I bob Noma'lum kishi


XXV Bob Ko'rinmas odamni ta'qib etish



Yüklə 0,61 Mb.
səhifə10/11
tarix23.02.2017
ölçüsü0,61 Mb.
#9439
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11

XXV Bob

Ko'rinmas odamni ta'qib etish
Avvaliga Kempning poyma-poy hikoyasidan hech nima tushuna olmadi. Ularning har ikkalasi zinapoyada turishardi. Kemp hali ham Griffindan qolgan kiyim- kechaklarni qo'lida tutib turardi. Nihoyat bo'lib o'tgan voqeaning mohiyatiga tushuna boshladi.

— U telba bo'lib qolgan,— shosha-pisha gapirardi Kemp,— u odam siyoqini yo'qotib, hayvonga aylangan. Faqat o'zi to'g'risida o'ylaydi. U o'z foydasi va xavfsizligidan bo'lak hech nima bilan ishi yo'q.

Men bugun uning hikoyasini eshitdim — u, o'lguday xudbin odam... Shu kungacha u odamlarni mayib qilib yurardi.

Basharti biz uni tutmasak, endi u odam o'ldirishga boshlaydi. U el o'rtasida vahima tarqatadi. U har qanday yovuzlikdan toymaydi.

Hozir u g’azabdan quturgan holda erkinlikda yuribdi.

— Gapning qisqasi, uni qo'lga tushirmoq kerak.

Lekin qanday qilib?— xitob qildi Kemp va daf'atan, tez-tez gapira ketdi:

— Hozirning o'zidayoq tadbir ko'rmoq kerak.

Griffin bu yerlardan ketmasin uchun hammani oyoqqa turg’izish lozim. Aks holda u mamlakatni kezib yurib odamlarni mayib qilish va o'ldirish bilan shug'ullanadi. U terror hokimiyati orzusida! Tushunyapsizmi? U terror o'rnatmoqchi!

Siz poezdlar, tosh yo'llar va kemalarda nazorat o'rnatmog'ingiz kerak. Qo'shin chaqiring. Birdan-bir umid shuki, u juda qadrlaydigan kitoblarini topib olmaguncha bu yerdan olisga ketmaydi. Buni sizga keyin tushuntirib beraman.

Sizning polisiya idorangizda Marvel degan odam o'tiribdi...

— Bilaman,— dedi Eday.

— Kitoblarni aytyapsiz-da. Biroq u daydi...

— O’sha kitoblar o'zida ekanini bo'yniga olmayapti. Lekin Marvel ularni yashirganiga Ko'rinmas odamning imoni komil.

Eng asosiy masala shundaki, Ko'rinmas odamning ovqatlanish va uxlashiga yo'l qo'ymaslik kerak.

Odamlar kechayu-kunduz bedor bo'lib, hech qanday ovqat topa olmasligi uchun qorovullik qilishlari lozim. Hammayoq qulflanishi kerak. Hamma uylar qulflansin! Iloyim havo sovib, yomg'ir quysin-da! Yoshu-qari — hamma odamlar uni tutishda ishtirok etishlari kerak! Tushunyapsizmi, Eday, qanday qilib bo'lmasin uni qo'lga tushirish lozim!

Aks holda boshimizga mudhish falokat keladiki, bu haqda o'ylashning o'zi kishini vahimaga soladi.

— Biz xuddi siz aytganingizday harakat qilamiz,— dedi Eday.

— Hozir men bora solib ishga kirishaman. Balki siz ham biz bilan birga borarsiz? Qani ketdik! Harbiy kengash chaqiramiz, Xolsni, temir yo'l ma'muriyatini taklif etamiz.

Xudo, haqi, biror minut vaqtni bekor ketkazish mumkin emas... Yo'l-yo'lakay menga bo'lgan voqeani batafsil gapirib berasiz. Yana qanday tadbir ko'rsak ekan-a? Manovi xalatni tashlasangiz-chi, axir!

Bir nafasdan keyin Eday bilan Kemp pastga tushishdi. Eshik lang ochiq edi va ikki polisiyachi hali ham angrayishganicha bo'shliqqa tikilib turishardi.

— Qochib ketdi, ser,— dedi polisiyachilarning biri.

— Biz hozir Markaziy idoraga boramiz,— dedi Eday.

— Biringiz izvoshchi topib, ketimizdan etib borishini buyursin.

Xo'sh, Kemp, bu yog'iga nima qilamiz?

— It kerak,— dedi Kemp.

— It toping. It uni ko'rmaydi-yu, lekin sezadi. It toping.

— Yaxshi,— deb uning fikriga qo'shildi. Eday.

— Sir bo'lsa ham aytay: Xolsteddagi turma ma'muriyati orasida bir kishi bor, o'sha izquvar itlar saqlaydi. Shunday qilib, it topish lozim.

Xo'sh, u yog'i nima bo'ladi?

— Esingizdan chiqmasin,— dedi Kemp,— uning egan ovqati to hazm bo'lib ketmaguncha badanidan ko'rinib turadi. Demak, u ovqatlangandan so'ng yashirinishi lozim.

Xamma yoqni, har bir burchak, har bir butaning ostini axtarish kerak bo'ladi. Uning uchun qurol xizmatini o'tashi mumkin bo'lgan hamma narsalarni ko'zdan yo'qotish kerak. U hech narsani uzoq vaqt olib yura olmaydi. Odamlarga hamla qilish uchun nimadan foydalanish mumkin bo'lsa, hammasini bekitib tashlash lozim.

— Buni ham qilamiz,— dedi Eday.

— U qo'limizdan qochib qutulmaydi, bizga muddat bering.

— Yo'llarga esa,— gap boshladi Kemp, lekin shu zahoti tili tutilib qoldi.

— Nima?—so'radi Eday.

