I bob Noma'lum kishi



Yüklə 0,61 Mb.
səhifə8/11
tarix23.02.2017
ölçüsü0,61 Mb.
#9439
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11

XXI Bob

Oksford-stritda

Birinchi daf'a zinapoyadan tushar ekanman, kutilmagan mushkullikka duch keldim: o'z oyog'ini ko'rmay yurish oson emas ekan, men hatto bir necha marta qoqilib ham ketdim.


Bundan tashqari, eshikning tambasini ochmoqchi bo'lganimda, o'zimda g'alati bir uquvsizlik sezdim. Lekin yerga qaramay qadam qo'yganimdan keyin, tez orada tekis joyda bir qadar durust yura boshladim.

Avval aytib o'tganimday, dimog'im juda chog' edi. Men o'zimni ko'rlar mamlakatida yumshoq tufli va mayin kiyim kiyib yurgan ko'zi ochiq kishiday his qilardim. Nuqul odamlarga hazillashgim, ularni qo'rqitgim, kiftlariga urib-urib qo'ygim, boshlaridan shlyapalarini uchirib yuborgim kelar, umuman g'ayri tabiiy fazilatimdan foydalannb lazzatlanishni istardim.


Biroq Portlend-stritga chiqishim bilanoq (men katta gazlama magazini yonida yashardim) «jingir» etgan ovoz eshitdimu, orqamga bir narsa qattiq urilganini sezdim. O’girilib qarasam, yonimda qo'lidagi sodali suv solingan sifonlar to'la savatiga hayron bo'lib qaraganicha bir kishi turibdi. Elkam qattiq og'ridi, lekin haligi odamning qiyofasi shu qadar kulgili ediki, xaxolab kulib yubordim. «Savatda shayton bor»,— dedimu qo'qqisdan uning qo'lidan korzinani tortib oldim. U ham savatni hech qanday qarshiliksiz qo'yib yubordi, shunda men uni baland ko'tardim.
Ammo shu mahal pivoxonaning oldida turgan bir kaltafahm izvoshchi yugurib kelib savatni tutib qolmoqchi bo'ldi va uning uzatilgan qo'li zarb bilan qulog'im ostiga kelib tegdi. Savatni tashlab yubordim. U sharaqa-shuruq qilib izvoshchining oyog'i ostiga tushdi. Do'konlardan odamlar yugurib chiqib, shovqin-suron ko'tarildi, izvoshlar to'xtab qoldi. Ana shundan keyingina nima qilib qo'yganimni angladim. Ahmoqona xatti-harakatimni la'natlab, bir do'konning derazasiga suyandimda, g'ovur-g'uvur qilayotgan olomon orasidan astagina chiqib ketish uchun qulay fursat kelishini kutib turdim, Agar sal kechikkanimda olomon orasiga tushib qolardim, ana shunda kishilar meni sezib qolishlari turgan gap edi. Men go'sht do'konidan chiqqan bolani chetga surib, yengilgina izvosh orqasiga o'tib bekindim. Baxtimga, bola kim turtib yuborganini sezmay qoldi.

Ular bu hodisaning chigalini qanday yechganlaridan bexabarman. Omadim kelib, ot-aravalar yurmayotgan ko'chani kesib o'tdim-da, hozirgina bo'lib o'tgan janjal-surondan yurak oldirib qo'yganim uchun kechqurunlari xalq ko'p to'planadigan Oksfordstritga chiqqunimcha yo'l tanlamay jadallik bilan ketdim.

