3.
Oliy taʼlim sohasida qabul qilingan Qonunlar va ularda
belgilangan vazifalar.
Taʼlim tizimining eng asosiy bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan oliy taʼlimning
tubdan o‘zgartirilishi mustaqil O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning
tarkibiy qismi bo‘ldi. Mamlakat kelajagi va taraqqiyoti bevosita yoshlarning bilimi
va milliy istiqlol g‘oyasi ruhida tarbiyalanganligi bilan belgilanadi. Bu murakkab
vazifa esa zamonaviy taʼlim va tarbiya tizimini vujudga keltirish orqali amalga
oshiriladi. Shu bois taʼlim tizimida o‘quv, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni
zamon talablari darajasida rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Yoshlarni tegishli mutaxassislik, hunar va kasblarini chuqur egallashlari,
shuningdek, Vatan va millat manfaatlari yo‘lida fidoyilik ko‘rsata oladigan
barkamol shaxsni tarbiyalash ham oliy taʼlim zimmasidagi asosiy vazifalardan
hisoblanadi.
Oliy taʼlim uzluksiz taʼlim tizimining bosh bo‘g‘inlaridan biri bo‘lib, bu
soha jamiyatning iqtisodiyoti, fani, madaniyati va texnologik jarayoni bilan yaxlit
holda chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun uning taraqqiyoti umummilliy
rivojlanish strategiyasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. XXI asr
globalizatsiya bilan bog‘liq holda oliy taʼlimda yangi anʼanalar va yangi
muammolarni yuzaga keltirdi. Bu jarayon dunyoning barcha universitetlariga o‘z
taʼsirini o‘tkazmoqda. Bugungi kunda barcha universitetlar uchun dunyo taʼlim
kengliklarida o‘z mavqeyini saqlab qolish, teng huquqli hamkor sifatida bo‘lish
muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Birinchi galda universitetlar taʼlim tizimining zamonaviy loyihasi
tayyorlanib, taʼlim tizimining asosi bo‘lgan yangi o‘quv rejalar, dasturlar yaratildi.
1993-yildan davlat taʼlim standartlari ishlab chiqildi va bakalavrlar tayyorlashda
qo‘llanila boshladi. Viloyat markazlarida tashkil etilgan oliy o‘quv yurtlarida
mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ularning ilmiy intellektual imkoniyat va
moddiy-texnika
bazasini
mustahkamlash
maqsadida
1995-yil
31-mayda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi
mintaqaviy oliy o‘quv yurtlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”
maxsus qaror qabul qilindi.
154
O‘zbekiston Respublikasining “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonuni va Kadrlar
tayyorlash milliy dasturi asosida oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnika bazasini
mustahkamlash va rivojlantirish, ularni zamonaviy o‘quv laboratoriya uskunalari
va kompyuter texnikasi bilan jihozlash, darslik va o‘quv-uslubiy materiallar,
pedagog kadrlar bilan taʼminlash amalga oshirildi. Bu davrda Toshkent Islom
universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kabi o‘nlab universitet
va institutlar tashkil etildi. Keyingi yillarda Moskva Davlat universitetining filiali,
xalqaro Vestministr universiteti, Turin politexnika instituti kabi nufuzli oliy taʼlim
dargohlari ham ochildi. Natijada mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida taʼlim sifatini
oshirish, xorijda tayyorlanadigan mutaxassisliklarni qo‘shma fakultet va institutlar
ko‘magida tayyorlash tajribasi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 28-yanvardagi Farmoni
bilan Toshkent Davlat universitetiga “Milliy universitet” maqomi berildi.
Respublikamizda emas, balki Markaziy Osiyoda oliy taʼlimning tashkil topishi va
rivojlanishida Toshkent Davlat Universiteti katta o‘rin tutadi. Davrlar mobaynida
ushbu universitetning qator fakultetlari negizida bir nechta mustaqil institutlar
tashkil topdi. “Milliy universitet” mustaqillik yillarida oliy taʼlim rivojiga munosib
hissasini qo‘shdi va kadrlar tayyorlash Milliy Dasturining ijrosini taʼminlashga
beminnat yordam berdi. Shu o‘rinda taʼkidlash o‘rinliki, oliy taʼlim sohasida
ko‘plab sohalarga bosh mezonni belgilovchi O‘zbekiston Milliy universitetida 40
dan ziyod ilmiy maktablar shakllangan bo‘lib, ulardagi ilmiy natijalar ilmu fan
taraqqiyotiga xizmat qilib kelmoqda.
