I.3.Terminologiya va kasb hunar leksikasi Termin (lot. terminus – chegara, had) – bilim yoki faoliyatning maxsus sohasiga doir tushinchani ifodalovchi so‘z yoki so‘z birikmasi, tilshunoslikning terminlarni o‘rganuvchi sohasi. Termin tor ma’noda ma’lum sohaga oid maxsus leksika. Masalan fizika terminologiyasi, ijtimoiy siyosiy termin, mashinasozlik terminologiyasi kabi. Terminalogik leksika umumxalq tili leksikasining ajralmas qismi sifatida u bilan birga rivojlanadi. Terminning rivojlanishi, boyish yo‘llari har xil: boshqa tillardan so‘z olish va ichki so‘z yasash hisobiga ro‘y bermoqda U yoki bu soha terminalogik tizimining barqarorligini belgilovchi asosiy omil uning tartibga solinganligi va muntazamligidir. Terminning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Masalan, umumadabiy tilda sinonimya, omonimya va ko‘p ma’nolilik tilning boyligi bo‘lsa, Terminda bular salbiy hodisa hisoblanadi. Masalan birgina tushinchani ifodalash uchun o‘zbek tilida yarim o‘tkazgich – chala o‘tkazgich – nim o‘tkazgich terminlari qo‘llanmoqda. Bu, o‘z navbatida, o‘qish, o‘qitish va axborot almashish jarayonini qiyinlashtiradi. Shu sababli ham termin ma’lum darajada barqarorlashgan barcha tillarda terminlar doimiy tartibga solib turiladi. Tartibga solish ma’lum terminalogik me’yorlar asosida amalga oshiriladi. Termin rivojida fan sohalariga oid maxsus lug‘atlarni nashr qilib turish ham muhim ahamiyatga ega.
Terminologiya har bir til so‘z boyligining juda kata qismini tashkil etadi. Uning juda tez rivojlanishi ham bejiz emas, chunki u yangi so‘zlar yasash imkonini beradi. Biror tilning terminologiyasi ko‘p terminlar tizimidan tashkil topgan. Bilim, sanoat yoki madaniyatning biror maxsus sohasidagi biror so‘z yoki so‘z birikmasi termin deb ataladi. Termin ifoda etayotgan biror so‘zning mazmuni mavzuli biror adabiyotda izohlash orqali talqin qilinadi. So‘z ifodasi lingvistik termin deb hisoblanishi mumkun deb yozgan edi Z.Xarris va I.F.Frizyslar. Ular deskriptiv lingvistika tarafdorlaridan bo‘lib, so‘z ifodasini quyidagicha ta’riflaydilar: “So‘z ifodasi insonning har qanday nutqi bo‘lib, u sukutdan oldin yoki keyin ifoda etilishi mumkin”. Fanning har bir bo‘limi yoki maktabi o‘z tabiati va metodlariga moslab maxsus terminologiyani rivojlantiradi. Bunday maxsus terminologiya ilmiy izlanishning muhim qismi bo‘lib, o‘ta muhim ahamiyatga ega. Chunki u rivojlanishga katta hissa qo‘shadi.
Теrmin so‘zi аslidа lotincha “terminus” so‘zidan olingan bo‘lib “chek”, “chegara” degan tushunchalarni bildiradi. Terminshunoslik, olimlar hаm unga ta’rif berayotgan vaqtda, atrof muhitni ya’ni tabiatni xarakterlashda uning ana shu lug‘aviy ma’nosini inobatga oladilar. Biroq ana shu chek chegarani belgilab olishda, undan anglashiladigan tushunchani xarakterlashda xilma-xillik sodir bo‘lmoqda. U fan-texnika, qishloq xo‘jaligi, san’at va madaniyat sohasiga xos so‘z hisoblanadi. Terminologiya - terminlar haqidagi ta’limot va terminlar majmui degan ma’nolarni anglatadi. Termin so‘zi o‘rnida ba’zan atama, istiloh so‘zlarini ishlatish xollari uchrab turadi. Ammo bu to‘g‘ri emas. Atama termin so‘ziga nisbatan tor tushunchani ifodalaydi. “Atama”, “atamashunoslik” kabi tushunchalar umumxarakterda bo‘lganligi e’tiborga olinmadi. Chunki, “atama” deyilganda terminologiyaga aloqasi bo‘lmagan onomastika (toponimiya, antroponomiya, oykonimiya kabilar)ga aloqador leksik birliklar ham tushuniladi. Istiloh so‘zi esa arabchadir. Uni xalq tushunmaydi va me’yorga aylangan emas. Terminologiya masalalari hamisha tilshunoslikning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib kelgan. Chunki terminlarning sohalar lug‘aviy qatlamlaridagi o‘rni va vazifasini belgilash, tushunchaning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglash imkonini beradi.
Termin va terminologiyaning u yoki bu kabi muammoli masalalari yechimini topish fan va texnikaning tegishli sohalari uchungina emas, balki tilshunoslik uchun ham muhim ahamiyatga egadir.
Terminologiya muayyan fanning tushunchalar tizimi bilan o‘zaro munosabatda bo‘lgan terminlar tizimini o‘zida ifoda etadi. Terminologik tizmlar fan taraqqiyoti bilan birgalikda rivojlanib bormoqda.
Terminlar paydo bo‘lib qolmaydi, aksincha, ularning zaruriyati anglangan holda o‘ylab topiladi, ijod qilinadi. Shuningdek oddiy so‘zdan farqli ravishda, terminning ma’nosi kontekstga bog‘liq bo‘lmaydi, maxsus so‘z-termin o‘z terminlik ma’nosida va o‘z terminologik maydonida qo‘llanar ekan uning har doimgi ma’nosi saqlanib qolinaveradi. Yangi texnika vositalari qaysi sohaga ko‘proq kirib kelgan bo‘lsa, shu soha terminologiyasi to‘xtovsiz ravishda kengayib bormoqda. Ana shunday sohalardan biri bugungi kitobatchilik ishi bilan shug‘ullanuvchi poligrafiya-nashriyotchilik sohasidir. Mazkur soha taraqqiyotiga e`tibor bersak, bu sohaga texnik vositalarning kirib kelishi, asosan, XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Lekin uning eng taraqqiy etgan davri bugungi kundagi holatidir. Hozirgi zamonaviy poligrafiya nashriyotchilik tarmog‘i hujjatlarni tayyorlash va ularning nusxalarini ko‘paytirish, kitob holiga keltirish jarayonlarini o‘zida mujassamlashtirgan texnik vositalar qo‘llanadigan yetakchi sohalardan biriga aylandi. Natijada, ushbu soha terminologiyasiga juda ko‘plab yangi tushunchalar va ular bilan birga yangi ilmiy texnikaviy terminlar ham kirib kelmoqda.
Lekin B.N.Golovin “terminologiya” va “terminologik tizim” ifodalarini professional faoliyat sohalaridagi aloqador bir biri bilan tushunchaviy leksik-semantik, so‘z yasalishi va grammatik darajalarda bog‘langan terminlar majmui” ni bildiruvchi sinonimlar sifatida ishlatishni taklif qiladi. Boshqa mualliflar esa, aksincha “terminologiya” va “terminalogik tizim” tushunchalarini farqlash lozimligini uqtirishadi, ya’ni “terminologiya” tushunchasi ostida stixiyali tarzda to‘planib boruvchi terminlar majmuini , “terminologik tizim” deganda esa inson bilimlari yoki faoliyatining ma’lum bir ixtisoslashgan sohasini tasvirlovchi tushunchalar tizimini adekvat ifodalovchi tartibga solingan terminlar majmuini tushunishni taklif etishadi.