Bir ko'nglim olomonga qo'shilib ketmoqchi bo'ldim, lekin xalq juda tig'iz edi, oradan sal vaqt o'tgach, yo'lovchilar oyog'imni bosa boshladilar. Shunda yo'l chetidagi ariqqa tushdim. Oyoq yalang yurishga qiynalardim, bir minutchadan keyin yonimdan o'tib borayotgan karetaning shotisi ikki kuragim o'rtasiga — boya savat zarb bilan tekkan joyga urildi. Bir amallab o'zimni karetadan chetga oldim, jon achchig'ida harakat qilib bolalar aravachasini chetlab o'tdim-da, allaqanday yengil aravaning orqasiga bekinib oldim. Yaxshi bir fikr meni navbatdagi ko'ngilsiz to'qnashuvlardan saqlab qoldi: men sekin yurayotgan ana shu aravaning ketidan bir qadam ham orqada qolmay, izma-iz boraverdim. Sarguzashtlarimning bunday kutilmagan tus olishi meni vahimaga soldi. O’shanda men faqat vahimadangina emas, balki sovuqdan ham qaltirar edim, havo ochiq bo'lgan bu yanvar oqshomida men shir-yalang'och edim, tosh ko'chadagi yupqa loy qatlami deyarli yaxlab qolgandi. Naqadar ahmoqona bo'lsa-da, ko'rinamanmi yoki yo'qmi — lekin men har qalay ob-havo ta'sir etadigan va shamollashi mumkin bo'lgan tirik jon ekanimni unutgan ekanman.

Shu payt miyamga ajoyib bir fikr keldi. Men oldinga yugurib o'tdim-da, aravaga chiqib oldim. Sovuqdan dag'- dag' qaltirab tumovning dastlabki belgilaridan vahimaga tushganimcha, kuragim ostidagi shilingan joylarning alami tobora kuchayib borayotganini his etib, Oksfort-strit va undan naridag'i Totenxem Kort-roud degan kuchalardan aravada sekin borardim.. Endi mening ko'rinmas bo'lib olgandagi ahvolim! Miyamda faqat bir fikr bor edi: nuqul tushib qolgan bu rasvo ahvolimdan qanday qilib qutulsam ekan deb o’ylardim.

Biz imillab kitob magazini oldidan o’tardik; shu payt bir dasta sariq muqovali kitob ko'targan baland bo'yli bir xotin aravakashni chaqirib qoldi, men aravadan tushib olishga arang ulg'urdim, o'shanda konka vagani ostiga kirib ketishimga sal qoldi. Men kam qatnov kvartallarga chiqib olish uchun muzeyning orqasidan shimol tomonga burilmoqchi bo'lib, Blumsberi-skverga qarab jo'nadim. Qattiq sovqotgandim, ahvolimning bema'niligi shu qadar siqardiki, yo'l-yo'lakay piqillab yig'lardim. Blumsberi-skver muyulishida Farmasevtika jamiyati idorasidan bir oq kuchuk yug'urib chiqdi-yu, darhol yerni iskab orqamdan quva boshladi.

Ilgarilari itning burni odamning ko'ziday gapligi sira xayolimga kelmagan ekan. Inson harakatni ko'zi bilan ko'rsa, it uni iskab topar ekan. Razil maxluq mening borligimdan xabardor ekanini yaqqol namoyish qilib atrofimda irg'ishlab akillay boshladi. Men hadeganda o'girilib qarab, Greyt-Rassel-stritni kesib o'tdim-da, Montegyustritning ichkarisiga kirganimdan keyingina ro'paramdan nima kelayotganini payqab qoldim.

Qulog'imga gumburlagan muzika sadosi eshitildi, men Rassel-skver tomonidan kelayotgan katta olomonni — qizil kurtka kiygan odamlar va oldinda hilpirayotgan Xaloskorlar armiyasi bayrog'ini ko'rdim. Ko'chani tutib ketgan shunday tig'iz olomon orasidan o'ta olishimga ko'zim etmasdi, orqaga qaytib, shaharning yanada chekkarog'iga chiqib ketishga esa, yuragim dov bermasdi. Shuning uchun o'sha yerning o'zidayoq bir qarorga keldim: darhol muzey panjarasining ro'parasidagi oq uyning kiraverishidagi zinapoyasiga yugurib chiqdim-da, olomon o'tib ketishini kutib turdim. Baxtimga, kuchuk muzikani eshitib akillashdan to'xtadi-da, bir nafas taraddudlanib turdi, keyin dumini qisib orqaga, Blumsberi-skverga qarab yugurib ketdi.

Olomon ovozini barala qo'yib menga kesatiq qilayotganday «Qachon musharraf bo'lgaymiz yuzin ko'rishga?»—degan gimini kuylaganicha yaqinlashib kelardi. Kishilar nihoyatda ko'p bo'lib, hadeganda olomonning keti uzilmasdi. Barabanning tinmay gumburlashiga mahliyo bo'lib yonimga ikki bola kelib to'xtaganini payqamay qolibman. «Qaragin»,— dedi ulardan biri. «Nimaga qaray?» so'radi ikkinchisi. «Oyoq izi. Xuddi birov yalang oyoq loy kechib yurganga o'xshaydi».

Men yerga boqib bolalar ko'zlarini baqraytirganlaricha yangigina oqlangan zinapoyada oyog'imdan qolgan irkit izlarni ko'zdan kechirishayotganini ko'rdim. O’tkinchilar bolalarni ayamasdan turtib o'tishar, biroq ular bunga parvo ham qilmay, o'z kashfiyotlariga mahliyo bo'lib, mening yonimda turishardi. «Gum, gum, gum, «Qachon, gum, musharraf bo'lgaymiz, gum, uning yuzini ko'rishga, gum, gum...» «Rostdan aytyapman, allakim oyoq yalang shu zinapoyaga chiqibdi,— dedi bolalarning biri.— Lekin pastga qaytib tushmabdi, oyog'idan qon ham oqibdi».

Marosim ko'zdan olislashib borardi. «Anovini qara, Ted, anovini qara!» deb qichqirdi, o'tkir ko'zli izquvarlarning kichkinasi, nihoyatda ajablanib, mening oyog'imni ko'rsatarkan. Men pastga qaradimu, loy hoshiyaga o'ralib, zo'rba-zar ko'zga chalinayotgan oyog'im shaklini ko'rdim. Bir daqiqa tirrakday qotib qoldim.

«Voy-bo'!— xitob qildi bolalarning kattasi.— Bu jula ajoyib-ku! Xudo haqi, bamisoli ajinaning o'zi-ya!» Bir oz ikkilanib turganidan keyin u menga yaqinroq kelib, qo'lini uzatdi. Bu bola nimani ushlab olmoqchi bo'lyapti, deb bir o'tkinchi ularning yonida to'xtadi, keyin ularga yana bir qiz kelib qo'shildi. Bir sekunddan keyin bola oyog'imni ushlagan bo'lardi. Shunda men endi nima qilishim kerak ekanini payqadim. Oldinga bir qadam qo'ydimu, bola chinqirib o'zini bir chetga oldi, jadallik bilan panjara ustidan oshib qo'shni uy oldidagi zinapoyaga o'tdim. Biroq bolalarning kichigi mening harakatimni payqab qoldi, men yo'lkaga tushishga ulgurmasimda- no! U bir daqiqalik esankirashdan o'zini o'nglab «oyoqlar panjaradan oshib tushdi», deb baqira boshladi.

Hamma bola ko'rsatgan tomonga yugurdi-yu, zinapoyaning pog'onalari va pirtoval bo'ylab yashin tezligida yangidan- yangi izlar paydo bo'layotganini ko'rdi.

«Nima gap?» so'radi kimdir: «Oyoqlar! Qaranglar, oyoqlar yugurib ketyapti!»
Meni ta'qib yetayotgan uch kishidan tashqari butun xalq Xaloskorlar armiyasi ketidan shoshilardi, bu odamlar oqimi menigina emas, balki ta'qib etayotganlarni ham yugurishga qo'ymasdi. Chor atrofdan savollar yog'ilar va qayrat nidolari eshitilardi. Men bir o'spirin bolani yiqitib yubordim-da, so'ng Rassel-skver atrofini aylanib qochdim, ajablangan o'tkinchilardan olti yoki yetti kishi izimdan tushdi. Baxtimga, nima gap ekanini bir-biriga tushuntirishga ularning vaqtlari yo'q edi, aks holda butun xaloyiq meni ta'qib etgan bo'lardi.

Ikki marotaba boshqa yoqqa burildim, uch marotaba ko'chani kesib o'tib, yana o'sha yo'l bilan orqamga qaytdim. Oyoqlarim isib, loylari quridi va endi ortiq ho'l iz qoldirmaydigan bo'ldi. Nihoyat, qulay fursat topib, oyoqlarimni qo'llarim bilan tozalab artdim va shu yo'l bilan tamomila ko'zdan yashirindim. Ta'qib etuvchilarni so'nggi daf'a ko'rganimda, ulardan o'n chog'li kishi bir erga g'uj bo'lishib Tevistok-skverda ko'lmakka botgan oyoqlarimdan qolgan izni — Robinzon Kruzo ko'rib qolgan izga o'xshash sirli izni hayratdan dong qotib ko'zdan kechirishardi.