2006-yil respublikada 62 ta oliy o‘quv yurtida 265438 talabaga 21409 ta
professor-o‘qituvchi, jumladan, 1662 nafar fan doktori va professorlar, 7360 ta fan
nomzodlari va dotsentlar taʼlim berdi.
Mamlakatimizda 2016-yilda siyosiy-huquqiy, iqtisodiy, maʼnaviy sohalar
bilan bir qatorda, ijtimoiy sohalarda ham chuqur sifat o‘zgarishlari ro‘y berdi.
Jamiyat ijtimoiy sohasining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri taʼlim-tarbiya
sohasi bo‘lib, uning rivoji siyosiy, huquqiy-iqtisodiy va maʼnaviy sohalarga
bevosita taʼsir etadi hamda ijtimoiy sohalar meʼyoriy mohiyati, kamolot darajasini
belgilab beradi.
2017-yilda taʼlim davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Davlat byudjetidan taʼlimga ajratilgan mablag‘lar byudjet xarajatlari qismining
33,7 foizi darajasida rejalashtirilib, taʼlim sohasiga yo‘naltirilayotgan xarajatlar
hajmi mamlakatimiz Yalpi ichki mahsuloti tarkibida 10-12 foizni tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy taʼlim
tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi Qarorida boshlangan islohotlar
qonuniy asosini topdi va bu tizimning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Qarorda
“har bir oliy taʼlim muassasasi tomonidan xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-taʼlim
muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yo‘lga qo‘yish, o‘quv
jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik
texnilogiyalar, taʼlim dasturlari va o‘quv metodik materiallarini keng joriy etish,
ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o‘qituvchilari va olimlarini jalb
etish” belgilandi.
155
Shuningdek, belgilangan vazifalar sirasiga “oliy taʼlim muassasalarining
ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlim tizimida ilmiy tadqiqotlarni yanada
rivojlantirish, ularning akademik ilm-fan bilan integratsiyasini kuchaytirish,
professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy faoliyati samaradorligini oshirish,
iqtidorli talaba yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb etish”ga ham
eʼtibor berildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda oliy taʼlim tizimini yanada
rivojlantirish borasida ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilinib, amaliyotga joriy
etildi.
Jumladan,
taʼlim sohasiga eʼtiborning kuchaytirilishi natijasida
respublikadagi oliy o‘quv yurtlarining soni oshirildi, ularning o‘quv rejalari, fan
dasturlari xalqaro standartlarga moslashtirildi. Joylarda o‘qituvchilarga bo‘lgan
ehtiyojni qoplash uchun Toshkent viloyatida Chirchiq davlat pedagogika instituti
(2017-y.) tashkil etildi. Bundan tashqari 15 ta oliy taʼlim muassasalarida tashkil
etilgan maxsus sirtqi bo‘limlarda o‘rta maxsus maʼlumotga ega bo‘lgan 5 mingdan
ortiq pedagoglar uchun oliy maʼlumotlar olish imkoniyati yaratildi.
Statistik maʼlumotlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2019-yili respublikadagi
oliy o‘quv yurtlarining soni 114 ta yetganini ko‘rish mumkin. Shulardan 93 tasi
mahalliy hamda 21 tasi xorijiy oliy taʼlim muassasasi va ularning filiallari
hisoblanadi.
Kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida Oliy taʼlim yo‘nalishlari va
mutaxassisliklari klassifikatoriga 329 ta taʼlim yo‘nalishi va 582 ta magistratura
mutaxassisligi kiritildi. 2019-2020 o‘quv yilida 59 ta oliy taʼlim muassasasida
sirtqi taʼlim, 10 ta oliy taʼlim muassasasida kechki taʼlim shakli joriy etildi.
Respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni
bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha 410 ming, magistratura mutaxassisligi
bo‘yicha esa 13 ming nafarni tashkil qilib, 2016-2019-yillar oralig‘ida 1,7
baravarga oshdi.
2019-2020 o‘quv yili uchun qabul parametrlari 121 mingtani tashkil etdi va
o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga, 2016-yilga nisbatan esa 92 foizga oshdi. Keyingi
yillarda ham qabul ko‘rsatkichlarini muntazam oshirib borish rejalashtirilganini
alohida taʼkidlash joiz.