— Maydalangan oyna sepish kerak. Bu shafqatsizlik, albatta, lekin uning qanday kulfatlar keltirishi mumkinligini nazarga olganda...

Eday hushtak chalib yubordi.

— Juda oshirib yubormadingizmi? Bu g'irromlik bo'ladi axir. Hay mayli, basharti u haddidan oshib ketadigan bo'lsa, ishlatish uchun u narsani ham tayyorlatib qo'yaman.

Men sizga aytdim-ku, u odam emas, balki yirtqich hayvon,— dedi Kemp.

Shu qochganidan keyin o'zini o'nglab olsa bas. Qanday bo'lmasin, biz undan oldinroq harakatimizni qilib qolishimiz kerak. Uning o'zi insoniyatga qarshi chiqdi.

Shunday ekan, insoniyat xuni uning gardaniga tushsing.


XVI Bob

Uikstidning o'ldirilishi
Barcha belgi Ko'rinmas odam Kempning uyidan yugurib chiqqanda juda darg'azab ekanini ko'rsatardi. Ko'cha eshigi oldida o'ynab yurgan bola yerdan ko'tarib olinib shu qadar qattiq uloqtirib yuborildiki, natijada boyaqishning oyog'i sindi.

Shundan so'ng bir necha soat davomida Ko'rinmas odamdan darak bo'lmadi. Uning qayoqqa ketib, nima ishlar qilganini hech kim bilmasdi. Biroq uning bu jazirama iyun kunida, o'z taqdirini la'natlagani, toqqa qarab yugurgani, undan Port-Berdokning ortidagi ohak tepaliklaridan qochib borib horg'in va tinka-madori qurigan holda Xintondin yaqinidagi butazordan o'ziga boshpaga topganini osongina tasavvur etish mumkin...

Shu joyda u aql-hushini boshiga yig'ib, o'zi kabi kishilarga qarshi kurashish uchun plan tuzgan, lekin hozir barbod bo'lgan planini pishiqlab yangitdan o'ylab olishga qaror qilgan bo'lsa kerak.

Griffinning xuddi ana shu yerga borib yashiringani tayin, chunki kunduzi soat ikkilar chamasida o'zining o'sha yerda ekanini u yovuzlarcha va fojiali bir tarzda oshkor qildi.

O’sha vaqtda uning kayfiyati qanaqaligi va qanday niyatda ekanini tusvirlab bilish mumkin, xolos. Kempning xiyonatidan uning g'oyatda quturib ketgani shubhasiz, Kemp qanday maqsadda shunday qilgani hammaga tushunarli bo'lsa-da, har qalay bunday kutilmagan xiyonat qanday g'azab qo'zg'atishi va hatto bu g'azabni qisman oqlashi ham mumkinligini tasavvur etish uncha qiyin emas.

Ehtimol, Ko'rinmas odam yana Oksford-strit voqeasi vaqtida bo'lgani singari sarosimaga tushib qolgandir: axir, u Kemp mening insoniyatni terror qilish haqidagi shafqatsiz planimni ro'yobga chiqarishda yordam beradi deb aniq ishongan edi-da.

Har qalay peshinga yaqin u g'oyib bo'ldi va kunduzi soat ikki yarimgacha nimalar qilganini hech kim bilmaydi. Insoniyat uchun uning g'oyib bo'lgani bir hisobda, balki yaxshi hamdir, lekin bunday faoliyatsizlik Griffinning o'zi uchun fojiali bo'lib chiqdi.

Ana shu ikki yarim soat mobaynida butun okrug bo'ylab tarqalgan ko'plab odamlar ishga kirishdilar. Ertalab Ko'rinmas odam el nazarida faqat bir ermak, oddiy qo'riqchi edi, choshgohga borib esa, Kempning quruq, lekin ma'nodor xitobnomasi tufayli u yarador qilinishi, tirik yoxud o'lik holda qo'lga tushirilishi lozim bo'lgan, mavjudligi muqarrar dushmanga aylandi va barcha aholi g'oyatda tezlik bilan kurashga tayyorlana boshladi.

Hatto kunduzi soat ikkida ham Ko'rinmas odam poezdga minib qochib qutulishi mumkin edi, lekin soat ikkidan so'ng buning ham iloji bo'lmay qoldi. Sautgempton, Manchester, Brayton va Xorshem oraligida bo'lgan keng masofadagi temir yo'llarning hammasida passajir poezdlar eshiklarini qulflab ketishar, yuk poezdlar harakati esa, deyarli to'xtatilgan edi. Port-Berdok atrofidagi yigirma mil radiusli katta doirada yo'llar va dalalarda qurollangan, qo'llarida cho'qmor tutgan va it etaklagan odamlar uch-to'rt kishi bo'lib izg'ib yurishardi.

Otliq polisiyachilar tevarak-atrofdagi qishloqlarni aylanib, har bir uy oldida to'xtab, aholiga eshiklarini qulflab o'tirish va qurolsiz ko'chaga chiqmaslik kerakligini o’qtirishardi. Soat uchda maktablar yopildi va qo'rqib ketgan bolalar g'uj-g'uj bo'lishib uylariga yugurishdi. Soat to'rtlarga yaqin Kemp tomonidan yozilgan va Eday tomonidan imzolangan xitobnoma butun okrugga yopishtirib chiqilgan edi.

Xitobnomada Ko'rinmas odamga qarshi kurashishning barcha tadbirlari qisqa, lekin aniq qilib ko'rsatilgandi: uning ovqatlanishi va uxlashiga yo'l bermaslik, biror joyda uni sezib qolishgan zahoti qat'iy choralar ko'rish uchun har mahal hushyor bo'lib turish lozimligi aytilgan edi. Okrug ma'muriyatining harakatlari shu qadar jadal va keskin, xavf oldidagi qo'rquv shu qadar kuchli ediki, to qosh qorayguncha butun okrugdagi bir necha yuz kvadrat mil masofada qamal holati e'lon qilindi.

Xuddi shu kun kechqurun qo'rqib ketgan va sergak bo'lib turgan o'lka dahshatdan seskanib tushdi: mister Uikstidning o'ldirilishi haqidagi aniq ovoza og'izdan og'izga ko'chib yashin tezligida tarqaldi.

Basharti Xintondin yaqinidagi butazorda yashiringan bo'lsa kerak, to'g'ri chiqsa, u holda Ko'rinmas odam peshindan keyin, qurol ishlatmasdan bajarib bo'lmaydigan bir ish uchun yashiringan joyidan chiqqani aniq. Maqsadi nima ekanini aniqlashning iloji yo'q, lekin shunday bir maqsadi bo'lgani turgan gap. Mening nazarimda, bu maqsad borligini rad etib bo'lmaydi; axir Uikstid bilan to'qnashuvidan burun Ko'rinmas odam allaqayerdan topgan temir chiviqni bekordan-bekorga ko'tarib yurmagandir, axir.

Bu to'qnashuvning tafsiloti haqida hech narsa bilmaymiz. Bu voqea lord Berdokning villasi darvozasidan ikki yuz yardcha naridagi qum qazib olinadigan chuqur yoqasida yuz berdi.

Hamma narsa: yerdagi izlar, Uikstidning badanidagi son-sanoqsiz jarohatlar va uning sinib yotgan hassasi qattiq olishuv bo'lganidan dalolat beradi, lekin qotillik vasvasasidan bo'lak qanday sabab uning Uikstidga hujum qilishga majbur etganini tasavvur etish qiyin. Xayolga, balki miyasi aynib qolgandir, degan fikr o'z-o'zidan keladi. Lord Berdokning ish boshqaruvchisi bo'lmish qirq besh yoshli mister Uikstid dunyoda eng yuvosh odamlardan biri edi va u bunday dahshatli dushmanga birinchi bo'lib hujum qilmagan bo'lardi, albatta. Mister Uikstid, chamasi, buzilgan panjaradan sug'urib olingan temir chiviq bilan jarohatlangan bo'lsa kerak. Ko'rinmas odam uyiga tinchgina nonushta qilgani kelayotgan bu beozor kishini to'xtatib unga hujum qilgan, bir nafasda uning zaif qarshiligini yengib, urib qo'lini sindirgan, keyin bechorani yerga ag'darib miyasini po'la qilgandi.

Aftidan, Ko'rinmas odam o'z qurboni bilan uchrashmasidan burun panjaradan sug'urib olgan bo'lsa kerak. Yana ikki tafsilot bu voqeani bir qadar oydinlashtirishga yordam beradi. Birinchidan, qum qaziladigan joy mister Uikstidning uyiga boriladigan yo'l ustida bo'lmay, balki ikki yuz yardcha narida edi. Ikkinchidan, maktabdan kelayotgan qizaloqning bergan guvohligiga qaraganda, marhum g'alati «lo'killab» yugurganicha dala orqali qum olinadigan joy tomonga ketayotgan ekan.

Qizchaning taqlid qilib ko'rsatishicha, go'yo mister Uikstid goho hassasini o'qtalib, yerda sudralib ketayotgan bir narsani ta'qib etayotgan ekan, degan fikrga kelish mumkin. Sho'rlik mister Uikstidning tirik chog'ida so'nggi marta ko'rgan odam ana shu qizaloq edi. O’shanda mister Uistidni ajal haydab ketgan ekan; u pastga tushgan, o'sha joydagi daraxtlar so'nggi olishuvni qizaloqning ko'zidan yashirgan.

Bu tafsilotlar shu satrlarning muallifiga, Uikstidning o'limi bejiz emasligini ko'rsatdi. Griffin temir chiviqni birovni o'ldirish niyatda emas, balki oddiy qurol sifatida olib kelayotgandir, deb faraz qilish mumkin.

Shunda unga Uikstnd ro'para kelib, o'zidan-o’zi xavoda uchib ketayotgan temir chiviqni ko'rib qolgan bo’lishi mumkin. Mister Uikstid Ko'rinmas odam haqida hech narsa o'ylamay, (axir bu joylar bilan Port-Berdokning o'n mil keladi) temir chiviqning ketidan ergashgan bo'lishi mumkin. Ehtimol, u Ko'rinmas odam haqida hech nima eshitmagandir ham.

Bundan bu yog'iga Ko’rinmas odam o'zining shu yerdaligini oshkor qilishni istamay asta-sekin uzoqlasha boshlagan, qiziqishi ortib, mahliyo bo’lib qolgan Uikstid esa, bamisoli jonli narsadan harakat qilayotgan g'alati temir chiviqning ketidan qolmay boravergan va oxirida uni hassasi bilan urgandir deb o’ylamoq mumkin.

Oddiy vaziyatda Ko'rinmas odam o’zini ta'qib etayotgan va yoshi bir yerga etib qolgan bu odamdan osongina qochib qutulgan bo'lardi, albatta, lekin marhum Uikstid jasadining holati dushmanini qalin o’sgan qichitqi o’t bilan qum olinadigan chuqur orasiga qamab o’zini falokatga giriftor qilgay deb o'ylashga asos beradi.

Ko'rinmas odamning haddan ziyoda serzardaligini eslaganda, keyingi bo'lgan voqealarni tasavvur etish unchalik qiyin emas.

Lekin bularning hammasi shunchaki faraz. Yakkayu-yagona fakt (chunki bolalarning aytgan gaplariga har vaqt ham ishonaverib bo’lmaydi) — o'ldirilgan Uikstidning qonga belangan jasadi-yu, qichitqi o't orasida yotgan temir chiviqdir. Chamasi, temir chiviqni tashlab yuborishiga qattiq hayajonga tushib, nima maqsadda qurollanganini unutib qo’ygan (agar shunday maqsadi bo'lgan bo'lsa) sabab bo’lishi mumkin.

Albatta, u ashaddiy xudbin va shafqat nimaligini bilmaydigan odam edi, lekin oyog'i ostida qonga belanib uzala tushib yotgan dastlabki qurbonining ko’rinishi uning qalbida unutilmish pushaymonlarni uyg'otgan va bir muddat uni yovuz niyatlardan kechishga undagan bo'lishi mumkin.

Mister Uikstidni o'ldirganidan so'ng Ko'rinmas odam tepaliklar tomon qochgan bo'lsa kerak. Aytishlaricha, Fern Bottom yaqinidagi dalada ishlayotgan ikki kishi kechqurun allaqanday sirli tovush eshitganlar. Birov ho'ngrab yig'labdi, xaxolab kulibdi, voy-voylab faryod chekibdi, goho esa ovozini barala qo'yib hayqiribdi. Buni eshitish juda ham dahshat bo'lsa kerak.

Tovush bedazor ustidan eshitilib borib, olisda, tepaliklar bag’rida g'oyib bo'libdi.


Ko'rinmas odam o'zi ko'ngil yorib aytib bergan gaplardan Kemp qanday tez foydalanganiga o'sha kuni kechqurunoq ishonch hosil qilgan bo'lsa kerak.

Chamasi u barcha eshiklarni qulf ko'rgan, temir yo'l stansiyalarida daydib yurgan, musofirxonalarga kirmoqchi bo'lgan, shubhasizki, hamma yerga yopishtirilgan xitobnomalarni o'qib, o'ziga qarshi qanday tadbirlar ko'rilganini anglagan. Kech kirishi bilan dalalarga qurollangan guruh-guruh odamlar tarqalib, itlarning akillashi eshitila boshladi.

Ular dushman bilan olishgan mahalda bir-birovlariga qanday yordam berish haqida maxsus ko'rsatma olgan edilar. Lekin Ko'rinmas odam ularga duch kelmaslikka muvaffaq bo'ldi. Hozir shafqatsizlik bilan unga qarshi ishlatilayotgan barcha ma'lumotlarni o'zi aytib berganini eslasak, uning quturishi sababini qisman tushunsak bo'ladi. Har qalay shu kuni uning ruhi tushib ketdi. Uikstid bilan to'qnashuvni hisobga olmaganda, deyarli bir kechayu bir kunduz davomida u o'zini qopqonga tushgan hayvon singari his etdi.

Kechasi u ovqatlangan va uxlab tiniqqan bo'lsa kerak, chunki ertalab yana u tetik va bardam bo'lib qolgandi: u qaytadan baquvvat, serg'ayrat, makkor va serzarda bo'lib, butun olamga qarshi o'zining so'nggi jangiga hozir edi.




XXVII Bob

Qamal qilingan uyda
Kemp bir parcha iflos qog'ozga yozilgan g'alati maktub oldi. «Menga qarshi kurashga otlanish bilan nimaga erishmoqchi ekaningizni tasavvur eta olmasam-da, siz ajoyib gayrat va fahm-farosatingizni namoyish qildingiz,— deb yozilgan edi maktubda.

— Kun bo'yi meni ta'qib etdingiz va kechasi ham uyqudan mahrum etmoqchi bo'ldingiz. Lekin shunga qaramay, to'yib ovqatlandim, xohishingizga qarshi o'laroq uxlab oldim. O’yin mana endi boshlanadi. Ha, o'yin mana endi boshlanadi!

Uning terrorga murojaat qilishdan bo'lak choram qolmayapti. Shu xatim bilan Terrorning dastlabki kunini e'lon qilaman. Bugundan boshlab Port-Berdok qirolichaning tasarrufida emas, shu gapni polisiyangiz boshlig’i va uning shaykasiga etkazing: bu yer mening tasarrufimdadir. Bu yerda endi Terror hokim. Bugungi kun yangi davr — Ko'rinmas odam davri birinchi yilining birinchi kunidir. Men — Ko'rinmas odam Birinchi bo'laman.

Avvaliga mening hukmronligim shafqatli bo'ladi. Bugun faqat birgina kishi qatl etiladi, boshqalarga ibrat bo'lsin uchun Kemp familiyali odam o'ldiriladi. Bugun shu kishining ajali yetadi. Xoh uyning ichidan qulflab o'tirsin, xoh yashirinsin, xoh atrofini soqchilar bilan o'rasin, xohlasa zirhli kiyim kiysin — baribir ajal, ko'zga ko'rinmas ajal uni o'z domiga tortadi. Mayli, ehtiyot choralarini ko'rsin, qaytaga uning o'limi mening xalqimga yanada ko'proq ta'sir baxsh etadi. Ajal bugun peshin mahalida pochta qutisidan yo'lga chiqadi.

Xat pochtachi kelish oldidan qutiga tashlanadi-yu, shu zahoti ajal ham o'z ishini boshlaydi! O’yin boshlandi. Ajal unga yaqinlashmoqda. Ey xalqim, men ham shunday o'limga duchor bo'lmay desang, unga yordam berma. Bugun Kemp o'lmog’i kerak».

Kemp xatni ikki qayta o'qib chiqdi.

— Bu hazil emas,— dedi u.— Bu uning ovozi! U endi ishga kirishdi.

U qog'ozni ag'darib, adresida «Xintondin» shtempelini va «Ikki pens to'lab olinsin» degan oddiy yozuvni ko'rdi.

Kemp nonushtasini oxirigacha yemay o'rnidan turdi-da, (xat kunduzi soat ikkida kelgandi), yuqoriga, o'z kabinetiga chiqdi. U ish boshqaruvchi ayolni chaqirib, unga darhol uyining hamma yog'ini aylanib chiqishni, deraza ilgaklarini ko'zdan kechirishni va qopqalarini yopishni buyurdi. Yotog'idagi stolning qulflog'lik tortmasidan ixcham to'pponcha olib, uni diqqat bilan ko'zdan kechirdi-da, kurtkasining cho'ntagiga solib qo'ydi.

