Chizmachilik ko‘p mehnat talab qiladigan fan. Shuning uchun chizmachilik bo‘yicha ishni shunday tashkil qilish kerakki, kam mehnat sarflab chizmani samarali bajarish imkoniyati yaratilsin. Buning uchun avvalo chizma bajaradigan joyni ozoda va tartibli bo‘lishini ta’minlash lozim. Asboblar va buyumlar toza hamda kerakli joyda saqlanishi kerak, chunki bajarilayotgan chizmalarning sifati ko‘p hollarda buyumlar va asboblarning sifatiga va ulardan to‘g‘ri foydalanishga bog‘liq.
Asbob va buyumlarni quruq holda, yuqori harorat bo‘lmaydigan joyda saqlash kerak. Chizg‘ich, uchburchakliklar va reysshinani deraza va pechkadan uzoqroq joyda osig‘liq holda saqlash maqsadga muvofiqdir. Chizmachilik xonalarida asboblarni chizma doskasining o‘ng yoniga joylash lozim. Ishni boshlashdan avval va keyin chizma asboblari, chizma taxtasi quruq va yumshoq latta bilan artiladi.
Chizma qog‘ozi ham tekshirilib ko‘riladi. Qog‘oz varag‘i g‘ijimlangan, bukilgan va shuningdek, unga dog‘ tushgan bo‘lmasligi kerak. Uning sifatini tekshirish uchun unga qalam yurgizib, so‘ngra o‘chirib ko‘riladi, o‘chirg‘ichda u titilmasligi lozim. Chizish jarayonida ham qog‘oz kirlanmasligi uchun qo‘l hamda chizma doskasi va asboblar tez-tez tozalab turiladi.
Chizmani bajarayotgan vaqtda xat yozayotgan vaqtdagidek stolga nisbatan shunday o‘tirish lozim-ki, ko‘z bilan chizma qog‘ozi orasidagi masofa 25 mmdan kam bo‘lmasligi kerak va yorug‘lik chizmaga chap tomondan hamda yuqoridan tushib tursin.
Asboblarni tushib ketishdan va zarbdan saqlash kerak. Sirkulning ignalik uchi etarli darajada o‘tkir bo‘lishi, shuningdek, qalamli oyoqchalarining holatini kuzatib turish lozim. Agarda ular o‘tmaslashsa yoki ikki oyoqchasi jipslashmasa reysfederni tuzatish lozim. Sifatli chizmalar yaxshi ishlaydigan asboblar yordamida bajariladi. Asboblarni maxsus qutichada yoki gotovalnya g‘ilofida saqlash maqsadga muvofiqdir.
Yangi o’quv materialini mustahkamlash Mustahkamlash uchun savollar
(3-ilova)
O‘z- o‘zini tekshirish uchun savollar.
Chizma buyumlari, asboblari va moslamalari nimalardan iborat va ulardan qanday foydalaniladi?
Chizmachilikda qanday qalamlardan foydalaniladi va chizish uchun ular qanday tayyorlanadi?
Chizmachilik uchun ish joyi qanday tashkil qilinadi?