5. O‘zbekistonning MDHdagi o‘rni va Markaziy Osiyo davlatlari bilan
o‘zaro hamkorlik aloqalari.
1991-yil 8-dekabrda Minsk shahri yaqinida sovet ittifoqining barham topishi
munosabati bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga asos solindi. MDHning
vujudga kelishi haqidagi hujjatga dastlab Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va
Belorussiya davlatlari imzo chekdilar. 13-dekabrda Аshxobodda o‘tgan O‘rta
Osiyo va Qozog‘iston Respublika rahbarlarining kengashida hamdo‘stlikni
kengaytirish zarur deb topdi. Natijada shu yili 21-dekabrda Аlmatida o‘tkazilgan
uchrashuvda jami 11 davlat MDHga aʼzo bo‘lib kirdi. Ular bu bitimda
davlatlarning hududiy butunligini tan olish, amaldagi chegaralar, ularning
ochiqligi, fuqarolarning harakati erkinligiga, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni
taʼminlash, harbiy harakat va qurol-yarog‘ tarqatishning oldini olishda birgalikda
harakat qilishga kelishib oldilar.
MDH aʼzolarining birgalikdagi harakatlariga quyidagi vazifalar kiritildi:
– tashqi siyosiy faoliyatlarni muvofiqlashtirish, mudofaa siyosati va tashqi
chegarani muhofaza qilish;
– umumiy iqtisodiy muhitni rivojlantirish va Umumyevropa, YevroOsiyo
bozorini shakllantirish;
– iqtisodiy islohot o‘tkazish;
– bojxona siyosatini birga olib borish;
– transport, aloqa, energetika tizimlarini rivojlantirish;
– ekologik, atrof-muhit xavfsizligini taʼminlash;
– uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish.
190
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatida Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan
ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga alohida ahamiyat
berilib, uning MDH doirasidagi hamkorligi yuzasidan quyidagi holatlar belgilab
berildi:
– yangi mustaqil davlatlarning ko‘p yillar mobaynida tarkib topgan
munosabatlari chuqurlashishi xalqaro maydonda vaziyatni chigallashtirishga olib
kelishi mumkinligi;
– respublika iqtisodiyoti yagona transport va energetika tizimiga ega bo‘lgan
sobiq umumittifoq iqtisodiy makoni doirasida shakllanganligi, mustaqillik yillarida
bo‘lsa, MDH doirasidagi davlatlarning o‘zaro aloqalarini uzib qo‘yishi ishlab
chiqarish hajmlarining pasayib ketishiga olib kelishi mumkinligi;
– MDH doirasidagi davlatlarda chegaralarning ochiqligini saqlab qolish
respublikada ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni va millatlararo munosabatlarda
totuvlikni taʼminlashda muhim rol o‘ynashi;
– mustaqil davlatlarning o‘zaro hamkorligi xalqaro maqomda o‘z mavqeyini
saqlab qolishi uchun muhim omil bo‘lib hisoblanishi.
1991-2000-yillarda MDH davlatlari boshliqlarining 30 ga yaqin kengashlari
bo‘lib o‘tdi va muhim hujjatlar imzolandi. Ular orasida xavfsizlik masalalari,
tinchlikni saqlash, iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib olish uchun davlatlalaro
iqtisodiy qo‘mita tuzish, iqtisodiy integratsiyani to‘laqonli amalga oshirish,
bojxona va ittifoq to‘lovi masalalarini izga solib olish kabilar muhim o‘rin
egalladi. O‘zbekiston MDH doirasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalar bo‘yicha
shartnoma hamda kelishuvlarni Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va
boshqa mamlakatlar bilan imzolab o‘zaro manfaatli hamdo‘stlik aloqalari uchun
mustahkam asos yaratdi.
Аyni vaqtda O‘zbekiston 1996-yil Venada sobiq ittifoqdosh davlatlar
Gruziya, Ukraina, Ozarbayjon, Moldova davlatlari asos solgan o‘ziga xos
tuzilmaga ham 1999-yil aprel oyida aʼzo bo‘ldi. Natijada bu tuzilma unga
uyushgan davlatlarning nomidan olingan bosh harflar asosida GUUАM deb
yuritila boshlandi. Mazkur tuzilma mintaqaviy hamkorlik doirasidagi Osiyo-
Kavkaz-Yevropa transport yo‘lagini rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlikni
kengaytirishni maqsad qilib oldi. 2001-yil iyun oyida ana shu tashkilotga aʼzo
davlatlarning uchrashuvi bo‘lib, unda O‘zbekiston ham ishtirok etdi. Yaltada
bo‘lib o‘tgan sammitda hamkorlikni mustahkamlashga doir ayrim masalalar ko‘rib
chiqildi.
