Subtropik mintaqaning tabiat zonalari. Yevrosiyoning subtropik
mintaqasida iqlim sharoitiga moslashgan holda turli xil tabiat zonalari shakllangan.
Bular qattiq barg‘li doimiy yashil subtropik o‘rmonlar va butazorlar, subtropik
sernam musson o‘rmonlar, subtropik chala cho‘l hamda cho‘llardir.
Subtropik o‘rmonlar va butazorlar zonasi. Bu zona asosan Yevrosiyoning
O‘rta dengiz sohillarini, Zakavkazening Kolxida va Lenqoran pasttyokisliklarini
hamda Kaspiy dengizining janubiy sohilini egallab olgan. O‘rmonli va butazorli
subtropiklarda yoz quruq va issiq bo‘ladi. Iyulning o‘rtacha harorati 23°-28°S ni
tashkil etadi. Qish oylari iliq yanvarning o‘rtacha harorati +5°, +12°S ga teng.
Yog‘ingarchilik asosan qish mavsumiga to‘g‘ri keladi. Yog‘in miqdori havo
massasining yo‘nalishiga va relef shakliga qarab 500 mm dan 1500 mm gacha
o‘zgaradi. Shuning uchun bu zonada o‘simliklar vegetatsiyasi yil buyi davom
etadi. Doimiy yashil o‘simliklar issiq va quruq havoga moslashgan. Ularning
barglari qattiq, yaltiroq, bazilari tuk bilan qoplangan.
O‘rta dengizbo‘yi subtropiklarida qadimgi paytlarda o‘rmonlar ko‘p va qalin
bo‘lgan. Keyinchalik ular deyarli butunlay kesib yuborilgan va o‘rmonlarning
o‘rnini doimiy yashil butazorlar egallagan. Yashil o‘simliklar tagida hosildor jigar
rang tuproqlar rivojlangan. Bu zonaning tabiiy o‘simliklari asosan uchlamchi davr
florasidan tarkib topgan. Issiqsevar o‘simlik turlaridan chinor, dzelkva, lapina,
temir daraxti, xmelgrablar uchraydi. Bargini tashlaydigan daraxtlardan buk, eman,
kashtan, grab, ulkan zarang, ipak akatsiya, qayrag‘och, shumtollar o‘sadi. Past
bo‘yli daraxtzorlar mayda bo‘yli tosh eman, yertut daraxti, mirta va boshqalardan
iborat. Madaniy o‘simliklardan xurmo, anjir, anor, uzum, zaytun, choy va sitrus
mevalar-limon, mandarin, apelsinlar yetishtiriladi.