Ayollar organizmining hayotiy faoliyati bioritm qonuniyatlariga asosan kechadi. Bu organizmning ish qobiliyati biror davrda yuqori, boshqa davrlarda past deganidir. Ayollarning asosiy biologik xususiyati - bu ovarial menstrual tsikl (OMTS) vaqtida organizm funktsional imkoniyatlarining to’lqinsimon o’zgarishidir. OMTS deganda ayollar organizmida jinsiy etilish davrida (menstruatsiya uning tashqi ko’rinishidan biri hisoblanadi) har oy yuzaga keladigan tsiklik xususiyatli o’zgarishlar tushuniladi.
Hozirgi paytda OMTS beshta fazaga ajaratiladi:
1) menstrual
2) postmenstrual
3) ovulyator
4) postovulyator
5) menstrual oldi.
Menstrual faza- sportchi qizlarda o’rtacha 3-4 kun davom etadi. Bu davrda ular tushkunlik yoki qo’zg’aluvchan holatda buladilar, ko’pincha uyquvchanlik, qorin ostidagi og’riqlar, yomon uyqu, ishtahaning yo’qolishidan nolishadi. Menstruatsiya davrida organizmning katta jismoniy nagruzkalar va infektsiyalarga mustahkamligi buziladi, uning immunitetni himoya qilish vazifalari pasayadi, yurak-qon tomir tizimi faoliyatining buzilishi kuzatiladi.
Postmenstrual faza- mentsruatsiya tugashi bilan boshlanadi, o’rtacha 5 kundan 10 kungacha davom etadi. Bu fazada murakkab fiziologik jarayon - follikulda tuxum xujayraning ning etilishi, so’ngra follikul devorchasining yorilishi hamda tuxum xujayranning chiqishi (ovulyatsiya) sodir bo’ladi.
Ovulyator faza - sportchi qizlar biologik tsiklning o’rtacha fazasi taxminan 2-3 kun davom etadi. Sportchi qizlarda ovulyatsiya davri o’ta alohidadir. U sportchi qizlarning fiziologik imkoniyatlarida aks etadi va trenirovka jarayonini tashkil qilishda albatta ehtiborga olinishi lozim.
Postovulyator faza darhol ovulyator fazadan so’ng boshlanadi va sportchi qizlarda 9 kundan 12 kungacha, biologik tsikl davomiyligiga qarab davom etadi. Bu sportchi qizlarning yuqori ish qobiliyati fazasi hisoblanadi.
Menstrual oldi fazasi yangi menstruatsiyadan 3-4 kun oldin boshlanadi va bosh og’rishi, bosh aylanishi, g’azag’lanishning yuzaga kelishi bilan kechadi. Ushbu fazada yurak qisqarish tezligi (YuQT) va arterial bosim (AB) oshishi mumkin. YuQT 5-15 urG’min.ga, AB - 8-10 mm. sim.ust.ga oshadi. Harakat tezligi, chidamlilik va sport natijalari pasayadi.
OMTS ning kechishi va ayollar organizmining unga reaktsiyasi xususiyati bo’yicha to’rtta guruhni belgilash mumkin.
1-chi guruhga (55,6%) shunday sportchi qizlar kiritilganki, ularda tsiklning hamma fazalarida yaxshi kayfiyat va umumiy holat (funktsional sinovlar ko’rsatkichlari bo’yicha), yuqori sport natijalari saqlanadi.
2-chi guruh sportchi qizlarda (34,5%) menstruatsiya davrida umumiy kuchsizlik, tez kuchayib boruvchi toliqish, uyquchanlik trenirovka qilish istagining yo’qolishi bilan ifodalanadigan gipotonik sindrom yuzaga keladi.
3-chi guruh sportchi qizlari (5%) o’ta g’azablanadigan, bahzan harakat bilan ifodalanadigan gipertonik sindrom belgilariga ega bo’ladilar. Bahzan qizlarda qorin ostida, kamdan kam hollarda umurtqa doirasida og’riqlar, bosh og’rishlari, notinch uyqu yuzaga keladi.
4-chi guruh sportchi qizlarida (4,9%) menstrual faza paytida umumiy darmonsizlik, ishtahaning yo’qolishi, ko’ngil aynashi, bo’g’imlar va mushaklardagi sanchiqli og’riqlar, notinch uyqu, tomir urishi va nafas olishning tezlashishi kuzatiladi.
Sportchi qizlarning menstrual tsikllar davrida trenirovkada yoki musobaqalarda qatnashishi to’g’risidagi masala trener va vrach tomonidan tabaqalashgan holda hal etiladi. Kam tayyorlangan sportchi qizlar OMTS ning menstrual oldi hamda menst-rual fazalarida musobaqalarga qo’yilmasligi kerak. Menstruatsiya davrida mashg’ulotlarning davomiyligi qisqartiriladi.
Shu davrda jizzakilik, qorin ostida, umurtqa pog’onasi doirasida og’riqlar, bosh og’riqlari yuzaga kelganda, shuningdek kayfiyat yomonlashgan hollarda sportchi kizlar mashg’ulotlar va musobaqalardan ozod etiladi.
Sog’lom, yaxshi mashqlangan sportchi qizlar vrach ruxsati bilan menstruatsiya davrida ham musobaqalarda ishtirok etishi mumkin. Aynan shunday kunlarda sportchi qizlar odatdagi, bahzan esa, o’zi uchun eng yaxshi natijalarni ko’rsatadilar.