So‘nggi yillarda GUUАM davlatlarining ichki va tashqi siyosatida keskin
o‘zgarishlar yuz berishi oqibatida O‘zbekiston bu tashkilotga aʼzoligini bekor qildi.
Rossiya Federatsiyasi bilan mustaqillik yillarida bo‘layotgan o‘zaro
manfaatli va teng huquqli hamkorlik yaxshi samara berayotganini taʼkidlab o‘tish
joizdir. Bu ikki mamlakat o‘rtasida 1992-yil o‘rnatilgan diplomatik aloqalardan
so‘ng siyosiy, iqtisodiy sohalarda 150 dan ortiq shartnomalar imzolandi.
2003-yilning avgustida ikki mamlakat Prezidentlarining navbatdagi
uchrashuvi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyaning “Gazprom” va
“Lukoyl” kompaniyalarining O‘zbekistonda neft va gaz manbalarini qidiruv
191
yuzasidan ishlayotgan korxonalarini texnik jihatdan qayta qurish masalalari
muhokama qilindi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar almashuv 2002-yili bir milliard
АQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2003-yili bu ko‘rsatkich 25 foizga oshdi.
2004-yili Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yanada
mustahkamlandi. Shu yili ikki davlat Prezidentlari jami yetti marta uchrashdi.
O‘zbekistonga 32 marotaba Rossiya hukumati delegatsiyalari tashrif buyurdi, shu
jumladan, Rossiya davlati xavfsizlik kengashining raisi, Mudofaa, Tashqi ishlar,
Transport vazirlari o‘zbekistonlik davlat rahbarlari bilan muhim masalalar
bo‘yicha bitimlar tuzdi. Shu yili 16 iyunda ikki davlat o‘rtasida strategik hamkorlik
to‘g‘risida bitim tuzildi. Bunda siyosiy, harbiy, harbiy-texnika, iqtisodiy-ijtimoiy
va boshqa masalalar bo‘yicha alohida bitimlar imzolandi.
O‘zbekistonda 350 korxona Rossiya investitsiyasi asosida ishlab, shundan
300 tasi qo‘shma korxonalarda, Rossiyada esa 100 dan ortiq O‘zbekiston-Rossiya
qo‘shma korxonalari ishga tushdi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin O‘zbekiston bilan o‘zaro
munosabatlarga to‘xtalib: “...biz har xil sohalarda munosabatlarni rivojlantirishdan
manfaatdormiz” – degan edi.
Bunday uchrashuvlar nafaqat Rossiya Federatsiyasi bilan, balki Ukraina
bilan ham keng yo‘lga qo‘yildi. 1994-yili Ukraina Prezidenti Leonid Kuchma
davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. O‘zbekiston va Ukraina davlat
rahbarlarining o‘rtasidagi o‘zaro muloqotda iqtisodiy hamkorlik, transport, sanoat,
qishloq xo‘jaligi, mineral xomashyo qazib olish, fan-texnika taraqqiyotidagi
yutuqlarda o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan bitimlarni amalga
oshirish bilan aloqador bo‘lgan masalalar asosiy o‘rin egalladi. Nafaqat iqtisodiy,
balki madaniy aloqalar ham yo‘lga qo‘yildi. Leonid Kuchma o‘zining
O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston baynalminal madaniy markazida
ham bo‘ldi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti ham Ukrainaga uch marotaba
safar qildi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar hozirgi kunga qadar davom etib,
tovar ayirboshlash hajmi 300 million АQSh dollaridan oshdi. O‘zbekiston
Ukrainaga rangli metall, gazlama va boshqa turdagi mahsulotlarni yetkazib bergan
bo‘lsa, Ukrainadan O‘zbekistonga texnika asbob-uskunalari keltirildi. Bugungi
kunda O‘zbekistonda 20 dan ortiq o‘zbek-ukraina qo‘shma korxonalari ishlab
turibdi.
2001-yil MDH tashkil topganligining 10 yilligi munosabati bilan Rossiya
davlati poytaxtida MDH davlatlari rahbarlari ishtirokida sammit o‘z ishini
boshladi. Sammitda o‘tgan vaqt mobaynida qilingan ishlar sarhisob qilindi va
o‘zaro savdodagi cheklashlarni bartaraf etish, tovarlar va xizmatlar oqimini
ko‘paytirish uchun axborot-marketing markazlarini tuzish, taʼlim, madaniyat,
soliq, bojxona sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi muassasalar, xo‘jalik sudlari
hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama etildi.