Respublikaning 16 ta oliy taʼlim muassasasida 2018-2019 o‘quv yilidan
boshlab xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma taʼlim
dasturlari asosida kadrlar tayyorlash faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nanotexnologiyalarni rivojlantirish
markazi, Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy tadqiqot instituti,
Biofizika va biokimyo instituti, Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi
tashkil etildi.
Oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda
davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy
taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat
muhitini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-
apreldagi farmoniga muvofiq, Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish
konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha
156
aniq mexanizmlar belgilandi. Masalan, 2030-yilga borib o‘quvchilar bilimini
baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning jahondagi
yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qo‘yilgan.
Oliy taʼlim tizimidagi o‘zgarishning asosiylaridan yana biri yangi avlod
darsliklarining yaratilishi, davlat taʼlim standartini shakllantirish bo‘ldi. Bu
jarayonda professor-o‘qituvchilar tomonidan ilm-fan sohasidagi innovatsiyalarni
qo‘llagan holda turli yo‘nalish va mutaxassislik fanlaridan ko‘plab darslik va o‘quv
qo‘llanmalar yaratildi.
Oliy taʼlimning maqsadi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy
rivojini taʼminlashga, o‘zi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha bozor iqtisodiyoti
sharoitida mustaqil ishlashga layoqatli, yuqori malakali, raqobatdardosh kadrlarni
tayyorlashdan iborat. Respublika oliy o‘quv yurtlarida talabalar bilim olish bilan
birgalikda ilmiy tadqiqot ishlarini ham olib boradilar. Talabalarning ilmiy
mavzulari ixtisosligi bo‘yicha tegishli ishlab chiqarish korxonalarining ilmiy
tadqiqot muassasalari bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarining xorijdagi nufuzli oliy taʼlim
muassasalari bilan aloqasini kuchaytirish, chet el investitsiyalarini taʼlim sohasiga
jalb etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oliy taʼlim muassasalarining xalqaro
hamkorligi taʼlim tizimini takomillashtirish va uni jahon andozalariga ko‘tarish,
malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, xorijiy taʼlim muassasalari bilan o‘zaro
manfaatli aloqalar o‘rnatish, professor-o‘qituvchi, doktorant, magistrant va
talabalarning til va kasbiy malakasini oshirish hamda taʼlimning turli yo‘nalishlari
bo‘yicha tajriba almashish maqsadida amalga oshirilmoqda.
АQSh, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi hamda Yevropa
mamlakatlarining yetakchi oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirishning tizimli asosi
yaratildi. Shuningdek, so‘nggi yillardagi yana bir yutuq xorijdagi vatandoshlarimiz
ilmiy salohiyatidan unumli foydalanish masalasiga, iqtidorli xorijlik olimlarning
O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida dars berishlariga eʼtibor kuchaytirildi. Bu
jarayonda ilm ahli va chet eldagi olimlar o‘rtasida mustahkam ijodiy aloqalar
o‘rnatildi. “Umid”, “Isteʼdod” hamda “El-yurt umidi” fondlari tomonidan ilm-fan
va taʼlim sohasi vakillariga xorijiy tajribani o‘rganish imkoniyati yaratildi. Buning
natijasida tabiat va texnika-texnologiya haqidagi fanlar ham jahon andozasi
darajasiga ko‘tarila boshladi. 1997-yilning dekabrida “Ustoz” jamg‘armasi tashkil
topdi. Ushbu jamg‘armaning asosiy vazifasi professor-o‘qituvchilar orasidan
yuqori malakali pedagog-ustozlarni tayyorlashdan iborat bo‘ldi. Bu jarayonni
amalga oshirishda rivojlangan demokratik mamlakatlarda mavjud bo‘lgan
tajribalar o‘rganildi va ular tatbiq etildi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 25-sentabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil
etildi. Ushbu jamg‘arma chet ellarda faoliyat ko‘rsatayotgan salohiyatli olimlar,
mutaxassislar va ekspertlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli
islohotlarga faol jalb etish tadbirlarini, shuningdek, iqtidorli yoshlarning
rivojlangan mamlakatlarda taʼlim olish, yetakchi xalqaro institutlar hamda xorijiy
tashkilotlarda malaka oshirish ishlarini jadallashtirmoqda.
157
Shuni o‘rinda alohida qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston
Respublikasi Fanlar Аkademiyasi salohiyatini oshirishga ham katta eʼtibor
qaratildi. O‘zbekiston Fanlar Аkademiyasi tizimi takomillashtirildi, moddiy-
texnika bazasi mustahkamlandi, uning tarkibida bir qator ilmiy tadqiqot institutlari
va markazlar faoliyati qayta tiklandi. Ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng Fanlar
Akademiyasiga saylov o‘tkazilib, o‘zining ilmiy ishlari bilan mamlakatimiz va
xalqaro miqyosda nom qozongan isteʼdodli olimlar akademik degan yuksak
sharafga sazovor bo‘ldilar. Bu o‘z o‘rnida, fan, taʼlim va ishlab chiqarish
integratsiyasini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki
jahonning yetakchi universitetlari, ilmiy markazlari va fanlar akademiyalari bilan
ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashni zamonning o‘zi talab etmoqda.
Olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga ko‘tarish
ilmu fanning iqtisodiyot tarmoqlaridagi ulushini oshirish maqsadida Innovatsion
rivojlanish Vazirligi (2017-y.) tashkil etildi. Qisqa vaqt davomida Innovatsion
rivojlanish vazirligi tomonidan ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi
integratsiyani taʼminlash uchun zarur tizim yaratildi. Ilmiy tadqiqot muassasalari
va olimlarning innovatsion g‘oya va loyihalari qo‘llab-quvvatlanib, qiymati 28,2
milliard so‘mlik 31 ta startap loyiha moliyalashtirildi. Xalqaro hamkorlik doirasida
2020-yil birinchi choragi davrida Germaniya, Rossiya, Belorussiyadagi sheriklar
bilan 9,6 mlrd so‘mlik 38 ta qo‘shma loyiha amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari 2019-yil 24-may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida
oliy taʼlim va ilm-fan namoyondalari bilan uchrashdi. Uchrashuvda ilmiy
tadqiqotlar, taʼlim tizimini sifat jihatidan tubdan yaxshilash borasida qator fikrlar
bildirildi va moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun 6 mln dollar hajmda
moliyaviy ko‘mak ajratishga ko‘rsatmalar berildi.
2020-yil 24-sentabrda yangi tahrirdagi taʼlim to‘g‘risidagi qonun qabul
qilindi. Yangi tahrirdagi taʼlim to‘g‘risidagi qonun 1997-yildagi taʼlim
to‘g‘risidagi qonun va kadrlar tayyorlash Milliy dasturi asosida tashkil qilindi.
Uning asosiy farqi quyidagilardan iborat:
birinchidan, taʼlim turlari klassifikatsiyasi kengaydi;
ishlab chiqarishdan uzilgan holda (kunduzgi) va ishlab chiqarishdan
uzilmagan holda (sirtqi, kechki, masofaviy);
dual taʼlim turi-nazariy qism taʼlim maskanida olinadi, amaliy qism taʼlim
oluvchining ish joyida amalga oshiriladi;
uydagi taʼlim va mustaqil taʼlim;
yoshi kattalarga taʼlim berish;
imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv taʼlim;
eksternat – yaʼni o‘quv dasturidagi materiallarni mustaqil o‘zlashtirish va
yakuniy imtihonlarni oliy taʼlim maskanida topshirish;
Mudofaa va huquqni muhofaza qilish sohasidagi kadrlarni tayyorlash.
Yangi tahrirdagi taʼlim to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi natijasida oliy
o‘quv yurtlarida taʼlim olish imkoniyatlari kengaytirildi, xususan, sirtqi, kechki va
masofaviy shakldagi hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv taʼlim
tizimi joriy etildi.
158
Statistik maʼlumotlarga qaraganda, so‘nggi yillarda respublikada 10 dan
ortiq xalqaro oliy taʼlim muassasalari, jumladan, Samarqandda “Ipak yo‘li” turizm
xalqaro universiteti, Janubiy Koreyaning Puchon universiteti, Inxa universiteti
filiali, АQShning Vebster universiteti filiali, Turkiya davlat Iqtisodiyot va
texnologiyalar universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent shahridagi
“MEI” Milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi
filiali, “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom
OTMning Toshkent filiali, Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma
tarmoqlararo amaliy-texnik kvalifikatsiyalar institutlarining faoliyati yo‘lga
qo‘yildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-
iyundagi PQ-4740-sonli qaroriga muvofiq Geologiya fanlari universiteti tashkil
etildi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy
islohotlar jarayonida oliy taʼlimning o‘rni va ahamiyati hamda ilm-fan
taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shildi.
Dostları ilə paylaş: |