10.2.Auditorlik hisoboti va uni tuzish tartibi Auditning maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, umumlashtirilgan va baholangan tekshiruv natijalarini kamida ikkita hujjat bilan rasmiylashtirish maqsadga muvofiqdir: 1. audit haqidagi shartnomada ko’zda tutilgan davr ichidagi korxonaning moliya- xo’jalik faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o’tkazish to’g’risida hisobot; 2. buxgalteriya balansi va moliyaviy hisobot bo’yicha auditorlik xulosasi. O’zbekiston Respublikasining «Auditorlik faoliyati to’g’risida»gi qonunida belgilanishicha: auditorlik hisoboti auditorlik tekshiruvining borishi, buxgalteriya hisobini yuritishning belgilangan tartibidan aniqlangan chetga chiqishlar, moliyaviy hisobotdagi qoida-buzarliklar to’g’risidagi mufassal ma’lumotlardan, shuningdek auditorlik tekshiruvi o’tkazish natijasida olingan boshqa axborotdan iborat bo’lgan va xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbariga, mulkdorga, katnashchilari (aktsiyadorlari)ning umumiy yig’ilishiga yo’llangan hujjat (18-modda). №70 -«Auditorlik hisoboti va moliyaviy hisobot to’g’risida auditorlik xulosasi» nomli AFMSga muvofiq auditorlik hisobotining tarkibi quyidagicha: a) nomi («Auditorlik hisobot» yoki «Auditorlik tashkilotining hisoboti» degan har ikkala nom bir xil ma’noga ega); b) adresat nomi; v) kirish qismi; g) tahlil qismi; d) yakuniy qism.
Auditorlik hisoboti moliyaviy hisobotni auditorlik tekshiruvidan o’tkazgan auditor(lar) tomonidan betma-bet imzolanishi lozim. Auditorlik hisoboti auditorlik tekshiruvining buyurtmachisiga, buyurtmachining barcha zarur rekvizitlari ko’rsatilgan holda jo’natiladi.