Shaxsning xarakteri tuzilishi turli xususiyatlarning tasodifiy yig‘indisidan iborat emas, balki o‘zaro birqbiriga bog‘liq, hatto tobe yaxlit tizimdan tarkib topadi. Xarakter xislatlarining muayyan qismida xabardor bo‘lishlik notanishlarni tashxis qilish imkoniyatini yaratadi. Misol uchun, shaxsning shuhratparastligi ma’lum bo‘lsa, uning dili (ko‘ngli) qoraligi yuzasidan taxmin qilish mumkin yoki inson kamtar, mo‘min, yuvosh xususiyatli bo‘lsa, albatta u ko‘ngilchan ekanligi ko‘nglimizga keladi.
Odatda psixik xususiyatlarning o‘zaro bog‘liq tizimi simptomokomplekslar (omillar) deyiladi. «Simptom» yunoncha symptoma belgi, mos tushish, «kompleks» latincha, aloqa, majmua degan ma’no anglatadi. Misol uchun, qarama-qarshi simptomokomplekslar haqida mulohaza yuritilsa, u holda insonlarda bu tizim o‘ziga ishonish, o‘zidan mag‘rurlanish, maqtanchoqlik, o‘zbirarmonlik, urishqoqlik, keksayishi kabilar birikmasida yuzaga keladi. Boshqa toifadagi shaxslar o‘zlarining kamtarinligi, ko‘ngilchanligi, iltifotliligi, dilkashligi, haqqoniyligi bilan ajralib turadilar. Voqelikka shaxsning bir xil munosabati xarakter xislatlarining o‘zaro bir-biriga bog‘liqligini bildiradi.
Shaxsning munosabatlarini aks ettiruvchi xarakter xislatlarini to‘rtta tizimga ajratish qonuniy holatga aylangan:
Jamoaga (guruhga) va ba’zi bir insonlarga nisbatan munosabatni ifodalovchi xususiyatlar: yaxshilik, mehribonlik, talabchanlik, takaburlik va boshqalar.
Mehnatga nisbatan munosabatlarni mujassamlashtiruvchi xususiyatlar: mehnatsevarlik, dangasalik, vijdonlilik, ma’suliyatlilik, mas’uliyasizlik kabilar.
Narsalarga nisbatan munosabatni aks ettiruvchi xususiyatlar6 ozodlik, ifloslik, ayash, ayamaslik va hokazo.
Shaxsning o‘ziga nisbatan munosabatlarini ifodalovchi xislatlar: izzat-nafslilik, shuhratparastlik, mag‘rurlik, takobirlik, dimog‘dorlik, kamtarinlik, samimiylik va boshqalar.
Shartli ravishda qabul qilingan «shaxs va atrof-muhitdagi insonlar» simptomokompleksi o‘z tarkibiga nafaqat boshqa shaxslarga nisbatan munosabatlarni, balki o‘ziga qaratilgan munosabatlarni mujassamlashtiruvchi xislatlar ham kiradi, chunonchi, o‘ziga ishonch, o‘z birarmonlik, o‘ziga bino qo‘yish, maqtanchoqlik yoki aksincha xususiyatlar shular jumlasidandir. Shunday qilib, "«axs va atrof-muhitdagi insonlar"»degan shartli nom berilgan xislatlar tizimi o‘zga kishilarga, jamoa (guruh) a’zolariga va o‘ziga nisbatan munosabatlarni ifodalovchi xususiyatlarni irlashtiradi. Turlicha munosabatlar o‘zaro bir-biriga bog‘langan tarzda muayyan tizimni tashkil qiladi, natijada «Men-Biz» munosabati o‘zaro o‘rin almashtirib turadi, ya’ni o‘ziga qaratilgan munosabat guruhiy xususiyat kasb etadi.
Shuning uchun shaxsning turlicha munosabatlari o‘zaro bog‘liqligi uning xarakteri tuzilishi xususiyatlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Umumiy va xususiy munosabatlar xarakter xislatlari bilan birlashgan holda muayyan ahamiyat kasb etadi. Xuddi shu boisdan insonning xarakteri nisbatan butun, yaxlit xususiyatga ega. Shaxs munosabatlarining kelib chiqishiga asoslanib, ular markaziy (asosiy0 va ularga tobe, hosilaviy munosabatlarga ajratiladi. Shaxsning markaziy (asosiy) munosabatlari ijtimoiy munosabatlar bilan belgilanganligi tufayli, bunday munosabatlar hamisha ijtimoiy-tipik xususiyatga egadir. Masalan, ijobiy hislatlar mujassamlashgan shaxsning asosiy munosabatlari o‘zga odamlarga, jamoa (guruh)ga nisbatan munosabatlarida ifodalanadi. Shunday qilib, xarakter xislatlarining individual o‘ziga xosligi, betakrorligiga qaramay, uning negizi tuzilishida hamma vaqt shaxsning ijtimoiy-tipik markaziy (asosiy) munosabatlari yotadi.
Xarakterning tuzilishi qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda muhim tarbiyaviy xulosalar chiqarish mumkin. Xarakter xislatlarining ba’zi nuqsonlarini (qo‘pollik va yolg‘onchilikni) bartaraf qilish, uning ijobiy xususiyatlarini (xushfe’llik va haqqoniylikni) shakllantirish muddaosi rejalashtirilgan dasturda amalga oshirib bo‘lmaydi. Chunki insonlarga nisbatan to‘g‘ri munosabatni tarkib toptirmay turib, illatga qarshi kurashib, ijobiy fazilatni shakllantira olmaymiz. Shu narsa ma’lumki, shaxsda o‘zaro bir-biriga bog‘liq xususiyatlarning yaxlit bir tizimini mazkur toptirish mumkin, xolos. Mazkur jarayonda xususiyatlar tizimini shakllantirishning muhim shartlaridan biri-bu shaxsning markaziy (asosiy) munosabatlarini tarkib toptirishdan iboratdir.
Shaxs xarakterining yaxlitligi bus-butunligi mutloq narsa emas, albatta, chunki insonning asosiy munosabatlaridan biri boshqa barcha munosabatlarni to‘la belgilay olgandagina xarakter mutloq xususiyat kasb etadi. Lekin shaxsning munosabatlari ijtimoiy munosabatlarining aks ettirilishidan iboratligi tufayli uning munosabatlari bilan xarakter xislatlari o‘rtasida ziddiyat hukm suradi. Bundan xulosaga kelgan holda shaxsning xarakteri nisbiy jihatdan yaxlitdirdeyishiimz mumkin, biroq uning bir butunligi ham individual, o‘zigi xos xususiyatga egadir. YAxlitlik nuqtai nazaridan qaraganda, turli qarama-qarshi xususiyatli shaxslar qarshiliklar oqibatida harakatlarda va inson hulqida shunday holat hosil bo‘ladi va ijtimoiy-ahloqiy me’yorlarni buzishini yuzaga keltiradi. Bunday vaziyatlarda harakatdagi kamchiliklar bilan kurashishning asosiy yo‘li –bi shaxs xarakteridagi qarama-qarshiliklarni engishga o‘rganishdir.
Xarakterning tuzilishi ba’zi xislatlarining o‘zaro bog‘liqligi bilan emas, balki uning yaxlitligiga mutanosib xususiyatlar bilan tavsiflanadi. Xarakter tuzilishining qatoriga ularning chuqurlik darajasi kiradi va shaxsning asosiy munosabatlari bilan belgilanadi. Insonning boshqa odamlarga, jamoaga, mehnatga nisbatan fidoiy munosabatda bo‘lishida belgilanuvchi xususiyatlar chuqurroq xususiyatlar deyladi. Mazkur mezonga qarab shaxslarning farqlanishini yuzaki tasavvur qilmaslik kerak, chunki insonga beriladigan tavsifnoma simtomokomplekslarni ta’kidlab o‘tishi bilan cheklanmasligi lozim. Aks holda shaxsning psixologik qiyofasining tavsifnomasi: birinchidan, simtomokomplekslarni chuqurroq joylashtirishni, ikkinchidan, muayyan darajada chuqurroq mujasamlashtirishni, uchunchidan, bir oz yuzakiroq tizimni ajratishni taqozo qiladi.
Xarakter tuzilishi xususiyatlari jumlasiga faollik yoki xarakter kuchi kiritiladi va shunga asosan insonlar kuchli hamda kuchsiz xarakter turlariga ajratiladi. Shuningdek, xarakter tuzilishi xususiyatlari tarkibiga- uning barqarorlik va o‘zgaruvchanlik darajasi ham kiritilgandir. Xarakterning barqarorligi ham, o‘zgaruvchanligi ham moslashishi faoliyatining zaruriy shartlaridan hisoblanadi. Shaxsning xarakter xususiyatlari turlicha turmush sharoitlarida, qarshilik qiluvchi vaziyatga uchrashiga qaramay, uning xatti-haraktlarini boshqaradi. Shu boisdan inson tashqi vaziyatga bog‘liq bo‘libgina qolmasdan, balki tashqi vaziyatni uning shaxssan o‘zi yaratadi, shuningdek, maqsadga muvofiqlashtiradi.