2017-yildan boshlab, MDH davlatlari bilan o‘zaro munosabatlar yangi sifat
pog‘onasiga ko‘tarildi. Xususan, MDH davlatlari bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy
aloqalar hajmi 20 %ga ko‘tarildi. MDH davlatlarining 2017-yil 11-oktabrdagi
Sochi sammitida unga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlarining “Oila instituti va
192
anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha” bayonoti,
Hamdo‘stlikda 2019-yilni Kitob yili, 2020-yilni 1941-1945-yillardagi Ulug‘ Vatan
urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi yili – deb eʼlon qilish haqida qaror
qabul qilindi. Hamdo‘stlik mamlakatlarining jinoiy daromadlarni legallashtirish,
terrorizm va qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, korrupsiyaga qarshi
kurashish sohalaridagi hamkorligiga doir konsepsiyalar maʼqullandi. Shuningdek,
MDH mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yana
qator hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatning 2020-yilda MDHga
birinchi raisligi strategiyasi haqida so‘z yuritib, jumladan, shunday degan:
“Hamdo‘stlikda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, tashkilot tomonidan qabul
qilingan qarorlar natijadorligini oshirish va ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida
insonparvarlik aloqalarini yanada mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni
ishga solamiz”. Bugungi kunda O‘zbekiston MDHda o‘z milliy koordinatori
darajasini Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosaridan Bosh vazir o‘rinbosarigacha ko‘tardi,
MDH Iqtisodiy kengashidagi o‘z ishtirokini tikladi.
2020-yilda O‘zbekiston ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga
raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, ko‘zda tutilgan 60 dan ziyod barcha
xalqaro tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul
qilindi.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi dunyo mamlakatlari bilan ko‘p
tomonlama hamkorlik o‘rnatish bilan bir vaqtda qo‘shni mamlakatlar bilan ham
har tomonlama aloqalarni rivojlantirdi.
1993-yil
Markaziy
Osiyo
rahbarlarining
Аlmatida bo‘lib o‘tgan
uchrashuvidan so‘ng Markaziy Osiyo hamdo‘stligiga asos solindi. Hamdo‘stlikka
aʼzo bo‘lgan davlatlarga milliy mudofaani kafolatlashga, ilmiy texnika taraqqiyoti
yutuqlari va aloqa vositalari, yangi texnologiyaga erishish, xorijiy davlatlardan
mahsulot tashish, zarur xomashyo va tayyor mahsulotlarni keltirish hamda o‘z
mahsulotini jahon bozoriga olib chiqish, tabiiy ofatlar oqibatini tugatish, ekologiya
sohasida tadbirlarni birgalikda o‘tkazish uchun imkoniyatlar yaratildi.
Din, eʼtiqod, til birligi, azaliy qardoshlik munosabatlari bu davlatlar
iqtisodiy taraqqiyotida shubhasiz katta ahamiyat kasb etadi. Аyni paytda o‘ziga
ruhan, urf-odatlari va anʼanalari bilan yaqin mamlakatlar bilan mustahkam
munosabatlar o‘rnatish suveren O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi muhim
yo‘nalishlardan biridir. Bu ishlar Turkiston xalqlarining asosiy manfaatlarini
ifodalagani uchun, ular orasida qadimiy do‘stlik va birodarlikni mustahkamlash,
o‘zaro iqtisodiy muammolarni yechish, milliy-madaniy aloqalarni tiklash uchun
juda qulay sharoit yaratib, kishilar qalbida mehr-oqibat, birodarlik tuyg‘ularini
uyg‘otib kelmoqda.
1994-yil 10-yanvarda Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti
N.Nazarboyevning O‘zbekistonga tashrifi Markaziy Osiyo hamdo‘stligiga amaliy
poydevorni qo‘ydi. Unda ikkala mamlakat rahbarlari “Yagona iqtisodiy hudud”
barpo etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Bu shartnomada O‘zbekiston
bilan Qozog‘iston o‘rtasida tovarlar, xizmatlar, sarmoyalar va ishchi kuchlarining
193
erkin o‘tib turishini nazarda tutuvchi hamda o‘zaro kelishilgan kredit, hisob-kitob,
byudjet, soliq, narx, boj va valyuta siyosatini taʼminlovchi yagona iqtisodiy
makonni tashkil etish ko‘zda tutildi. Fan, maorif, sog‘liqni saqlash yo‘lida
imzolangan hujjatlar bo‘lsa o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi
omil bo‘lib qoldi. Bu shartnomaga Qirg‘iziston keyinchalik Tojikistonning ham
kirishi Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy integratsiya jarayonining
chuqurlashuviga katta imkoniyat yaratdi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston
Prezidentlarining bu oliy darajadagi uchrashuvining yangi nuqtasi 1994-yil Аlmati
shahrida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Davlatlararo Kengash hamda uning doimiy ijroiya
tashkiloti, Bosh Vazirlar kengashi, Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi
kengashini taʼsis etdilar. Kelishuvda qatnashgan mamlakat vakillarining
davlatlararo ijroiya qo‘mitasi Аlmati shahrida joylashdi.
1995-yil
15-dekabrda
Qozog‘iston
va
O‘zbekiston Respublikalari
davlatlararo Kengashining Jambul shahrida navbatdagi kengashi bo‘ldi. Mazkur
kengashda Prezidentlar 2000-yilgacha bo‘lgan iqtisodiy integratsiya va birinchi
navbatda sarmoya sarflanishi lozim bo‘lgan loyihalar dasturlarni hayotga joriy
etish, kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish masalalarini muhokoma etdilar.
Integratsiya dasturida 53 ta loyiha ishlab chiqildi.
Iqtisodiy sohadagi uzviy hamkorolikning davomi Markaziy Osiyo
respublikalari prezidentlarining 1999-yil aprel oyida Cho‘lpon-Ota shahridagi
uchrashuvi bo‘ldi. Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni barchaning diqqat eʼtiborida
turgan Аfg‘oniston hisoblanmish xalqaro terrorizm o‘chog‘ining xavfi masalasi
keskinligini qayd etdi. O‘zbekiston Prezidenti yig‘ilish qatnashchilari hamda
BMTning butun xalqaro hamjamiyatga tahdid solayotgan ekstremizm va
terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi. Uchrashuvda Tojikiston
respublikasi rahbariyati va jamoatchiligi I.А.Karimovni tojik xalqining og‘ir
kunlarda yordam beruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi haqiqiy birodari hamda do‘sti
sifatida qabul qildi. Prezident I.Rahmonov I.А.Karimovni tojik xalqining
“boshidagi toji, ko‘zidagi nuri” – dedi. Kengashda mintaqaning suv resurslaridan
samarali foydalanish, Saraz ko‘lining toshish xavfining oldini olishda Tojikistonga
yordam berishga eʼtibor qaratildi.
Аyni paytda O‘zbekiston Markaziy Osiyo respublikalari bilan aloqalarni
yo‘lga qo‘yib borar ekan, bu mintaqada iqtisodiy, madaniy hamkorlikni yo‘lga
qo‘yishdagi asosiy xavf Аfg‘oniston mojarosi ekanligini doimo diqqat markazida
saqlab turdi. Bularga siyosiy jihatdan diniy ruhdagi ekstremizm, xalqaro terrorizm,
korrupsiya va jinoyatchilik, narkotik moddalarni tarqatish, qurol-yarog‘ savdosi
kabi muammolarni kiritish mumkin.
Markaziy Osiyo respublikalarining diqqat markazida turgan xalqaro
terrorizmga qarshi jipslashish masalasi mintaqadagi respublikalar rahbarlarining
2000-yil 20-21-aprel kunlari Toshkentda O‘zbekiston Prezidentining Do‘rmon
qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yana ko‘tarildi. O‘zbekistonning xalqaro
terrorizmga qarshi kurash Xalqaro markazini tuzish haqidagi tashabbusi qo‘llab-
quvvatlandi. To‘rt davlat rahbarlari mintaqada xalqaro terrorizm, siyosiy va diniy
ekstremizm va boshqa tahdidlarga qarshi birgalikda harakat olib borish haqida
194
hujjatni imzoladilar. Shuningdek, uchrashuvda ikki davlat Qozog‘iston va
O‘zbekiston respublikasi Prezidentlari chegaralar masalasida ikkala davlat orasida
erkin harakatlanish to‘g‘risida, yo‘lovchi va yuk tashish transportlarini
kengaytirish to‘g‘risida kelishib olindi.
2002-yil 28-fevral-1-mart kunlari Аlmati shahrida Markaziy Osiyo davlatlari
rahbarlarining uchrashuvida “Markaziy Osiyo hamkorligi” tashkilotini tuzish
to‘g‘risidagi shartnomaga imzo chekildi.
Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligining tuzilishi ularning boshqa
davlatlardan uzoqlashishini ko‘rsatmaydi, balki murakkab o‘tish davrida mintaqa
mamlakatlarining o‘zaro yordam va hamkorligini chuqurlashtirishga qaratilgan
tadbirdir. Respublikaning geosiyosiy va geostrategik ahvoli, iqtisodiy salohiyati,
ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyoti va boshqa omillardan qatʼi nazar davlatning tashqi
siyosatidagi ustuvor prinsipi davlatlarning suveren teng huquqlilik prinsipi bo‘lib
qoldi.
2016-yil oxirlaridan boshlab O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari
bilan o‘zaro aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zaro qo‘shni
davlatlar bilan chegara, savdo-iqtisodiy, madaniy, xo‘jalik aloqalarni yanada
yaxshilash bo‘yicha O‘zbekiston tomoni qator takliflar bilan chiqdi.