Yuguraverib badanim bir qadar isidi va men kayfim sal joyiga tushgan holda kam qatnov qing'ir-qiyshiq ko'chalardan keta boshladim. Elkam og'rirdi, izvoshchi qulochkashlab tushirgan qulog'imning osti bezillardi, uning tirnog'i terimni shilib yuborgandi, oyoqlarim qattiq og'rir va tovonimning nimadir kesib yuborgani sababli oqsoqlanardim. Ro'paramdan bir so'qir kishi kela boshladi, lekin men o'z vaqtida uni payqab qolib, uning qulog’i sal narsani eshitishidan vahimaga tushdim-da, darhol o'zimni chetga oldi! Men bir necha bor tasodifan o'tkinchilarga urilib ketdim, ular qayoqdan eshitilayotgani ma'lum bo'lmagan so'kinishdan dovdirashib to'xtab qolishardi. Keyin esa, basharamga allaqanday yumshoq narsa qo'nganini payqadimu, pag'a-pag'a qor yog'ayotganini ko'rdim. Shamollab qolgan bo'lsam kerak, tez-tez aksira boshladim. Yo'lda duch kelgan har bir it tumshug'ini cho'zganicha oyog'imni iskab, o'takamni yorardi.

Keyin yonimdan bir odam yugurib o'tdi, uning ortidan ikkinchisi, uchinchisi yugurdi, bir daqiqadan keyin esa, kattalar va bolalardan tashkil topgan butun boshli bir olomon meni quvib o'ta boshladi. Ular o't tushgan yerga — yaqinginada men yashagan uy tomon yugurishardi. Tor ko'chaga mo'ralab, tomlar va telefon simlari ustidan ko'kka ko'tarilayotgan quyuq tutunga ko'zim tushdi. Kvartiram yonayotganiga shubha qilmasdim; meni Greyt-Portlend-stritda kutayotgan chek daftarcham va ilmiy mulohazalarim yozilgan uch qo'l yozma kitobdan tashqari barcha kiyim-kechaklarim, apparatlarim va boshqa buyumlarim o'sha yerda edi. Endi sirayam orqaga qaytolmasdim. Butun uy alangalanib yonmoqda edi.

Ko'rinmas odam jim bo'lib o'ylanib qoldi. Kemp bezovtalanib derazaga boqdi.

— Xo'sh, keyin nima bo'ldi?—dedi u.

— Davom eting.

XXII Bob

Universal magazinda
Shunday qilib, yanvar oyidagi qor va bo'ronda - meni qor qoplaguday bo'lsa, darhol kurinib qolardim _ xoogin tumovga duchor bo'lgan, a'zoyi badanim qaqshab og'riyotgan, tasvirlab bo'lmaydigan darajada baxti qora .. .ko'zga ko'rinmasligimning afzalligiga hali ishongan holda o'z boshimga balo qilib olgandim. Menda na boshpana, na tirikchilik uchun mablag' va na e'timod qilishim mumkin bo’lgan bironta do’st bor edi. Sirni ochish - kelajak uchun tuzgan katta rejalarimdan voz kechish degan gap edi: unda meni antiqa bir narsa sifatida xalqqa ko'z-ko'z qilishgan bo'lardi, xolos. Shundan bo'lishiga qaramay, o'tkinchilardan birining oldiga borib, marhamatiga sig'inishimga sal qoldi. Lekin bundai xatti- harakatim qanday dahshat va qanday ko’z ko’rib, quloq eshitmagan beshafqatlik uyg'otishini juda yaxshi tushunardim. Hozircha yangi rejalar qurishga majolim ham yo’q edi Fakat qordan yashirinish, kiyim-kechak topish va isinishni o'ylardim, ana o'shanda kelajak haqida uylash ham mumkin bo'lardi. Biroq hatto men, Ko'rinmas odam ham London uylarining berk eshiklariga yaqin yo’lamoqdan ojiz edim.

