Tsivilizatsiya tushunchasi alohida olingan bir xalq, hudud, jamiyat, davlat va hatto jahonga, ularning ijtimoiy-
iqtisodiy va madaniy taraqqiyotining muayyan bosqichiga nisbatan ham qo’llanildi. «Tsivilizatsiya» lotincha «tsivilius»
so’zidan olingan bo’lib, aynan «fuqarolikka oid» degan ma’noni anglatadi.
Mavjud ilmiy adabiyotlarda tsivilizatsiyaga turlicha ta’riflar berilyapti: tsivilizatsiya-madaniy-texnik taraqqiyotning
yuqori bosqichi (bunda yozuvning kashf etilishi, texnik kashfiyotlar, sanoat inqilobi tsivilizatsiyaning muhim belgisi
sifatida talqin etiladi); tsivilizatsiya — jamiyatning muayyan namunasi (bunda u formatsiya tushunchasi bilan
aynanlashtiriladi); tsivilizatsiya — insoniyatning yovvoyilik va vahshiylikdan keyingi taraqqiyot davri.
Tsivilizatsiya rivojlanishning muayyan bir bosqichida turgan xalq va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va
ma’naviy hayotidagi sifatiy o’ziga xosligidir. Ayrim tadqiqotchilar tsivilizatsiya asosini madaniyat, xalq, hudud bilan
bog’lasalar, boshqalari dinni asos qilib oladilar. Aslida esa ularning hammasi ham tsivilizatsiyaning taraqqiyotida o’z
o’rniga ega.
Ammo tarix taqozosi bilan muayyan hududda shakllangan tsivilizatsiyaga goh tabiiy muhit, gohida ijtimoiy shart-
sharoit ko’proq ta’sir ko’rsatgan bo’lishi mumkin. Masalan, bizning Vatanimiz tsivilizatsiyasida bu omillarning
barchasi o’ziga xos ahamiyat kasb etganini ko’ramiz. Shu bilan birga, yurtimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy
va tsivilizatsiyalashgan taraqqiyotida dunyoviy ilmlar qatorida turli diniy ta’limotlar ham o’ziga xos o’rin tutgan.
Vatanimiz tarixining keyingi uch ming yiliga nazar tashlasak, dunyoviy bilimlar va diniy qarashlar yonma-yon
yashab kelganining guvohi bo’lamiz. Xalqimiz «Avesto»ni yaratgan davrlardan tortib bizning kunlargacha ana shu
umumiy tamoyil o’z ta’sirini o’tkazib kelgan. Ularning biri mutlaqlashtirilgan davrlarda madaniy taraqqiyot qanday
aziyat chekkan bo’lsa, ikkinchisi tahqirlangan zamonlarda ham ana shunday yo’qotishlar sodir bo’lgan. Tarix bu borada
ham buyuk murabbiydir. U bizdan tsivilizatsiyamiz o’tmishini xolisona o’rganish, undan to’g’ri xulosalar chiqarish va
o’zimiz uchun saboq olishga undaydi.