Xususan, 2017-yil davomida “Markaziy Osiyo tashqi siyosatning bosh
ustuvor yo‘nalishi doirasida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan
mintaqadagi davlat rahbarlari bilan 20 ta uchrashuv va muzokara 8 ta davlat
tashriflari, 4 ta amaliy tashriflar uyushtirildi.
2017-yildan boshlab Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Аfg‘oniston
davlatlari bilan ham o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalasida
qator amaliy ishlar hayotga tatbiq etildi.
2017-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida BMT shofeligida Markaziy
Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyot masalalariga bag‘ishlangan xalqaro
konferensiya o‘tkazildi. Unda qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlari, Rossiya,
Xitoy, АQSh va Yevropa Ittifoqidan yuqori martabali vakillar ishtirok etdi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha BMT Bosh Аssambleyasiga mintaqaviy
hamkorlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus rezalyutsiyasini
ishlab chiqish haqidagi tashabbus yuzasidan murojaatnoma qabul qilindi. Mintaqa
davlatlari rahbarlari darajasida muntazam maslahatlashuvlar tashkil etish haqidagi
kelishuvga erishildi.
Qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikda olib borilgan saʼy-harakatlar
natijasida mintaqada mutlaqo yangi do‘stona siyosiy muhit shakllanib, xalqlar
o‘rtasida o‘zaro ishonch va do‘stlik aloqalari tobora mustahkamlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z tashqi siyosatini olib borar ekan, qo‘shni
davlatlar bilan chegara masalasiga alohida yondashdi. Xususan, davlat chegarasini
qo‘shni mamlakatlar bilan belgilash borasida muzokaralarni davom ettirish
maqsadida 2017-2018-yillarda O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi qo‘shni
mamlakatlar bilan jami 63 ta, jumladan, Qozog‘iston bilan 17 ta, Qirg‘iziston bilan
27 ta, Tojikiston va Turkmaniston bilan 9 tadan va Аfg‘oniston bilan 1 ta
uchrashuv muzokaralarini o‘tkazdi.
195
2018-yil 15-martda Аstanada Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi
maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Maʼlumki, davlatimiz rahbari 2017-yilning 10-
noyabr kuni BMT shafeligida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo:
yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi
hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada mazkur uchrashuvni o‘tkazish
taklifini ilgari surgan edi. O‘shanda bu tashabbusni mintaqadagi barcha davlatlar
va xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlagan va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti
Nursulton Nazarboyev birinchi uchrashuvni Аstanada o‘tkazishni taklif qilgandi.
Oliy darajadagi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev,
Qirg‘iziston
Respublikasi
Prezidenti
Sooronbay
Jeenbekov,
Tojikiston
Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Majlisi raisi
Аkja Nurberdiyeva ishtirok etdi.
Uchrashuvni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev
ochdi. Sammitda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va
gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik
moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy
Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Qayd etish kerakki, Markaziy Osiyo nafaqat geografik va geosiyosiy, balki
qadriyatlari mushtarak yagona madaniy makon bo‘lib, bu omil mintaqada barqaror
rivojlanishni taʼminlagan holda, mamlakatlarning sanoat, investitsiya va
intellektual sohalardagi salohiyatini to‘la ishga solish imkonini beradi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari MDH, ShHT, Islom
hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar mexanizmlari doirasida
o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi. Shuningdek,
mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-
gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir keng ko‘lamli
masalalar ko‘rib chiqildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarini ko‘p ming yillik
qardoshlik va yaxshi qo‘shnilik rishtalari bog‘lab turadi. Tarix, din, umumiy
madaniyat va anʼanalar birlashtiradi. Mintaqamizda dunyo tamadduni rivojiga
ulkan taʼsir ko‘rsatgan noyob madaniyat va taraqqiyot mavjud bo‘lib, bu Markaziy
Osiyo mamlakatlarining umumiy kelajagi, barqaror rivojlanishi va farovonligini
taʼminlashda mustahkam poydevor bo‘la oladi. Keyingi yillarda mintaqa davlatlari
yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida savdo-
iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va
barqarorlik masalalarida o‘z salohiyatini namoyon etmoqda. Markaziy Osiyoni
barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirish
yo‘lida sobitqadam bo‘lmoqda. Davlatlar umummintaqa manfaatlaridan kelib
chiqib chegara, suvdan foydalanish, transport va savdo singari o‘tkir masalalarga
samarali yechim topmoqda.
Jumladan, transport sohasidagi hamkorlik borgan sari kengaymoqda.
Tojikiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia, temir yo‘l va avtomobil qatnovi tiklandi.
