I bob Noma'lum kishi


XXVIII Bob Ovchi ta'qib ostida



Yüklə 0,61 Mb.
səhifə11/11
tarix23.02.2017
ölçüsü0,61 Mb.
#9439
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11

XXVIII Bob

Ovchi ta'qib ostida
Kempning uyini qamal qilish boshlangan mahalda qo'shni villaning egasi mister Xilas shiyponida uxlab yotgan edi. Mister Xilas «Ko'rinmas odam haqidagi bema'ni oldi-qochdi gaplarga» ishonishni aslo istamaydigan kamchilik o'jarlar toifasiga mansub kishilardan edi.

Lekin uning xotini mish-mishlarga ishonadigan bo'lib, bu haqda eriga bir necha marta gapirgan edi. Mister Xilas parvo qilmay bog'iga sayr qilgani chiqdi. Tushki ovqatdan keyin esa, eski odati bo'yicha, shiyponda yonboshladi. Ko'rinmas odam Kempning uyi oynalarini urib chil-chil qilayotgan mahalda mister Xilas tinchgina uxlab yotgan edi, ammo birdaniga uyg’onib ketib, ish pachava ekanini payqab qoldi.

U Kempning uyiga nazar tashladi, ko'zini ishqalab yana qaradi. So'ngra oyog'ini osiltirib o'tirib oldi-da, quloq soldi. U duo o'qib qaradi, lekin g'alati manzara ko'z oldidan ketmadi.

Kempning uyi huvillab, talon-toroj qilingan tashlandiq joyga o'xshab qolgandi. Derazalarning hamma oynalari urib sindirilgandi, yuqori qavatdagi kabinetdan tashqari barcha xonalarning deraza qopqalari ichkaridan berkitib qo'yilgan edi.

— O’lay agar,— dedi mister Xilas va soatiga qaradi,— yigirma minut ilgari hamma oynalar but-butun edi.

Olisda ketma-ket urilayotgan zarba va oynalarning jaranglab sinishi eshitilardi. Keyin, u anqayganicha og'zini ochib o'tirgan mahalda yanada qiziqroq bir voqea yuz berdi.

Yemakxonaning darchasi ochilib, deraza oldida boshiga shlyapa va egniga palto kiygan oqsoch xotin paydo bo'ldi, u kuchining boricha derazani ochishga urinardi. Qo'qqisdan uning yonida ikkinchi bir odam paydo bo'lib, unga yordamlasha boshladi. Doktor Kemp!

Bir daqiqadan keyin deraza ochilib, oqsoch xotin undan oshib tushdi; u g'izillab yugurganicha bir zumda butazor ichiga kirib ko'zdan yo'qoldi. Mister Xilas shunday g'alati voqealarning guvohi bo'lganidan qattiq hayajonlanib, allanima deb ming'illaganicha o'rnidan turdi. U qanday qilib Kempning deraza tokchasiga chiqqani va u yerdan tashkariga sakrab tushgani, so'ng shu zahotiyoq butalar ekilgan yo'lkada paydo bo'lganini ko'rdi.

U go'yo birovdan yashirinayotganday engashib yugurardi. U butalar orqasida g'oyib bo'ldi, keyin yana ochiq maydon tomondagi ihota oldida ko'rindi. Kemp ko'z ochib yumguncha ihotadan bir hatlab o'tdi-da, qiyamalikdan Xilasning shiyponchasiga qarab yugurdi.

— Yo rabbiy!—xitob qildi mister Xilas, dahshatli fikrdan hangu mang bo'lib.

— Bu o'sha ablah Ko'rinmas odam-ku! Demak, hammasi bor gap ekan-da!

Mister Xilas uchun bu fikr jadal harakat boshlamos kerak degan ma'noni anglatardi. Yuqori qavatning derazasidan qarab uni kuzatib turgan oshpaz xotin xo'jayinining uy tomon soatiga to'qqiz mildan ortiq tezlik bilan yugurib kelayotganini ko'rib hayron bo'ldi.

— Nimadan bunchalik qo'rqdikin-a!—pichirladi oshpaz xotin.

