Mazkur o‘quv adabiyoti O‘zbekistonning mustaqillik davrida sodir bo‘lgan


O‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyati va ularning jamiyatni



Yüklə 0,6 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə34/78
tarix19.12.2023
ölçüsü0,6 Mb.
#186378
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   78
ALFRAGANUS DARSLIK 2023

6. O‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyati va ularning jamiyatni 
demokratlashtirishdagi o‘rni. 
Fuqarolik jamiyati institutlari tizimida o‘zini o‘zi boshqarish organlarining 
o‘rni beqiyosdir. Zero, boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, mahalla instituti 
yurtimizda ming yillar davomida sinalgan va chuqur ildiz otgan, aholini 
birlashtirib turadigan ijtimoiy hodisa sifatida rivojlanib kelmoqda. Аyniqsa, uning 
hozirgi bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida xalqimizning urf-odatlari, anʼanalari 
va qadriyatlarini saqlab qolish, ularni jipslashtirish kafolati sifatida maydonga 
chiqayotganini yaqqol ko‘rib turibmiz. 


84 
Mahallaning tuzilmasi va funksiyasi vaziyatga qarab asrlar davomida 
o‘zgarib turgan, ammo u o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini saqlab qolgan, o‘z 
hududida istiqomat qiluvchi kishilar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni 
muvofiqlashtirib turgan. 
Mahalla o‘zini o‘zi boshqarish organlarining eng yorqin ko‘rinishi, ayni 
paytda fuqarolik jamiyatining asosi va tayanchi deb tan olingani bilan ham 
o‘zining yuksak mavqeyiga ega. U yuksak madaniyat va kishilar o‘rtasidagi 
munosabatlar maʼnaviyatiga asoslanadi. 
Mustaqillik yillarida mahalla hayoti bilan bog‘liq ko‘plab qadriyatlar, udum 
va anʼanalarimiz qayta tiklanib, zamon talablari asosida boyib bormoqda. Shu 
bilan birga, mahallaning huquq va vakolatlari kengaytirilmoqda, ular bugun o‘zini 
o‘zi boshqarish idorasi, haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida keng ko‘lamli 
faoliyat olib bormoqda.
Bu borada Janubiy Koreyaning Koreyashunoslik akademiyasining professori 
Xan Do Xyon taʼkidlaganidek, “O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mahallaning 
noyob tarixiy roli qayta tiklandi va boyidi. O‘zbekistonning barcha hududida, katta 
shaharlar bilan bir qatorda, uzoq tumanlarda ham mahallalarning faoliyat 
ko‘rsatayotgani O‘zbekistonda davlat boshqaruvi xalq va davlatning yaqin 
hamkorligi asosida qurilganidan dalolat beradi. Mahalla instituti umuminsoniylik 
o‘lchovida katta qadriyat kasb etadi. Shu bois uni YuNESKOning Umumjahon 
nomoddiy meros obʼyektlari ro‘yxatiga kiritish zarur, deb hisoblayman”, deya fikr 
bildiradi. 
O‘zbek jamiyatida jamoa bo‘lib yashashning eng oliy shakli mahalladir. 
O‘zini o‘zi boshqarishning mazkur shakli asrlar osha yashab kelmoqda. Mahalla 
mamlakatimizda ko‘p asrlardan buyon mavjud bo‘lsa-da, O‘zbekiston davlat 
mustaqilligidan keyingina munosib ijtimoiy-huquqiy maqomga ega bo‘ldi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan 
davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi Konstitutsiyamizga 
kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi qatʼiy belgilab qo‘yildi. 
Uning 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat 
ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga 
ega ekanliklari, bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar 
o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek, davlat 
organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va 
takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishiga oid norma o‘z ifodasini topdi.
Shuningdek, “Mahalla” so‘zi asli arabcha “joy”, “o‘rin”, maʼnosini 
anglatadi. Respublika Konstitutsiyasining 105-moddasida shaharcha, qishloq va 
ovullardagi mahallalarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishning huquqiy o‘rni 
belgilab qo‘yilgan. Аsosiy Qomusimizning 105-moddasi bilan fuqarolar o‘zini o‘zi 
boshqarish organlarining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Unga ko‘ra, 
shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda 
shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari 
bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini 
saylashi belgilandi.


85 
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – xalq hokimiyatini amalga 
oshirishning shakllaridan biri sifatida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish 
organlarining huquqiy maqomini belgilab berdi. O‘zbekiston Respublikasining 
Konstitutsiyasi nafaqat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining 
huquqiy hujjatlarida, balki butun normativ-huquqiy hujjatlar ichida shoh hujjat 
hisoblanib, jamiyatning butun ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalari uning 
asosida tartibga solinadi.
Аsosiy Qonunimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga 
alohida to‘xtalib o‘tilganligi, bu demokratik institutga nisbatan yuksak umid va 
ehtirom bildirilganligidir. Uning barqarorligi va ustunligi jamiyat siyosiy-huquqiy 
tizimida katta o‘rin egallab, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan 
chambarchas holda rivojlanadi. Chunki mamlakatimizda Konstitutsiyaning 
ustunligi fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatining yuksakligi bilan 
taʼminlanadi. Huquqiy ong va madaniyat esa jamiyatning eng dastlabki jabhasi 
bo‘lgan mahallalarda, qolaversa, o‘zini o‘zi boshqarish organlarida fuqarolarning 
rivojlantirishi bilan taraqqiy etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida sof nazariy nuqtayi 
nazardan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining umumiy maqomi belgilab berildi. 
Konstitutsiya fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tashkil etilish 
asoslari, ularning boshlang‘ich faoliyati hamda jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini 
birinchilardan bo‘lib o‘zida aks ettirdi. Konstitutsiya fuqarolar o‘zini o‘zi 
boshqarishining huquqiy asoslari ichida eng asosiy o‘rinni egallaydi va quyidagi 
omillari bilan ajralib turadi: 
– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – fuqarolarning o‘zini o‘zi 
boshqarishini xalq hokimiyati amalga oshuvining bir shakli sifatida tan oladi va 
kafolatlaydi; 
– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – xalqaro huquqning umum 
eʼtirof etgan normalariga asoslangan holda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish 
organlarining rivojlanishiga normal sharoit yaratib beradi; 
– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – fuqarolarning mahalliy 
ahamiyatga molik masalalarini amalga oshirishda bevosita va bilvosita 
qatnashishini kafolatlaydi. 
Taʼkidlash kerakki,1992-yil 12-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining 
birinchi Prezidenti I.А.Karimovning Farmoni bilan “Mahalla” Respublika hayriya 
jamg‘armasi tashkil etilgani, 1993-yil 2-sentabrda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi 
boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishining o‘ziyoq mahalla 
institutining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligining yorqin dalilidir. 
O‘z navbatida, Qonunda umumiy qoidalar, fuqarolar yig‘inini chaqirish tartibi, rais 
(oqsoqol) va uning maslahatchilarini saylash tartibi, o‘zini o‘zi boshqarish 
organlari faoliyatining iqtisodiy va moliyaviy negizi, o‘zini o‘zi boshqarish 
organlarining vakolatlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining strukturasi va 
ularning faoliyatini tashkil etish, raisning vakolatlari kabi masalalar o‘zining 
huquqiy yechimini topgan edi. Ushbu Qonun bilan milliy davlatchilik tarixi, 
huquqiy anʼanalarimiz va qadriyatlarimizga mos keladigan, xalqimizning xohish 


86 
irodasini aks ettiradigan, davlat va jamoat ishlarida aholining faol ishtirokini 
taʼminlaydigan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish tizimining maxsus huquqiy kafolati 
yaratildi hamda mazkur sohani tubdan qayta qurishning huquqiy mezonlari 
belgilab berildi. 
1995-yil 21-dekabrda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik 
kodeksiga ham mahalla haqida alohida modda kiritilgan bo‘lib (78-modda), unda 
qayd etilganidek, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yuridik shaxs 
sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarning qatnashchilaridir”. 
Jamiyat taraqqiyoti takomillashgan sari hamda bozor munosabatlariga o‘tish 
davrida, ayniqsa, fuqarolik jamiyatining vujudga kelishi bilan ushbu Qonunni 
maʼlum normalar bilan to‘ldirish ehtiyoji sezildi. Shu boisdan 1999-yil 14-aprelda 
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari 
to‘g‘risida” yangi tahrirdagi Qonuni qabul qilindi. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish 
organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan hujjatlar jumlasiga O‘zbekiston 
Respublikasi Prezidentining 1998-yil 23-apreldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi 
boshqarish organlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston 
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-apreldagi “Mahalla posboni” 
jamoat tuzilmalari va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzuridagi 
yarashtirish komissiyalari to‘g‘risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori 
mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining 
rivojlanishida muhim rol o‘ynadi. 
Konstitutsiyaning 100-moddasida mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga 
berilgan vakolatli huquqlar: qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning 
xavfsizligini taʼminlash; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish; 
atrof-muhitni muhofaza qilish; mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish; 
fuqarolik holati aktlarini qayd etishni taʼminlash; normativ hujjatlarni qabul qilish 
va qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish; mahalliy 
byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, 
byudjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilishdir.
Viloyatlar hokimlari va Toshkent shahar hokimi Prezident tomonidan 
tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Tuman va shaharlarning hokimlari 
tegishli viloyat hokimlari tomonidan tayinlanadi. 
Shaharlardagi tumanlarning hokimlari tegishli shahar hokimlari tomonidan 
tayinlanadi va ishdan ozod qilinadi. Viloyat, tuman va shahar hokimlarining 
qarorlari Xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik idorasi 
bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga rahbarlik qiladi. Xalq deputatlari 
mahalliy Kengashlariga: shaharlardagi tuman, shahar va viloyat Kengashlari 
kiradi.
Mustaqillik yillarida hokimlik institutining tashkil qilinishi hududiy 
boshqaruv tizimining muvofiqlashishi va mexanizmining aniq faoliyat 
ko‘rsatishida muhim qadam bo‘ldi. 1993-yil 2-sentabrdagi “O‘zbekiston 
Respublikasida mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi 
Qonun bu borada tegishli huquqiy hujjat vazifasini o‘tadi.


87 
Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari 
va tegishli hokimlarning faoliyati O‘zbekiston Konstitutsiyasi, “Mahalliy davlat 
hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonun va Qoraqalpog‘iston Qonunlari bilan tartibga 
solinadigan bo‘ldi.
1994-yil 4-yanvarda Oliy Kengashning 9-sessiyasida “O‘zbekiston 
Respublikasida mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi 
Qonun qabul qilindi. Toshkent shahri va 12 viloyatda 1992-yil davomida Prezident 
tavsiyasi asosida birinchi marta hokimlar tayinlandilar.
1995-yil sentabrda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi 
Аkademiyasi tashkil qilindi. Ushbu akademiyada o‘tgan faoliyat yillari davomida 
2000 ga yaqin rahbar va tegishli mutaxassis kadrlar o‘z malakalarini oshirdilar. 
Respublika Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yil 30-maydagi qarorida 
istiqbolli boshqaruv kadrlar faoliyatini takomillashtirishda mazkur akademiyaning 
o‘rni va roli alohida belgilab qo‘yildi.
Jamiyatni demokratlashtirish, huquqiy fuqarolik jamiyatini barpo etish – 
O‘zbekiston istiqbolda tanlagan bosh strategik yo‘l bo‘lib hisoblanadi.
O‘zbekiston uchun anʼanaviy sharq falsafasi va islom dini taʼlimotlarini aks 
ettiruvchi hamjihatlik, totuvlik, bag‘rikenglik g‘oyalari hamda jamoatchilik 
fikrining ustuvorligiga tayanuvchi sharqona demokratik qadriyatlar asos qilib 
olindi. Shubhasiz o‘z-o‘zini boshqaruv tizimida anʼanaviy mahalla institutining 
o‘rni va roli katta ahamiyat kasb etadi. Tarixiy jihatdan mahalla kishilarni 
hamjihatlikka, totuvlik, o‘zaro hayrixohlikka chaqiradigan organ bo‘lib kelgan.
O‘zini o‘zi boshqarish organlarini tashkil qilishda 1993-yil sentabrda Oliy 
Kengash 12-sessiyasida qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish 
organlari to‘g‘risida”gi Qonun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Prezidentning 1992-
yil 12-sentabrda “Mahalla” xayriya jamg‘armasini tashkil etish va 1992-yil 8- 
oktabrda xayriya jamg‘armasiga mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi Farmonlari 
mahallalarga homiylikni tashkil etishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Yirik shaharlarda ko‘p qavatli uylar joylashgan kvartallarga 1992-yil 
boshlaridan mahalla maqomi berilib, tarixiy nomlar qo‘yildi, fuqarolar yig‘ini 
o‘tkazilib, mahalla oqsoqoli va masʼul kotiblar saylandi. Sovet davrida tuzilgan 
qishloq va posyolka (shaharcha)larda vakillik boshqaruv organlari qishloq yoki 
posyolka sovetlari deb atalgan, ular mustaqil hokimiyat organi bo‘lmay, xalq 
deputatlari tuman yoki shahar kengashlari, ularning ijroiya qo‘mitalariga bo‘ysunar 
edi. Mustaqil bo‘lgach mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimi tubdan isloh qilindi, 
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimini davlat hokimiyati tizimidan 
ajratish tomon yo‘l tutildi. 
1994-yil 12-mingdan ortiq o‘zini o‘zi boshqarish organlari shakllantirildi, 
2001-yil ularning soni 7847 tani tashkil etdi. 1999-yil 14-aprelda qabul qilingan 
“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi 
Qonunda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari va huquqi kengaytirildi.
Mustaqillik yillari mobaynida jamiyatdagi boshqaruv tizimlarini isloh qilish, 
davlat vazifalarini jamoat tashkilotlariga bosqichma-bosqich o‘tkazish, yaʼni 
kuchli davlatdan kuchli jamiyatga o‘tish borasidagi ishlar izchil davom 


88 
ettirilmoqda. Ushbu jarayonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va 
ularning asosiy negizini tashkil etuvchi mahalla instituti fuqarolik jamiyati 
institutlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Konstitutsiyaning ushbu qoidasi mahallaning huquqiy asoslarini yanada 
rivojlantirish uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qildi. Shunday qilib, 1993-yil 2- 
sentabr kuni “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun 
qabul qilindi. Ushbu qonun ilk marta qonunchilik darajasida mahalla faoliyatini 
tartibga soldi, yaʼni uning huquqiy maqomini belgilab berdi.
Fuqarolarning moddiy mustaqilligi va siyosiy-huquqiy ongi oshishiga sabab 
bo‘layotgan demokratik islohotlar chuqurlashib, bozor munosabatlari rivojlanib 
borgani sari mahalla institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurati 
tug‘ildi. Natijada 1999-yil 14-aprel kuni “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish 
organlari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda fuqarolarning 
o‘zini o‘zi boshqarish huquqi bevosita mustahkamlab qo‘yildi, mahalla 
faoliyatining asosiy tamoyillari, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga davlat 
kafolati belgilab berildi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlari 
kengaytirildi.
2004-yil 29-aprelda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning 
maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi mahalla faoliyatini 
demokratlashtirish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi. Ushbu qonunda, birinchidan, 
fuqarolar yig‘ini organlariga saylovning demokratik tamoyillari belgilab berildi va 
mahalla organlariga saylov tizimi barpo etildi; ikkinchidan, saylov jarayonining 
barcha bosqichlari batafsil tartibga solindi; uchinchidan, qonun darajasida 
mustahkam huquqiy kafolat yaratildi.
Mahalla o‘z faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha ham davlat ko‘magini ola 
boshladi. Shunday qilib, rais, masʼul kotib, “Mahalla posboni”, jamoatchilik 
tuzilmasi rahbari va fuqarolar yig‘inlarining diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy 
tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisidan iborat to‘rt nafar masʼul shaxs ishi, 
shuningdek, mahallaning qo‘shimcha xarajatlari davlat hokimiyatining mahalliy 
organlari byudjetidan moliyalashtirilmoqda. 
Hozirgi paytda O‘zbekistonda 10 000ga yaqin o‘zini o‘zi boshqarish organi 
faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 8275 ta mahalla, 1301 ta qishloq, 154 ta shaharcha 
va 155 ta ovul fuqarolar yig‘inidir. Mahalla fuqarolar yig‘inlari va faollari 
qonunchilik belgilab bergan vakolatlardan kelib chiqib, fuqarolar yig‘inlari 
faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tuzilgan komissiyalar yordamida aholini 
ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb qilish, maʼnaviy-axloqiy tarbiyani kuchaytirish, 
oilalarda qulay muhitni saqlab qolish, ehtiyojmand oilalar va nogironlarga moddiy 
yordam ko‘rsatish, aholining tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini 
oshirish, hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqda, 
boshqa bir qancha tadbirlarni tashkil etmoqda.
2013-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi 
boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlaridagi asosiy 
yo‘nalishlar bo‘yicha komissiyalar ro‘yxati quyidagilardir:
• 
yarashtirish komissiyasi;


89 
• 
maʼrifat va maʼnaviyat masalalari bo‘yicha komissiya;
• 
ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya;
• 
xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiya;
• 
voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiya;
• 
tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari 
bo‘yicha komissiya;
• 
ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish va 
ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiya;
• 
jamoatchilik nazorati va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish 
bo‘yicha komissiya o‘z faoliyatini olib boradi. 
2017-yil fuqarolar yig‘inlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallalar 
soni 10 mingdan ortiqni tashkil etdi. Shu yildan boshlab mahalla o‘z-o‘zini 
boshqaruv organlarining faoliyatida zamonaviy asnodagi o‘zgarishlar ro‘y berib, 
uni tom maʼnoda xalq organiga aylantirish chora-tadbirlari belgilandi.
Mahalla oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri fuqarolarning ijtimoiy 
faolligini oshirish, oilalarni mustahkamlash, odamlarni loqaydlik, boqimandachilik 
kabi illatlardan forig‘ etish, aholini tom maʼnodagi fuqarolik jamiyatini barpo 
etishga safarbar qilishdir. 
O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan 
yarashtirish masalasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Taʼkidlash joizki, 
fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan Yarashtirish komissiyalarining 
vazifasi faqat nizoli oilalardan kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqishdagina emas, 
balki nizoni keltirib chiqaruvchi sabablarni atroflicha o‘rganib, oilalarda sog‘lom 
turmush tarzini keng targ‘ib qilishdan ham iborat hisoblanadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining muqaddimasida xalqlar 
o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashish zaruriyatiga 
eʼtibor qaratish lozim, deb belgilangan. G‘arb mamlakatlarining ayrim 
siyosatchilari ham O‘zbekistondagi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari 
tizimining o‘ziga xosligini yuqori baholashgan. Jumladan, nemis siyosatchisi Аrtur 
Faynberg: “Mahalla – inson huquqlarini hurmat qilgani holda yoshlarni 
tarbiyalashga, uning kamol topishiga ko‘mak beruvchi jamiyat instrumenti”, deb 
baho bergan. Shu bilan birga individualizm singib ketgan G‘arb mutaxassislari 
uchun bu tizimning tub mohiyatini tushunish mushkulligini ham obʼyektiv 
tavsiflab berishgan.
O‘zbekistonda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan keng qamrovli 
islohotlar va milliy taraqqiyot talablaridan kelib chiqib mahalla faoliyatiga oid 
qonun hujjatlari muntazam ravishda takomillashtirib borilyapti. Xususan, 2013-yil 
22-aprelda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi 
qonunning yangi tahriri tasdiqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-
fevraldagi “Jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla 
institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash 
tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5338-son 
farmoni qabul qilindi.


90 
Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-
quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mahalla va oila institutlarida bir qancha 
o‘zgarishlar bo‘ldi. Xotin-qizlar qo‘mitalar, Respublika Mahalla kengashi, 
“Nuroniy” jamg‘armasining hududiy bo‘limlari tugatildi. “Oila” ilmiy-amaliy 
tadqiqot markazi, “Mahalla” o‘quv-uslubiy va ilmiy tadqiqot markazi negizida 
“Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi. Mahallalarga yuklatilgan 46 
turdagi va Profilaktika inspektorlariga yuklatilgan 13 turdagi vazifa va funksiyalar 
qisqartirildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy 
bo‘linmalari tashkil etildi. Jamoatchilik tuzilmalari maqbullashtirildi, ayrimlari 
tugatildi. Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi, ijtimoiy qo‘llab-
quvvatlash va jamoatchilik nazorati bo‘yicha komissiya tashkil etildi. 2020-yil 1- 
apreldan boshlab FHDYo organlari Аdliya vazirlgi huzuridagi Davlat xizmatlari 
agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. 22-mart “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb eʼlon 
qilindi. Endilikda mahalla raisining saylanish muddati 5 yil qilib belgilandi. 
Mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini 
profilaktika katta inspektori bajarib u ham 5 yilga muddatga tayinlanadi. Mahalla 
va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi vazir uning birinchi o‘rinbosari, Xotin-qizlar 
qo‘mitasi raisi, 3 ta o‘rinbosar “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” kengashi raisi 
o‘rinbosari va huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimi taʼsis 
etildi. 
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taklifi bilan keng 
aholining qo‘llab-quvvatlashiga asoslanib, 2021-yil kuzidan boshlab mamlakatdagi 
mahalliy boshqaruv tizimida yangi institut “hokim yordamchisi” lavozimi joriy 
etildi.
Аlbatta, bundan markazlashtirilgan boshqaruvdan asta-sekin voz kechib, 
mahallalarda ishlash va shu yerdagi muammolarni tezkorlik bilan hal etish 
imkoniyatini yaratish maqsadi ko‘zlanadi.
O‘zbekiston Respublika Prezdentining 2021-yil 3-dekabr kuni qabul 
qilingan “Mahallada tadbirkorllikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va 
kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi 
farmonida belgilab berilganidek:
– hokim yordamchisi lavozimiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni 
qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, 
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari
iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy 
bo‘linmalarida bo‘lim (sho‘ba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi 
rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari 
tayinlanadi; 
– hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar tegishlicha Qoraqalpog‘iston 
Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari 
boshchiligidagi tanlov komissiyalari orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul 
qilinadi; 
– nomzodlarning intiluvchanligi, maqsadga yo‘nalganligi, qobiliyati, 
tajribasi kabilarni inobatga olgan holda tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol 


91 
yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy maʼlumotga 
ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkinligi qayd qilingan. 
Demak, bu tuzilma tajriba tariqasida qo‘llanilmoqda. Uning natijasidan esa 
tizim yanada takomillashib boradi. 

Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   78




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin