III bob. Hayot faoliyati xavfsizligi. 3.1. Xalq hunarmandchiligi texnologiyasi bo‘limi darslarida axborot texnologiyasidan foydalanishda xavfsizlik texnikasi XX asrning oxirgi o‘n yilligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) insonlar hayot tarzi va jamiyat rivojiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri bo‘lib qoldi. Bugungi kunda kishilik jamiyatida axborot–kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlanishi natijasida insonlar hayotining barcha yo‘nalishlarida chuqur o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda.
Axborot–kommunikatsiya texnologiyalari inson hayotining barcha jabhalarini, ya’ni ish faoliyatini ham, muloqotini ham, maishiy va madaniy sohalarini ham qamrab olmoqda. Ular har bir odamga hayot kechirish darajasini rivojlantirish va yaxshilash uchun katta imkoniyatlarni ochib bermoqda hamda insonni yolg‘izlikdan chiqarib, jahon axborot jamiyatiga qo‘shilishiga imkoniyat yaratmoqda. Respublikamiz hukumati tomonidan AKTga oid zarur me’yoriy-huquqiy baza yaratilib, 11 ta ixtisoslashtirilgan (sohaviy) va 6 ta o‘zaro bog‘langan qonunlar, O‘z.R. Prezidentining 3 ta farmoyishi, O‘z.R. Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining 40 dan ortiq qarorlari hamda 600 ta qonunosti hujjatlarni o‘z ichiga olgan.
Xavfsizlik texnikasi debxavfsiz mehnat sharoitini ta’minlashga qaratilgan texnik tadbirlar va ish usullari majmuiga aytiladi. Ma’lumki har qanday texnik qurilma xavfli zonalarga ega bo‘ladi. Xavfli zonalar deb mashina yoki mexanizmning ichki qismida yoki tashqi tomonida doimiy yoki davriy ravishda unda ishlayotgan ishchi uchun xavf sodir bo‘ladigan maydoni tushuniladi.
Xavf real va yashirin turlarga bo‘linadi. Shu sababli har qanday mashina-mexanizmning konstruksiyasi quyidagi umumiy va xususiy talablarga javob berishi zarur:
mashina va mexanizmlarning harakatlanuvchi va aylanuvchi mexanizmlari himoyalangan yoki himoya qobiqlari bilan to‘silgan, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashga qulay qilib joylashtirilgan bo‘lishi;
konstruksiya elementlari o‘tkir qirrali yoki g‘adir-budir yuzali bo‘lmasligi (agar mashinaning funksional vazifasi talab etmasa), mashinada hosil bo‘ladigan issiq yoki sovuq detallarga ishchi tana a’zolarining qo‘qqisdan tegib ketish oldi olingan bo‘lishi;
tarkibiy qismlar (elektr simlari, truba quvurlari va b.) qo‘qqisdan uzilishi yoki yorilib ketmasligi;
mashinaning (mobil mashinalarda) transport holatidagi gabarit o‘lchami ixcham, xavfsiz va yo‘lda harakatlanish, elektr liniyalari ostidan o‘tishga qulay bo‘lishi;
mashina yoki mexanizm ishlashi natijasida ajralib chiqadigan zararli moddalar ruxsat etilgan miqdor darajasida bo‘lishi va u ishchi joylashgan muhitga tarqalmasligi zarur.
Xususiy talablar esa mashinaning yoritilganlik, shovqin, titrash va shu kabi ko‘rsatkichlarini sanitar-gigienik talablar doirasida bo‘lishi, tormoz qurilmalarining ishonchliligi, boshqarishni qulay bo‘lishi va texnik – estetik talablarni o‘z ichiga oladi.