Franklar davlati va huquqi


Franklar davlatining ijtimoiy tuzumi



Yüklə 164 Kb.
səhifə2/13
tarix15.09.2023
ölçüsü164 Kb.
#143808
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Franklar davlati va huquqi

2. Franklar davlatining ijtimoiy tuzumi

Franklarning V asr oxiri - VI asr boshlaridagi ijtimoiy tuzumi haqida o‘sha davrning muhim huquqiy yodgorligi -”Sali haqiqati”-”Lex Salia” (500-yil atrofida yozilgan) anchagina ma’lumotlar beradi. ”Sali haqi-qati”ga asoslanib, franklarning asosiy mashg‘uloti dehqonchilik bo‘lgan, degan xulosaga kelish mumkin. Chunki undagi bir qancha moddalar erkin franklarning ekin yerlari, turli xildagi dehqonchilik qurollari, ish hayvon-lari bo‘lganligidan, boshoqli o‘simliklar yetishtirganligidan dalolat beradi.


Franklar xo‘jaligida chorvachilik (ayniqsa, cho‘chqa boqish) ham katta rol o‘ynagan. ”Sali haqiqati”da yana baliqchilik, asalarichilik, bog‘-dorchilik va dehqonchilikka oid bo‘lgan asosiy hunarlar to‘g‘risida ham gapiriladi. Unda dehqonning hovlisi va bu hovlidagi har turli xo‘jalik bino-lari, asbob-uskunalar to‘la tasvirlab berilgan. Jamoa a’zosi bo‘lgan frank dehqonlari shaxsiy mulk tarzida tomorqa yerga ega bo‘lganlar, jamoaga qarashli bo‘lgan dalada ma’lum yer uchastkalarini ishlaganlar, jamoaga qarashli keng o‘rmon va yaylovlardan birgalikda foydalanganlar. ”Sali haqiqati”da yerni sotish va sotib olish to‘g‘risida, uni birovga in'om qilish yoki vasiyat yo‘li bilan boshqa kishiga topshirish to‘g‘risi da hech narsa deyilmaydi. Darhaqiqat, franklarda yer o‘sha vaqtda xususiy mulk emas edi. Yer jamoa tashkilotining mulki bo‘lib, ayrim frank o‘z yer uchastka-sidan ma’lum shartlar asosida foydalanardi, xolos. Hosil yig‘ib olingandan keyin dalalarda hamma birgalikda mol boqardi.
”Sali haqiqati”da o‘rmon va yaylovdan, suvdan birgalikda foyda-lanish haqida gapirilgan moddalar bor. Qishloq jamoasi (marka) ushbu qonunnomaga ko‘ra, o‘z hayotining ilk bosqichida hali mutlaqo urug‘ch-ilik tuzumiga xos belgilarga ega edi. ”Sali haqiqati”ga ko‘ra, urug‘ jamoa-ga qarashli yerlarning asosiy egasi bo‘lish bilan birga, yana siyosiy tashki-lot ham edi. Urug‘ a’zolarining hammasi kafillikda qatnashardi, ya’ni sudda aybdor qarindoshi uchun kafolat berardi. Qotillik uchun to‘lana-digan xunning (vergeldning) faqat bir qisminigina qotilning oilasi to‘lardi. Buni urug‘ a’zolari ham to‘lashi lozim edi. Shuningdek, vergeld ham o‘ldi-rilgan odamning oilasi bilan urug‘ o‘rtasida taqsimlanardi. Er urug‘dan tashqariga chiqib ketmasin uchun yerni ayollarga berish yoki meros qilib qoldirish taqiqlangan edi. Farzandsiz frank o‘lsa, uning yeri aka-ukalariga va o‘zining urug‘idagi boshqa erkak qarindoshlariga o‘tar edi.
Biroq "Sali haqiqati” urug‘chilik tuzumining yemirila boshlaganli-gidan ham dalolat beradi. Vorislik va kafolat huquqidan voz kechib, urug‘-dan chiqish mumkin edi. Franklarda ijtimoiy va mulkiy bo‘linish (tabaqa-lanish) ochiq ko‘rinib turardi. Birinchi o‘rinda qirol drujinachilari turardi, bularning vergeldi (xuni) 600 solid5 belgilangan edi. Oddiy erkin frank-ning joni uchun faqat 200 solid vergeld to‘lanardi. Yarim erkin kishining - litning vergeldi esa 100 solid edi. Qulni o‘ldirganlik uchun quldorga 30 solid, ya’ni urushda miniladigan otni o‘g‘irlaganlik uchun qancha to‘lansa, qul uchun ham o‘shancha to‘lanardi. Shunisi xarakterliki, rimlikni o‘ldir-ganlik uchun to‘lanadigan vergeld franknikidan kam edi.
Yirik pomestelar bo‘lgan-bo‘lmaganligi ”Sali haqiqati” da ochiq aytilmagan. Lekin, ba’zi bir alomatlarga (xonaki hunarmandlar sonining ro‘yxatiga, qullar sonining juda ko‘pligiga va boshqalarga) qarab fikr yuritganda, V-VI asrlardayoq erkin frank qishlog‘i bilan bir qatorda yirik yer egalarining pomestelari ham bo‘lgan. Katta yer egalari qirolning o‘zi, uning drujinachilari, yuqori tabaqa ruhoniylari va qisman yerlarni saqlab qolgan hamda saroy ahliga yaqin bo‘lgan (”Sali haqiqati”da aytilishicha, ”qirolning hamtovoqlari” bo‘lgan) rimlik yer egalari edi. Shunday bo‘lishi-ga qaramay, bu davrdagi frank jamiyatida asosiy figura erkin frank edi, u qishloq jamoasining to‘la huquqli a’zosi, jamoa yerining egasi, yirik yer egasiga qaram bo‘lmagan mustaqil, erkin dehqon edi.
Franklarda ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishi feodal jamiyatining ildizlari paydo bo‘lishi bilan birga kechdi. Jamiyatning feodallashish jarayoni Vasrning oxirlaridan boshlanib, taraqqiy eta bordi. Asta-sekin yer egalari paydo bo‘ldi va mahalliy aholiga nisbatan siyosiy hokimiyatga ega bo‘lib bordi. Erkin franklar qaram dehqonlarga aylandi.
VI asrning ikkinchi yarmidan boshlab franklar jamiyatida keskin o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Qirollar yurishlarda qo‘lga kiritilgan yer-larni o‘z drujinachilariga, yaqinlariga va saroy amaldorlariga taqsimlab turgan.
Bu vaqtda yer bemalol qo‘ldan-qo‘lga o‘tishi mumkin bo‘lgan xususiy mulkka aylanadi, ya’ni mulkdor uni o‘z xohishi bilan sotar, alish-tirar, sotib olar, boshqa birovga taqdim qilar yoki vasiyat qilib qoldirardi. Bunday yerlarning egalari qirol foydasiga majburiyatlar o‘tashdan ozod qilingan va hech qanday xizmat ham o‘tab bermas edilar. Bunday tartibdagi yer egaligi shakli allod deb yuritilgan.
Ana shunday sharoitda dehqonlarning bir qismi tezlik bilan o‘z yeridan ajrala bordi. Ocharchilik, mollarning qirilishi va boshqa xil stixiyali ofatlar, Xlodvigning o‘g‘illari, nevara va evaralari o‘rtasida uzoq vaqt davom etgan urushlar natijasida mamlakatning xarob bo‘lishi, urug‘-chilik aloqalarining yemirilishi tufayli ayrim oilalar bo‘yniga tusha bosh-lagan sud jarimalari - mustaqil frank dehqonini xonavayron qildi. Dehqon-larning mayda yer egaligi yemirilib, tushkunlikka uchragan bir vaqtda, yirik dunyoviy va cherkov yer egaligi avj oldi.
Xlodvigning vorislari qirol yerlarini benefitsiy (aynan tarjimasi: ”xayr”, ”saxovat”) tarzida o‘z drujinachilariga bo‘lib berdilar, bular asta-sekin votchinachi - katta yer egalariga aylanib borar va yerlarini meros ta-riqasida o‘z bolalariga qoldirardilar. Cherkov ham qirol xazinasidan (qirol yer fondidan) in'om (donatio) tariqasida ko‘p yer oldi. Dunyoviy zodagon-lar ham, cherkov zodagonlari ham o‘z yerlarini, qiroldan tashqari, birinchi navbatda dehqonlar hisobiga kengaytirdilar. Dehqonlar qo‘shni dunyoviy katta yer egalari homiyligiga (patronat yoki kommendatsiyasiga) o‘tdilar. Shuningdek, dehqonlar cherkovdan madad olish maqsadida yerlarini shu shaklda bo‘lar edilarki, cherkov dehqonlarga bir uchastka yerni ma’lum miqdorda obrok to‘lab turish yoki barshchina o‘tash sharti bilan umrbod foydalanishga berardi, bu yer uchastkasi prekariy deb atalardi.
Foydalanish uchun cherkovdan ”prekariy” (sof ma’nosi: ”iltimosga muvofiq berilgan uchastka”) olgan dehqonlarning ahvoli yerga o‘rnash-tirilgan va xo‘jayiniga biror xil majburiyatni ado etib turadigan kolonlar, litlar va qullarning ahvoliga o‘xshab ketardi. Prekariy olgan dehqonning o‘z yeri ham prekariyga aylanib, asta-sekin cherkov yer egaligining mulki-ga qo‘shilib ketardi. Prekariy olgan dehqonning o‘g‘li yoki nevarasi butun-lay krepostnoyga aylanib ketardi. ”Sali haqiqati”ga ilova qilingan qo‘shim-chalarda kambag‘allashgan franklar to‘g‘risida, qisman, hatto, butunlay xonavayron bo‘lgan kishilar to‘g‘risida juda ochiq gapiriladi, bular jarima-larni to‘lashga qurblari yetmay, o‘rmonlarda daydib, qaroqchilik qilib yu-rardilar. Ba’zi kambag‘allar esa ovqat uchun o‘zini qul qilib sotib, asoratga tushardi va shunday qilib, shaxsiy erkinlikdan mahrum bo‘lardi.
Erkin va mustaqil dehqonlarning asta-sekin yo‘qolib, krepostnoy kishilar sinfiga aylanishida ifodalangan feodallashuv jarayoni sobiq Rim imperiyasiga ko‘chib kelib joylashgan varvarlarning hammasida sodir bo‘-ldi. Franklarda esa bu jarayon hali juda mustahkam bo‘lgan baquvvat erkin dehqonlarning (”Sali haqiqati”da ko‘rsatilgan dehqonlarning) qaramlik-krepostnoylik holatiga ochiq, keskin tusda o‘tishida namoyon bo‘ldi, xo-los. Bunda dehqonlar yuridik jihatdan boshqa kishiniki bo‘lgan yerda o‘tirib, shu yer egasining foydasiga biron xil ”tutqinlik” majburiyatini o‘tar edi.
Lekin shu narsani aytib o‘tish kerakki, erkin dehqonlarning yo‘qolib borish jarayoni VI va VII asrlarda Franklar davlatining hamma viloyat-larida bir xil bo‘lgan emas. Yangi tartiblar qirollikning g‘arbiy qismida - Neystriyada, qisman janubi-sharqiy Burgundiyada juda tez tarqaldi; shi-moli-sharqiy okruglarda - Avstraziyada esa bu jarayon u qadar kuchli bo‘l-madi. Bu okruglarda Rim ta’siri (yerning xususiy mulkka aylanishi sohasi-dagi ta’siri) boshqa joylardagidek kuchli emas edi, bu yerda urug‘chilik-jamoachilik munosabatlari uzoqroq saqlanib qoldi. Avstraziyada dehqonlar siyosiy jihatdan ham, xususan umumxalq lashkarining qatnashchisi sifatida VII asrdagina emas, balki VIII asrda ham katta rol o‘ynadi.
Harbiy xizmatlarning asosiy og‘irligi, ko‘pdan-ko‘p soliq va yig‘imlar erkin franklarni tobora xonavayron qilgan. Ular yer egalariga iqtisodiy qaram bo‘lib qolgandilar. Yirik yer egalari dehqonlarning xo‘-jayinlariga, boshliqlariga va senorlariga aylana boshlagan edilar.
Davlat hokimiyati yirik yer egalari qo‘liga o‘tib borgan. Yirik yer egalari dastlab qirol hisobiga soliq yig‘ib, uning nomidan sud qilgan bo‘lsalar, keyinchalik o‘zlari nomidan sud qilib, o‘z foydalariga soliq yig‘a boshlaganlar. Bu huquqni qirol ba’zan immunitet yorlig‘i bilan mustah-kamlab berardi. Immunitet yorlig‘i olgan mahalliy yer egalari (dunyoviy yer egalari ham, cherkov yer egalari ham) o‘z hududlariga qirol amaldor-lari, sud'yalari singari kishilarning tekshirish uchun kirishidan holi edilar. Bundan tashqari, mahalliy yer egalariga yana shunday immunitet yorliqlari ham berildiki, ularga muvofiq o‘zlariga qaram bo‘lgan aholinigina emas, hatto erkin aholini ham sud qilish va undan o‘z foydalariga hukumat soliq-lari va majburiyatlari undirish huquqini oldilar. Immunitetlar magnatlar-ning6 - yer egalarining erkin aholi orasidan ojizlarini topib, o‘z asoratlariga tushirishlariga juda katta yordam berdi. Barcha davlat majburiyatlari aholi zimmasida edi.
Endilikda davlat majburiyatlari qirol foydasiga emas, immunitet yorliqlarining egalari foydasiga tusha boshladi. VI asrdan boshlab immuni-tet yorliqlarini berish juda keng tarqaladi. Hatto cherkovlar ham immunitet yorliqlari ola boshlaydilar. Yuqorida aytganimizdek, immunitet yorlig‘i sifatida olingan yerlarga, hatto, qirol amaldorlari ham kira olmas edi. Bu esa qirol hokimiyatining zaiflashuviga olib kelgan. Chunki har qanday majburiyatlardan ozod bo‘lgan va o‘z yerlarida keng hokimiyatga ega bo‘lgan yer magnatlari qirol hokimiyati bilan hisoblashmay qo‘yganlar, ma’lum darajada undan mustaqil bo‘lganlar.
Zaiflashib qolgan qirol hokimiyatini mustahkamlash, uning harbiy va moliyaviy qudratini kuchaytirish maqsadida mayordam Karl Martell yer (agrar) islohoti o‘tkazgan. Bu islohot uning o‘g‘li Pipin Pakana va nevarasi Buyuk Karl tomonidan nihoyasiga yetkazilgan.
Bunga ko‘ra, yerlarni yer magnatlariga to‘la mulk qilib berish, hadya qilish to‘xtatildi. Endi yer ma’lum xizmat evaziga mukofot tariqasida beri-la boshlandi. Karl Martell davlat fondiga qarashli yerlardan (bu fond yangi istilolar va isyon ko‘targan zodagonlarning yerlarini musodara qilish nati-jasida kengayib ketgan edi) harbiy benifitsiyalar deb atalgan yer uchastka-lari berishni keng suratda qo‘lladi. Agar bunday benifitsiya olgan kishi qirolga ma’lum xizmat o‘tab turmasa, yer qaytarib olingan. Shunday qilib, yer magnatlari qirolga xizmat qilishga majbur bo‘lib, unga bog‘liq edi. Ilgari qirol amaldorlari boshqaradigan ayrim ishlar ularning zimmasiga tushadi.
Benifitsiya umrbod muddatga, ya’ni uni olgan kishi o‘lgunicha berilgan. Benifitsiya egasi o‘lgandan so‘ng yer uning merosxo‘riga o‘tgan. Merosxo‘r ham ma’lum xizmat o‘tab turishi lozim edi. Lekin vaqt o‘tishi bilan umrbod benifitsiya asta-sekin avloddan-avlodga o‘tadigan feodga aylanadi. Katta-katta yerlarni xizmat evaziga olganlar o‘zlarini tobora mustaqil his qila boshlaydilar.
Harbiy benifitsiyalar harbiy xizmat o‘tash sharti bilan umrbod foyda-lanish uchun beriladigan o‘rtacha va mayda pomestelar edi. Bu bilan keyinroq paydo bo‘lgan mayda pomesteli ritsarlarning7 vujudga kelishi uchun asos solindi, ritsarlar tashkil topayotgan feodallar sinfining juda ko‘pchiligini tashkil etgan quyi tabaqasi edi. Bu pomestelardagi erksiz dehqonlar esa mehnat qilib, o‘z xo‘jayinlarini”- urushuvchi odamlar”ni - ritsarlarni boqishga majbur edilar.
Harbiy xizmat o‘tovchilarga davlat fondiga qarashli yerlardan uchastkalar berish bilangina cheklanmay, Karl Martell shu maqsad uchun cherkov yerlaridan ham qisman foydalandi. U o‘ziga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlarda dunyoviy zodagonlar bilan birga qatnashgan yepiskop va abbatlarning8 pomestelarini musodara qildi. Neystriyada va Akvitaniyada bunday ruhoniy yer egalari ko‘p edi. Ruhoniylardan musodara qilib olin-gan yerlar ham benifitsiyalarga aylantirildi. G‘arbiy Yevropa tarixida bu narsa birinchi marta o‘tkazilgan katta sekulyarizatsiya, ya’ni cherkov mul-kini tortib olib, dunyoviy kishilar qo‘liga topshirish edi. Lekin Karl Martell tomonidan qilingan sekulyarizatsiya to‘la sekulyarizatsiya emas edi. U cherkov yerlarining faqat bir qismiga nisbatan qo‘llanilgandi. Keyinchalik Karl Martellning o‘g‘li Pipin Pakana musodara qilingan yerlarni ham cherkovga qaytarib berishga majbur bo‘ldi, lekin shu shart bilan qaytarib berdiki, bu yerlar haqiqatda foydalanuvchilar, ya’ni ritsarlar qo‘lida bo‘lib, ritsarlar buning evaziga hosilning o‘ndan bir qismini cherkovga alohida, qo‘shimcha ravishda to‘lab turishi kerak edi.
Buyuk Karl va uning vorislari zamonida feodallashuv jarayonining juda tezlashib ketayotganligi imperiyaning parchalanib ketishida juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Biroq Buyuk Karl imperiyasi ”qabila va xalqlar-ning quramasidan iborat” bo‘lishi bilan bir vaqtda, feodallashayotgan jamiyat ham edi. Merovinglar zamonida bo‘lgan hodisa, ya’ni katta yer egaligining o‘sishi, uning mayda erkin dehqon xo‘jaligini ”yutib yuborish jarayoni” Karolinglar zamonida davom etdi va zo‘r berib avj oldi. Prekar munosabatlarining (ko‘proq cherkov yerlarida) rivoj olishi, patronat-komendatsiyalarning (ko‘proq dunyoviy yerlarda) keng yoyilishi, erkin kishilarning qaramlikka tushish hollarining ko‘payayotganligi - bularning hammasi Buyuk Karl podsholigi zamonida odat tusiga kirganligi imperator qonunlarida - kapitulyariylarda9 o‘zining yorqin ifodasini topdi. Karl mag-natlar va boshqa ”nufuzli odamlar” tomonidan dehqonlar yerlarining tortib olinishini cheklashga bir necha marta urindi, biroq yerdor zodagonlar uning farmoyishlariga qarshilik ko‘rsatganlari uchun bu farmoyishlar amalda bajarilmay qolaverar edi. Franklar jamiyatining feodallashuv jara-yoni, tabiiyki, siyosiy tuzumga ham ta’sir etdi.
Feodallashuv imperiyani siyosiy tarqoqlikka va pirovardida, siyosiy jihatdan mayda qismlarga bo‘linib ketishiga olib keldi. O‘zining harbiy qudratiga va eng katta istilochilik shuhratiga qaramay, Buyuk Karlning o‘zi ham yerdor zodagonlarga qaram edi. Karl zamonida harbiy benifit-siyalar tizimi ham avj olaverdi.
Buyuk Karlning asosiy daromadlari uning pomestelaridan keladigan daromadlar edi. Qirolning yer fondi butun davlatning hamma joyiga tarqal-gan bo‘lib, yuzlarcha katta va bir qadar kichik yerlardan iborat edi. Buyuk Karl zamonidagi eng katta yer egalari monastirlar edi. Parij monastirlari-dan biri - avliyo German (yoki Sen-Jermen) monastirining IX asr boshlari-da 100 mingdan ortiq krepostnoyi bor edi. Dunyoviy zodagonlar qo‘lida ham, shubhasiz, juda ko‘p katta-katta pomestelar bo‘lgan, biroq ulardagi yerlarning ro‘yxati bizgacha yetib kelmagan.
Karolinglar pomestesini o‘rganishda Buyuk Karlning ”Pomestelar to‘g‘risidagi kapitulyariy”si va ”Abbat irminon poliptigi” deb atalgan huj-jat (Parij atrofidagi Sen-Jermen monastiriga qarashli yerlar va bu yerlarda o‘tirgan krepostnoylar ro‘yxati) muhim manbalar hisoblanadi. Ana shu manbalarga qarab, biz G‘arbiy Yevropada ilk o‘rta asrlardagi feodal pomestesining manzarasini ko‘z oldimizga keltira olamiz. Dastlab biz bu pomesteda o‘rta asrlarga xos bir xususiyatni - yerning ikki qismga: xo‘ja-yin - domeneinal (domen) yeriga va dehqonlar yeriga - chek yerga bo‘lin-ganini ko‘ramiz. Chek yerlarga dehqonlar egalik qilardi. Bu chek yerlar manslar deb atalardi. Dehqonlar o‘z mehnatlari bilan, o‘zlarining ot-ulov va qurol-asboblari bilan xo‘jayinlarining yerini ishlab berardilar.
Korolinglar pomestesi aniq natural xo‘jalik xususiyatlariga ega edi. Bu haqda ”Pomestelar to‘g‘risidagi kapitulyariy”da juda ochiq dalillar keltirilgan, unda pomestelarda yetishtirilgan mahsulotlarning qirol oilasi va qirol saroy ahllari ehtiyojlarini qoplashga sarflanganligi bir necha marta ta’kidlab o‘tilgan.
Biroq Korolinglarning pomeste to‘g‘risidagi hujjatlarida uchraydigan eng qiziq narsa o‘sha vaqtdagi krepostnoylarning tarkibi haqidagi ma’lu-motlardir. Bu material Sen-Jermen monastiri poliptigida juda ochiq ko‘rsa-tilgan. Unda krepostnoy dehqonlar turlicha nomlar: kolonlar, litlar, qullar degan nomlar bilan ataladi. Litlar va qullarga nisbatan kolonlar, hatto, ”er-kin” kishilar deyiladi. Lekin ularning ”erkinligi” juda nisbiy bo‘lib, haqi-qatda ularning “tutqunlar”dan hech qanday farqi yo‘q edi. Ular ham o‘zla-rining chek yerlariga birkitib qo‘yilgan, me’yorlashtirilgan barshchina, natural obrok va bir oz miqdorda renta puli to‘lash shaklida ”tutqunlik” majburiyatlarini bajarishardi. Ozod franklar ham borgan sari boy va marta-bali kishilarga iqtisodiy qaramlikka tushgan. Jamoa saqlanib, asta-sekin qo‘shnichilik jamoasiga - markaga aylangan va unga kelgindilar, bego-nalar jalb qilingan. Erkin jamoachilar yer magnatlariga, o‘z senorlariga qaram kishilarga aylanib borgan.
Qullar ashyo hisoblangan. Ularni o‘ldirish jinoyat sanalmagan. Erkin kishi qul bilan nikohga kirsa, qulga aylangan. Erkin ayol qul erkakka erga tegsa, g‘ayriqonuniy deb e’lon qilingan. Erkin ayolga uylangan qul o‘lim jazosiga mahkum etilgan. Faqat keyinroq bunday nikohlar, agar qullarning xo‘jayinlari tomonidan rozilik bildirilsa, tan olinadigan bo‘lgan.
Qullarni erkinlikka chiqarishga yo‘l qo‘yilgan. Erkinlikka chiqarilganlar, yarim erkin kishilar - litlar egallagan mavqega ega bo‘lib, o‘z xo‘jayinlariga qaram edilar. Litlar - asosan sobiq erkin jamoachilar bo‘lib, o‘z erkinliklarini yo‘qotib, yer egalariga iqtisodiy qaramlikka tushib qolgan kishilar edi.
Karolinglar davrida haqiqatda franklarda krepostnoy dehqonlar taba-qasi tashkil topib, bu tabaqada endi erkin kishilar, yarim erkin kishilar (litlar) yoki tutqun kishilar (qullar) o‘rtasidagi ilgarigi farqlar chindan ham yo‘qolib ketgan edi.



Yüklə 164 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin