partiyalar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarning elektorat manfaatiga xizmat
qilishini taʼminlovchi loyihalar joriy etildi. Eʼtiborlisi, rivojlangan demokratik
davlatlar tajribasi asosida davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq muloqotni tashkil etib,
fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etishning optimal yondashuvlarini ishlab
chiqish ham Markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Markazga fuqarolik jamiyati rivojlanishini, uning institutlarining davlat
organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini, ularning mamlakatni
sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy jihatdan rivojlantirishga, shu jumladan, 2030-
yilgacha bo‘lgan davrda BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga
oshirish doirasida qo‘shgan hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish va
tasdiqlash tavsiya etilgan. Bu esa islohotlarning ilmiy va tahliliy jihatdan puxta
ishlab chiqilishi va natijada mamlakatimizning kelajakda har tomonlama
rivojlanishida muhim poydevor vazifasini o‘taydi.
Mamlakatimiz tub o‘zgarishlar davom ettirilayotgan hozirgi paytda mazkur
vazifalarni bajarishda davlat organlari rahbarlari Markazga har tomonlama
ko‘maklashadi, so‘ralgan maʼlumotlarni o‘z vaqtida taqdim etadi, undan olingan
materiallar va tavsiyalarni ko‘rib chiqadi. Markaz o‘z vazifalarini bajarishi uchun
shartnoma asosida yetakchi, shu jumladan, xorijiy muassasalar ekspertlarini jalb
etish huquqiga egadir. Аynan qarorda ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganib,
O‘zbekiston sharoitida uni joriy etish uchun 2020-2022-yillarda Markaz
xodimlarini fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga ixtisoslashgan yetakchi xorijiy
tadqiqot va tahliliy institutlariga ish o‘rganish uchun yuborish bo‘yicha Vazirlar
Mahkamasiga takliflar kiritish zarurligi alohida belgilab qo‘yildi.
Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh
qilishning ustuvor yo‘nalishlari.
Davlat dasturining ikkinchi yo‘nalishi qonun ustuvorligini va sudning
chinakam mustaqilligini taʼminlash chora-tadbirlarini nazarda tutadi. Jumladan,
qarorlar qabul qilishda sudlar mustaqilligini taʼminlashi kerak bo‘lgan Oliy sud
kengashini tuzish, professional sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalarning
huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga
oshirish rejalashtirilgan.Yurtimizda sud-huquq tizimini demokratlashtirish, sudlar
tomonidan fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi vazifalar
umumeʼtirof etilgan normalar asosida takomillashib bormoqda. Mamlakatimizni
210
demokratik yangilashning bugungi bosqichidagi eng muhim yo‘nalishlaridan biri –
qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini
ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish
va liberallashtirish hisoblanadi. O‘tgan davr mobaynida sud-huquq tizimini isloh
qilish va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish borasida amalga oshirilgan
islohotlar izchilligini quyidagi bosqichlarga ajratish mumkin:
Birinchi bosqich 1991-2000-yillarni o‘z ichiga olib, bu davrda, yangi davlat
va jamiyat barpo etishning oqilona strategiyasi ishlab chiqildi. Sud hokimiyatining
mustaqilligini taʼminlashning huquqiy asoslari yaratilib, mamlakatimiz tarixida ilk
bor Konstitutsiyaviy sud qaror topdi. Natijada yangi mazmundagi umumiy
yurisdiksiya sudlari, xo‘jalik sudlari joriy etildi. “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun,
Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va odil sudlovga oid boshqa
qonunchilik bazasi vujudga keldi. Fuqarolarning sud himoyasiga bo‘lgan
konstitutsiyaviy
huquqlari
kafolatlandi.
2000-yil
14-dekabrda
“Sudlar
to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi protsessual qonunchilikka
sudlarda ish yuritishda tortishuvchilik prinsipini taʼminlash va amalga oshirish,
jinoyat va fuqarolik tartibidagi ishlarni ko‘rishning barcha bosqichlarida prokuror
hamda advokatning tengligini taʼminlash, odil sudlovni sifatli va tezkor amalga
oshirish, sud qarorlari adolatliligini taʼminlash, yuqori turuvchi sudlarni yakuniy
qaror qabul qilishda masʼuliyatini kuchaytirishga qaratilgan qator o‘zgartish hamda
qo‘shimchalar kiritilishini belgilab berdi. Shu maqsadda ishlarni apellyatsiya
bosqichida ko‘rish tartibi joriy etilib, kassatsiya instansiyasi isloh qilindi. Natijada
fuqarolik va jinoyat sudlarida birinchi instansiya va tergov organi tomonidan yo‘l
qo‘yilgan xato kamchiliklarni tez hamda samarali ravishda bartaraf etish
imkoniyati yuzaga keldi.
Ikkinchi bosqich 2001-2009-yillarni o‘z ichiga olib, ushbu bosqich faol
demokratik yangilanishlar va mamlakatni modernizatsiya qilish davri bo‘lib, bunda
iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, siyosiy hayot, qonunchilik, sud-huquq tizimi
va ijtimoiy sohalarni izchil isloh qilish taʼminlandi. Jinoiy jazolarni
liberallashtirishning yangi bosqichi 2001-yil 29-avgustda “Jinoiy jazolarning
liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-
protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga
o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunning qabul qilinishi bilan
boshlandi. Mazkur Qonunga ko‘ra:
– jinoyatlarning tasnifi o‘zgartirilib, og‘ir va o‘ta og‘ir toifadagi
jinoyatlarning qariyb 75 foizi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir
bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi;
– jinoiy jazo tizimidan insonparvarlik tamoyillariga mutlaqo zid bo‘lgan
mol-mulkni musodara qilish tarzidagi jazo turi chiqarib tashlandi;
– iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlari bo‘yicha qamoq va ozodlikdan
mahrum etish jazolari o‘rniga jarima shaklidagi iqtisodiy sanksiyani qo‘llash
imkoniyati ancha kengaytirildi, 11 ta moddaga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni
qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanmasligi
haqidagi qoidalar kiritildi;
211
– jinoyat qonunchiligiga o‘zbek xalqining rahmdillik va kechirimlilik kabi
ko‘p asrlik anʼanalariga mos bo‘lgan yarashuv instituti kiritilib, o‘tgan yillar
davomida yarashganlik munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish
mumkin bo‘lgan jinoyatlar doirasi ham kengaytirib borildi. Respublikamiz
bo‘yicha 2015-yilda 14,482 nafar shaxs, 2016-yilda esa 14,843 nafar shaxsga
nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tomonlarning yarashganligi munosabati bilan
tugatilib, ushbu shaxslar “sudlangan” degan ijtimoiy-huquqiy oqibatdan xalos
bo‘lgan;
– ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olishning bir yarim yildan o‘n oygacha
qisqartirilishi, alohida hollarda esa, bir yilgacha muddatga uzaytirilishi
mumkinligining belgilanishi, tuman va shahar prokurorlarining tergov hamda
ayblanuvchini qamoqda saqlash muddatlarini uzaytirish huquqlari bekor qilinishi
odil sudlovni amalga oshirishga, sudga qadar ish yuritishning tezkorligi va sifatini
oshirishga, ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan shaxslarni asossiz ravishda uzoq
muddatda qamoqda saqlanishining oldini olishga imkon berdi;
– jinoyat ishini sudda ko‘rishning 2 oylik muddatining belgilanishi va
sudlarda ishni ko‘rish muddatini uzaytirish tartibining joriy etilishi jinoyat ishlarini
ko‘rishni asossiz ravishda kechiktirilishining oldini olishga xizmat qildi.
Bu davr jinoiy jazolar tizimidagi o‘lim jazosini bekor qilinishi bilan ham
ahamiyatlidir. Favqulodda jazo chorasi hisoblangan o‘lim jazosi 2008-yil 1-
yanvardan eʼtiboran jinoiy jazolar tizimidan chiqarilib, o‘rniga og‘irlashtiruvchi
holatlarda qasddan odam o‘ldirish va og‘irlashtiruvchi holatlarda terrorizm
jinoyatini sodir etganlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi
belgilandi.
Mazkur bosqichning o‘ziga xos xususiyati yana shundan iboratki, bunda sud
hokimiyati
bosqichma-bosqich
mustahkamlandi,
sudlarning
mustaqilligi
taʼminlandi, bu esa, o‘z navbatida, sud tizimini ijro etuvchi hokimiyat organlari
nazorati va taʼsiridan chiqarish imkonini berdi. Jumladan, sudlar faoliyatini
tashkiliy jihatdan taʼminlash, sud tizimi uchun kadrlar masalalari bilan
shug‘ullanish vazifasi maxsus organ – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka
komissiyasiga yuklatildi.
O‘z navbatida, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish
to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi natijasida sud hujjatlari majburiy ijro
etilayotganda yuzaga keladigan mulkiy yoki nomulkiy munosabatlarni tartibga
solib, sudlar sud qarorlarini ijro etish kabi o‘zlariga xos bo‘lmagan vazifalardan
ozod qilindi. Shuningdek, prokuratura organlarining sud jarayoniga aralashuvini
cheklash, prokuratura vakolatlarining bir qismini sudlarga o‘tkazish maqsadida
2005-yil 8-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qamoqqa olishga
sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib,
mazkur tartib 2008-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga oshirilishi belgilandi.
Ushbu bosqichda amalga oshirilgan islohotlar natijasida siyosiy, iqtisodiy,
davlat-huquqiy munosabatlarning butun tizimi modernizatsiya qilinib, fuqarolik
212
jamiyatini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarini himoya etishning huquqiy
asoslari yaratildi.
Uchinchi bosqich 2010-yildan 2016-yilga qadar bo‘lgan davrni o‘zi ichiga
olib, mazkur bosqichdagi sud-huquq islohotlari O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2010-yil 12-dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va
Senatining qo‘shma yig‘ilishida so‘zlagan “Mamlakatimizda demokratik
islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish
Konsepsiyasi” bilan bog‘liq bo‘lib, unda kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan
huquqiy davlat barpo etishda sud-huquq tizimini izchil isloh qilishning eng muhim
jihatlari aks etdi. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2012-yil 18-
sentabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan O‘zbekiston
Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish
to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy
muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini sudyaning
sanksiyasi asosida qo‘llash tartibi joriy etilib, jinoyat protsessida “Xabeas korpus”
institutini qo‘llash sohasini yanada kengaytirish imkonini berdi. Bundan tashqari
ushbu Qonunga muvofiq sudning jinoyat ishi qo‘zg‘atishga doir vakolati
chiqarildi. Аmaldagi qonunchilikda prokurorning sud majlisida ayblov xulosasini
o‘qib eshittirish bo‘yicha majburiyati aniq belgilanmaganligi sudning maqsad va
vazifalariga zid ravishda ayblov xulosasini sudyalar tomonidan o‘qib
eshittirilishiga sabab bo‘lgan. Yuqoridagi Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston
Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 439-moddasiga o‘zgartish kiritilib,
birinchi instansiya sudida ish bo‘yicha ayblov xulosasini o‘qib eshittirish
majburiyati prokuror zimmasiga yuklatildi.
Shuningdek, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasidagi islohotlar ham
davom ettirilib, 2015-yil 11-avgustda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun
hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul
qilinishi natijasida jinoiy jazolar tizimiga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga
muqobil bo‘lgan yangi jazo turi – ozodlikni cheklash jazosi kiritildi. Yurtimizda
amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning maqsadi tadbirkorlik subʼyektlariga
erkinliklar yaratish, ularni jadal rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, 2015-yil 20-
avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy
mulkni, tadbirkorlik subʼyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada
kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga
qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra,
Jinoyat kodeksi 189-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari dekriminalizatsiya
qilinib, jinoiy qilmishlar doirasidan chiqarildi, shuningdek, 184-moddasi: “Birinchi
marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish
natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organining qarorini olgan kundan eʼtiboran
o‘ttiz kun Ichida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan, penyalar va
boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq
qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi”, degan beshinchi qism bilan to‘ldirildi.
Sud-huquq tizimini isloh qilishning to‘rtinchi bosqichi 2016-yil sentabr
oyidan keyingi davr bo‘lib, ushbu bosqichda O‘zbekiston Respublikasi
213
Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish,
fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini
kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, 2017-yil 7-fevraldagi Farmoni
bilan
tasdiqlangan
“2017-2021-yillarda
O‘zbekiston
Respublikasini
rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”,
2017-yil 20-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan
takomillashtirish
va
faoliyati
samaradorligini
oshirish
chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi bilan sifat jihatdan yangi davr boshlandi.
Qabul qilingan ushbu normativ hujjatlarda:
– sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida sudyalik
lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga,
shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlash (saylash);
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va
lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi tugatilib, uning
o‘rniga Sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadigan va O‘zbekiston
Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya
etilishini taʼminlashga ko‘maklashadigan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy
kengashi tashkil etish;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sud hokimiyatining fuqarolik, jinoiy,
maʼmuriy va iqtisodiy sudlov sohasida yagona oliy organi sifatida davr talablari
asosida yangidan shakllantirilgani, odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo
to‘g‘ri kelmaydigan holat – sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha
tergovga qaytarish amaliyotiga chek qo‘yilgandi. Bugungi kunda xalqimiz
kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi
mustahkam, yuksak kasb va maʼnaviy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari
tarkibini shakllantirish eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda;
– 2017-yil 1-iyundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik
sudini birlashtirish, fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi
sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy
sudini tashkil etish, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan
maʼmuriy nizolarni, shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni
ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va
Toshkent shahar maʼmuriy sudlarini, tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini tashkil
etish belgilandi.
Mazkur Farmon va Harakatlar strategiyasida qayd etilgan vazifalardan kelib
chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2017-yil 29-aprelda
“Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga
doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston
Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish
to‘g‘risida”, 2017-yil 6-aprelda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga
o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi. Sud hokimiyatining
chinakam mustaqilligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini
214
ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, odil sudlovga erishish darajasini
oshirish kabi vazifalar bu boradagi ishlarning asosini tashkil etadi.
2017-yilning 1-aprelidan jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik protsessual
va boshqa qonun hujjatlariga inson huquq va erkinliklari ustuvorligini taʼminlash,
sud muhokamasini adolatli va o‘z vaqtida o‘tkazish, jazoning adolatli va
insoniyligi kafolatlarini kuchaytirishni inobatga olgan holda odil sudlov
samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Jumladan, qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatilib, uning o‘rniga ozodlikdan
mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoning muqobil turlarini qo‘llash
imkoniyati kengaytirilmoqda. Yaʼni jinoiy jazolar tizimidan nisbatan qattiq taʼsir
choralaridan
biri
chiqarilayotganligi
jinoiy
jazolarni
liberallashtirishga,
huquqbuzarlarga nisbatan tarbiyaviy-tuzatish taʼsir choralarining ilg‘or shakl va
uslublarini keng qo‘llash bo‘yicha olib borilayotgan siyosatning mantiqiy davomi
hisoblanadi. Jinoyat protsessida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya
qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, jinoyat ishlarini tergov qilishning
tezkorligini oshirish maqsadida jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni
ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga, qamoqqa olish va uy qamog‘i
tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha
dastlabki tergovning eng ko‘p muddatlari 1 yildan 7 oyga qisqartirilmoqda.
Shuningdek, “Xabeas korpus” institutining qo‘llanish doirasini yanada
kengaytirish ham ko‘zda tutilmoqda. Fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat
tartibida qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini beruvchi muddatning 3 yildan 1 yilga
qisqartirilishi fuqarolik huquqiy munosabatlarning barqarorligi, fuqarolik protsessi
ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga
xizmat qiladi. Yarashuv institutini jinoyat protsessida qo‘llash doirasini
kengaytirish, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim turdagi jinoyat tarkiblarini
jinoyat toifasidan chiqarish, jabrlanuvchining arizasi asosida jinoyat ishi
qo‘zg‘atilishi mumkin bo‘lgan jinoyat tarkiblari ro‘yxatini kengaytirish nazarda
tutilmoqda.
Maʼmuriy sudlarni, xo‘jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellyatsiya
sudlarini tuzish, sudya yordamchisi lavozimini taʼsis etish orqali sudlarni kelgusida
ixtisoslashtirish va ularning devonini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.
Sansalorlikka va ishlarning ko‘rib chiqilishi sudlar tomonidan asossiz
cho‘zib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida protsessual qonun hujjatlarini
takomillashtirish, quyi instansiya sudlarining kamchiliklarini mustaqil bartaraf
etish va uzil-kesil qaror qabul qilish yuzasidan yuqori sud instansiyalarining
vakolatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Ushbu yo‘nalish doirasida barcha huquqni muhofaza qilish va nazorat
organlari, davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati
organlari rahbarlarining xalq bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish chora-
tadbirlarini ro‘yobga chiqarish, aholi ularga erkin murojaat eta olishini taʼminlash,
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda erkinliklari buzilganligi
to‘g‘risidagi murojaatlarning, xabarlarning o‘z vaqtida olinishini taʼminlash
nazarda tutilmoqda.
215
Huquqbuzarliklarning oldini olish tizimiga, jinoyatchilikka qarshi kurashish
va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar organlarining faoliyatini tubdan
takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalish 2018-2021-yillarda jinoyat va jinoyat-
protsessual qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish kontsepsiyasini ishlab
chiqishni, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari xodimlarini o‘qitish,
tanlash va joy-joyiga qo‘yish tizimini takomillashtirishni, murojaatlarni muntazam
tahlil qilishni hamda vaqti-vaqti bilan uning natijalarini eʼlon qilib borishni,
advokaturani rivojlantirishni, notariat tizimini va FHDYo organlarini isloh qilishni
ham o‘z ichiga oladi.
Jamoat tartibini saqlash, avvalambor, voyaga yetmagan va yoshlar
o‘rtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish
samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning buzg‘unchi
tahdidlarni barvaqt aniqlash bo‘yicha yakdil harakatlarni, ularni hamkorlikda va
sifatli bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida 2018-yil 14-fevralda O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash,
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat
jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu
qarorga ko‘ra, taraqqiy etayotgan poytaxt xavfsizligining garovi sifatida harakatlar
yakdilligi asosida barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlik
qilishning amaliy mexanizmini joriy etish, “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu g‘oyasi
asosida har bir mahalla kesimida diniy-ekstremistik xususiyatga ega bo‘lgan
huquqbuzarliklarni sodir etishning sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash
hamda bartaraf etishga, birinchi navbatda, ekstremistik oqim mafkurasi taʼsiri
ostiga tushib qolgan shaxslarni tuzatishga alohida eʼtibor qaratish ishlari
jadallashtirildi.
“Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” deb nomlangan
uchinchi yo‘nalishda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish uchun
milliy valyuta va narxlarning barqarorligini taʼminlash, valyutani tartibga
solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish,
mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni
kengaytirish, eksportga mo‘ljallangan mahsulot va materiallar ishlab chiqarish
uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, transport-logistika infratuzilmasini,
tadbirkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investorlar uchun investitsiyaviy
jozibadorlikni oshirish, soliq maʼmurchiligini yaxshilash, bank faoliyatini tartibga
solishning zamonaviy prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish, ko‘p tarmoqli
fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, shuningdek, turizm industriyasini jadal
rivojlantirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, ushbu yo‘nalish xususiy mulkni, moliya bozorini himoya qilish,
qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, zargarlik sohasini rivojlantirish, ayrim
milliy korxonalarning aksiyalarini (IPO) nufuzli xorijiy fond birjalariga dastlabki
tarzda joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlarini ham o‘z ichiga oladi.
216
Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishi iqtisodiyotni rivojlantirish va
liberallashtirishga qaratilgan bo‘lib, quyidagi vazifalar hal qilishini lozim:
– makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy
o‘sish surʼatlarini saqlab qolish;
– tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi
tarmoqlarini
modernizatsiya
va
diversifikatsiya
qilish
hisobiga
uning
raqobatbardoshligini oshirish;
– qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish;
– iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini
himoya qilish hamda uning ustuvor mavqeyini yanada kuchaytirish, kichik biznes
va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va
tarkibiy islohotlarni davom ettirish;
– viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali hamda optimal foydalanish.
Qayd etish lozimki, 2017-yilda Harakatlar strategiyasi doirasida iqtisodiyot
sohasida zamon talablariga javob beradigan, yangicha maʼno-mazmundagi va
samarali islohotlarni amalga oshirish yo‘lida dadil qadamlar qo‘yildi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bozor iqtisodiyoti va iqtisodiy
munosabatlarni rivojlantirishning samarali sharti – dunyo bozoriga chiqish, kichik
biznes va tadbirkorlikning tashqi iqtisodiy faoliyatda, investitsiyalar jalb qilishda
qatnashishi, yangi, zamonaviy texnologiya va menejmentni joriy etishdir.
Noaniqliklar manbai bo‘lgan globallashuv sharoitida dunyo iqtisodiyotida
chuqur tarkibiy o‘zgarishlar va tizimli islohotlarni amalga oshirish, barqaror
iqtisodiy o‘sishni taʼminlashning omili sifatida kichik biznes va xususiy
tadbirkorlikning ahamiyati ortib bormoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, “Xitoyda ish
bilan band aholining 81,4 foizi, yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 54,3 foizi,
Yaponiyada mos ravishda 70,8; 67,0 foizi, АQSh da 50,6; 53,1 foizi kichik biznes
ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy o‘sish surʼatlarini taʼminlash borasida
amalga oshirilayotgan islohotlar milliy iqtisodiyotimizda xususiy mulkning o‘rni
va rolini, YaIMdagi ulushini izchil oshirish, ularning moddiy va kredit
resurslaridan foydalanishini kengaytirish, biznes muhitini yaxshilash, iqtisodiyotda
davlat ishtirokini kamaytirishga qaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidentligiga saylangan birinchi
kunlaridanoq mamlakatni yalpi liberallashtirish siyosatini yuritmoqda. Bugun
O‘zbekiston iqtisodiyoti erkinlashtirilmoqda: kichik biznes sohiblariga nazorat
yuki
pasaytirilmoqda,
baʼzi
inspeksion
tashkilotlardagi
byurokratik
ovoragarchiliklarga barham berilmoqda, moliyaviy, soliq va bojxona tizimlarimiz
liberallashtirilmoqda, xususiy biznesni hukumatdan himoyalovchi qonunlar qayta
isloh qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisi yig‘ilishidagi nutqida:
“Bizning yana bir muhim vazifamiz – kichik biznes va tadbirkorlik sohasini
qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini,
217
yurtimizda tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashdan, bu soha
ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan iborat.
Nega deganda, tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham
boqadi. Men takror bo‘lsa ham, aytishdan hech qachon charchamayman, yaʼni
“Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”. Shuning uchun bundan
keyin tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilish – davlat siyosatiga, Prezident
siyosatiga to‘sqinlik qilish, deb baholanadi. Prinsipial jihatdan g‘oyat muhim
bo‘lgan bu pozitsiyamizni yana bir bor alohida taʼkidlab o‘tishni muhim va zarur
deb hisoblayman” – deb taʼkidladi.
Prezidentning 2017-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan qabul qilingan “2017-
2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor
yo‘nalishi
bo‘yicha
Harakatlar strategiyasi”ga muvofiq makroiqtisodiy
barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish surʼatlarini saqlab
qolish yo‘nalishida xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yetakchi
xalqaro va chet el moliyaviy institutlari bilan aloqalarni kengaytirishga katta
ahamiyat qaratildi. Bu bilan, avvalo, xalqaro moliyaviy institutlar pul mablag‘larini
jalb qilish orqali moliyalashtiriladigan investitsiyaviy loyihalarni o‘z vaqtida
amalga oshirilishini taʼminlash ko‘zda tutilmoqda. Shu maqsadda 2017-2020-
yillarda Jahon bankining 3 milliard dollarlik kreditlari hisobidan 27 ta, Osiyo
taraqqiyot bankining 2,97 milliard dollarlik kreditlarini jalb qilgan holda 20 ta
loyiha amalga oshirilishdi. Shuningdek, 2017-2021-yillarda Islom taraqqiyot
bankining 1 milliard dollarlik kreditlari jalb qilinib, qator investitsiya loyihalari
amalga oshirildi.
Davlat dasturi bo‘yicha hamda tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish
milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya
qilish hisobidan uning raqobatbardoshligini oshirish yo‘nalishida korxonalarning
mablag‘lari, tijorat banklari krediti, xorijiy investitsiya va kreditlar hisobidan
2017-2021-yillarda umumiy qiymati 40 milliard АQSh dollari miqdoridagi 649 ta
investitsiya loyihasini nazarda tutuvchi tarmoq dasturlari belgilanib, amalga
oshirilmoqda. Mamlakatimizda qisqa muddatda 161 ta yirik sanoat obʼyekti ishga
tushirildi. Bu O‘zbekiston uchun 2018-yilda qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mlik
mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.
Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, O‘zbekistonda iqtisodiy siyosatni
amalga oshirish bo‘yicha yondashuv o‘zgarib borayapti. Bu, avvalambor,
aholining iqtisodiy faolligini oshirish va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga
qaratilgandir. Bunda asosiy eʼtibor yuqori texnologik va innovatsion ishlab
chiqarishni
tashkil
qilish
hamda
kengaytirishga
xorijlik
sheriklar
va
investitsiyalarni jalb etishga qaratilmoqda. Chet el investitsiyalarini faol jalb qilish,
eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalarni tashkil
qilish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida mamlakatimiz hududlarida erkin
iqtisodiy zonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilayapti va ularning geografiyasi kengayib
bormoqda. 2018-yilda mamlakatimizda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro,
Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va
Xorazm viloyatlarida 12 ta erkin iqtisodiy va 45 ta sanoat zonasi faoliyati yo‘lga
218
qo‘yildi. Ko‘rilgan tashkiliy choralar hududlarni jadal rivojlantirish imkonini
bermoqda.
“Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalish aholi
bandligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularning salomatligini
saqlash,
yo‘l-transport,
muhandislik-kommunikatsiya
hamda
ijtimoiy
infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalash, aholini elektr energiya, gaz
bilan taʼminlashni yaxshilash, aholining muhtoj qatlamlariga ko‘rsatiladigan
ijtimoiy yordam sifatini oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi
maqomini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, maktabgacha taʼlim
muassasalarining qulayligini taʼminlash, umumiy o‘rta taʼlim, o‘rta maxsus va oliy
taʼlim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga
oshirishni nazarda tutadi.
Xususan, hududlarni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qariyb 25 mingta
investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish hisobiga 256,4 ming ish o‘rni tashkil
etish orqali aholini ish bilan taʼminlash dasturlarini to‘liq ijro etish nazarda
tutilgan. Ishsizlik darajasi eng yuqori bo‘lgan mintaqalarda 46,8 ming yangi ish
o‘rni tashkil etish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun taʼlim muassasalarining
10 ming nafar bitiruvchisiga kreditlar ajratish rejalashtirilmoqda.
Katta yoshli avlodni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy nafaqalar berish tartibini
takomillashtirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish chora-tadbirlari kiritilgan.
Jumladan, 78 ta tuman tibbiyot birlashmasini, 7 ta shahar va 2 ta viloyat ko‘p
tarmoqli tibbiyot markazini qayta qurish, tez tibbiy yordam xizmatini 1200 ta
maxsus avtotransport bilan taʼminlash rejalashtirildi.
Qishloq joylarda 15 mingta arzon uy-joy, 415 kilometrlik suv taʼminoti
quvurlari, 316 kilometrlik gaz taʼminoti quvurlari va 291 kilometrlik ichki yo‘llar
qurish rejalashtirilgan. Аholiga transport xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash
maqsadida 86 ta yangi avtobus yo‘nalishini joriy etish va 537 ta zamonaviy
avtobus xarid qilish nazarda tutilmoqda.
Umuman olganda, ushbu yo‘nalish doirasida bir qator muhim vazifalar
belgilab olindi. Birinchi muhim vazifa sifatida barcha shahar va tumanlarda
ommaviy sportni rivojlantirishga, jumladan, sport maydonchalari, piyodalar va
velosipedchilar uchun yo‘laklar, ekoparklar, taʼlim dargohlaridagi sport zallaridan
iborat sport infratuzilmasini yaratishga alohida eʼtibor qaratish, Olimpiya va
Paralimpiya harakatini rivojlantirish uchun sport maktablarini ko‘paytirish va
yangi sport obʼyektlarini barpo etish hamda Olimpiya o‘yinlariga kiritilgan har bir
sportni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha kompleks dasturlarni amalga
oshirish nazarda tutildi.
Ikkinchi muhim vazifa sifatida keksa avlod vakillariga eʼtibor va
g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama eʼzozlash vazifasi belgilab olindi.
Buning uchun keksa avlod vakillari, mehnat faxriylarining hayotini mazmunli va
fayzli qilish, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish, sog‘ligini
mustahkamlash bo‘yicha boshlangan ishlarni yanada kuchaytirish hamda “Uch
avlod uchrashuvi”, “Keksalar haftaligi” singari maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni
ko‘paytirish, har bir tumanda faxriylarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini kengaytirish
219
uchun alohida dasturlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish lozimligi taʼkidlab
o‘tildi.
Uchinchi muhim vazifa sifatida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquqiy
va qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida jahon tajribasidan kelib chiqib,
nogironligi bo‘lgan fuqarolarni kafolatlangan ish o‘rni va daromad manbai bilan
taʼminlash uchun ularga aniq kvotalar belgilash bo‘yicha amaldagi qonunchilikka
tegishli o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutildi.
To‘rtinchi vazifa sifatida ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni
qo‘llab-quvvatlash, ularga taʼlim-tarbiya berish, kasb-hunarga o‘qitish va turar joy
bilan taʼminlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashiga jiddiy eʼtibor qaratish
lozimligi taʼkidlandi. Buning uchun “Mehribonlik uylari” va maxsus maktab-
internatlarda yashayotgan bolalarni oilaga yaqin muhitda, bilimli va kasb-hunarli
etib tarbiyalash uchun “Mehr daftari” doirasida boshlangan ishlarni izchil davom
ettirish lozimligi belgilab olindi.
Beshinchi vazifa sifatida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashdek muhim
masala kun tartibiga qo‘yildi. Unda ayollar bandligini taʼminlash, davlat va jamiyat
boshqaruvidagi o‘rni hamda nufuzini yanada oshirish, ularning o‘z salohiyatini
namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va
bolalikni himoya qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida
Milliy dasturni qabul qilish lozimligi alohida qayd etildi.
Oltinchi vazifa sifatida navqiron yoshlarni, ayniqsa, qizlarni sog‘lom va
yetuk etib tarbiyalash, ularning qobiliyat va isteʼdodini ro‘yobga chiqarish,
Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol
toptirish lozimligi belgilab olindi. Buning uchun xorijiy davlatlarda bilim
olayotgan, mehnat qilib daromad topayotgan mamlakat fuqarolarini, ularning
O‘zbekistonda yashayotgan oila aʼzolarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya
qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qilish hamda “Vatandoshlar”
jamoat fondi orqali chet ellarda yashayotgan mamlakat fuqarolari va ularning
oilalari bilan aloqalarni kengaytirish, ularning bilim va salohiyatini mamlakat
taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish vazifalari
belgilab olindi.
“Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni taʼminlash hamda
chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish” deb
nomlangan beshinchi yo‘nalish doirasida respublikaning konstitutsiyaviy tuzumini,
suverenitetini, hududiy yaxlitligini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni ro‘yobga
chiqarish, kiberxavfsizlik sohasida axborot, normativ-huquqiy asoslar tizimini
takomillashtirish, aholini favqulodda vaziyatlardan xabardor qilish tizimini tashkil
etish va rivojlantirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, shuningdek,
Millatlararo
munosabatlar
sohasidagi
siyosatning
ustuvor
yo‘nalishlari
konsepsiyasini hamda Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqish
nazarda tutilgan. Harkatlar Strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishida
quyidagi vazifalar aks etgan:
5.1. Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash
sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar:
220
O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy
yaxlitligini muhofaza qilish;
axborot xavfsizligini taʼminlash va axborotni himoya qilish tizimini
takomillashtirish, axborot sohasidagi tahdidlarga o‘z vaqtida va munosib qarshilik
ko‘rsatish;
fuqarolik, millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni
mustahkamlash;
davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi
Qurolli Kuchlarining jangovar qudrati va salohiyatini oshirish;
atrof-tabiiy muhit, aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan
ekologik muammolarning oldini olish;
favqulodda
vaziyatlarni
oldini
olish
va
bartaraf
etish
tizimini
takomillashtirish.
5.2. Chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi
ustuvor yo‘nalishlar:
davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro
munosabatlarning teng huquqli subʼyekti sifatidagi o‘rni va rolini oshirish,
rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, O‘zbekistonning yon-atrofida
xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatda
olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida jahon hamjamiyatiga xolis axborot
yetkazish;
O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining
normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy
asoslarini takomillashtirish masalalari aks etgan.
Ushbu vazifalarning mantiqiy davomi sifatida taraqqiyot strategiyasida
ikkita muhim vazifa ishlab chiqildi. Birinchi vazifa sifatida qurolli kuchlarimizning
qudratini yanada oshirish masalasi qo‘yildi. Buning uchun harbiylarning jangovar
shayligi, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini kuchaytirish hamda harbiy
xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila aʼzolarini qo‘llab-quvvatlash,
moddiy taʼminotini yanada yaxshilash, uy-joy bilan taʼminlash, farzandlarining
zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha zarur chora-tadbirlarni
ko‘rish. Ikkinchi masala sifatida pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat va
iqtisodiy diplomatiya borasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish vazifasi
kiritildi. Buning uchun Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar bilan
yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini tobora kuchaytirish,
mintaqaning ajralmas qismi, yaqin qo‘shni bo‘lgan Аfg‘onistonda tinch va
osoyishta hayotni tiklash, bu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yo‘l
qo‘ymaslik uchun afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish, Аfg‘oniston bilan birgalikda
yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish masallalari kun
tartibiga qo‘yildi.
Rossiya, Xitoy, Аmerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Hindiston, Pokiston,
Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Аrab Аmirliklari va
dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali
221
aloqalarni kengaytirish hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning
ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, xalqaro moliyaviy institutlar va
mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay
Hamkorlik Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy Kengashi Iqtisodiy
hamkorlik tashkiloti bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi, amaliy maʼno-
mazmun bilan boyitish masalalari kun tartibiga qo‘yildi.
2021-yil
qayta
saylangan
O‘zbekiston
Respublikasi
Prezidenti
Sh.M.Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan
Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqi “Harakatlar
Strategiyasidan – taraqqiyot startegiyasi sari” deb nomlandi. Unda taraqqiyot
strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ular quyidagilardan iborat:
1. Erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo
etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini taʼminlash.
2. Аdolat va Qonun ustuvorligi hamda inson qadr-qimmatini taʼminlash.
3. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish.
4. Аdolatli ijtimoiy siyosat yuritish va inson kapitalini rivojlantirish.
5. Maʼnaviy va maʼrifiy sohalarda islohotlarni amalga oshirish.
6. Global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini
topish.
7. Tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Umuman
olganda,
Harakatlar
strategiyasining
amalga
oshirilishi
O‘zbekiston Respublikasining mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash,
rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli
fuqarolik jamiyati barpo etish, qonun ustuvorligini, xavfsizlik va huquq-tartibotni,
davlat chegaralarining daxlsizligini, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy
bag‘rikenglikni taʼminlash yo‘lidagi shaxdam harakatlariga yangi kuch bag‘ishladi.
Dostları ilə paylaş: |