Samarqand davlat chet tillar instituti


Amir Temur davlatidagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar. «Temur tuzuklari» va uning ahamiyati



Yüklə 2,66 Mb.
səhifə15/139
tarix28.11.2023
ölçüsü2,66 Mb.
#167183
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   139
Majmua 2023 yangi

2.Amir Temur davlatidagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar. «Temur tuzuklari» va uning ahamiyati. Amir Temurning davlat boshqaruv tizimi butun hududda yagona markazlashgan siyosiy tartib asosiga qurilgan edi. U dunyoning 27 o’lkasi va viloyatlarni zabt etib, Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qo’ltig’iga qadar g’oyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Bundan tashqari Amir Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va Shimoliy-g’arbda Quyi Volga, Don buylari; Shimoliy-Sharqda Balxash ko’li va Ili daryosigacha; janubiy-Sharqda esa Shimoliy Hindistongacha bo’lgan mamlakatlar buysundirildi. Amir Temur hayotligi chog’idayoq saltanatni asosan to’rt qism (ulus)ga bo’lib, o’g’il, nabiralariga taqsimlab bergan: Xuroson (1396), Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohrux (1377-1447)ga, G’arbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshoh (1366-1408)ga, Fors, ya’ni Eronning janubiy qismi (markazi Sheroz) UmarShayx Mirzo (1354-1394)ga, Afg’oniston va Shimoliy Hindiston (markazi G’azna, keyinchalik Balx) Pirmuhammad (1376-1407)ga suyurg’ol qilib berilgan.
Markaziy hokimiyat tizimida Shayxulislom, qozikalon, qoziyi ahdos (odat bo’yicha hukm chiqaruvchi qozi), qozi askar, sadri a’zam (vaqf yerlari, mulklari mutasaddisi), dodxoh (shikoyatlarni ko’ruvchi), eshikog’a, saroy vaziri, yasovul (xukmdorning shaxsiy buyrug’ini bajaruvchi), qalaqchi (xiroj miqdorini aniqlovchi), muhassil (soliq undiruvchi), tavochi (asosiy qo’shinlarni to’plash ishiga mutasaddi amaldor), qorovulbegi, qutvol (qal’abon), muhtasib (shariat qoidalari ijrosini, bozor tartiblarini nazorat qiluvchi) va boshqalar bo’lgan.
Amir Temur davlatni boshqarishda qurultoy va kengashlar o’tkazishga alohida e’tibor qaratgan. Uning «...davlat ishlarining to’qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim», degan so’zlari buning yorqin dalilidir. SHarafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Amir Temur tomonidan Qarshi, Samarqand, Qorabog’ va boshqa joylarda o’tkazilgan qurultoy va kengashlarda shahzodalar, davlat ma’murlari, harbiy boshliqlar, ulamolar va mulkdor zodagonlarning vakillari qatnashgan. Ularda mamlakatning iqtisodiy va siyosiy ahvoliga oid masalalar muhokama etilib, qarorlar qabul etilgan va tadbirlar belgilangan. Masalan, 1403 yilda Kavkazning Baylaqon shahrida chaqirilgan kengashga olimu fuzalolar taklif etilgan. Ulardan mamlakatni boshqarishda, xususan, uning obodonligi yo’lida amalga oshiriladigan xayrli ishlar-jamoat binolari va inshootlar qurilishlarida o’z maslahatlari bilan ko’mak berishlari so’ralgan.
Mamlakatning iqtisodiy hayotida dehqonchilik asosiy o’rin tutgan. Shu bois Amir Temur va temuriylar dehqonchilikning bosh omili bo’lgan sug’orish ishlariga katta ahamiyat berishgan. XIV asrning oxiri-XV asrning 1 - yarmida Movarounnahr va Xurosonda yirik sug’orish tarmoqlari qazilib, korizlar, suv omborlari-bandlar va hovuzlar barpo etilib, suv tanqis viloyat va vohalar, shahar, qishloklarning suv ta’minoti yaxshilangan. Qo’riq va bo’z yerlar o’zlashtirilib, obikor yerlarning maydoni kengaytirilgan. Yangi-yangi qishloqlar, Chorbog’lar va sayilgoh bo’stonlar barpo etiladi. Amir Temur Samarqand vohasi, poytaxt va uning tevarak atrofini obod etilishiga alohida e’tibor bergan. Obirahmat, Mazdahin, Bozor, Korand va Nahri jadid kabi sug’orish tarmoklari orqali obod etilgan qishloqlarning soni 72 taga yetgan. Yangi qishloqlarning bir qismi Sharqning mashhur shaharlari: Damashq, Qohira, Bag’dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan ulug’langan.
Shohrux va Ulug’bek hukmronligi davrida ham sug’orish ishlari yanada kengaygan. Dashtlarga suv chiqarilib, bo’z yerlar o’zlashtirilgan. Xususiy sohibkorlar esa, hatto bir–ikki yil davomida soliq va to’lovlardan ozod etilgan. Bu davrda Temuriylar Samarqand, Qashqadaryo, Marv vohalari, Tus vodiysi va Xirotda yirik sug’orish inshootlari barpo etilib, dehqonchilik maydonlarining suv ta’minotini tubdan yaxshilashgan.
Amir Temur va temuriylar davrida mulkchilik munosabatlari yanada takomillashgan. Mulkning,asosan, 4 shakli: «mulki devon» (davlat yerlari), «mulk» (xususiy yerlar), «mulki vaqf» (madrasa va masjidlar tasarrufidagi yerlar) va «jamoa yerlari» bo’lgan. Yerlarining katta qismi davlat mulki hisoblangan, ularni «suyurg’ol» yoki «tarxon» tarzida in’om qilish keng tarqalgan. Suyurg’ol yorlig’iga ega bo’lgan viloyat hukmdorlari markaziy hokimiyatga nomigagina karam bo’lib, odatda, ular deyarli mustaqil bo’lishgan. Tarxonlik yorlig’ini olgan mulkdorlar barcha soliq, to’lov va majburiyatlardan ozod etilgan. Tarxonlik amirlar, beklar, saroy amaldorlari, sayyidlar va boshqa yuqori tabaqa vakillariga berilgan.
XIV asrning oxiri va XV asrning 1-yarmida Temuriylar davridagi iqtisodiy taraqqiyotga (hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo) mamlakatda o’tkazilgan pul islohotlari turtki bo’lgan. Dastlab, Amir Temur, so’ngra ayrim Temuriylar mamlakatda yagona pul birligini joriy etishgan. Amir Temur vazni 6 g li «tanga» va 1,5 g li «miri» deb yuritiladigan 2 xildagi kumush tangalarni zarb etgan. Bu kumush tangalar Suyurg’atmishxon va Sulton Mahmudxon nomlari bilan Movarounnahr, Xuroson, Eron, Ozarbayjon va Iroqning 40 dan ortiq yirik shaharlarida chiqarilgan. Shohrux Astrobod, Buxoro, Domg’on, Isfahon, Kushoniya, Kermon, Qum, Nishopur, Marv, Samarqand, Sabzavor, Sultoniya, Tabriz, Xorazm, Hirot, Sheroz va boshqa shaharlarda o’z nomi bilan kumush tangalar zarb etib, pulning ichki savdodagi muomalasini tartibga solgan. Bu borada 1428 yilda Ulug’bek o’tkazgan fulusiy (mis) pullar islohoti ayniqsa katta ahamiyat kasb etgan.

Yüklə 2,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   139




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin