1.Ijobiy mazmunli majburiyatlar va salbiy mazmunli majburiyatlar. Agar majburiyat
yuzasidan qarzdor muayyan bir harakatni qilishga burchli bo’lib, kreditor aynan shunday harakatning
qilinishini talab qilishga haqli bo’lsa – bunday majburiyat ijobiy mazmunli majburiyat hisoblanadi.
Huquqiy munosabatning ko’pchiligida ijobiy mazmunli majburiyatlar yotadi. Masalan, oldi-sotdi,
mulkni ijaraga berish, maishiy xizmat ko’rsatish sohasida olinadigan majburiyatlar – ijobiy mazmunli
majburiyatlardir.
Agar majburiyat bo’yicha qarzdor muayyan harakatni qilishdan saqlanishga burchli, kreditor
harakat qilishdan saqlanishini talab etish huquqiga ega bo’lsa – bunday majburiyat salbiy mazmunli
majburiyat hisoblanadi. Masalan, nashriyot shartnomasi bo’yicha muallif shartnoma kuchda bo’lgan
davrda o’z asarini boshqa nashriyotga topshirishdan saqlanish majburiyatini olsa, nashriyot
muallifning boshqa nashriyot bilan shartnoma tuzishdan saqlanishini talab etish huquqini oladi.
2.Bir tomonlama va ikki tomonlama majburiyatlar. Majburiyatda qatnashuvchilarning birida
faqat talab qilish huquqi (yoki huquqlari), ikkinchi tomonda esa, faqat majburiyat (majburiyatlar)
bo’lsa – bunday majburiyatlar bir tomonlama majburiyatlar hisoblanadi. Masalan, qarz shartnomasi.
Qarz shartnomasi bo’yicha qarz bergan shaxs qarzning qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo’lsa,
qarzdor o’z zimmasiga olgan qarzini qaytarishga burchlidir.
Huquqiy munosabatda qatnashuvchilarning har qaysisi ham huquq, ham majburiyatga (qator
huquqlar va majburiyatlarga) ega bo’lsa, bunday majburiyatlar ikki tomonlama majburiyat hisoblanadi.
Ikki tomonlama majburiyatlarga oldi-sotdi, ijara, pudrat kabi shartnomalarni misol qilib ko’rsatish
mumkin. Chunonchi, oldi-sotdi munosabatida sotuvchida sotilgan narsani topshirish majburiyati
bo’lsa, oluvchida sotib olingan narsaning qiymatiga yarasha haq to’lash majburiyati bo’ladi va
aksincha. Aksariyat majburiyatlar ikki tomonlama majburiyatlardir.