Bundan tashqari, shaxsning turmushdaga zaruriy sharoitlaridan biri- bu xarakterning muayyan darajada plastikligidir. Xarakterning plastikligi ikki xil ma’no kasb etadi. Xarakterning plastikligi uning barqarorligi singari muhitga faol ta’sir o‘tkazishning shartlaridan hisoblanadi. Ish-amallari maqsadga muvofiq va foydali kechishi uchun ular o‘zgaruvchan tashqi sharoitga moslashishlari lozim. Xarakterning plastikligi, mustahkamligi uni shakllantirishining zaruriy sharti sanaladi. Xarakterning barqarorligi, plastikligi o‘ziga xos individual xususiyatga ega bo‘lib, uni tuzilishining xislati sifatida mujassamlashadi.
Xarakter xususiyatlarining kuchi va barqarorliligi markaziy tizimga boqliqligiga binoan muayyan darajada shaxs munosabatlarining mazmuni bilan belgilanadi. Biroq ular munosabatlar mazmuniga bog‘liqligiga qaramay, ba’zan yuzaki xususiyatga ham ega bo‘ladilar.
Psixologiyada irsiyat bilan xarakterining munosabati to‘g‘risida xilma-xil qarashlar mavjuddir (Krechmer, SHeldon va boshqalar). Aksariyat psixologlarning e’tirof etishlaricha, organizmning nasliy xususiyatlari xarakter xislatlarining paydo bo‘lishidagi shartlaridan biri xisoblanadi, xolos. Ma’lumki xarakter xususiyatlari irsiyatning biologik qonuniyatlari bilan emas, balki ijtimoiy qonuniyatlar bilan tavsiflanadi. Ushbu masalani irsiyatga bog‘lab tushuntirishi gomozigot egizaklarni o‘rganish orqali inkor qilinadi, chunki ularning nasliy xususiyatlari aynan bir xildir. Ular temperament xususiyatlari bo‘yicha tubdan o‘xshash bo‘lsalar-da, lekin xarakter xislatlariga ko‘ra bir-biridan keskin farq qiladilar. Shuning uchun xarakterning shaxs turmush sharoitiga bog‘liqligini: a) uning fiziologik asosi ham, b) tashqi taassurotlar tizimi tufayli vujudga keladigan shartli reflektor funksional holati ham tasdiqlaydi.
Xarakter tarkib topishi muayyan qonuniyatlar ta’sirida amalga oshadi. Xarakterning har bir xislati shaxs munosabatlariga bog‘liq bo‘lsa, ular o‘z navbatida ijtimoiy munosabatlar bilan belgilanadi. Nasliy xususiyatlari bir qil egizaklarda turlicha ijtimoiy muhitda har xil xarakter xislatlari shakllanadi. Shu sababdan ijtimoiy tuzimni tavsiflovchi keng ijtimoiy munosabatlar shaxsning ijtimoiy tipik xususiyatlarigina emas, bilki xarakterning individual xususiyatlari (xislatlari) tarkib topishiga ham katta ta’sir o‘tkazadi. Ijtimoiy munosabatlarga bevosita yoki bilvosita bog‘liq tarzda, oilada, bolalar va mehnat jamoalarida hayrixoxlik, o‘rtoqlik, o‘zaro yordamlashish, hamkorlik yoki, aksincha, johillik, zolimlik, badjahillik kabi shaxslar aro munosabatlar trakib topa boshlaydi. Oilaviy muhit, undagi shaxslar aro munosabatlar, farzanlarning miqdori, yoshidagi farqi, nizoli vaziyatlar ko‘rinishi, ota-ona munosabatiga asoslangan holda xarakterning o‘ziga xos xususiyatlari shakllanadi. Bolalar bog‘chasidagi, maktabdagi shaxslararo munosabatlar ham xarakterning mahsus xislatlarini tarkib toptiradi. Mehnat jamoalarida, norasimy guruhlarda ham xarakter xususiyatlarida sezilarli o‘zgarishlar yuzaga keladi. Ilk yoshlik davrida shakllangan xarakter xislatlari nihoyat darajada barqaror bo‘lib, ularga ayrim o‘zgarishlar kiritish juda qiyin kechadi. Shaxsda mayillarning qondirilishi yoki qondirilmasligi bilan bog‘liq holda tarkib topgan munosabatlar o‘zining mustahkamligi bilan ajralib turadi. Xarakter xislatlarining chuqurligi, barqarorligi, doimiyligi ko‘p jihatdan shaxs munosabatlarining onglilik darajasiga bog‘liq. Insonning haqqoniylik, mehnatsevarlik xislatlari tasodifiy tarkib topmagan bo‘lib, uning ongli qarashlariga, ishonch aqidalariga mos tushsa, u holda har qanday qiyin holatlarda ham namoyon bo‘laveradi. Mamlakatimiz fuqorolari xarakterining kuchi va mustahkamligi ularning istiqlol nashidasidadir va vatanparvarlik yuksak his- tuyg‘usidadir. Shunday qilib, psixikaning individual sifat xususiyatlari shaxsning ijtimoiy-tipik munosabatlari bilan qo‘shilgan taqdirdagina xarakter xislatlarini belgilash, tavsiflash imkoniyati vujudga keladi. Psixikaning individual xususiyatlari orasida temperament xususiyatlari alohida ahamiyat kasb etadi . Chunki xarakter bilan temperamentning o‘zaro munosabati ularni fiziologik asoslari bilan belgilanadi. Xarakter xususiyatlarining tashqi jihatdan namoyon bo‘lib aynan shu tarzda muayyan vaqt mobaynida kechishi dinomik xususiyat deyiladi. Xarakter xislatlarining dinomik xususiyati temperament xususiyatlariga bog‘liqdir. Ana shu holatga muvofiq ravishda temperament xususiyatlari ham xarakterning ma’lum xislatlarining vaqt davomida tashqi namoyon bo‘lishi ham temperament tipiga bog‘liq.
Taraqqiyot va tarbiyaning ijtimoiy sharoitlari hamda ularning psixikaning irsiy individual xususiyatlari bilan o‘zaro munosabati xarakter xislatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiflamaydi, balki shaxsning faoliyati orqali belgilaydi. Uning faoliyatiga taalluqli aynan bir xil ijtimoiy sharoitda ham xuddi shu bir xil irsiy xususityalaridan turli xarakter xislatlari shakllanadi. Xuddi shu boisdan xarakterning rivojlanishi shaxsning faol faoliyati jarayonida uning xatti-harakatlariga bog‘liq tarzda amalga oshadi. Xarakterning tarkib topishida faol faoliyatning roli shundaki, xuddi shu faol faoliyatiga xarakterning ifodalaydigan harakatning individual o‘ziga xos usullari tarkib topadi. Harakt usullarining avtomatlashuvi muayyan dinomik streotip hosil qilinishi bilan bog‘liq shartli reflektor funksional holatning mahsulasidir. Avtomatlashuvining bir necha turdagi psixologik mexanizmlari mavjud bo‘lib, ulardan biri-bu odatlardir. Xarakter xislatlari tarkib topishining muhim shartlaridan biri-bu xislatlarni zaruriy xatti-harakatlarda chidam bilan mashq qilishdan iboratdir.
Xarakterning tarkib topishida taqlidchanlikning roli katta bo‘lib, harakt usullari avtomatlashuvining bosh manbai hisoblanadi. Tarkib topish jarayonida taqlidchanlikning ahamiyati ko‘p jihatdan ifodali xatti-harakatlarning shaxs emotsional (hissiy) kechinmalariga ta’siri bilan belgilanadi. Taqlidchanlik xatti-harakat namunasiga taqlid qilish uchun mo‘ljallangan shaxs munosabatlari tomonidan motivlashtirilgandagina xarakter xislatlari shakllantirishning shartiga aylanadi.
Xarakterning shakllanishida muayyan psixik faoliyatga yaxlit ob’yektiv va sub’yektiv mayllik tarzidagi ko‘rsatma berish (ustanovka) psixologik mexanizm negizida yuzaga kelgan avtomatlashish muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rsatma (ustanovka) odatlaridan farqli o‘laroq, muayyan harakatlarga tayyor turishgina bo‘lib qolmay, balki bilish jarayonlariga, xissiy va irodaviy reaksiyalarga ham tayyor turishlikdir.
Xarakterning hosil bo‘lishida nizoli vaziyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Xarakter faqat murakkab va keskin vaziyatlarda (sharoitlarda0 yorqin namoyon bo‘libgina qolmasdan, balki mazkur holatlarda u tarkib ham topadi. Odatda xarakter xislatlarining o‘zgarishidagi individual farqlar shaxsning nizoli vaziyatlardan chiqish uchun qanday yo‘l-yo‘riq topishiga bog‘liq, binobarin, inson sharoitdan kelib chiqib, qanday xatti-harakatni amalga oshirishga qaror qiladi. Shunday qilib, shaxs o‘zining butun hayoti va faoliyati davomida o‘z xatti-harakatlari, odatlari bilan o‘z xarakter xislatlarini o‘zi yaratadi va ularni boshqarishga odatlanadi.
Dostları ilə paylaş: |