1. Metafora (grekcha metaphora – «ko‘chirma») o‘xshashlik asosida ma’no ko‘chishidir. O‘xshashlik esa turlicha bolishi mumkin:
1) shakliy o‘xshashlik:odamning qulog‘i(bosh ma’no) qozonning qulog‘i (ko‘chma ma’no). Bunda quyidagilar asos bo‘ladi: a) odamning tana a’zolari nomlari: bosh, qosh, peshona, ko‘z, bet, yuz, burun, quloq, og‘iz, lab, tish, til, yelka, bel, qo‘l, oyoq, qo‘ltiq; b) kiyimlar va ularning biror qismi nomlari: etak, yoqa; d) hayvon, parranda va hasharotlardagi biror a’zoning nomi: qanot, dum, tumshuq; e) o‘simlik va uning bir qismi nomi: tomir, ildiz; Yana misollar: stolning oyog‘i, arraning tishi, varrakning dumi, o‘choq og‘zi, ariqning labi, egarning qoshi, yog‘ochning bеli, maktabning biqini (yonboshi), rubobning qorni, ko‘chaning boshi, kеmaning tumshug‘i; 2) belgi-xususiyat o‘xshashligi: shirin qovun (bosh ma’no) – shirin so‘z (ko‘chma ma’no). Bunda narsa va harakat belgi-xususiyatlarini bildiruvchi so‘zlar asos bo‘ladi.
3) harakat-holat o‘xshashligi: eshikni ochmoq (bosh ma’no) – sirni ochmoq (ko‘chma ma’no).
2. Metonimiya (grekcha “qayta nomlash”) – narsa, belgi va harakatlar o‘rtasidagi aloqadorlik asosida ma’no ko‘chish hodisasi. Bu aloqadorlik o‘rin hamda vaqt jihatdan bo‘ladi. Metonimiyada bir predmet bilan ikkinchi predmet orasida doimiy real aloqa mavjud bo‘ladi. Bunda: 1) narsaning nomi shu narsa ichidagi boshqa bir narsaga ko‘chiriladi: auditoriya – “xona” (bosh ma’no); auditoriya kuldi–“xona ichidagi odamlar”(ko‘chma ma’no); 2) narsaning nomi shu narsaga asoslangan o‘lchov birligi nomiga ko‘chiriladi: qop – narsa (bosh ma’no) = bеsh qop shakar (o‘lchov birligi – ko‘chma ma’no); 3) o‘lchov birligi nomi shu o‘lchov birligi bilan bog‘liq bo‘lgan narsa nomiga ko‘chiriladi: to‘qson bеsh– o‘lchov birligi (bosh ma’no) = to‘qson bеsh choy – choy navi(ko‘chma ma’no); 4) muallifning nomi uning asarlari ma’nosida ishlatiladi: Navoiyni ko‘p mutolaa qilgan. 5) belgining nomi shunday belgisi bor narsa nomiga ko‘chiriladi: ko‘k ( bosh ma’noda - rang) – ko‘k (ko‘chma ma’noda - osmon). Buni belgi o‘xshashligi asosida metafora usuli bilan ko‘chishdan farqlash lozim. Metaforada belgi tushunchasi saqlanadi, metonimiyada esa belgi tushunchasi narsa tushunchasiga aylanadi. 6) o‘simlikni ifodalagan nom shu o‘simlikdan tayyorlanadigan narsa nomiga ko‘chadi: kofe (bosh ma’noda – o‘simlik nomi) – kofe (ko‘chma ma’noda - ichimlik). Tildagi tejamkorlik tamoyili metonimiyada to‘laligicha namoyon bo‘ladi, ya’ni deyarli barcha holatlarda so‘z o‘zi bog‘langan so‘zning ma’nosini o‘z zimmasiga oladi. Qiyoslang: bir piyola suv ichmoq – bir piyola ichmoq.