6.3. Geografiya ta’limida kartalar bilan ishlash Geografiya ta’limini kartasiz tasavvur qilish qiyin. Karta geografiya
fanidagina emas, balki insonning amaliy faoliyatida ham cheksiz ahamiyatga ega.
Chunki biror-bir geografik tadqiqotni, inson turmushini kartasiz tasavvur qilish
qiyin. Uchuvchi, quruvchi, geolog, tuproqshunos, ekolog, agronom kartasiz ish
ko‘ra olmaydi. Ta’lim jarayonida karta ta’limiy va tarbiyaviy vazifalarni bajaradi.
O‘quvchilar karta bilan quyi sinflardan tanisha boshlaydilar. Karta geografik
obyektlar joylashgan o‘rinni ko‘rsatibgina qolmasdan, balki voqea va hodisalarni,
ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni bilishga ham yordam beradi. Maktabda qo‘llaniladigan
kartalar, o‘quv geografiya kartalari deyiladi. Geografik kartalar ta’limda
ko‘rsatmali qurol va bilim manbai sifatida ishlatiladi. Kartani bilish va undan
foydalana olish deganda, undan xilma-xil ma’lumotlarni, xususan, tabiiy va
iqtisodiy geografik ma’lumotlarni ola bilish tushuniladi.
Kartaning eng muhim xususiyatlaridan biri bevosita kuzatish imkoniyatiga
ega bo‘lmagan hodisalarni modellashtirishdan iborat (ob-havo, iqlim, geologik
kartalar va h.k.). Geografiya ta’limi metodikasi nuqtayi nazaridan karta o‘qitish
vositasi sifatida 4 ta vazifani bajaradi:
a) o‘rganish obyekti bo‘lib xizmat qiladi;
b) ko‘rgazmali qurol bo‘lib xizmat qiladi;
v) geografik hodisalarni o‘rganishda bilim manbai bo‘lib xizmat qiladi;
g) karta geografiya ta’limida psixologik-pedagogik vazifani ham bajaradi.
Ya’ni uning yordamida bilimlarning egallanishi, esda qolishi va ma’lum bir
tizimni tushunishni ifoda etadi. Yuqoridagi 4 tur kartani o‘rganishda bir-birini
to‘ldiradi, mobado ularning bittasi bo‘lmagan taqdirda ham kartagrafik bilimni
to‘la egallash qiyin. Kartani o‘rganish obyekti deyilganda uning yordamida xilma-
xil geografik ma’lumotlarni olish tushuniladi. Karta faqat o‘rganish obyektigina
bo‘lmay, balki kartani tushunishdek pedagogik maqsadga ham xizmat qiladi.
Kartalar bilan ishlash.