Keyin u bir nechta xat yozdi, jumladan, polkovnik Edayga ham xat yozib, ularni eltib berish uchun oqsochga topshirarkan, uydan qanday chiqish xususida unga aniq ko'rsatma berdi.

— Hech qanday xavf-xatar yo'q,— dedi u va dilida «siz uchun» deb qo'shib qo'ydi. Shundan so'ng bir oz xayolga cho'mib o'tirdi, keyin o'rnidan turib, sovib qolgan nonushtasi yoniga bordi.

U fikrga tolgani holda parishonlik bilan tamaddi qilardi. Keyin stolga qattiq bir musht urdi.

— Biz uni qo'lga tushiramiz,— xitob qildi u.

— Albatta mening payimga tushib keladi.

Ana shunda qo'lga tushadi qo'yadi.

Kemp hamma eshiklarni taqa-taq qilib qulflab, yuqori qavatga ko'tarildi.

— Bu o'yin,— dedi u.— Lekin o'yin bo'lganda ham, g'ayri tabiiy o'yin. Siz ko'zga ko'rinmas va dovyurak bo'lsangiz ham, mister Griffin, mening yutishim aniqroq.

U deraza oldida turib quyosh yog'dusi ostida yastanib yotgan tepalikka boqardi.

— U har kuni o'ziga rizqi ro'z topishi kerak-ku, axir. Uning ahvolini orzu qilmayman.

Kechasi uxlab olishga muvaffaq bo'lgani rostmikan-a? Tepasiga birov kelib qolmasligi uchun biror yerda, ochiq havoda uxlagandir-da... Koshki edi, shu issiq havo o'rniga sovuq tushib, yerlar loy bo'lsa... Lekin shu daqiqada u meni kuzatib turgan bo'lishi ham mumkin-ku.

Kemp derazaga yaqin bordi-yu, birdan cho'chib o'zini orqaga tashladi. Allanima rom tepasidagi devorga kelib qattiq urilgan edi.

— Asabimning juda mazasi qochib qolibdi,— dedi u o'zicha, ammo besh minutlar chamasi derazaga yaqin yo'lashga yuragi dov bermay turdi.

— Boyagi narsa chumchuq bo'lsa kerak,— dedi u.

Shu mahal u ko'cha eshikning qo'ng'irogi chalinganini eshitib, yugurib pastga tushdi. Kemp tambani tortib, kalitni buradi-da, zanjirni ko'zdan kechirdi, so'ng uni mahkamlagach, ehtiyotkorlik bilan o'zini panada tutib, eshikni qiya ochdi. Tanish ovoz eshitildi. Bu polkovnik Eday edi.

— Sizning oqsochingizga hujum qilishibdi,— dedi Eday eshikning naryog'idan.

— Nima?!—xitob qildi Kemp.

— Uning qo'lidan xatingizni tortib olishibdi. Ko'rinmas odam shu yaqin orada. Meni uyga kiriting.

Kemp zanjirni ochdi, shunda Eday sal qiya ochilgan eshikdan bir amallab ichkari kirdi.

Kemp qaytadan eshikni tambalagach, polkovnik sal erkin nafas oldi.

— Xatni oqsochingiz qo'lidan tortib olishibdi. Bechora ayol juda qo'rqib ketibdi. Hozir u mening idoramda. O’takasi yorilay deganidan hali ham o'ziga kelolmaydi. Ko'rinmas odam shu yaqin orada. Xatda nima yozgan edingiz?

Kemp so'kindi.

— Qip-qizil ahmoqman-da!—dedi u.

— Shuni o'ylamabman: Xintondin bilan bu yerning orasi bor-yo'g'i bir soatga yetar-yetmas yo'l-ku, axir! Tamom!

— Nima gap?— so'radi Eday.

— Mana buni ko'ring,— dedi Kemp va Edayni o'z kabinetiga boshladi. U polkovnikka Ko'rinmas odamning maktubini uzatdi. Eday uni o'qib chiqqach, sekin hushtak chalib qo'ydi.

— Xo'sh, siz-chi?—so'radi u.

— Tuzoq qo'ydim,— dedi Kemp,— lekin, ahmoq bo'lmasam, planni oqsochdan berib yuboramanmi! To'g'ridan-to'gri Ko'rinmas odamning qo'liga topshiribman uni.

Eday Kemp yog'dirayotgan la'natlarini bardosh bilan eshitdi.

— U qochib ketadi,— dedi Eday.

— Yo'q, qochmaydi,— e'tiroz bildirdi Kemp.

Yuqoridan oynaning charsillab singani eshitildi. Edayning ko'zi Kempning cho'ntagida do'ppayib turgan to'pponchaga tushdi.

— Kabinetning oynasi sindi!— dedi Kemi va birinchi bo'lib yuqoriga ko'tarila boshladi. Yuqori pog'onaga yetmay turib ular yana oyna singanini eshitishdi.

Kabinetda ular uchta derazadan ikkitasining oynasi singani, oyna siniqlari pol bilan bitta bo'lgani va yozuv stoli ustida katta tosh yotganini ko'rishdi. Har ikkalalari ag'dar-to'ntar qilingan kabinetga boqqanlaricha ostonada to'xtab qolishdi. Kemp yana so'kindi va shu daqiqada go'yo to'pponchadan o'q uzilgandek, bir narsa qarsilladi va uchinchi derazaning oynasi ham chil-chil bo'lib polga to'kildi.

— Buning nima keragi bor?— dedi Eday.

— Bu ishning boshlanishi,— javob qildi Kemp.

— Tashqaridan bu yerga chiqishning iloji yo'qmi?

— Hatto mushuk ham chiqa olmaydi,— dedi Kemp.

— Deraza qopqalari ham yo'q shekilli?

— Bu yerda yo'q. Lekin barcha pastki xonalarda... Oho! Pastda oynaning singani va qattiq zarbadan taxtalarning taraqlagani eshitildi.

— Bunisi, chamamda... yotoqda bo'lsa kerak. U butun uyni ostin-ustun qilmoqchi. O'ziyam qip-qizil ahmoq ekan. Deraza qopqalari berk, singan oynalar ko'chaga to'kiladi. Qaytaga o'zining oyog'i kesiladi.

Yana bir deraza chilparchin bo'ldi. Kemp bilan Eday nima qilishlarini bilmay zinapoyada turishar edi.

— Bilasizmi, nima qilamiz,— dedi Eday,— menga tayoqmi yoki shunga o'xshagan bir narsa bering, men idoraga borib, it yuborishlarini buyuraman. Shunda uni qo'lga tushiramiz! Itlar o'n minutlardan keyin shu yerda bo'ladi...

Yana bir derazaning ham bo'lari bo'ldi.

— To'pponchangiz yo'qmi mabodo?— so'radi Eday. Kemp cho'ntagiga qo'l soldi-yu, keyin ikkilanib qoldi.

— Yo'q,— javob berdi u,— har qalay ortiqchasi yo'q.

— Men uni qaytarib olib kelaman,— dedi Eday.

— Axir, siz xavf-xatarsiz joydasiz-ku.

Kemp mulzam bo'lib to'pponchasini berdi.

— Endi eshikni ochgani boraylik,— dedi Eday. Eshikka yaqinlashishga yuraklari betlamay, yo'lakda turishgan mahalda birinchi qavatdagi yotoqxonaning derazalaridan biri qarsillab qoldi. Kemp eshik oldiga borib, iloji boricha ehtiyotkorlik bilan tambani ocha boshladi. Uning bir oz rangi o'chgan edi.

— Chiqing,— dedi Kemp.

Bir lahzadan keyin Eday tashqariga chiqdi-yu, Kemp eshikni qaytadan tambalab oldi. Eday sal to'xtadi, chunki eshikka suyanib turish har holda xavfsizroq edi. Keyin qaddini tik tutib shahdam qadamlar bilan zinapoyadan pastga tushdi.

U o'tloqdan o'tib ko'cha eshikka yaqinlashdi. Ko'katlarni shabada silkitganday bo'ldi. Edayning yonida qandaydir harakat sezilardi.

— Bir minut sabr eting,— dedi Ovoz.

Eday taqqa to'xtab, cho'ntagidagi to'pponchani mahkam ushladi.

— Nima gap o'zi?— dedi rangi o'chib, qovog'i solingan Eday, uning asabi nihoyatda qo'zg'ab ketgandi.

— Basharti uyga qaytib kirsangiz, meni behad xursand qilgan bo'lardingiz,— dedi Ovoz, xuddi Edayning o'zi singari zarda bilan.

— Baxtga qarshi, qaytib kira olmayman,— dedi Eday bo'g'iq tovush bilan va quruqshagan lablarini yaladi. Uning payqashicha, Ovoz so'l tomonida edi, baxt, deb o'q uzsa nima bo'larkin-a?

— Qayoqqa ketyapsiz?— so'radi Ovoz.

Har ikkalalari jadal harakat qildilar, shu choq Edayning qo'lida to'pponcha yaltiradi.
Lekin u o'z niyatidan qaytib, o'ylanib qoldi.

— Qayoqqa borish — bu mening ishim,— dedi u salmoqlanib.

U gapni aytib tugatmasidanoq ko'rinmas qo'l uning hiqildog'iga yopishdi, yelkasiga Griffinning tizzasi tiraldi-yu, polkovnik yuz tuban yiqildi. Shundan so'ng Eday bir amallab to'pponchani oldi-da, tusmollab o'q uzdi; shu lahzada uning og'zi-burni aralash qattiq bir musht tushirib, to'pponcha qo'lidan yulqib olindi.

Edayning nari ketayotgan ko'rinmas oyoqdan tutib qolaman deb qilgan harakati zoye ketdi. Polkovnik turishga urindi-yu, lekin qaytadan yiqildi.

— E, la'nati!—xitob qildi u.

Ovoz kulib yubordi.

— Men sizni o'ldirgan bo'lardimu, o'q hayf ketadi- da,— dedi u.

Eday olti fut chamasi narida muallaq turib o'ziga o'qtalaltgan to'nponchani ko'rdi.

— Xo'sh?— dedi polkovnik, yerga o'tirib,

— Turing o'rningizdan!— deb buyurdi Ovoz.

Eday o'rnidan turdi.

— Tik turing!— dedi qat'iyat bilan Ovoz.

— Nayrangni yig'ishtiring. Esingizda bo'lsin, men basharangizni aniq ko'rib turibman, siz bo'lsangiz meni ko'rmaysiz. Endi uyga qayting.

— U meni ichkariga kiritmaydi,— dedi Eday.

— Ming afsus,— dedi Ko'rinmas odam.

— Men siz bilan janjallashgan emasman.

Eday yana lablarini yaladi. U ko'zini to'pponchadan oldi. Olisdan quyosh nurida zangori bo'lib tovlanayotgan dengiz, yashil maysa bilan qoplangan tepaliklar, qoyalardan iborat oppoq burun va gavjum shahar ko'rinib turardi.

Shunda Eday birdaniga hayotning naqadar shirinligini his etdi. So'ngra u o'zidan olti fut chamasi narida yer bilan osmon o'rtasida muallaq turgan metalli buyumga boqdi.

— Men nima qilishim kerak?— so'radi u qovog'ini solib.

— Xo'sh, men-chi, men nima qilishim kerak—suradi Ko'rinmas odam.

— Mabodo qo'yib yuborsam yordam bashlab kelasiz. Yo'q, siz orqangizga qaytishingiz kerak bo'ladi.

— Urinib ko'raman. Basharti u meni uyga kiritsa, ketimdan bostirib kirmaslikka so'z berasizmi?

— Men siz bilan janjallashgan emasman,— javob berdi Ovoz.

Kemp Edayni chiqarib yuborgach, shoshilib yuqoridagi kabinetiga chiqdi-da, oyna siniqlari ustidan ehtiyot bilan o'tib ohista deraza yoniga borib, pastga qaradi. U Edayni Ko'rinmas odam bilan suhbatlashib turganini ko'rdi.

— Nega u otmayayati?— mingilladi o'zicha Kemp.

Shunda to'pponcha boshqa qo'lga o'tib, quyosh nurida yaltiradi. Kemp ko'zini pana qilib, to'pponchaning harakatini kuzatishga urindi.

— Ha, xuddi o'zim aytganimday!— deb xitob qildi u.

Eday to'pponchani unga berdi.

— Ketimdan bostirib kirmaslikka so'z bering,— derdi shu mahalda Eday.

— Omadingiz kelganiga haddingizdan oshmang. Biror narsada siz ham yon bosing.

— Uyga qayting. To'g'risini aytib turibman: men hech nimani va'da qilmayman.

Eday, chamasi, qo'qqisdan bir qarorga keldi. U Kempning uyi tomon o'girilib qo'lini orqasiga qilgani holda sekin yura boshladi. Kemp hayron bo'lib uning harakatini kuzatardi. To'pponcha goh g'oyib bo'lib, goh qaytadan yaltirab ko'ringanicha Edayning ortidan qolmay kelardi. Keyingi voqealar yashin tezligida sodir bo'ldi:

Eday sharta o'girildi-da, to'pponchaga chang solmoqchi bo'lib hamla qildi, biroq to'pponcha qo'liga ilinmadi va polkovnik qo'lini yuqori ko'targanicha yuz tuban yiqildi, uning ustida esa, yengilgina zangori tutun ko'rindi. Kemp o'q ovozini eshitmadi. Eday bir necha bor tipirchiladi, o'rnidan turmoqchi ham bo'ldi, keyin gurs etib yiqildi-yu, jimib qoldi.

Kemp Edayning xotirjam odamdek qimir etmay yotishiga bir qancha vaqt qarab turdi. Kun issiq va dim bo'lib, bamisoli butun olam harakatdan to'xtaganga o'xshardi, faqat uy bilan ko'cha eshik o'rtasidagi butalar ustida ikkita sariq kapalak bir-birini quvib uchib yurishardi. Eday ko'cha eshik oldidagi kichkinagina maysazorda yotardi.

Tepalik ustidagi barcha villalarning derazalaridagi pardalar tushirib qo'yilgandi, lekin muo’jazgina yashil shiyponchada chamasi mudrab o'tirgan chol bo'lsa kerak, oq kiyim kiygan kishi ko'zga chalinardi. Kemp havoda muallaq turgan to'pponchani axtarib topish uchun atrofga diqqat bilan tikildi, biroq to'pponcha ko'zdan g'oyib bo'lgandi. Kemp yana Edayning jasadiga nazar tashladi. Keyin chinakamiga boshlanmoqda edi.

Allakim qo'ng'iroq chalib, tashqari eshikni tobora qattiqroq va qat'iyat bilan taqillata boshladi, lekin xizmatkorlar Kempning buyrug'iga amal qilib, o'z xonalarida bekinishib o'tirishardi. Nihoyat hammayoq tinchidi. Kemp bir nafas quloq solib o'tirdi, keyin ehtiyotkorlik bilan navbatma-navbat uchala derazadan mo'raladi. Shundan so'ng zinapoyaga chiqdi-da, yana diqqat bilan quloq soldi.

Keyin yotoqxonaga kirdi, u yerda kosov bilan qurollanib, barcha deraza ilgaklarini yana bir bor ko'zdan kechirib chiqish uchun pastga tushdi. Hammasi mustahkamlab berkitilgan edi. U qaytib yuqoriga chiqdi. Eday hali ham shag'al to'kilgan yo'lka yonida qimir etmay yotardi. Villalar yonidagi yo'lda Kempning oqsochi bilan ikkita polisiyachi ko'rindi.

Hamma yoq suv quyganday jimjit edi. Kempga anovi uch kishi nihoyatda imillab kelayotganga o'xshab tuyuldi. U nuqul dushmanim hozir nima qilayotganikin, deb o'ylardi.


Birdan u cho'chib tushdi. Pastdan taraqlagan ovoz eshitildi. Kemp bir nafas taraddudlanib turgach, pastga tushdi. Daf'atan uy qattiq urilayotgan zarbalar va yorilayotgan yog'ochlarning qarsillagan ovozi bilan to'lib ketdi.

Deraza qopqalarining temir tambalari quloqni batang keltirib, jarang-jurung qilardi; Kemp kalitni burab oshxona eshigini ochdi. Xuddi shu mahal parchalab tashlangan qopqa xonaga qulab tushdi. Kemp dahshatdan tirrakday qotib to'xtab qoldi.

Deraza romining bir yondoridan bo'lak yog'ochlari butun edi, lekin oynadan arraning tishiga o'xshash hoshiyalargina qolgandi. Qopqa hozir derazani saqlab turgan rom va temir panjaraga zarb bilan urilayotgan bolta bilan chopib parchalab tashlangan edi. Lekin bolta qo'qqisdan bir tomonga qapchib, ko'zdan g'oyib bo'ldi.

Kemp uy oldidagi yo'lda yotgan to'pponchani ko'rdi, shu zahoti to'pponcha sakrab tepaga ko'tarildi. Bir sekunddan keyin o'q uzildi, Kemp eshikni yopdi, oshxona eshigidan qo'porilgan payraha uning boshi ustidan uchib o'tdi. U eshikni qulflashi bilan Griffinning hayqiriq va kulgisini eshitdi. Keyin boltaning og'ir zarbalari ostida deraza qopqalari yana qarsillay boshladi.

Kemp gangib kolidorda turardi. Bir daqiqadan keyin Ko'rinmas odam oshxonaga kiradi. Bu eshik uni uzoq vaqt to'xtatib tura olmaydi, ana o'shanda...

Tashqari eshikning qo'ng'irog'i chalindi. Polisiyachilar bo'lsa kerak. Kemp yo'lakka yugurdi, eshikning zanjirini solib, tambani bir chetga surdi. Oqsochining ovozini eshitgach, zanjirni ochdi. Har uchalalari uyga kirishdi, Kemp eshikni qaytadan yopib oldi.

— Ko'rinmas odam! — dedi Kemp.— Qo'lida to'pponcha bor. Unda ikkita o'q qolgan. U Edayni otib o'ldirdi. Yoki og'ir yarador qildi. Sizlar uni o'tloqda ; ko'rmadinglarmi? U o'sha yerda yotibdi:

— Kim?— so'radi polisiyachilardan biri.

— Eday,—dedi Kemp.

— Biz hovlining orqa tomonidan keldik,— dedi oqsoch xotin.

— Bu nima taraqa- turuq?— so'radi ikkinchi polisiyachi.

— U oshxonada... yoki hozir u yerga kiradi. Qo'lida boltasi bor...

Birdaniga oshxonani! Eshigiga zarb bilan urila boshlagan boltaning taraqlashi butun uyni tutib ketdi. Oqsoch xotin eshikka qaradi-yu, a'zoyi badaniga titroq turib, yemakxonaga tomon boshladi. Kemp bilganini gapirib berdi. Ular oshxona eshigi g'ijillaganini eshitdilar.

— Bu yoqqa yuringlar!— deb qichqirdi Kemp polisiyachilarni shosha-pisha yemakxonaga itarib kiritarkan.

— Kosovlarni keltirish kerak!—deb qichqirganicha kaminning oldiga yugurdi Kemp. U yotoqdan olib chiqqan kosovini birinchi polisiyachiga berdi, oshxonadagi kosovni esa ikkinchi polisiyachiga olib keldi. Birdan u orqaga sapchidi.

Polisiyachilardan biri boltani kosovning ilmog'i bilan tutdi... To'pponchadan o'q uzilib Sidney Kuper ishlagan qimmatbaho suratni teshib o'tdi. Ikkinchi polisiyachi go'yo ari o'ldirmoqchi bo'lganday qo'lidagi kosov bilan ajal qurolini bir urdi, to'pponcha taraqlab polga tushdi.

Ur-yiqit boshlanishi bilanoq oqsoch xotin chinqirib yubordi, bir lag’za chamasi kamin oldida turdi-da, chiqib qochishni mo'ljallab deraza ochgani yugurdi.

Bolta kolidorga chiqib, poldan ikki futcha yuqorida to'xtadi. Ko'rinmas odamning halloslab nafas olishi eshitilardi.

— Siz ikkovingiz chetga chiqib turing,— dedi Ko'rinmas odam,— Menga Kemp kerak.

— Bizga siz keraksiz,— dedi birinchi polisiyachi va oldinga tashlanib, ovoz eshitilgan tomonga kosov bilan hamla qildi. Lekin Ko'rinmas odam chap berishga ulgurdi, kosov zontik qilib qo'yadigan ustunga borib urildi.

Polisiyachi qulab ketayozdi, shu mahal bolta uning boshiga urilib, kaskasini g'ijimlangan qog'ozday majaqlab yubordi. Polisiyachi oshxona zinapoyasiga dumalab tushdi.

Lekin ikkinchisi boltaning orqasidan kelib hamla qilgandi, kosov yumshoq bir narsaga borib tegdi. Og'riqqa chidamay qichqirib yuborgan ovoz eshitilib, bolta yerga tushdi. Polisiyachi yana kosov bilan tushirdi, lekin bu zarbasi xato ketdi; keyin u boltani oyog'i bilan bosib oldi-da, yana bir hamla qildi. U kosovni shaylab turib harakat sharpasini sezish uchun diqqat bilan quloq sola boshladi.

Polisiyachi yemakxonaning derazasi ochilgani va tez-tez tashlangan qadam tovushini eshitdi. Shu payt yaralangan sherigi o'rnidan turib o'tirdi; uning yuzidan qon oqardi.

— U qayerda?— so'radi yarador.

— Bilmayman. Uning ta'zirini berdim. Basharti yoningdan o'tib ketmagan bo'lsa, yo'lakda turgandir. Doktor Kemp! Ser!..

Hech qanday javob bo'lmadi.

— Doktor Kemp!— takror chaqirdi polisiyachi.

Yarador bo'lgan polisiyachi sekin o'rnidan tura boshladi. Nihoyat bir amallab o'rnidan turdi. Birdaniga oshxona zinapoyasidan yalang oyoq shipillab yurgan tovush eshitildi.

— Xop!—qichqirdi birinchi polisiyachi va kosovni otdi; kosov uchib borib gaz chiroqni pachaqlab yubordi.

U Ko'rinmas odamni ta'qib etmoqchi bo'ldi-yu, biroq bu fikridan qaytib, yemakxonaga kirdi.

— Doktor Kemp...— dedi u va darhol jim bo'lib qoldi.

— Judayam dovyurak odam ekan-ku bu doktor Kemp,— dedi u yelkasi o’sha qarab turgan sherigiga murojaat qilib.

Yemakxonaning derazasi lang ochiq bo'lib, u yerda na Kemp va na oqsoch xotin ko'rinardi.

Ikkinchi polisiyachi doktor Kemp to'g'risida o'z fikrini aytarkan, boplab so'kindi.


Yüklə 0,61 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin