O`zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning asosiy negizini mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va uni xususiylashtirish tashkil etadi. Amalda bu O`zbekistonni bozor iqtisodiyotiga o`tishida mulkchilik masalalarini hal etish hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy yo`li hisoblanadi.
Ana shu yo`nalishlarda keng ko`lamda chora-tadbirlarni amalga oshirishning asosiy tamoyillari va strategik vazifalari mamlakatimiz Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan asoslab berilgan2. Unga ko`ra xususiylashtirish jarayonida ikkita muhim strategik vazifa hal etilishi ko`zda tutilgan:
Birinchi strategik vazifaning asosiy mazmuni – bu davlat tasarrufidan chiqarilayotgan va xususiylashtirilayotgan mulkning haqiqiy mulkdorlar qo`liga berilishi iqtisodiy munosabatlarni tubdan o`zgartirish uchun real shart-sharoit yaratishga imkon tu`gdiradi.
Xususiylashtirishning ikkinchi strategik vazifasi esa iqtisodiyotda ko`p ukladlilikni hamda ra`gbatlantiruvchi kuchga ega bo`lgan raqobat muhitini yaratish, shu orqali davlatni mulkka bo`lgan monopol huquqini tugatish, xususiy mulkchilikning turli shaklidagi korxonalarni barpo etishdir.
Ana shu modelga asoslangan holda amalga oshirilgan xususiylashtirish jarayonlari shartli ravishda o`zaro bo`gliq uch bosqichga bo`linadi.
Dastlabki, birinchi bosqich “kichik xususiylashtirish” davri deb nomlandi va 1992-1993 yillarda amalga oshirildi. Unda aholi yashaydigan davlatga tegishli uy-joylar, savdo, maishiy xizmatlar ko`rsatish, dorixona va shu kabi 53,9 mingta mayda davlat korxonalari xususiylashtirildi.
Ularning negizida 28,8 mingdan ortiq nodavlat korxonalari tashkil etildi.
Ushbu bosqichning o`ziga xos tomonlari shundan iborat bo`ldiki, unda davlat mulkiga asoslangan korxonalarni xususiylashtirish shakllarini tanlash va xususiylashtiriladigan mulkni baholash bo`yicha tegishli tajribalar to`plandi. Xususiylashtirishning keyingi - ikkinchi bosqichi „ommaviy xususiylashtirish” davri deb nom oldi va u 1994-1998 yillarni o`z ichiga oladi. Bu davrda mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qurilish, avtomobil transporti, agrosanoat kompleksi va boshqa tarmoqlarning o`rta va yirik korxonalari ochiq aktsiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi va xususiylashtirildi. Shu bilan bir vaqtning o`zida qimmatli qo`gozlar, ko`chmas mulk bozorlarini shakllantirish boshlandi. Bundan asosiy maqsad xususiylashtirish jarayoniga aholining keng qatlamlari hamda chet el sarmoyalarini jalb etish va shu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotining nodavlat sektorini jadal rivojlantirishni ta`minlash bo`ldi. Ushbu bosqichda 21361 xususiylashtirilgan davlat korxonalari negizida 5747 ta ochiq aktsiyadorlik jamiyatlari, 3903 ta mas`uliyati cheklangan jamiyat va 11711 ta xususiy mulkchilikning boshqa shaklidagi korxonalar tashkil etildi.
Xususiylashtirishning uchinchi bosqichi 1999 yildan boshlanib hozirgi kungacha davom etmoqda. Bu bosqich “yakka tartibda xususiylashtirish” davri hisoblanadi.
Xususiylashtirishning ushbu davri avvalgi bosqichlardan bir qator jihatlari bilan farq qiladi. Birinchidan, ushbu davrda iqtisodiyotning yonilg`i-energetika, metallurgiya, kimyo, temir yo`l transporti va shu kabi boshqa strategik tarmoqlarning yirik korxonalarini chet el investitsiyalarini keng jalb etgan holda yakka loyihalar asosida xususiylashtirishga kirishildi. Ikkinchidan, ilgari xususiylashtirilgan korxonalar negizida tashkil etilgan ochiq aktsiyadorlik jamiyatlaridagi joylashtirilmagan, shu jumladan, davlatga tegishli aktsiyalar paketlari hamda ayrim korxonalarni butunlay yoki ular mulkining bir bo`lagini birja yoki birjadan tashqaridagi bozorlarda turli yondashuvlar va usullarni qo`llash asosida sotish yo`lga qo`yildi. Uchinchidan, iqtisodiy nochor, zarar bilan ishlovchi hamda istiqbolsiz korxonalar va ular mulkidagi davlat ulushlari nol qiymat bilan chet el yoki mamlakatimiz sarmoyadorlariga investitsiya kiritish hisobiga bepul berish tartibi joriy etildi va amalga oshirilmoqda.