— Oyog'i kuygan tovuqday yugurishini qarang uning.

Eshiklarning taraqlab yopilgani, qo'ng'iroqchaning jiringlagani eshitildi va mister Xilas:

— Eshiklarni yopinglar! Derazalarni yopinglar! Hamma yoqni berkitinglar! Ko'rinmas odam kelyapti!— deb baqira boshladi.

Shu zahoti butun uy shovqin-suron va tapir-tupurga to'lib ketdi. Ayvon eshiklarini yopgani mister Xilasning o'zi yugurdi, shu mahal devor orqasidan Kempning boshi, yelkasi va tizzalari ko'rindi. Bir minut o'tgach, Kemp sarsabil jo'yagi ustidan bir sakrab o'tdi-da, sersoya maydoncha orqali uyga tomon yugurdi.

— Yo'q, mumkin emas,— dedi mister Xilas, eshikni tambalar ekan.

— Ming afsus, lekin orqangizdan quvib kelayotgan bo'lsa, bu yoqqa kirishi mumkin.

Kempning dahshatdan burishib ketgan basharasi derazaga yopishdi. U ayvon eshigini taqillatib, shiddat bilan qabzani torta boshladi. Harakatlari behuda ketayotganini ko'rib, ayvondan yugurib borib boqqa sakradi-da, yon tomondagi eshikni taqillatishga kirishdi. Keyin yonboshdagi eshikdan yugurib tashqariga chiqdi-da, imoratni aylanib o'tib, ko'cha bo'ylab chopa ketdi.

Kemp deraza oynasidan vahima bilan qarab turgan mister Xilasning ko'zidan yashirinishga ulgurmasdanoq, ko'zga ko'rinmas oyoqlar shafqatsizlik bilan sarsabil jo'yagini payhon qilib o'tdi. Shunda mister Xilas qushday uchib zinapoyadan yuqori qavatga chiqdi va keyingi voqealarni ko'rolmay qoldi. Lekin deraza oldidan yugurib o'tayotganida qulog'iga yonboshdagi ko'cha eshik taraqlagani chalindi.

Kemp sakrab yo'lga tushgach, tepalik etagiga qarab yugurdi. Bundan to'rt kungina burun uning o'zi kabinet derazasidan mister Marvelning yugurishini ko'rib, ensasi qotgan edi. Mana endi shu hol uning o'z boshiga tushdi. Ko'pdan beri mashq qilmagan odamga taqqoslanganda, Kemp ancha yaxshi yugurmoqda edi.

Garchi rangi o'chib, a'zoyi badani qora terga botib ketgan bo'lsada uning miyasi xotirjam va aniq ishlardi. U lo'killab chopar, o'ng'aysiz joylar, notekis toshloqlar yoki quyoshda yaraqlab ko'rinayotgan oyna parchalari duch kelganda, ta'qib etuvchisining oyoqlariga qaysi yo'lni xohlasa, o'sha yo'lni tanlash ixtiyorini berib o'zi to'g'ri boyagi noqulay yo'ldan yugurardi.

Kemp umrida birinchi marta tepalikdagi yo'l haddan ziyoda uzoq va xilvat, shahargacha bo'lgan masofa esa nihoyatda olis ekanini payqadi. Olamdagi harakatlar orasida yugurishday mushkul va imillaydigan harakat usuli bo'lmasa kerak. Choshtgoh quyoshi ostida mudrayotgan villalarning eshik va derazalari taqa-taq berk edi. To'g'ri, bu uning o'z ko'rsatmasiga binoan qilingandi.

Lekin biror odamning fahmi yetib har ehtimolga qarshi bo'layotgan voqealarni kuzatib turgan bo'lsa koshki edi! Olisda shaharning qorasi ko'rindi, dengiz ko'zdan yashirindi, pastda odamlar bor edi. Xuddi shu mahalda tepalik etagiga konka yaqinlashib kelmoqda edi. U yerda esa, polisiya idorasi bor. Lekin orqadan nima eshitilyapti, oyoq sharpasimi? Jadalroq yugurish kerak!

Pastdagi odamlar unga tikilib turishardi, bir necha kishi ura qochdi. Kempning o'pkasi og'ziga tiqilib qoldi. Endi konka juda yaqin kelib qolgandi, «Quvnoq kriketchilar» qovoqxonasida taraq-turuq qilib eshiklarni berkita boshladilar. Konkaning orqasida xodalar va zaxob yerni quritishda ishlatish uchun to'kib qo'yilgan bir uyum shag'al bor edi.

Kemp bir zum, irg'ib konkaga chiqsamu, eshikni yopib olsammikin, deb o'yladi, lekin darhol bu fikridan qaytib, to'g'ri polisiya idorasiga borganim durust deb jazm qildi. Bir minutdan keyin u «Quvnoq kriketchilar» qovoqxonasi yonidan o'tib, ko'chaning oxiriga, odamlar orasiga chiqdi. Konkachi bilan uning yordamchisi otlarni chiqarishni ham unutib, og'izlarini ochgancha Kempga anqayib turardilar. Shag'al uyumi ortidan hayron bo'lib qolgan yer qazuvchilar qarab turishardi.

Kemp yugurishini sal sekinlatdi, lekin orqasidan ta'qibchisining tez yaqinlashib kelayotganini eshitib, yanada qattiqroq yugurdi.

— Ko'rinmas odam!—qichqirdi u yer qazuvchilarga orqa tomonga qo'l siltab. Keyin birdan baxti yurishib chuqurning narigi betiga sakrab o'tdi. Natijada u bilan Ko'rinmas odam o'rtasida bir necha zabardast yer qazuvchilar paydo bo'lib qoldi. Kemp polisiya idorasiga borish fikridan kechib, tor ko'chaga burildi, so'ngra ko'kchining aravasi yonidan gizillab o'tib, allaqanday do'kon eshigi oldida bir lahzagina qadamini sekinlatdi-da, katta ko'chaga chiqadigan xiyobondan yugurib ketdi.

U paydo bo'lgan mahalda daraxtlar ostida o'ynab yurgan bolalar chinqirishib, har tarafga qochishdi, bir necha derazalar ochilib, achchig'i qaynagan onalar uning orqasidan allanimalar deb baqirib qolishdi. U yana konka to'xtaydigan joydan uch yuz yardcha naridagi Xillstritga chiqdi va ayyuhannos solib, yugurib kelayotgan odamlarni ko'rdi.

Kemp tepalik tomonga cho'zilib ketgan ko'chaga qaradi. O’zidan yigirma yard chamasi narida qattiq so'kinib va belkuragini silkitib barvasta yer qazuvchi yugurib kelardi; uning orqasidan esa, mushtini o'qtalib konka konduktori chopardi. Ularning ketidan baqirishib-chaqirishib, allakimga o'dag'aylashganicha bir to'da odamlar yugurishardi. Boshqa tarafdan ham shahar tomonga qarab erkak va ayollar shoshib-pishib kelishardi. Shu payt Kemp do'konlarning biridan tayoq ko'targan bir kishi yugurib chiqqanini ko'rdi.

— Atrofini o'rab olinglar! Atrofini!— deb qichqirdi allakim.

Kemp birdaniga vaziyat tubdan o'zgarganini payqab qoldi. U nafasini rostlagani to'xtab, atrofga alangladi.

— U shu orada,— dedi Kemp.

— O’rab olinglar...

— Aha!— degan Ovoz eshitildi.

Kempning quloq-chakkasi aralash qattiq bir musht tushdi-yu, u gandiraklab ketdi. Yiqilishiga sal qolgan Kemp ko'rinmas dushmani tomon o'girilib, hamla qilishga urindi, lekin solgan mushti xato ketdi. Keyin o'zi jag'iga qattiq bir musht yeb yerga ag'darilib tushdi. Bir lahzadan keyin qorniga tizza qadaldi va ikki qo'l jon achchig'ida uning hiqildog'idan bo'g'di, lekin bir qo'lning ikkinchisiga nisbatan zaifroh ekani sezilib turardi.

