Jamiyatning moddiy hayoti ga quyidagilar kiradi:
- kishilarning yashashi, shaxs sifatida kamol topishi uchun zarur bo’lgan iqtisodiy shart-sharoitlar;
- oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, yoqilg’i, kommunikatsiya vositalari;
- moddiy ne’matlar ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish;
- ishlab chiqarish jarayonida kishilar o’rtasida amal qiladigan iqtisodiy munosabatlar majmui;
- moddiy boyliklar, tabiiy zaxiralar.
Jamiyatning ma’naviy hayoti ga olamni tushunish, jamiyat va inson to’g’risidagi qarashlar, nazariyalar,
ta’limotlar, g’oyalar, mafkura, ijtimoiy ong shakllari, ta’lim-tarbiya, axborot vositalari, madaniyat, ilm-fan muassasalari
va boshqalar kiradi.
Jamiyatning moddiy va ma’naviy hayotini boshqarish, kishilar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda turli siyosiy
institutlar (davlat, siyosiy partiyalar, tashkilotlar, turli uyushmalar) muhim o’rin tutadi. Jamiyatni boshqarishning siyosiy-
huquqiy jihatlari ham muhimdir. Kishilar tamonidan siyosiy va huquqiy bilimlarning chuqur o’zlashtirilishi jamiyatning
barqaror yashashi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamiyat rivoji, kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlari qondirilishida mehnat, mulk va mehnatning ijtimoiy
taqsimlanishi beqiyos ahamiyatga ega. Mehnatning kishilarning qobiliyatiga qarab ijtimoiy taqsimlanishi natijasida
muayyan kasb-kor bilan shug’ullanadigan toifalar, guruh, qatlam va sinflar vujudga keladi va ular jamiyat strukturasida
o’ziga xos o’rin egalaydi, jamiyat taraqqiyotiga muayyan hissa qo’shadi.
Jamiyat taraqqiyoti to’g’risidagi nazariyalar. Falsafiy tafakkur tarixida jamiyatning mohiyati va rivojlanishiga
oid turli nazariyalar mavjud. Xususan, nemis faylasufi Hegel jamiyatning shakllanishi va rivojlanish sabablarini mutlaq
ruhning rivojlanishi bilan, L. Feyerbax din bilan bog’lagan, ijtimoiy taraqqiyot sabablarini diniy ong taraqqiyotidan
izlagan. Frantsuz mutafakkiri O. Kont jamiyatning rivojlanish sabablarini insoniyat ma’naviy taraqqiyotining uch
bosqichi (teologik, metafizik, pozitiv bosqichlar) bilan izohlagan. K. Marks jamiyatning rivojlanish sabablarini sinfiy
kurash va inqilobiy o’zgarishlar bilan bog’lagan, barcha ijtimoiy hodisa va jarayonlarni sinfiy nuqtai nazardan
tushuntirgan. Ijtimoiy ziddiyatlarni sun’iy ravishda mutlaqlashtirgan va ziddiyatlarni hal etishning asosiy usuli sifatida
ijtimoiy inqilobni amalga oshirishni, mulkdorlar sinfini tugatishni taklif etgan. Ijtimoiy amaliyot bunday nazariyaning
bir yoqlama va xato ekanini ko’rsatdi.
Jamiyat taraqqiyoti ko’p bosqichli jarayon ekani to’g’risidagi qarashlar AQSh faylasufi O. Toffler tomonidan ilgari
surilgan. Bunday qarashga ko’ra jamiyatlar taraqqiyotiga binoan, agrar jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial
jamiyatga ajratilgan. Adabiyotlarda jamiyat taraqqiyoti borasida tsivilizatsiyali yondashuv g’oyasi ilgari surilmoqda.
Bunday yondashuvga ko’ra har bir xalq o’zining betakror, noyob, o’ziga xos va o’ziga mos turmush tarzini saqlab
qolgan holda, boshqa xalqlar tajribalaridan ijodiy foydalanish orqali ijtimoiy taraqqiyotning o’ziga xos modelini
yaratadi.
Jamiyat hayotiga barqarorlik va beqarorlik ham xos. Har bir inson o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishish uchun
osoyishtalik va tinchlikka muhtoj bo’lgani kabi, jamiyat ham o’z oldiga qo’ygan vazifalarni ado etishi uchun ijtimoiy-
siyosiy barqarorlikka ehtiyoj sezadi.