Loysimon slaneslar — loyning yuqori bosim ostida qayta kristallanishidan hosil bo‘lgan qattiq loysimon kulrang jins. U suv ta’sirida namlanmaydi. Tarkibida, asosan, kvars, slyudalar va tuproq bor. Loysimon slanes yupqa (qalinligi 2,5 mm dan katta) plastinkalar tarzida tilinadi. Bunday plastinkalar tom va pardozbop qoplama ashyolari sifatida ishlatiladi. Undan tashqari pol qurishda va elektr tokidan muhofazalovchi taxtachalar tayyorlashda ham qo‘llaniladi.
Marmar — kalsit kristalli donalaridan tashkil topgan zich pardozbop jins. Marmarda slyuda, dala shpati, kvars, temir oksidi va ko‘mir birikmalari ham bo‘ladi. Toza pardozbop marmar oq rangda, agar uning tarkibida marganes va temir birikmalari bo‘lsa, qizil, binafsha, qora va kulrang bo‘ladi.
Marmarning qattiqligi 3-4, siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 80—300 MPa, zichligi 2600—2800 kg/m3. Marmarni arralash, silliqlash va pardozlash qiyin emas. Ammo u kislotalar, atmosferadagi gazlar va karbonat suvlari ta’sirida buziladi. Shu sababli marmar binoning ichki qismini qoplashda, shuningdek, haykaltaroshlikda, zinapoya va pol plitalarini tayyorlashda mozaika betonlar uchun to‘ldirgich sifatida ko‘p
ishlatiladi.
Kvarsit — yer qatlamining yuqori bosimi ostida mayda kvars donalarining kremniy sementlari vositasida zichlanishidan hosil bo‘lgan kristall jins. Kvarsit o‘zining zichligi, yuqori mustahkamligi, mo‘rtligi va qattiqligi bilan boshqa jinslardan farq qiladi. U tabiatda oq, qizil, ko‘kimtir, to‘q-qizil ranglarda uchraydi. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 400 MPa dan kam emas. Zichligi 2500—2700 kg/m3, qattiqligi 7 ga teng. Kvarsit pardozbop va o‘tga chidamli buyumlar tayyorlashda ishlatiladi.
TABIIY PARDOZBOP TOSH — ZAMONAVIY LOYIHALARDA Hozirgi kunda O‘zbekistonda arxitektura loyihalarida dekorativ va pardozbop ashyo sifatida turli rang va fakturaga ega bo‘lgan tabiiy tosh ashyolari alohida o‘rin tutadi. Tabiiy tosh ashyolari arxitektura shakllarining rivojlanishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri bo‘lib qoldi. Asosan O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin arxitektura shakllari yangicha tus oldi. Biroq tabiiy tosh ashyolari zamonaviy talablarga javob beruvchi shisha buyumlar va yangi konstruktiv ashyolarga o‘z o‘rnini berishga ham majbur bo‘ldi. Beton, g‘isht, plastmassa va boshqalar, devorbop ashyolar sifatida ko‘p qo‘llanilsa ham, tabiiy tosh ashyolari bezakbop va estetik xususiyatlari bilan ulardan afzalligini ko‘rsatmoqda. Bizning maqsadimiz tabiiy tosh ashyolarning zamonaviy arxitektura shakllarini paydo bo‘lishida o‘z ta’sirimizni ko‘rsatishdan, ularni ishlatish va tanlash bo‘yicha tavsiyalar berishdan iborat.
Tarixiy arxitektura shakllarini yaratishda tabiiy tosh ashyolarining xossalari inshootlarning shakli va o‘lchamlariga bog‘liq bo‘lgan. Masalan, O‘rta Osiyodagi tarixiy yodgorliklar.
Tabiatda, xususan O‘zbekistonda eng ko‘p tarqalgan pardozbop tog‘ jinslarining xillari, ularning xossalari va ishlatilishiga doir ma’lumotlar 3.2-jadvalda keltirilgan.