Kemp Ko'rinmas odamning panjasini siqdi, qattiq ingragan ovoz eshitildi, shu payt birdan Kempning boshi uzra yer qazuvchining belkuragi ko'tarildi-da, gursillab allanimaga tegdi. Kempning yuziga bir nima tomdi. Uni bo'g'ayotgan qo'llar birdaniga zaiflashdi; Kemp bir zo'r berib o'zini xalos etdi-da, dushmanining bo'shashib qolgan kiftidan tutib, ko'zga ko'rinmas tirsaklarini qayirganicha, uni bosib tusha boshladi.

— Men uni tutdim,— chinqirdi Kemp,— Yordam beringlar, yordam! Oyog'idan ushlanglar.

Bir lahzada butun olomon Ko'rinmas odamning ustiga yopirildi. Bexabar tomoshabin bu yerda qizgin futbol o'yini bo'lyapti deb o'ylashi mumkin edi. Kempning chinqirig’idan so'ng hech kimsa lom-mim deb og'iz ochmadi, urilayotgan musht, tepki va halloslab olingan nafas tovushigina eshitilardi, xolos.

Ko'rinmas odam jon achchig'ida bir necha muxolifini ustidan irg'itib tashlab, o'rnidan turishga muvaffaq bo'ldi. Kemp bamisoli bug'uning tomog'idan olgan tozi itday Ko'rinmas odamga yopishdi, shu choq o'nlarcha qo'llar ko'rinmas jasadga hamla qilishdi, uni mushtlashdi, tortqilashdi.

Konka konduktori uning bo'ynidan xippa bo'g'ib yana yerga ag'dardi

Tag'in Ko'rinmas odamni olomon qilib urish boshlandi. Rostini aytganda, kishilar bechorani shafqatsizlik bilan urishardi. Qo'qqisdan: «Rahm qilinglar! Rahm qilinglar!»—degan faryod eshitildi va darhol bo'g'iq ingroqqa aylanib jim bo'lib qoldi.

— Bo'ldi qilinglar, ahmoqlar!— qichqirdi Kemp bo'g'iq tovush bilan, olomon darhol orqaga tislandi.

U yarador, yarador deyapman-ku, sizlarga. Keyinroq surilinglar!

Nihoyat, qizishib g'uj bo'lib olgan olomon Kempning bamisoli yerdan o'n besh dyuymcha yuqorida muallaq turganday tiz cho'kkanini ko'rdi; u ko'rinmas qo'llarni yerga bosmoqda edi; polisiyachi ko'rinmas oyoqlarni ushlab turardi.

— Uni bo'shatmanglar!— qichqirdi yer qazuvchi, qonga belangan belkuragini bosh ustida o'ynatib.— Mug'ambirlik qilyapti!

Mug'ambirlik qilayotgani yo'q,— dedi Kemp, ko'zga ko’rinmas jasad oldida tizzasi bilan o'tirib,— undan tashqari, men uni mahkam ushlab turibman,— Kempning basharasi yorilgan bo'lib, endi shisha boshlagan edi; u arang gapirar, labidan esa qon oqardi. U qo'lini ko'tardi va chamasi yerda yotgan Ko'rinmas odamning yuzini paypaslab ko'ra boshladi. Og'zining hamma yog'i xo'l,— dedi u va birdan qichqirib yubordi:—E rabbiy!

Kemp irg'ib o'rnidan turdi va yana ko'zga ko'rinmas jasad oldida tiz cho'kib o'tirdi. Tag'in turtinish, tiqilish boshlandi. Hamma uylardan odamlar yugurib chiqishardi. «Quvnoq kriketchilar» qovoqxonasining eshigi lang ochildi.

Kemp go'yo bo'shliqni paypaslaganday, qo'lini u yoqdan- bu yoqa olib borardi.

— Nafas olmayapti,— dedi u.

— Yuragi ham urmayapti. Uning biqini... Oh!

Barvasta yer qazuvchining tirsagi ostidan mo'ralab turgan bir kampir qo'qqisdan qichqirib yubordi:

— Qaranglar!— dedi u, burishgan barmog'ini cho'zib.

Hamma odamlar kampir ko'rsatgan tomonga qarab yerda behol yotgan qo'l tarxini ko'rdi, qo'l go'yo shishadan yasalganga o'xshardi, uning hamma qon tomirlari, hamma suyak va nervlarini ko'rish mumkin edi. Qo'l shaffofligini yo'qotib, kishilar ko'zi o'ngida xiralashmoqda edi.

— Uho',— deb xitob qildi konstebl.

— Mana oyoqlar ham ko'rina boshladi.

Shunday qilib ohistalik bilan qo'llar va oyoqlardan boshlangan bu g'alati, ko'zga ko'rinadigan mavjudotga aylanish jarayoni sekin-asta hayotiy markazning barcha a'zolariga tarqala boshladi. Bu, zaharning badanga tarqalishini eslatardi.

Dastavval badanning xiraroq tarxini hosil etib ingichka oq nervlar paydo bo'lardi, keyin avval yupqa tuman shaklida, lekin oradan sal o'tmay, xiralashib, tig'izlanib muskullar va terilar paydo bo'lardi. Tez orada pachaqlangan ko'krak, yelkalar va dabdala bo'lgan yuzning g'ira-shira shakli namoyon bo'ldi.

Nihoyat olomon orqaga chekinib, Kemp oyoqqa turishga muvaffaq bo'lgach, hamma o'ttiz yoshlarga kirgan, urib abjag'i chiqarilgan yigitning yalang'och va nochor murdasi yerparchin bo'lib cho'zilib yotganini ko'rdi. Uning soch va soqoli oq edi, lekin keksalarning soch-soqoli singari emas, balki albinoslarnikiga o'xshash oppoq bo'lib, ko'zlari bamisoli anor donalari singari qip-qizil edi. Uning qo'llari changak bo'lib, ko'zlari baqraygan, basharasida esa g'azab va umidsizlik ifodasi qotib qolgan edi.

— Basharasini yopinglar!—qichqirdi birov.

— Xudo haqi, basharasini yopinglar!

Murdani «Quvnoq kriketchilar» qovoqxonasidan olingan choyshab bilan o'rashib, uyga olib kirishdi. Ana shu yerda, chala qorong'i xonadagi ayanch o'rindiqda, johil, jazavasi tutgan olomon o'rtasida kaltaklanib dabdalasi chiqqan, xiyonatga duchor bo'lgan va shafqatsizlarcha ta'qib ostiga olingan, odamzod orasida birinchi bo'lib ko'zga ko'rinmas bo'lishning uddasidan chiqqan kishi — olamda tengsiz iste'dodli fizik Griffin o'zining g'alati va dahshatli hayot yo'lini tugatdi.


Xotima
Ko'rinmas odamning ajoyib halokatli tajribasining qissasi ana shunday tugaydi. Mabodo u haqda batafsilroq ma'lumot olishni istasangiz, Port-Stou yaqinidagi mo’jazgina mayxonaga kirib, mayxonachi bilan suhbatlashing. Bu mayxonaning viveskasi bir burchagiga shlyapa, ikkinchi burchagiga esa boshmoqning surati ishlangan quruq taxtadan iborat. Mayxona ham ushbu kitobning nomi bilan atalgan.

Basharasi qip-qizil mayxonachi pak-pakana, burni uzun, semiz va paxmoq soch odam. Ko'proq iching, shunda u, albatta yuqorida yozib o'tilgan voqealardan, keyin o'zining boshidan o'tgan gaplarni hamda qanday qilib sud uning yonidan topilgan pullarni tortib olmoqchi bo'lganini sizga batafsil gapirib beradi.

— Bu pullar kimniki ekanini aniqlash mumkin emasligiga ishonch hosil qilishgandan keyin, ular bu odamga bir xazina sifatida qarash kerak, deyishsa bo'ladimi. Qani, o'zingiz ayting-chi, xazina bilan mening qanday o'xshashligim bor? Keyin esa, bir janob shu qissani hikoya qilib berganim uchun har kechaga bir gineydan to'ladi.

Basharti siz uning shaloladay quyilayotgan xotiralarini darhol to'xtatmoqchi bo'lsangiz, undan, bu voqeada qandaydir qo'l yozma kitoblar ishtirok etmaganmidi, deb so'rasangiz bas.

U kitoblar haqiqatan ham bo'lganini tan oladi, keyin qasamyod etib, hamma odamlar o'sha kitoblar menda deb hisoblasalar-da, bu gap g'irt yolg'on, ular menda emas, deb e'tiroz bildiradi.

— Ko'rinmas odam ularni mendan olgan va men undan qochib Port-Stouda yashiringan mahalimdayoq allaqayerga berkitgan. Kitoblar menda degan uydirma gaplarni mister Kemp tarqatib yuribdi.

Shundan so'ng u har safar xayolga cho'madi, sizni o'g'rincha kuzatadi, asabiylashib stakanlarni artadi va nihoyat xonadan chiqib ketadi.

U keksa bo'ydoq, shuning uchun ham uyida birorta ham xotin zoti yo'q. Uning hamma ustki kiyimlarini tugma bilan qadaydi — uning tutgan mavqei shuni talab qiladi — lekin podtyajka va boshqa, ko'zdan nariroq kiyimlari uchun hali ham kanop va chizimchalar ishlatadi. Ishda unchalik uddaburo emas, lekin o'z mayxonasining obro'si uchun jon kuydiradi. Uning harakatlari sust, o'zi esa xayolchanlikka moyilroq. Yashab turgan joyida uni aqlli odam deb bilishadi, reja bilan ish tutgani uchun hamma uni hurmat qiladi.

Janubiy Angliya yo'llari haqida esa u sizga har qanaqangi yo'l ko'rsatkichdan mukammalroq ma'lumot beradi.

Yakshanba kuni ertalab yilning barcha fasllaridagi har yakshanbada va har kecha soat o'ndan keyin ozroq suv qo'shilgan djindan bir stakanini olib, yemakxonaga kiradi, shundan so'ng eshikni qulflaydi, darpardalarni ko'zdan kechiradi, hatto stolning ostigacha qaraydi. O’zining tamomila yolg'iz qolganiga ishonch hosil qilgach, shkafni ochadi, u yerdan uchta rang charm muqovali kitobni oladi- da, ularni tantana bilan stolning o'rtasiga qo'yadi.

Kitoblarning muqovasi titilgan va ustini yashil po'panak bosgan (chunki bu kitoblar bir kechani zovurda o'tkazganlar), bir necha sahifalari esa, iflos suvda tamomila yuvilib ketgan. Mayxonachi kresloga o'tiradi, kitoblarga mahliyo bo'lib tikilganicha salmoqlanib sopol trubkasiga tamaki bosadi. Shundan keyin u kitoblardan birini oldiga suradi-da, sahifalarini goh boshidan oxiriga qarab, goh oxiridan boshiga qarab ochganicha uni o'rganishga kirishadi. Qoshlari chimiriladi, lablari pichirlaydi.

— Olti, yuqorida kichkina ikki, krestcha va ilmoq. E rabbiy, rosa miyasi butun odam ekan-da!

Saldan keyin uning ishtiyoqi susayadi, u o'zini kresloning suyanchig'iga tashlaydi-da, tutun orasidan bamisoli oddiy odamlarning ko'ziga ko'rinmaydigan narsani ko'rayotganday xonaning ichkarisiga qaraydi.

— Bunda qancha sirlar bor,— deydi u,— aql hayron qoladigan sirlar bor...

Eh, koshki edi shu sirlarning tagiga etilsa!

Men undaqa qilmagan bo'lardim.

Qani endi men... eh!

— U chuqur nafas olib, tutunni puflaydi.

Shunda u orzuga — o'z hayotining o'lmas va ajib orzusiga cho'mib ketadi.

Kempning tinimsiz olib borayotgan axtaruvlarga qaramay, Ko'rinmas odam siri va boshqa ko'pdan-ko'p ajoyib sirlarni o'zida saqlaydigan kitoblar qayerda ekanini olamda mayxonachining o'zidan bo'lak xech kim bilmaydi. Ha, mayxonachi tirik ekan, buni hech kimsa bilmaydi.


1897 yil.




Yüklə 0,61 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin