Samarqand davlat chet tillar instituti



Yüklə 2,66 Mb.
səhifə18/139
tarix28.11.2023
ölçüsü2,66 Mb.
#167183
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   139
Majmua 2023 yangi

Ilm-fan ravnaqi. Vatanimiz tarixida Uyg’onish davrining ikkinchi bosqichi Amir Temur va temuriylar davriga to’g’ri keladi. Bu davrda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti bilan birliqda uning ma’naviy-madaniy hayotning ham gurkirab rivojlanishiga, ilm-urfon, adabiyot va san’at sohalarining o’sishiga, bu soha olimlarining iste’dodi va ijodining kamol topishiga qulay shart-sharoitlar yaratildi. Bu o’rinda Amir Temur, Shohrux Mirzo, Ulug’bek, Boysunqur Mirzo, Sulton Husayn, Bobur Mirzo singari Ulug’ hukmdor siymolarning shaxsiy ibrati tahsinga loyiqdir.
Movarounnahrda, xususan, Samarqandda ilm-fan va san’atning taraqqiyotida Ulug’bek va uning atrofida yig’ilgan olimlarning o’rni va hissasi nihoyatda buyukdir. Ulug’bek farmoni bilan bunyod etilgan Samarqand, Buxoro, G’ijduvon shaharlardagi madrasalarda Qur’on, hadis, tafsir, fiqh (din va shariat qonun-qoidalari), riyoziyot (matematika), handasa (geometriya), jo’g’rofiya (geografiya), ilmu aruz (poetika), arab tili kabi dunyoviy ilmlar ham o’qitildi. Hatto, Buxoro madrasasining darvozasiga: «Bilim olish har bir musulmon ayolu erkakning burchidir», degan kalima yozib qo’yilgan.
Ulug’bekning Samarqanddagi madrasasi ikki kavatli, 50 hujrali bo’lib, har bir hujra 3 xona: qaznoq (omborxona), yotoqxona va darsxonadan iborat bo’lgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, madrasada 100 dan ortiq talaba istiqomat qilgan va ta’lim olgan. Mad­rasada zamonasining iqtidorli olimlaridan Mavlono Shamsuddin Muhammad Havofiy yetakchi mudarris bo’lgan. Mashhur olimlardan Qozizoda Rumiy, G’iyosiddin Jamshid Koshiy hamda Mirzo Ulugbekning o’zi va uning shogirdi Alouddin Ali Qushchilar turli fanlardan dars berganlar. Ayrim ma’lumotlar­ga qaraganda, madrasada ilmi hay’at (astronomiya) darsini Qozizoda Rumiy o’tgan.
Ulug’bek farmoyishi bilan qurdirilgan rasadxona o’z davrining akademiyasi bo’lgan. Shu asosda 1429 yil Samarqandda Mirzo Ulug’bek tomonidan «Dorul-ilm» - Samarqand akademiyasiga asos solindi. Ulug’bek akademiyasini tan olgan va dunyoga taratgan kishi bu frantsuz yozuvchisi, faylasufi va tarixchisi Volter (taxallusi; asl nomi Mari Fransua Arue (Arouet) 1694-1778) dir. Uning tarixiy mavzudagi «Millatlarning holatlari va odatlari haqida» (1753-1758) asarining 3-jildi Amir Temur va temuriylar xukmdorligiga bag’ishlangan. Volter o’z asarida Ulug’bek haqida, uning podsholigi, Samarqandda ilmu ma’rifatni taraqqiy ettirib, fan rivojiga katta hissa qo’shganini hurmat bilan ta’kidlab «Ulug’bekning buyukligi, uning qilgan ishlari bilan belgilanadi. U Samarqandda birinchi Fanlar akademiyasini yaratdi, yer kurrasini o’rgandi, koinot va yulduzlarni kashf etib mashhur jadval tuzdi...», deb yozadi.
Rasadxona o’rta asrlarda asbob uskunasi jihatdan ham beqiyos bo’lgan. Unda kichik o’lchamli asboblar: armillyar sfera, 2, 4 va 7 halqadan iborat o’lchov asboblari, triangula, quyosh hamda yulduz soatlari, asturlob va boshqalar bo’lgan. Bu ilmiy uskunalar yordamida Quyosh, Oy, sayyoralar va alohida yulduzlar kuzatilgan.
Mirzo Ulug’bekning eng yirik astronomik asari «Ziji Ko’ragoniy» («Ko’ragoniy yangi astronomik jadvali») 1437 yil Ulug’bek rasadxonada yaratilgan. Ushbu ilmiy asar ikki bo’limdan, ya’ni batafsil yozilgan muqaddima va vaziyatlari elliptik sistemada berilgan 1018 ta yulduzning jadvalidan iborat. «Ziji Ko’ragoniy»da keltirilgan yulduzlar jadvali Samarqandda olib borilgan kuzatishlar asosida tuzilgan. Jadval yulduzlar soni va kuzatishlarning originalligi jihatdan astronomiya tarixida Gipparx – Ptolemey jadvalidan (II asr) keyin ikkinchi o’rinda turadi. Optik asboblar ixtiro qilinguniga qadar tuzilgan zijlar orasida «Ziji Ko’ragoniy» eng mukammal hisoblanadi. Undan vaqtni aniqlash va geografik koordinatalarni o’lchashda, shuningdek, turli astronomik masalalarni hal qilishda XVII asrga qadar Sharqda va Yevropada foydalanib kelindi. Asarda boshqa jadvallar ham bor. 683 ta punkt uchun geografik koordinatalarni o’z ichiga oluvchi jadval, asosan, turli manbalardan foydalanib tuzilgan.
Ulug’bek ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida ham ijod qilgan. Uning qalamiga mansub «Ulusi arba’-yi Chingiziy» («Chingiziylarning» to’rt ulusi (tarixi)») yoki «Tarixi arba’ ulus» («To’rt ulus tarixi») nomi bilan mashhur asari, hech shubhasiz, tarixshunoslik fanida qimmatli manbalardan biri hisoblanadi. 1425 yildan keyin yozib tamomlangan bu asar muqaddima va to’rt qismdan iborat.

Yüklə 2,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   139




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin