Borliq haqidagi kontseptsiyalar . Tarixdan ma’lumki, faylasuflar borliq haqida turlicha g’oyalarni ilgari surishgan.
Markaziy Osiyo tuprog’ida vujudga kelgan zardo’shtiylik ta’limotida borliq quyosh va olovning hosilasidir, alangalanib
turgan olov borliqning asosiy mohiyatini tashkil etadi, deb hisoblangan. Chunki bu g’oya bo’yicha, har qanday o’zgarish
va harakatning asosida olov yotadi va u borliqqa mavjudlik baxsh etadi.
Qadimgi yunon faylasufi Suqrot borliqni bilim bilan qiyoslaydi va uningcha, biror narsa, biz uni bilsakkina bor
bo’ladi, insonning bilimi qancha keng bo’lsa, u shuncha keng borliqni qamrab oladi, deb hisoblaydi.
Qadimgi dunyoning atomist olimi Demokrit borliq atomlar majmuasidan iborat deb tushuntirgan. Uning fikricha,
borliqning mohiyati uning mavjudligidadir. Mavjud bo’lmagan narsa yo’qlikdir.
Islom ta’limotida esa borliq bu ilohiy voqelikdir. Ya’ni u Olloh yaratgan mavjudlikdir. Bu borada vahdati vujud
va vahdati mavjud ta’limotlari bo’lgan.
Islom diniga mansub mutafakkirlar borliq haqidagi ta’limotni har taraflama rivojlantirganlar. Masalan, Forobiy
fikricha, ilk borliq azaliy Ollohning o’zidir. Beruniy fikricha, borliq shunday umumiylikki, u hamma narsaning asosida
yotadi, demak, borliq hamma narsaning asosidir. Evropada o’tgan olimlar David Yum va Jorj Berkli borliqni
sezgilarimiz majmuasi deb talqin etishgan.
Hegel esa borliqni mavhumlik, mutlaq ruhning namoyon bo’lishi, deb ta’riflaydi. Ko’pgina naturfalsafiy qarashlarda borliqni
hozirgi zamon bilan, ya’ni shu aktual olamga bog’lab tushuntirdilar.
Aslida, borliq keng falsafiy tushuncha bo’lib o’ziga butun mavjudlikni, uning o’tmishi, hozir va kelajagini ham
qamrab oladi. Faylasuflar borliqni tushuntirish uchun yo’qlik tushunchasini unga antipod qilib olishgan va shu asosda
borliqning zaruriy mohiyatini ochishga intilganlar. Materialistik adabiyotlarda borliqni ob’ektiv reallik bilan, materiya
bilan aynanlashtirib tushuntirishadi.
Borliq o’ziga ob’ektiv va sub’ektiv reallikni, mavjud bo’lgan va mavjud bo’ladigan olamlarni, moddiylik va
ma’naviylikni, o’tmish va kelajakni, o’limni va hayotni, ruh va jismni qamrab oluvchi umumiy tushunchadir.