Madaniyatda milliylik va umuminsoniylik. Jahonda 1600 dan ortiqroq millat yashaydi. Ular uchun bizning Ona
sayyoramiz umumiy vatan bo’lib hisoblanadi. Ana shu umuminsoniyat jamoasining hamjihat yashashi, birgalikda va yonma-
yon faoliyati natijasida butunjahon madaniyati va tsivilizatsiyasi shakllangan.
Shu bilan birga, muayyan hudud, davlat va mintaqalarda ham bir qancha xalqlarning azal-azaldan yonma-yon
yashab kelayotganligining guvohimiz. Albatta, ular orasida tabiiy ravishda ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar
jarayoni boradi. Bu jarayonlar, o’z navbatida, umuminsoniy va baynalmilal madaniy tamoyillar asosida amalga oshadi.
Madaniyatlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, ular o’rtasidagi umumiy jihatlarning kamol topishiga olib keladi. Ana shu
umumiylik bilan alohidalik, ya’ni butunjahon madaniyati va biror-bir xalqqa xos bo’lgan madaniyat o’rtasidagi
muntazam aloqa ham insoniyat tarixi va taraqqiyoti uchun muhim hisoblanadi.
Bu sohada umumbashariyatga xos bo’lgan jihatlarni biz madaniyatdagi umuminsoniylik, millatning o’zigagina xos
bo’lgan xususiyatlarni esa madaniyatning milliyligi deb ataymiz. Aslida esa milliylik va umuminsoniylik bir butun
madaniyatning ikki tomoni, bir-birini taqozo etuvchi jihatlardir. Madaniyat ana shu ikki jihatning uzviy aloqasi va bir
butunligi orqali namoyon bo’ladi. Milliylik — madaniyatning joni, uning millat bilan bog’liq yashash usuli, millatning
unda namoyon bo’ladigan ruhidir. Umuminsoniylik esa madaniyatning butun jahonga xosligi, ana shundan kelib
chiqadigan umumbashariy xususiyatlari, jamiyat rivojining barcha davr va hududlarga xos umumiy tamoyillaridir.
Milliy madaniyatlar bir-birini boyitadi. Ular o’rtasidagi o’zaro ta’sir tabiiy ravishda xalqlar va millatlarning bir-biri
bilan iqtisodiy, siyosiy, axloqiy sohalardagi hamkorligi uzviy bog’liqdir. Biroq bir milliy madaniyatni boshqa xalqlarga
zo’rlab targ’ib etish, joriy qilish ijobiy natijalarga olib kelmaydi.
Milliy madaniyatning gullab-yashnashi xalqlarning tsivilizatsiyalashgan taraqqiyot yo’lidan borishi va o’ziga xos
tsivilizatsiya yaratishida muhim ahamiyatga ega.