Xorazmda Muhammad ibn Takash tomonidan zarb qilingan tangalar. Xorazmshohlar tangalari. Xorazmda Anushtaginiylar sulolasi vakillari Muxammad ibn Takash davrida muntazam ravishda tangalar zarb qilingan. Sulton nafaqat Xorazmda balki Samarqand, Buxoro, O‘zgan, Marv shaharlarida, ham mis, kumush, va oltin tangalar zarb qildirgan. Xorazmshoh Muhammad ibn Takash zarb ettirgan tangalar Markaziy Osiyoning barcha hududlaridan topilgan.
Xorazmshoh Alouddin Takash. Niso, vazni 2,46 gr. Mug’ullar tomonidan zarb qilingan tangalar.
Chig‘atoy ulusida iqtisodiy ahvol. Markaziy Osiyo XIII mo‘g‘ullar tomonidan istilo qilindi. Mo‘g‘ullar Markaziy Osiyoni zabt etgach, ular savdo muomalasida oldingi sulolalar davrida zarb qilingan tangalardan foydalandi. Ammo tez orada Chingizxon hamda halifa Nosirning ismi yozilgan tangalar Samarqand va Buxoroda zarb qilina boshlandi. Har ikkala shaharda ham kumush dirhamlar, Samarqandda vaqti-vaqti bilan dinorlar zarb qilingan. Agar dinorlar keng muomala uchun zarb qilingan bo‘lsa, dirhamlar esa o‘sha tanga chiqarilgan viloyat aholisi uchun mo‘ljallangan edi. Bu hol o‘sha tangalarga bitilgan yozuvlardan ayon bo‘ladi. XIII asr oxirlarida Chig‘atoy ulusida yuqori sifatli kumush tangalar muntazam chiqarila boshlandi, bu bilan kumush inqiroziga chek qo‘yildi.
XIV asr boshlarida Chig‘atoy tanga turkumi shakllanib, u mo‘g‘ullar zarb etgan tangalardan tubdan farq qilgan. Tanganing old tomoniga islomiy e’tiqod ramzi va halifalar Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali ismlari keltirilgan. Tanganing reversida podsho, zarbxona nomi va sanasi tushirilgan. XIII-XIV asrdagi tanga yozuvlarida avvalgidek arab tili hukmronlik qilgan, ba’zan uyg‘ur yozuvdagi mo‘g‘ul matnlari berilgan. Samarqandning XIII asr dirhamlarida, forsiy va ba’zida turki matnlar arab yozuvida berilgan. XIII asr Buxoro tangalarining noyob nusxalarida xatto xitoy ierogliflari uchraydi, bu vaqtda Buxoro noibi xitoylik bo‘lgan.
Xulagular davlatida XIII asr oxirida pul islohoti o‘tkazilib, unga ko‘ra oltin va kumush tanga zarb etish va muomalada yuritish man qilingan. Uning o‘rniga “ChAO” – qog‘oz pul chiqarilgan. Xitoyda qog‘oz pul bir necha asr ya’ni VII asrdan buyon mavjud edi. Xulagularda savdo-sotiq to‘xtab qoldi, xo‘jalik faoliyati izdan chiqdi, natijada hukumat tez orada tanga zarb etishga majbur bo‘ldi. O‘ylamay o‘tkazilgan islohot inqirozga yuz tutdi.
1225 yili Samarqandda zarb qilingan dirhamlar diqqatga sazovordir. Mo‘g‘ullar istilosidan keyin dirhamlarda diniy mafkura ko‘rsatilmagan, gorizontal yozuvlar, hoshiyalar yo‘q edi. Tangalarning aversida “Samarqand” so‘zi bitilgan, yozuvlar to‘g‘ri to‘rtburchak ichiga joylashtirilgan. Tanga zarb qilingan vaqti uch marta qayta yozilgan. Tanganing aversida va ikki tanga reversida zarb qilingan sana ko‘rsatilgan. Ammo yozuvlardan biri ajablanarlidir. Unda “Bu tanga Samarqand va uning viloyatlarida o‘tadi” deb yozilgan. Aholi kumush suvi yuritilgan mis dirhamlarni olishdan bosh tortar edilar. Shuning uchun ham Samarqandda tezlikda haqiqiy kumush tangalar zarb qilindi. Buxoroda ham ahvol shu tarzda edi. Movarounnahrning boshqa viloyatlarida mo‘g‘ullar hukmronligining birinchi o‘n yilligida umuman tangalar zarb qilinmadi. Bunday ahvol uzoqqa cho‘zilishi mumkin emas edi. Savdo-sotiq ishlari mo‘g‘ullar bosib olgan vaqtdagi darajaga еtmasada, muomala vositalariga muhtoj edi.