Terminologiyaga bag‘ishlangan ishlarning barchasida u yoki bu sohaning muayyan tushunchalarini anglatadigan, definitsiyaga ega bo‘lgan va, asosan, nominativ funksiyani bajaradigan birliklar termin hisoblanadi deb qaraladi. A.Reformatskiy terminga ta’rif berar ekan, “terminlar – bu maxsus so‘zlardir” degan xulosaga keladi. A.V.Kalinin muayyan fanlar va kasbkorlikda ishlatiladigan so‘zlarni “maxsus leksika” deb ataydi va uni ikki guruhga ajratadi.
1. Maxsus leksikaga, birinchi navbatda, terminlar kiradi.
2. Maxsus leksika tarkibiga terminlardan tashqari professionalizmlar ham kiradi.
U o‘z fikrini davom ettirib, “Termin bilan professionalizmlar o‘rtasidagi farq shuki, termin bu muayyan fan, sanoat sohasi, qishloq xo‘jaligi, texnikadagi tamomila rasmiy bo‘lgan, qabul qilingan va qonunlashtirilgan biror tushunchaning ifodasidir, nomidir, professionalizm esa biror kasb, mutaxassislik, ko‘pincha jonli tilda tarqalgan, aslini olganda, tushunchaning qat’iy, ilmiy tavsifiga ega bo‘lmagan yarim rasmiy so‘zdir”,-deydi.
Ma’lumki, har bir fan sohasining rivojlanish va takomillashuv darajasi shu soha terminologiyasining qay darajada taraqqiy etganligi, shuningdek, tartibga solinganligi kabi belgilar bilan ham uzviy bog‘liqdir.16 Chunki ilmiy adabiyotda qo‘llanadigan termin yoki uning ifoda shakli aniq va ravshan bo‘lmas ekan, unda, albatta, chalkashlik, noaniqlik kabi salbiy holatlar saqlanib qolaveradi. Shu bois, V.P.Danilenko ta’kidlaganidek, har bir fan yoki sohaning taraqqiyot ko‘rsatkichi shu soha terminologiyasining «qat’iy ilmiy terminologiya»ga ega ekanligi bilan ham belgilanadi. V.P.Danilenko bu yerda «qat`iy ilmiy terminologiya» tushunchasini biron bir sohaviy terminologiyaning mazkur fan sohasi taraqqiyoti bilan uyg‘unlashuvi, sohaviy terminologiyaning ayni sohaga oid tushunchalarni ifodalashdagi hamohangligi, yaratilgan va muomalada bo‘lib turgan terminologiyaning muayyan fan tili bilan mos kelishi kabi holatlarni nazarda tutadi.17 Terminlarning «aniqligi va qat’iylashishi shu millatning fani, maorifi, madaniyati darajasini ko‘rsatadi. Atamalarning rivojlanishi, tartibga solinishi fanning har xil sohalarida turlicha bo‘lib, ma’lum fanning taraqqiyotiga bog‘liq. Bu taraqqiyot to‘xtovsiz bo‘lgani uchun yangi atamalarning kelib chiqishi, tartibga tushishi ham uzluksiz bo‘ladi. Umuman, ona tilida atamalarning puxta ishlanishi, tartibga solinishi darslik va qo‘llanmalar tuzish uchun ham, ona tilida dars olib borish uchun ham zarur bo‘lgan manbadir. Atamalarning ishlanmaganligi va tartibga solinmaganligi nutq uslubiga ham ta’sir ko‘rsatadi».18 Terminologiya voqelikni tushunishning ma’lum bir belgilangan sistemasini ifodalab, intelektual aloqa kanalining biri hisoblanadi.Vinogradovning fikriga ko‘ra “Terminlarni yaratish va belgilashning ikki tomoni, ikki nuqtai nazari mavjud: til strukturasi va tushunish, semantik shartli ravishda ilimdagi u yoki bu tushunish sistemasining rivojlanishi”19 deya izoh beradilar.
Tilshunoslikda terminlarning o‘zgarishi hamda yangi terminlarning paydo bo‘lishi fan va texnika taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liqdir. Bu haqda tilshunos olim L.I.Bojno quyidagilarni ta’kidlaydi: «Texnika taraqqiyoti ta’sirida terminologiya o‘zaro aloqador ikki qonuniyat asosida, birinchidan, ilmiy-texnika progressi qonuniyatlari bilan, ikkinchidan, til rivojlanishining umumiy qonuniyatlari bilan bog‘liq ravishda o‘zgarib boradi»20. Texnik malakaning endilikda ma’lum tor doiradan chiqib, ommaviy xarakterga ega bo‘layotganligi va turli sohalarning mutaxassislari kundalik faoliyatida fan va texnika yutuqlaridan keng foydalanayotganligi terminlarga bo‘lgan yuksak talab bilan uning hozirgi holati orasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etishni talab etadi. Chunki hayotda fan va texnika taraqqiyoti qanchalik katta ahamiyatga ega bo‘lsa, uni egallash, boshqarish va taraqqiy ettirish uchun terminlar ham shunchalik muhim ahamiyatga molikdir. Shu jihatdan, terminlarni tartibga solish juda katta ilmiy va ijtimoiy ahamiyatga egadir.
D.S.Lotte qanday kategoriyadagi so‘zlar terminlashishi mumkinligi haqida gapirib: “texnikada quyidagi tushunchalarni anglatuvchi asosiy kategoriyalar terminlashadi: jarayonlar (hodisalar); texnika predmetlari (materiallar, qurollar, asboblar, detallar va h.k.); xossalar; hisobiy tushunchalar (parametrlar, geometrik obrazlar va h.k.); o‘lchov birliklari”21 Hozirgi terminologik lug‘atlarda maxsus va an’anaviy atamalar keng ko‘lamda batafsil tushuntirish, aniq izohlar berish masalalari asta-sekin joriy etilmoqda.
Terminologiyada shuni ko‘rishimiz mumkinki, tilda nomoyon bo‘lgan maxsus terminlarni noto‘gri tushunish va bir ma’nolik masalalariga yo‘l qo‘yilmoqda. Terminologiyaning tartibga solinishi nafaqat ilmiy sohada, balki ijtimoiy hayotda ham ahamiyati katta bo‘lgan masaladir.
Biror fan sohasining terminologiyasi o‘z terminlarining butun bir majmuasi emas, balki u aniq bir tizim bo‘lib tushunchalarni ifoda etuvchi tizimdir. Terminologik tizimlarning bir-birini kesib o‘tuvchi o‘qlar kabi bir vaqtning o‘zida bir necha terminologik tizimlarga kirishi mumkun. Agar terminlarning manosi va ularning talqini o‘zgarmas bo‘lib keladigan bo‘lsa yoki bir bilim sohasi ularga ega bo‘lmasa unda bu zarar emas. Qarama-qarshi fenomenon ya’ni terminlar sinonomiyasi ba’zi-bir sabablarga ko‘ra xavfli emas.
Ma’lumki, terminologiya masalalari ilmiy-texnik ishlab chiqarish, kasb-hunar, har xil tarmoqlar leksikasi, ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga tegishli so‘z va iboralarni qamrab oladi, bu tushunchalar tarixi xalq hayoti, uning moddiy va ma’naviy jihatlari bilan bog‘liq hamda ularning barchasini tadqiq qilish, tilning mulkiga aylantirish hozirgi davr tilshunosligi oldida turgan, kechiktirib bo‘lmas tadqiqot yo‘nalishlaridan biridir.
O‘zbek tilida terminologik tizimlarni o‘rganishga hozirgi kunda katta ahamiyat berila boshladi. Ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi va uning jahon miqyosiga chiqa boshlashi munosabati bilan tilimizning xalqaro obro‘si ortib bormoqda.