Namangan davlat universiteti pedagogika va psixologiya kafedrasi-hozir.org
Neoteniya. Evolyusiya jarayonida faqat organlarning emas, balki bir butun organizmning embrional rivojlanishida ham ajdodlar rivojlanishidan farq qiladigan o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Ko‘p hollarda rivojlanishning boshlang‘ich yoki o‘rta bosqichlari keyingi bosqichlarini siqib chiqaradi. Natijada bunday o‘zgarishlar ontogenezning ilgariroq tugallanishiga sabab bo‘ladi. Ontogenetik rivojlanishda qisqaradigan yoki tushib qoladigan bosqichlar funksiyalarini undan oldingi bosqichlar bajaradi. «Uzilib qoladigan» mana shunday ontogenez neoteniya nomi bilan yuritiladi.
Neoteniya ko‘pincha organizmlarning lichinka holida rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Masalan, yassi chuvalchanglar, qisqichbaqasimonlar, hasharotlar, amfibiyalardan — tritonlar, salamandralarda jinsiy voyaga etish lichinka bosqichida, ya’ni metamorfozgacha amalga oshadi. Bunday o‘zgarishlar uzoq davom etgan tarixiy rivojlanishda muhitning o‘zgarishi va yuqoridagi hayvonlar raqib formalarining paydo bo‘lishi tufayli yuz bergan.
Neoteniya o‘simliklarda ham uchraydi. Masalan, uni lemnalar oilasiga mansub o‘simliklarda yaqqol ko‘rish mumkin. Taxtadjyan qayd qilishicha, lemnalar — Lemnaceae voyaga etgan formalardan emas,balki uning murtagidan kelib chiqqan, ya’ni evolyusiyasi neoteniya yo‘li bilan borgan. Suvda o‘suvchi bu o‘simlikning tuzilishi shu qadar soddalashib ketganki, oqibatda ular gulli o‘simliklarga nisbatan ko‘proq suvo‘tlarga o‘xshash bo‘lib qolgan.
Pistia suvda suzib yurib hayot kechiradigan mayda o‘simlik bo‘lib, tropiklarda keng tarqalgan. Etilganda u lemnaga mutlaqo o‘xshamaydi. Chunki unda kichik poya, barg, ildiz kabi vegetativ organlar bo‘ladi, xolos, Urug‘ining tuzilishi, unishida, murtaklik holatida, lemnalar bilan Pistia o‘rtasida ko‘p o‘xshashlik namoyon bo‘ladi. Qiyosiy morfologiya tadqiqotlari lemna vegetativ tanasining cho‘ntakchalar deb ataluvchi qismidan yuqorida joylashgan distel qismida aslida barg ekanligini, cho‘ntakchalarda rivojlanadigan kurtaklar Pistinumning yosh novdalariga mos kelishini ko‘rsatdi.
Shu bilan birga ular orasida farq ham bor. Agar Pistianing poyasi bir qancha novdalar va ko‘pgina to‘pbarg chiqarsa, lemnaning vegetativ tanasi ikkita yon kurtak va reduksiyalashgan bitta barg chiqaradi. Shu singari dalillar lemnalar Pistioideaelarga o‘xshash tipik vegetativ organlar bor o‘simliklardan kelib chiqqanligidan dalolat beradi. Bu ma’lumotlar yana lemnalar voyaga etgan Pistia formalardan emas, balki ularning murtagidan paydo bo‘lganligini, ya’ni ularda neoteniya yo‘li bilan evolyusiya jarayoni ro‘y berganligini ko‘rsatadi.
Ontogenez embrionizatsiyasi deyilganda, evolyusiya jarayonida rivojlanish bosqichlari bir qismining ona organizmi yoki maxsus tuxum yoki urug‘ qobig‘i himoyasida o‘tishga layoqatlanishi tushuniladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, zmbrion rivojlanish tiriklikning boshlang‘ich xossasi bo‘lmay, aksincha, evolyusiya natijasi hisoblanadi. Ontogenez embrionizatsiyasi tobora murakkablashayotgan murtakning himoyalanishi va muhim ichki muhitda rivojlanishiga qaratilgan. Embrionizatsiyaning himoyalanish ahamiyatini hayvonlardagi embrion rivojlanishining har xil tiplari evolyusiyasi misolida ko‘rish mumkin. Chunonchi, mayda va oziq zapasi kam bo‘lgan tuxum qo‘yuvchi kovakichlilar, bulutlar, polixetalar, qisqichbaqasimonlar, chuchuk suvda yashovchi suyakli baliqlar, amfibiyalarda tuxumdan rivojlangan lichinka harakatlanib mustaqil hayot kechiradi. Aksincha, oziqqa boy yirik tuxum qo‘yuvchi organizmlar — boshoyoqli mollyuskalar, akulalar, ba’zi bir suvda va quruqda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, qushlar va tuxum bilan ko‘payuvchi sut emizuvchilarda tuxumdan lichinka emas, rivojlangan embrion hosil bo‘ladi. Mazkur organizmlarda murtak uzoq vaqt tuxum ichida rivojlangan, uning ozig‘i hisobiga yashagan va qobig‘i bilan himoyalangan bo‘ladi.
Sudralib yuruvchilarda va qushlarda amfibiyalarga nisbatan ontogenez embrionizatsiyasi kuchaygan bo‘lib, u rivojlanishning dastlabki bosqichlarining suv muhitisiz taraqqiy etishiga va tuxumda murtakning to‘liq rivojlanishiga qaratilgan.
Ontogenez embrionizatsiyasining eng muhim natijalaridan biri murakkab holda bo‘lgan murtakning tez va isrofgarchiliksiz rivojlanishini ta’minlashdan iborat. Murtak morfogenetik korrelyasiyalarining tizimliligi, murakkabligi tufayli embrion rivojlanishi postembrion rivojlanishga nisbatan turg‘un va qadimiydir. Embrion rivojlanishining turg‘unligi rivojlanish darajasidan o‘zgarishiga sabab bo‘ladigan har qanday kichik mutatsiyalar paydo bo‘lganda, bunday mutatsiyalarga ega formalarning nobud bo‘lishi hisobiga ontogenez embrionizatsiyasini zararsizlantirishga qaratilgan bo‘ladi. Demak, embrionizatsiya evolyusiyada ontogenezning bir butunligini kuchaytirishga safarbar etilgan. Embrionning rivojlanishidagi ba’zi bir xossalarning ontogenezning postembrion davrida saqlanishi fatalizatsiya deb ataladi. Chunonchi, suvda ham quruqda yashovchilar, tog‘ayli baliqlar, to‘garak og‘izlilar skeletida tog‘ay to‘qimasining saqlanishi, odam miya qutisi suyaklarining jag‘ suyaklariga nisbatan katta bo‘lishi fatalizatsiyaga misoldir.