqariga olib chiqib kuydirib tashlash kerak. Lazerli printerlarda faqat ularda foydalanish ko`zda tutilgan qog`ozlarni ishlatish kerak. Boshqa turdagi, ayniqsa, qipiqlanadigan gazeta qog`ozlaridan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Xavfsizlikni ta’minlovchi tadbirlar va muxandislik-texnik vositalar. Xavf darajasini kamaytirish asosan quyidagi tadbirlar orqali amalga oshiriladi:
xavfsiz texnikalarni loyihalash va ishlab chiqish;
xavfdan himoyalashning muhandis-texnik vositalaridan foydalanish;
xavfsiz, zamonaviy texnologik jarayonlarni ishlab chiqish va tadbiq etish;
ishchi – xodimlarni xavfsizlik texnikasi bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish.
Xavfsizlikni ta’minlovchi muhandislik-texnik vositalariga quyidagilar kiradi: 1. To‘siq qurilmalari (qo‘zg‘aluvchi, qo‘zg‘almas, doimiy, vaqtinchalik)).
2. Blokirovkalash moslamalari.
3. Saqlash qurilmalari (mexanik zo‘riqishlardan saqlovchi; mashinalardagi harakatlanuvchi mexanizmlarni belgilangan chegarada harakatlanishini taminlovchi; bosim va haroratni ruxsat etilgan meyordan oshishini taqiqlovchi; elektr toki kuchini ruxsat etilgan miqdordan oshmasligini taminlovchi;
4. Tormozlar.
5. Masofadan (distansion) boshqarish qurilmalari.
Signalizatsiya va xavfsizlik belgilari sistemasi. Signal qurilmalari vazifasiga ko‘ra ogohlantiruvchi, halokatga oid, tekshirish (kontrol) va bog‘lovchi bo‘ladi. Ishlash prinsipiga ko‘ra esa yorug‘lik signali, tovush signali, rang va belgi signallariga bo‘linadi. Yorug‘lik signallariga gabarit chiroqlar, to‘xtash signallari (“Stop-signal”), burilish ko‘rsatkichlari va boshqalar misol bo‘la oladi. Yorug‘lik signallari shovqin darajasi 60-70 Db.dan yuqori bo‘lgan holatlarda ishlatiladi. Rang va belgi signallaridan xavf to‘g‘risida malumot berish maqsadida foydalaniladi. Masalan, belgilangan standartlarga muvofiq qizil rang - “Taqiqlovchi”, “To‘xta”, “Aniq xavf”; sariq rang – “Diqqat”, ”Xavf to‘g‘risida ogohlantirish”; yashil rang -“Xavfsiz”, ”Ruxsat”, ”Yo‘l ochiq”; ko‘k rang-“malumot” manolarini bildiradi.