Namangan davlat universiteti pedagogika va psixologiya kafedrasi-hozir.org
Erta postnatal davrda psixik faoliyatning rivojlanishi Organik olamning tarixiy rivojlanishi bilan tanishilsa, organizmlar oddiydan murakkabga, takomillashmagan formalardan takomillashgan formalarga tomon rivojlanganligi namoyon bo‘ladi. Bu, ayniqsa, paleontologiya dalillarini tahlil qilganda ko‘zga yaqqol tashlanadi. Arxey erasida hayotning hech qanday izlari uchramasa, proterozoy erasiga kelib, umurtqasiz hayvonlar va suvo‘tlarning turli darajada rivojlangan formalari uchraydi. Paleozoy erasida umurtqalilar rivojlanib, o‘simliklar va hayvonlar takomillashib, quruqda yashashga o‘tganligi ma’lum bo‘ldi. Keyingi eralarda organizmlarning takomillashishi yanada davom etdi.
Odatda, organizmlarning oddiydan murakkabga tomon rivojlanishi progress termini bilan ifodalanadi. Biroq progress tushunchasi uning tub mohiyatini ochib bermaydi. Umuman, organizmlarning tuzilish darajasini ifodalovchi mezonlar hali yaxshi ishlab chiqilmagan. Masalan, to‘rt oyoqli sudralib yuruvchilardan ilonlarning kelib chiqishini progress yoki regress deb hisoblash mumkinmi? Shunga ko‘ra, «progress» muammosi Darvin uchun juda murakkab, organizmlarning tuzilish darajasi haqidagi mulohazalar esa nisbatan, chalkash bo‘lib tuyulgan. Shuning uchun u o‘z asarlarida juda «takomillashgan mavjudotlar» iborasini ishlatmaslikka harakat qilgan. Chunki ko‘p hollarda organizmlar biror qismining progressiv o‘zgarishi boshqa qismining regressiv o‘zgarishi bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Bu esa progress mezonlari haqidagi masalaning murakkabligiga sabab bo‘ladi. Progress haqidagi tushunchaga dastlab Darvin ilmiy tomondan yondashgan olimdir. U progressiv rivojlanishning asosiy omillaridan biri tabiiy tanlanish bo‘lib, u ma’lum muhit sharoitida organizmlarning takomillashuviga sabab bo‘ladi, deydi. Darvin fikricha, organizmlarning raqobat qilish qobiliyati turli organlarining differensiyalanish va ixtisoslashish darajasi progress mezonlaridan biri hisoblanadi. Lekin bu mezonlar progress tushunchasi uchun etarli emas. Chunki ular progressiv evolyusiyadagi qarama-qarshiliklarni ifodalay olmaydi.
Biror organ tuzilishining murakkablashuvi darajasi evolyusion progressni aniqlash uchun ishonchsiz mezon hisoblanadi. Chunonchi, ba’zi bir boshoyoqli mollyuskalar ko‘zining tuzilishi sut emizuvchilar ko‘zining tuzilishiga nisbatan anchagina murakkab. Shunga ko‘ra, boshoyoqli mollyuskalar sut emizuvchilarga qaraganda takomillashgan deb aytib bo‘lmaydi. Bu esa organizm guruhlarining tuzilishi «yuqori» darajada ekanligini aniqlash uchun, uning to‘plagan axborot zapas hajmi, ontogenezning avtonomizatsiyasi, individlarining yashab qolishi, umumiy aktivligining ortishi diqqat markazida turmog‘i kerakligidan dalolat beradi.
Organik olamda progressiv rivojlanishning har xil shakllari mavjud. Ularga cheklanmagan, biologik, morfologik-fiziologik progresslar kiradi. Prokariotlardan tortib bir qancha evolyusion jarayonlar tufayli sut emizuvchilar va nihoyat odamzotning kelib chiqqanligi cheklanmagan progressga misol bo‘ladi. Albatta bu tarixiy rivojlanish bir qancha organik formalarning paydo bo‘lishi, almashinuvi orqali amalga oshgan. Materiya harakat formasining bunday yuqori bosqichga o‘tishi tirik tabiat rivojlanishining birgina shoxobchasida amalga oshgan. Organik olam tarixiy rivojlanishiningboshqa shoxobchalari esa rivojlanishning u yoki bu darajasida to‘xtab qolgan.
Ma’lumki, eralardan eralarga, davrlardan davrlarga o‘tgan sari organik olamning xilma-xilligi orta borgan. Bu esa organizm guruhlari yashayotgan biotik muhitning murakkablashuviga sabab bo‘lgan. Bunday o‘zgargan sharoitda yashashga moslashgan organizmlar paydo bo‘lar ekan, ular avvalo kam sonda, ko‘zga tashlanmaydigan holatda bo‘lib, keyinchalik son jihatdan ko‘payib, hukmron holatga o‘tgan. Xuddi shunday holatni silur davrida jag‘sizlar, devonda baliqlar, karbonda suvda va quruqda yashovchilar, permda sudralib yuruvchilar, mezozoy va kaynozoyda sut emizuvchilar sinfiga mansub bo‘lgan hayvonlarda ko‘rish mumkin. Yangi paydo bo‘lgan organizm guruhlari biosferada hukmron holatni egallashi uchun ular shu erdagi mavjud turlar bilan raqobatda bo‘lishi va ularga nisbatan bir qancha afzalliklarga ega bo‘lishi kerak edi. U yoki bu hayvon, o‘simlik guruhlari cheklanmagan progress asosida rivojlanishi uchun asosiy to‘siq tor doiradagi ixtisoslashishdir. Tarixiy rivojlanishda organizmlarda tor doiradagi ixtisoslashishning tarkib topmasligi uchun yashash muhiti tez-tez o‘zgarib turishi kerak edi. Bunday sharoitda yashagan organizmlarda tor doirada ixtisoslashish amalga oshmagan va ular har gal o‘zgargan yashash sharoitiga tuzilishining murakkablashuvi bilan javob qaytargan, oqibatda ular evolyusiyasida cheklanmagan progress muntazam ravishda amalga osha borgan. CHeklanmagan progress organizmlar tuzilishining takomillashuvi bilan bir qatorda populyasiya tarkibining o‘zgarishiga ham sabab bo‘lgan. Chunonchi, birhujayraliorganizmlar populyasiyasida individlar orasidagi munosabat juda sust, har bir organizm mustaqil ravishda muhitning o‘zgarishiga javob beradi. Poda yoki gala bo‘lib yashovchi, tuzilishi murakkab bo‘lgan hayvonlar populyasiyasida esa har bir individning muhit o‘zgarishiga javob reaksiyasi har xildir. Ularning ba’zilari muhitga bevosita emas, balki bilvosita bog‘liq bo‘ladi. Chunonchi, yosh organizmlar oziq topishda, dushmandan himoyalanishda bevosita ishtirok etmasligi shular jumlasidandir. Populyasiyada ro‘y bergan bunday o‘zgarish individni muhitning tobeligidan, tasodifiy noqulay sharoitdan himoya qilishga qaratilgan.
F.Engels «Tabiat dialektikasi» degan asarida har qanday moslashish bir vaqtning o‘zida ham progress, ham regress bo‘lishi mumkin, deb qayd qilgan. Bu bilan progress va regress doim o‘zaro bog‘liqligini ta’kidlaydi. Shu bilan bir vaqtda Engels progress tushunchasi moslashish tushunchasi bilan uzviy bog‘liqligini ham ko‘rsatib o‘tgan.
Organik olamdagi progress muammosi birinchi marta Seversov tomonidan mukammal o‘rganilgan. U evolyusion nazariya uchun eng qiyin bo‘lgan: «Nima uchun hozirgi vaqtda tuzilishi juda murakkab bo‘lgan hayvonlar va o‘simliklar (sut emizuvchilar, qushlar, gulli o‘simliklar) bilan bir qatorda, juda qadim zamonda paydo bo‘lgan tuzilishi oddiy organizmlar (bakteriyalar, sodda organizmlar) mavjud? Nima sababdan ayrim organizmlar tarixiy rivojlanishda takomillashib ketgan-u, boshqalari esa sodda tuzilishini saqlab qolgan?» degan muammolarni hal etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
YUqoridagi masalalarni hal qilishda, avvalo, evolyusiya jarayonida ro‘y beradigan biologik progress va morfologik-fiziologik progress tushunchalari farqlanishi zarurligini ta’kidladi. Biologik progress deganda, Seversov turning avj olib rivojlanishini, keng tarqalishini, ravnaq topishini tushungan, ya’ni: 1) turga mansub individlar soni ortadi; 2) natijada tur keng tarqalib, yangi areallarni ishg‘ol qiladi; uning areali kengayadi; 3) yangi sistematik guruhlar paydo bo‘ladi va intensiv divergensiya ro‘y beradi. Hozirgi vaqtdagi gulli o‘simliklar, suyakli baliqlar, qushlar va sut emizuvchilar biologik progressga misol bo‘ladi.
CHeklanmagan progressda organik olam guruhlarida individlar miqdori hamma vaqt orta bermaydi. Qo‘p hollarda «tuban» organizmlar miqdor jihatdan yuqori tuzilishga ega organizmlarga nisbatan ko‘p sonda bo‘ladi. YUqori tuzilishga ega organizmlar takomillashgani uchun miqdor jihatdan ko‘p bo‘lish hisobiga emas, balki individlari yashovchanligining ortishi hisobiga gullab-yashnagan. Biroq bunday yo‘l katta guruhlar taqqoslanganda ko‘zga tashlanadi. Ayrim turlarning yashash uchun kurashdagi muvaffaqiyati ko‘p hollarda populyasiyada individlar, tur doirasida populyasiyalar miqdorining ortishi, arealining kengayishi bilan bog‘liq.