Ijtimoiy psixologiya sotsial muhit, kundalik turmush sharoitlari ta’siri ostida vujudga keladi va rivojlanadi. Uni
subektiga ko’ra muayyan ijtimoiy guruh, elat, millat psixologiyasi kabi turlarga bo’lish mumkin.
Millatlarning etnosotsial birlik sifatida shakllanishida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar ustuvor ahamiyatga ega.
Tarixga nazar tashlar ekanmiz, ayrim hududda yashagan aholining doimiy aloqada bo’lishi, o’zaro ta’siri, munosabati
natijasida tilda, madaniyatda umumiylikning shakllanishga ta’sir qilganligini ko’ramiz. Bunday sharoitda psixologiyada
ham o’xshash tomonlar yuzaga kela borganligi tabiiy, albatta.
Alohida olingan bir millatga xos bo’lgan psixologik jihatlarni ushbu millat bosib o’tgan tarixiy yo’ldan, xalqaro
iqtisodiy, siyosiy, madaniy munosabatlardan qidirish zarur. Ijtimoiy voqelikning o’zgarishi bilan milliy psixologiyaga
xos bo’lgan xususiyatlar ham o’zgarib boradi. Ammo bu o’zgarishlar nisbatan sekin kechganligi tufayli, u hamma vaqt
ham tezda ko’zga tashlanavermaydi.
Milliy psixologiyaga xos jihatlarni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy o’zgarishlarni amalga oshirishda inobatga olish
muhim ahamiyatga egadir. Bu amalga oshirilayotgan siyosatning xalq ko’nglidan chuqur joy olishini hamda ushbu
o’zgarishlarning muvaffaqiyatini ta’minlaydi.
Ijtimoiy mafkura (ideologiya) ijtimoiy psixologiyadan tubdan farq qiladi. Ijtimoiy psixologiya sotsial guruhlar
hayotini muayyan his-tuyg’ular, kayfiyatlarda bevosita aks ettirsa, ijtimoiy ideologiya sotsial guruhlar ehtiyojlari,
manfaatlarining ichki mohiyatini, sababini har xil g’oyalar, nazariyalar, ta’limotlar shaklida aks ettiradi. Shuning uchun
ham u ijtimoiy hayotga aks ta’sir o’tkaza olish xususiyatiga ega bo’ladi. Ayni paytda, ideologiyaning g’oyalar tizimi
sifatida chiqishida, uning o’zi uchun katta xavf ham yashiringanligini ta’kidlash zarur. U real voqelikdan, shu jumladan,
kishilar ruhiyatida sodir bo’layotgan jarayonlardan uzoqlashib hayotiligini yo’qotgan g’oyalar-dogmalar sistemasiga
ham aylanib qolishi mumkin. Bunday hollarda mafkura taraqqiyot tormoziga aylanib, oxir-oqibatda halokatga yuz
tutadi.