O’sha mahalda qarshimda faqat bir narsani aniq ko’rdim: u ham bo'lsa, sovuq, boshpanasizlik, kechasi qor bo'ronda chekajak azobim edi. Shunda daf'atan miyamga ajoyib bir fikr keldi. Men Gauer-stritdan Totenxem Kort-roudga olib boradigan ko'chaga burilib, «Otpsht» degan ulkan magazin oldidan chiqdim, bilasiz-ku, u yerda hamma narsa: go'sht-yog', baqqollik mollari, ich kiyimlar, mebel, kiyim- kechak, hatto suratlar bilan ham savdo qilishadi. U magazindan ko'ra ko'proq har turli do'konlardan tashkil topgan bahaybat rastaga o'xshab ketadi.

Magazikning eshiklari ochiq bo'lsa kerak deb umid qilgandim, lekin ular yopiq ekan. Nima qilarimni bilmay turgan vaqtimda u yerga bir foytun kelib to'xtadi, shunda «Omnium» deb yozilgan furajka va livreya kiygan darvozabon darvozani lang ochdi. Men sekingina ichkariga kirib oldim, birinchi xonadan o'tib (bu lentalar, qo'lqoplar, paypoqlar va shunga o'xshash mayda-chuydalar bo'limi edi), korzinkalar va to'qima mebellar sotiladigan yanada kengroq xonaga kirdim.

Biroq men o'zimni tamomila xavf-xatardan xoli, deb his etmasdim, chunki bu yerda ham xaridorlar g'ujg'on o'ynashardi. Yuqori qavatdagi hamma yog'iga karavotlar taxlab tashlangan katta zalni topib olgunimcha, magazinda aylanib yurdim. Bu yerda men nihoyat, baland qilib qalashtirib tashlashgan to'shaklar uyumidan o'zimga boshpana topdim. Magazinning chiroqlarini yoqishgan bo'lib, bu yer anchagina issiq edi, men shu topgan boshpanamda qolmoqqa jazm qilib, mebel bo'limida yurgan gumashtalar va xaridorlarni diqqat bilan kuzatganimcha, magazinni yopadigan paytni kuta boshladim. «Hamma ketganidan keyin,— o'ylardim men,— o'zimga ovqat, kiyim-kechak topaman, magazinni aylanib, tekshiraman, hatto karavotlardan birida miriqib uxlab olsam ham bo'ladi». Bu planim amalga oshishi mumkinday ko'rinardi.

Kiyim-bosh olib, unga o'ralib olgan, lekin har qalay unchalik shubha uyg'otmaydigan bir odamga aylanishni, pul topib chek daftarim va qo'l yozma kitoblarimni pochtaxonadan olishni hamda biror yerdan ijaraga joy topib, ko'zga ko'rinmasligimdan qanday foydalanish rejasini tuzib chiqmoqchi bo'ldim.

Oradan ko'p o'tmay magazin bekiladigan vaqt ham bo'ldi; to'shaklar uyumi orasiga kirib olganimdan so'ng bir soat o'tmasdanoq darpardalarini tushirib, xaridorlarni chiqarib yuborisha boshlashdi. Keyin bir talay epchil yigitchalar peshtaxtalar ustida tartibsiz ravishda qalashib yotgan mollarni tezlik bilan yig'ishtirishga kirishdilar, Olomon bir oz siyraklashgach, boshpanamni tashlab, ehtiyotkorlik bilan magazinning markaziy qismlariga yo'l oldim Bir gala yigit va qizlar kunduzi sotish uchun qo’yilgan barcha mollarni naqadar tezlik yig'ishtirib olayotganlarini ko'rib hayron bo’lib qoldim. Barcha faner qutilar, gazlamalar, turli-tuman to'rlar, qandolatfurushlik bo'limidagi shirinliklar solingan yashiklar, peshtaxtaga yoyib tashlangan har turli buyumlarning barini yig'ishtirib, o'rab-chirmab saqlash xonasiga olib kirishar, yig'ishtirish va yashirish mumkin bo'lmagan narsalarni esa, allakanday dagal matodan tikilgan jild bilan quyishardi. Nihoyat barcha stullar peshtaxta ustiga terib qo'yilgach, polda hech nima qolmadi, ishlarini tugatib magazindan chiqib ketayotganlarida shunday quvondilarki, gumashtalarning bunaqangi quvonganini sira ko’rmagan edim. Keyin bir to'da o'smirlar qipiq, chelak va supurgi ko'tarib kirishdi.

Men o'zimni ulardan olib qochishga qanchalik urinmay, baribir qipiqlar oyog'imga kelib tegardi. Bo'shab qolgan qorong'i xonalarda kezib yurar ekanman, ancha mahalgacha cho'tkalarning polga urilib shaqirlaganini eshitib turdim. Nihoyat, magazin yopilgandan keyin bir soatdan mo'lroq vaqt o'tgach, qulog'imga eshiklarni qulflashayotgani eshitildi. Jimlik cho'kdi va hayhotday magazinning xona va yo'laklarida yolg'iz o'zim qoldim. Hammayoq suv quyganday jimjit edi: magazinning Totenxem Kort-roud tomondagi eshigi oldidan o'tarkanman yo'lovchilarning oyoq tovushlarini eshitganim esimda.

Hammadan burun men paypoq va qulqoplar bo’limiga bordim. Qorong'ida kichkina yozuv stolining tortmasini axtarib zo'r-bazo'r gugurt topdim. Endi sham ham topish lozim edi. Yashiklar va korobkalarning qopqog'ini ko'chirib, ularning ichini titkilashga to'g'ri keldi, nihoyat shamni topdim: u ustiga «Shimlar va fufaykalar» deb yozib qo'yilgan qutining ichida yotgan ekan. Keyin paypoq, jundan to'qilgan qalin sharf oldim, so'ng tayyor kiyimlar bo'limiga chiqdim-da, u yerdan shim, mayin kalta kameul, palto va ruhoniylar kiyadiganga o'xshash keng soyabonlik shlyapa oldim. Shundan keyin o'zimni yana odamdek his qildimu, darhol qornim ochligini esladim.

Yuqori qavatda tamaddixona bor ekan, o'sha yerdan yaxshi go'sht topdim. Choynakda jinday kofe qolgan ekan, gazni yoqib uni isitdim. Qisqasi, ancha o'zimga keldim. Keyin odeyal axtarib (oxirida bir necha par to'shak bilan qanoatlanishga to'g'ri keldi), qandolatfurushlik bo'limiga kirib qoldim, bu yerda bir talay shokolad va shakar-qiyomga solingan mevalar (ulardan ko'p yeb qo'yib, naq bo'kib qolayozdim) va bir necha shisha burgund vinosi topdim.

Qandolatxona yonida o'yinchoqlar bo'limi joylashgan ekan, ana o'sha yerda xayolimga ajoyib bir fikr keldi: men bir nechta sun'iy burun topdim (bilasizmi, pape-mashedan yasalgan burunlar) va shu zahoti qora ko'zoynak haqida o'ylab qoldim. Baxtga qarshi, bu magazinda optik bo'lim yo'q ekan. Lekin burun men uchun juda muhim edi-da; avvaliga hatto grim to'g'risida ham o'ylab ko'rdim. Sun'iy burun topganimdan so'ng parik, maska va boshqa narsalar haqida xayol surib ketdim. Nihoyat, issiqqina va mayin par to'shaklar ustida uxlab qoldim.

Shu g'ayri tabiiy o'zgarishga uchraganimdan beri o'zimni hali biror martaba ham shu kuni kechqurun uyquga ketayotganimdagiday yaxshi his qilmagan edim. Men tamomila xotirjam edim va endi ishlarimning yurishib ketishiga ishonardim. Ertalab kiyingan va yuzimni oq sharf bilan yashirgan holda hech kimga sezdirmay chiqib ketaman, keyin o'g'irlagan pulimga qora ko'zoynak olaman va shunday qilib barcha anjomim taxt bo'ladi deb o'ylardim. Kechasi keyingi bir necha kun ichida boshimdan o'tgan barcha ajoyib hodisalar aralash-quralash bo'lib tushimga kirdi. Tushimda uyimning egasi bo'lmish yahudiyni, uning dovdirab qolgan o'gay o'g'illarini, mushugini so'rab kelgan kampirning bujmaygan basharasini ko'rdim. Keyin tug'ilib o'sgan shaharcham va otamning qabri ustida «tuproqdan yaratilgan eding, yana tuproqqa kirasan»... deb tumov bo'lib qolganidan ming'illab oyat o'qiyotgan keksa vikariyni ko'rdim.

«Sen ham»,— dedi allakimning tovushi va birdaniga meni qabrga sudrab qolishdi. Men o'zimni qutqarishga urinar, baqirar, go'rkovlarga yalinib-yolvorardim, lekin ular churq etmay janozaga quloq solishardi; keksa vikariy ham to'xtalmasdan bir maromda janoza o'qir, faqat aksirgan mahalidagina o'qishdan to'xtardi. Meni ko'rmasliklarini ham, ovozimni eshitmasliklarini ham bilar va batamom meni mag’lub etgan kuchlar hukmida ekanimni anglardim. Jon- jahdim bilan qarshilik ko'rsatishimga qaramay, meni gurs etib qabrga, tobut ustiga tashladilar-da, keyin ustimdan tuproq torta boshladilar. Hech kim meni payqamas, hech kimsa mening mavjud ekanimni xayoliga keltirmasdi. Jon holatda tipirchilab, uyg'onib ketdim.

Londonda bo'ladigandek, osmon xiralashib tong otmoqda edi, deraza pardalari orasidagi tirqishlardan ichkariga sovuq kul rang yorug'lik kirardi. O’rnimdan turib o'tirdim- da, peshtaxta va temir ustunlar qatorlashib ketgan, to'p- to'p gazmol va to'da-to'da ko'rpa-yostiqlar uyulib yotgan bu ulkan imoratning qanaqa joy ekanini ancha mahalgacha tushunolmay turdim. Keyin hammasi esimga tushdi. Shu payt kimlarningdir ovozini eshitdim.

Olisdan darpardalarni ko'tarishgani sababli yorishib ketgan xona tomondan ikki kishi menga yaqinlashib kelardi. Men qayoqqa yashirinsam ekan, deb irg'ib o'rnimdan turdim, ana shu harakatim meni ularga sezdirib qo'ydi. Ular faqat jadal uzoqlashib borayotgan ko'lagani sezib qolishda deb o'yladim. «Kim bor bu yerda?»—deb baqirdi ulardan biri. «To'xta!»—deb qichqirdi ikkinchisi. Muyulishda burilib, o'n beshlarga kirgan ozgin o'spirin bolaga duch kelib qoldim.

Yigitcha chinqirib yubordi, axir, men boshsiz jasad edim-da. Men uni urib ag’dardimu, oldinga tashlanib yana muyulishga burildim, shunda miyamga bir yaxshi fikr keldi: peshtaxta orqasiga uzala tushib yotib oldim. Oradan bir minut chamasi vaqt o'tgach, yugurib kelayotgan odamlarning oyoq tovushlarini eshitdim, har tomondan: «Eshiklarni qulflanglar!» «O’zi nima gap?»—degan ovozlar eshitilardi va meni qanday qilib qo'lga tushirish haqida maslahatlar yog'ila boshladi.

Men qo'rqqanimdan jonim halqumimga kelib, polda cho'zilib yotardim. Qizig'i shundaki, o'sha mahalda kiyimlarni yechib tashlash sira esimga kelmabdi, aslida shunday qilish oppa-oson edi. Men kiyinib chiqib ketmoqchi bo'lgandim, ana shu fikr miyamga qattiq o'rnashib qolgan bo'lsa kerak. Keyin peshtaxtalar orasidagi uzun yo'lakdan «Ana u!» degan hayqiriq eshitildi.

O’rnimdan sakrab turdimu, peshtaxta ustidan bir stulni olib «Ana u» deb qichqirgan o'sha ahmoqqa qarab otdim, keyin yugurib ketdim. Muyulishda boshqa bir kishiga duch keldim-da, uni ham uloqtirib yuborib zinapoyadan yuqori qavatga tashlandim. Zinapoyaning tepasiga rang-barang qilib naqshlangan sopol idishlar qalashtirib qo'yilgan ekan, oti bir balo edi-ya, esingizda yo'qmi?

— Gultuvaklar,— eslatdi Kemp.

— Ha, ha, gultuvaklar. Yuqori pog'onada to'xtadim-da, orqamga o'girilib, o'sha gultuvaklardan birini oldimu, orqamdan quvib kelayotgan ahmoqning kallasiga qarab otdim.

— Hamma gultuvaklar ag'darilib ketdi, qiy-chuv ko'tarildi, har tomondan magazin xodimlari yugurib kela boshladilar. Men oyog'imni qo'limga olib tamaddixonaga qarab yugurdim. Lekin u yerda oq xalat kiygan, oshpazga o'xshash bir odam bor ekan, u ham mening ketimdan quva ketdi. So'nggi kuchimni to'plab shartta o'girildim-da, lampa va temir-tersaklar bo'limiga kirib oldim. Peshtaxta orqasiga o'tib, uni kutib turdim. Oshpaz olomon oldida ko'rinishi bilan, unga lampa otdim. U ag'darilib tushdi, men bo'lsam peshtaxta orqasida engashib turib, shosha-pisha kiyimlarimni yecha boshladim. Kalta kamzul, shim va boshqa hammasi osongina yechildi, lekin qurib ketgur fufayka bamisoli teringga yopishib qolganday bo'ladi. Oshpaz zarbadan gangib qolibmi yoki qo'rqqanidan hushini yo'qotibmi peshtaxtaning narigi tomonida harakatsiz yotardi, lekin men yana oyoqlarning tapir-tupurini eshitdim, ta'qib etuvchilar yaqinlashib kelmoqda edi, shunda bamisoli butalar orasidan quyon singari yana oyog'imni qo'limga olib qochishga majbur bo'ldim.

— «Polisiyachi, bu yoqqa yuguring!» qichqirdi kimdir. Men yana mebel bo'limiga kirib qolgandim, uning narigi boshida qator bo'lib kiyim shkaflari turardi. Men ana shu shkaflarning qoq o'rtasiga kirib polga yotdim-da, ilonbaliqday to'lg'anib, nihoyat fufaykani yechib tashladim.

Muyulishdan polisiyachi bilan magazinning uch xodimi ko'ringan mahalda, men qip-yalang'och bo'lib, nafasim og'zimga tiqilganicha, qo'rqqanimdan dag'-dag titrab turardim. Ular jiletka va kalsonga tashlanishdi, shimga yopishishdi. U o'ljasini tashlabdi,— dedi gumashtalardan biri.

—O’zi shu yaqin o'rtada bo'lishi kerak».

— Biroq ular meni topisha olmadi.

Ular meni qanday axtarayotganlarini ko'rib, ishim yurishmagani uchun taqdirni la'natlab turardim, chunki kiyim-kechakdan mahrum bo'lgandim-da, axir. Xonaga borib ozroq sut ichdim va kamin oldida o'tirib ahvolim haqida o'ylay boshladim.

Tez orada bu yerga ikki gumashta kelib, bo'lib o'tgan hodisani qizg'in muhokama qila boshladi. Ular o'rni tagida yo'q, g’irt yolg'on gaplarni gapirishdi! Men yetkazgan zararlar haqida zo'r mubolag'a bilan so'zlashib, qayerga yashiringanim to'g'risida turli-tuman gumonlar qilishdi.

Keyin yana bundan buyon qiladigan ishlarim rejasi haqida bosh qotira boshladim. Hozirgina bo'lib o'tgan to's-to'polonlardan so'ng magazindan biror narsani olib ketish amri mahol edi. Buyumlarni o'rab-chirmab, keyin jo'natishning iloji yo'qmikin, deb pastdagi skladga tushdim, lekin ularning kontrol sistemasini tushuna olmadim. Ertalab soat o'n birlarda magazinda ortiq qolishga hech qanday ma'no yo'q degan fikrga keldim-da, qor yerib havo kechagidan iliqroq bo'lgani uchun ko'chaga chiqdim. Ishim yurishmaganidan qattiq umidsizlikka tushdim.


Yüklə 0,61 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin