Neotomizm — XX asrdagi eng yirik diniy-falsafiy oqim bo’lib, u o’rta asrlardagi (XIII asr) Foma Akvinskiyning
ta’limotini qaytadan tikladi. U (neo — yangi, tomizm — «foma», transkriptsiyada «toma» bo’lib o’zgargan) Foma
Akvinskiyning yangi, zamonaviy ta’limoti demakdir. Bu ta’limotga ko’ra, ilm va e’tiqod o’rtasida to’la muvofiqlik,
uyg’unlik bor. Ular bir-birini to’ldirib turadi, har ikkisi ham xudo tomonidan berilgan xaqiqat.
Neotomizm vakillari fikricha, ilm etmagan joyda e’tiqod qo’llanishi kerak. Lekin bu e’tiqod ko’r-ko’rona,
shunchaki ishonch bo’lmay, balki mantiqan teran anglangan e’tiqod bo’lishi kerak. Xudoning mavjudligini falsafa turli
mantiqiy usullar orqali isbot qilishi lozim. Shunday qilib, falsafaning vazifasi dinga xizmat qilishdan iboratdir.
Neotomistlar dunyoni, jamiyatni xudo yaratgan, jamiyat taraqqiyoti xudoning rejasi asosida boradi, deydilar. Diniy
teologiya oqimi bo’lganligidan neotomizm albatta, ilohiy qadriyatlarni ustuvor qo’yadi. Ammo u din va uning
jamiyatdagi o’rniga, o’zining nomi kelib chiqishiga sabab bo’lgan, Foma Akvinskiy zamonidan farqli yondoshadi.
Fomadan keyingi davr Evropada xristianlikning sofligini saqlash g’oyasi, asta-sekin mutlaqlashib, o’rta asr
aqidaparastligining ma’lum ko’rinishlaridan biri-inkvizitsiyaga olib kelgan edi. Bu esa hurfikrlilik, ilm-fandagi
yangilikka qarshi kurashga aylanib ketgan edi. Lekin inson huquqlari, fikr erkinligi demokratiya belgisiga aylangan XX
asrda bunday o’taketgan aqidaparstlikka o’rin yo’q. Neotomizm hozirgi tsivilizatsiyali dunyoda tsivilizatsiyalashgan
ta’limot sifatida maydonga chiqmoqda. O’z navbatida bu demokratiya ustivor bo’lgan hayot tarziga muayyan darajada
mos keladi.
Neokantchilik XIX asr o’rtalarida shakllangan va XX asr boshlarida rivojlangan edi. Uning vakillari I. Kant o’z
davrida qo’ygan ilmiy bilishning umumiyligi va zaruriyati haqidagi hamda tajribaviy aql haqidagi muammolarni tahlil
etadilar. Bu ta’limotga ko’ra, inson dunyoga bir marta keladi, shuning uchun har bir insonning hayoti o’zi uchun eng oliy
maqsaddir. Shunday ekan, inson hayotidan kimdir o’z maqsadlarini amalga oshirish uchun vosita sifatida foydalanishi
mumkin emas. Erkin mavjudot deganda, Kant izdoshlari o’zi xohlagan ishlarni qiluvchi kishini emas, balki jamotchilik
manfaatiga qarshi yurmaydigan, unga zid ish qilmaydigan, ammo o’z haq-huquqlarini yaxshi biladigan insonni nazarda
tutadilar.
XX asrga kelib, fan va texnika taraqqiyoti bilan ilmiy tafakkur va til muammolarini falsafiy tahlil qilishga qiziqish
nihoyatda ortdi. Bu yo’nalishda ishlayotgan eng yirik oqimlarga neopozitivizm, strukturalizm va germenevtika kabi
falsafiy qarash namoyondalari misol bo’ladi.
Neopozitivizm oqimining yirik namoyandalari Karnap, Ayer, Rassel, Vitgenshteyn va boshqalardir. Neo — yangi;
pozitiv — ijobiy degan ma’noni anglatadi. Nepozitivizm G’arbda X1X asrning 20 — yillarida paydo bo’lgan, asoschisi
XIX asrda yashagan Ogyust Kontdir. Uning fikricha, falsafa aniq fanlar taraqqiyotisiz mavjud bo’la olmaydi. Falsafa —
ob’ektiv reallikni emas, balki aniq fanlar qilayotgan ilmiy, ya’ni ijobiy (pozitiv) xulosalarni o’rganib, tahlil qilib ularni
mantiqan bir tartibga, sistemaga solishi kerak.
Kont falsafaning o’zi mustaqil ravishda ob’ektiv dunyo to’g’risida hech qanday aniq bilimlar berishi mumkin emas,
u shu paytgacha yig’ilgan bilimlarni formal logika qonunlari asosida tahlil etishi va qayta baholashi, uni «absolyut
g’oya, ruh» to’g’risidagi ortiqcha fikrlardan tozalashi kerak va yangi falsafani yaratishi kerak, deb ta’lim bergan.
Neopozitivistlar