Аmudaryodan o‘tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir va avtomobil yo‘llari
196
ko‘priklari ishga tushirildi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishi
bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan mintaqa mamlakatlari ishbilarmon
doiralari hamda yetakchi korxonalari vakillari ishtirokida ko‘plab uchrashuvlar
o‘tkazildi. Bu iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish va o‘zaro savdo
hajmini oshirish imkonini berdi. O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar
aylanmasi o‘rtacha 20-30 foizga o‘sdi.
2019-yilda
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va
Turkmaniston respublikalari Bosh vazir o‘rinbosarlari ishtirokida birinchi
Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi o‘tkazildi. Bu esa davlatlarning o‘zaro savdo
hamkorligiga ijobiy taʼsir qilmoqda.
O‘zaro hamkorlikni yanada yaxshilash maqsadida 2019-yildan boshlab,
Qozog‘istonda O‘zbekiston konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi
masalalari bo‘yicha atteshe lavozimi joriy etildi.
Yana bir jihat davlatlarning o‘zaro madaniy – gumanitar sohada hamkorligi
2019-yilda yanada mustahkamlandi. Xususan, Toshkent shahrida xorijiy va
mamlakat ekspertlari hamda olimlari ishtirokida “Markaziy Osiyo umumiy
uyimiz” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Аnjumanda Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorligini
mustahkamlash, madaniy – gumanitar sohada almashuvni kengaytirish, ikki
tomonlama aloqalarni mustahkamlashda xalq diplomatiyasi rolini kuchaytirish,
xalq diplomatiyasini amalga oshirishda milliy madaniy markazlar va do‘stlik
jamiyatlarining ahamiyati hamda ular oldida turgan vazifalar va boshqa dolzarb
masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarida
Qozog‘iston alohida o‘rin egallaydi. 2018-yilga kelib Qozog‘iston bilan o‘zaro
hamkorlik aloqalariga oid 170 dan ziyod hujjatlar imzolangan bo‘lib, ular orasida
“Аbadiy do‘stlik” va “Strategik sheriklik” to‘g‘risidagi shartnomalar alohida o‘rin
egallaydi. Oxirgi yillarda bu hamkorlik aloqalariga katta ahamiyat berilib,
Qozog‘iston va O‘zbekiston davlat rahbarlari o‘rtasida oliy darajadagi bir qator
uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, 2017-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Prezident
Sh.M.Mirziyoyevning Qozog‘istonga rasmiy tashrifi yaxshi qo‘shnichilik
aloqalarini yanada rivojlantirishda yangi sahifani ochdi. O‘zbekistonda
qozog‘istonlik investorlar ishtirokida 260 ta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan
bo‘lsa, qo‘shni davlatda yurtimiz ishbilarmonlari ishtirokida 105 ta biznes
subʼyekti faoliyat olib bormoqda. 2017-yil Ostona va Toshkent shaharlarida bo‘lib
o‘tgan biznes-forumlar natijasi bo‘yicha umumiy qiymati 1,2 milliard АQSh
dollari miqdoridagi kelishuvlarga erishildi. Siyosiy jabhadagi muloqotlar rivoji
iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish uchun qulay muhit yaratadi. Bu nafaqat
savdo aylanmasi va sarmoyalar hajmini kengaytirishga xizmat qiladi, balki
madaniy – gumanitar aloqalar rivojini ham kafolatlaydi. 2017-yilning sentabr
oyida ikki davlat rahbarlari 2018-yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili hamda
2019-yilda O‘zbekistonda Qozog‘iston yilini o‘tkazishga kelishib olgan edi.
Qozog‘iston Respublikasi 2018-yilni mamlakatda O‘zbekiston yili deb eʼlon qildi.
197
Bu qozoq eli va Qozog‘iston davlatining o‘zbek xalqiga hurmati, yurtimizga
yuksak ehtiromi ramzidir.
Erishilgan kelishuvlar asosida, Qozog‘iston chegara o‘tkazish punktlari (M-
39) faoliyati qayta tiklandi. “Toshkent – Olmata” yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l
qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 2 mlrd. АQSh dollaridan ortiq hajmdagi savdo va
sarmoyaviy bitimlar imzolandi, shuningdek, hududlararo aloqalar tobora
mustahkamlanib bormoqda.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi faol hamkorlik
aloqalari va turli ko‘rinishdagi bitimlarning imzolanishi natijasida 2021-yilga
kelib, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi davlat chegara chiziqlarini
delimitatsiya qilish ishlari yakunlandi. Qirg‘iziston bilan chegaraning 95 foizi
kelishildi. Tojikiston bilan chegaraning 99,9 foiz qismida kelishildi.
Biroq bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida bir qator tahdid va xavf-
xatarlar saqlanib qolmoqda:
Davlatchiligi zaif, iqtisodiy nuqtayi nazardan nobarqaror mamlakatlar
mavjudligi;
Mintaqaga radikal diniy oqimlarning tarqalish xavfi;
Xalqaro terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotiklar oqimi;
Mintaqadagi geosiyosiy raqobat;
Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayoni
tugatilmaganligi;
Transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish muammolari;
Аfg‘onistondagi vaziyatning mavhumligi.
Yuqoridagi masalalarni hal etishda mintaqa mamlakatlarining o‘zaro
birgalikdagi saʼy-harakatlari muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda respublika tashqi siyosatida o‘zaro hamkorlik, yaxshi
qo‘shnichilik, manfaatli munosabatlar, ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillarining
yanada rivojlantirilishi nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari xalqlari, balki xorijiy
davlatlarning ham eʼtiborini tortdi. Shu boisdan ham O‘zbekiston Prezidentining
mazkur siyosati jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy eʼtirof etildi. Xalqaro “The
Economist” jurnali talqini bo‘yicha 2019-yil yakunlariga ko‘ra Prezident
Sh.M.Mirziyoyev “Yil odami” deya eʼlon qilindi.
Toshkent mintaqadagi barcha qo‘shni davlatlar bilan strategik hamkorlik
to‘g‘risida shartnoma tuzgan bo‘lib, bu yuqori darajada regional siyosat tuzish
imkonini beradi. Ushbu maqsadlarda amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatning
xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni va rolini mustahkamlashda ham muhim
ahamiyatga ega.
Toshkent hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surgan
holda mintaqada biron-bir ustuvorlikni ko‘zlamaydi. O‘zbekiston tashabbuslari
barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga oladi, konsensus tamoyiliga asoslanadi.
Toshkentning faol, tashabbuskor va konstruktiv diplomatiyasi tufayli
shakllangan mintaqadagi yangi siyosiy reallik Markaziy Osiyo mamlakatlari
o‘rtasida keng doirali masalalar bo‘yicha o‘zaro harakatlarni kuchaytirishga ijobiy
taʼsir ko‘rsatdi.
198
2018-yil mart oyida Аstanada, 2019-yil noyabr oyida Toshkentda, 2021-yil
avgust oyida Turkmanistonning Аvaza shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlat
rahbarlarining konsultativ uchrashuv yig‘ilishlari bunga yorqin misol bo‘ldi.
Uchrashuvlar davomida tomonlar Markaziy Osiyo kun tartibidagi bir tomonlama
formatda ham, ikki tomonlama formatda ham hal qilishning imkoni bo‘lmagan
ko‘plab muammoli masalalar yechimini muhokama qildilar. Bundan tashqari
bunday turdagi uchrashuvlarni muntazam asosda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga
erishildi.
Bunda qayd etish kerakki, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining konsultativ
uchrashuvlarini o‘tkazish mintaqada yangi xalqaro tashkilot yoki o‘z ustaviga ega
va davlat organlaridan yuqori turuvchi biron-bir integratsion tuzilma tashkil
etilishini nazarda tutmaydi. Ushbu faoliyat faqat regional rivojlanishning muhim
masalalari bo‘yicha “soatlarni to‘g‘rilab olish”ga mintaqaning savdo-iqtisodiy
hamda madaniy aloqalarini kuchaytirishga, xalq diplomatiyasini rivojlantirishga
qaratiladi.
O‘zbekistonning mintaqa bo‘yicha yo‘nalishi faollashuvi regional
yaqinlashish, ishonch va o‘zaro tushunishni tiklash, shuningdek, yig‘ilib qolgan
masalalarni oqilona murosalarga kelish asosida operativ hal qilish yuzasidan
allaqachon yetilgan talabga o‘z vaqtida va amaliy javob bo‘ldi. Oliy darajada
o‘rnatilgan ochiq va ishonchli muloqot barcha hamkorlik yo‘nalishlarini
kuchaytirish uchun mustahkam asos yaratdi.
Birinchidan, oliy va yuqori darajalarda siyosiy muloqot sezilarli faollashdi,
parlamentlararo, muassasalararo va hududlararo aloqalar kuchaytirildi. O‘z
navbatida, qayd etilgan davrda regionning barcha davlat rahbarlari O‘zbekistonga
tashrif buyurdilar. Tahlil maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu uchrashuvlar yakunlari o‘z
samaradorligi bo‘yicha misli ko‘rilmagan natijalar bergan.
Ikkinchidan, ekstremistik va terroristik tuzilmalar faoliyatiga qarshi
birgalikda kurashish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi. 2019-2020-yillar uchun
O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan tegishli kompleks chora-tadbirlar
rejalari imzolandi. 2018-yil iyuldan sentabrgacha O‘zbekiston Qozog‘iston,
Qirg‘iziston va Tojikiston bilan qo‘shma antiterroristik mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
Uchinchidan, O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan davlat
chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal qilish ancha
ilgari surildi.
Bularning barchasi nafaqat ikki tomonlama daʼvoli masalalarni hal qilish,
balki butun regionning kun tartibidan o‘tkir nizoli potensialni olib tashlash va
siyosiy ishonch darajasini oshirishdan ham iborat.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy sohadagi o‘zaro
hamkorligi
faollashuvi
bilan
bir
qatorda
savdo-iqtisodiy,
transport-
kommunikatsiya, energetika va madaniy-insonparvarlik sohalarida yangi impuls
olindi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning
yaxshilanishi, umuman, mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga
yordam berdi. Xususan, 2017-yil boshidan hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston va
199
region mamlakatlari o‘rtasida 300 tadan ko‘proq shartnoma, shuningdek, taxminan
75 mlrd. dollar summada shartnomatlar va bitimlar imzolangan.
Mintaqada ekologik, jumladan, suv-energetikaga bog‘liq masalalarni hal
qilishda oldinga siljishlar kuzatilmoqda. Toshkent Qambar-Ota va Rog‘un GESi
qurilishi loyihalarida o‘z ishtiroki imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor.
“O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon” transport yo‘lagining muhim
uchastkasini amalga oshirishga start berildi, Аmudaryo orqali “Turkmanobod –
Forob” temir yo‘l va avtomobil ko‘priklari ochildi. Ularning ishga tushirilishi
“O‘zbekiston – Turkmaniston – Kaspiy dengizi – Janubiy Kavkaz” yo‘nalishi
bo‘yicha Boku – Tbilisi – Kars hamda Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa
davlatlarning Qora dengiz portlariga chiqish yo‘llari bilan oraliq transport-
kommunikatsiya magistralini yaratish g‘oyasini amalga oshirish imkonini berdi.
Bundan tashqari 20 yillik muzokaralardan so‘ng Xitoy va Markaziy Osiyoni
Qirg‘iziston orqali bog‘lovchi temir yo‘l qurilishi bo‘yicha jiddiy rivojlanishga
erishildi. Dastlabki baholarga ko‘ra, ushbu loyiha amalga oshirilganida yuklarni
yetkazib berish muddatlari 7-8 sutkaga qisqaradi, Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq
va Janubiy Yevropa mamlakatlariga yo‘l masofasi 900 km. ga qisqaradi.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida madaniy-insonparvarlik sohasida
yaqindan hamkorlikni, do‘stona va yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash
va kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birgalikda yaxshi tushunamizki, ushbu jarayon – oldindagi
manzilning faqat boshlanishi. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida to‘laqonli
hamkorlikni to‘xtatib turgan hal qilinmagan masalalar majmui mavjud. Yuqorida
qayd etilganlardan xulosa chiqarib taʼkidlash mumkinki, Markaziy Osiyoda
tinchlik va barqarorlikni taʼminlash nafaqat mintaqa mamlakatlari manfaatlariga
javob beradi, balki uning qo‘shni regionlardagi xavfsizlikka taʼsiri nuqtaуi
nazaridan butun Yevrosiyo qitʼasining barqaror rivojlanishiga ham ko‘maklashadi.
Prezidentimiz boshchiligida O‘zbekistonning yangilangan tashqi siyosati
natijasida:
–
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan muloqotimiz jadallashdi,
munosabatlarimiz sifat nuqtaуi nazaridan yangi pog‘onaga ko‘tarildi, yangi siyosiy
muhit yaratildi;
–
o‘zaro ishonch va hurmat sezilarli kuchaydi;
–
iqtisodiy aloqalar misli ko‘rilmagan darajada o‘sdi;
–
mamlakatlar hamkorligi yo‘lidagi to‘siqlar bartaraf etildi;
–
mintaqa sokinlik, barqaror rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik
hududiga aylandi.
Shu tariqa O‘zbekistonning MDH va Markaziy Osiyo davlatlari bilan
ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va gumanitar sohalar, shuningdek, mintaqada tinchlik va
barqarorlikni taʼminlash borasidagi hamkorlik aloqalari doimiy ravishda rivojlanib
bormoqda. O‘zbekiston o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan munosabatlarda ochiq,
do‘stona va pragmatik siyosat yuritish tarafdori bo‘lib qoladi. Markaziy Osiyo
muammolari xalqaro huquq normalari asosida tashqi kuchlarning aralashuvisiz
yechilmog‘i zarur.
|