Gastroenterit bilan kasallangan hayvonni qabul qilish va davolash



Yüklə 51,39 Kb.
səhifə2/4
tarix07.01.2024
ölçüsü51,39 Kb.
#202612
1   2   3   4
10-Amaliy (2) (1)

Rivojlanishi. Mahalliy va umumiy tabiatdagi buzilishlar oshqozon va ichak shilliq qavati hamda qon tomirlar to’rining birlamchi ta’sirlanishlari darajasiga bog’liq bo’ladi.
Organizmdagi buzilishlarning og’ir-yengilligi a’zolardagi yallig’lanish reaksiyasining jadallik darajasi, disbakterioz va autointoksikasiya tabiati, organizm umumiy rezistentligi va gastroenteral tizimdagi gomeostazga bog’liq.
Gastroenteral tizimdagi asosiy funksional buzilishlar rivojlanishidagi bosh zvenoni me’da shilliq pardasining kislota ajratish faoliyatining pasayishi tashkil etadi. Kataral yallig’lanishlar paytida oshqozon va ichaklardagi sekretor-fermentativ va so’rilish jarayonlarining o’zgarishlari ko’zga unchalik tashlanmaydi. Lekin shunga qaramasdan, oqsilga boy bo’lgan ekssudat hamda transsudatning ajralib chiqishi va ularning erkin xlorid kislotasi bilan birikishi gipoasid holatning rivojlanishiga olib keladi. Past bakteriostatik va bakterisidlikka ega bo’lgan muhit vujudga keladi. rN - ning juda yuqori bo’lishi tufayli pepsinning nafaqat proteaz va balki peptidaz faolligi ham yo’qoladi. Natijada ichaklarka gidrolizlanmagan oqsillar tushadi.
Ximus kislotaliligining pastligi hamda oshqozon faolligining sust bo’lishi oshqozon osti bezi tashqi sekretor faoliyatining susayishi va ichak kanali hamda devoridagi hazmlanish jarayonlari buzilishlarining kuchayishiga sabab bo’ladi. Chirish va bijg’ish jarayonlarining kuchayishi bilan o’tadigan disbakterioz vujudga keladi. Hosil bo’lgan zaharli moddalar yallig’lanish va distrofik jarayonlarni kuchaytiradi. Natijada bir necha kun yoki bir necha soat ichida moddalar almashinuvi, to’qimalar trofikasi, shuningdek, jigar, markaziy asab va yurak-qon tomirlar tizimi faoliyatlarining chuqur buzilishlari bilan o’tadigan intoksikasiya ro’y beradi.
Suyulgan oziqa massasining ichaklar bo’ylab harakatining tezlashishi va so’rilishning buzilishi ko’p miqdordagi to’yimli moddalar (asosan oqsilning), elektrolitlar va suvning organizmdan chiqib ketishiga olib keladi. Natijada degidratasiya, kislota-ishqor muvozanatining buzilishi (metabolik asidoz) va moddalar almashinuvidagi boshqa qator o’zgarishlar vujudga keladi.
Yosh hayvonlarda gipoglikemiya kuzatiladi. Ichak shilliq pardasidagi chuqur o’zgarishlar oqibatida ichak devori baryerlik qobiliyatining susayishi va nihoyat qonga ko’plab mikroorganizmlar va oqsilli moddalarning tushishi kuzatiladi.
Belgilari. Kataral, gemorragik yoki eroziyali-yarali gastrit oqibatida rivojlanadigan enteritda kasallikning asosiy belgilaridan tashqari chanqash, haroratning ko’tarilishi, sanchiq sindromlari ham kuzatiladi.
Cho’chqalar bezovtalanadi, to’shamani titadi, cho’chqa bolalari bezovtalanib, isitish asboblari atrofiga to’planadi. Ichak peristaltikasi kuchayib, tezak suyuladi, unda shilimshiq moddalar, oziqa qoldiqlari va ba’zan qon uchraydi. Oliguriya kuzatiladi.
Buzoqlarda birlamchi gastoenterit paytida diareyadan 18-24 soat oldin ishtahaning pasayishi, subfebril isitma, burun oynasining quruqlashishi, apatiya, tezak ajralishining kuchayishi kuzatiladi. Diareya paydo bo’lishi bilan tezak suvsimon, och-sariq rangda, shuningdek, shilimshiq modda, yiring, fibrin va ba’zan qon aralash bo’ladi. Ishtaha yo’qoladi, chanqoq kuchayadi, qusish kuzatilishi mumkin. Ba’zan sezilarli darajada timpaniya kuzatiladi. Intoksikasiya va degidratasiyaning kuchayishi bilan puls tezlashadi, tomirlar sust to’lishadi, nafas tezlashgan va yuzaki bo’ladi. Gipotermiya, soporoz va keyinchalik, komatoz holati kuzatilib, hayvon nobud bo’lishi ham mumkin.
Etiologik omillar kuchli darajada ta’sir etganda hayvonda shalpayish, bezovtalanish va ichaklarda spastik og’riqlar paydo bo’ladi. Tana harorati 1-1,5 0 S ga ko’tariladi, muskullarning fibrilyar qaltirashi paydo bo’ladi. Ishtaha va kavsh qaytarish birdaniga yo’qoladi, kekirish va ba’zan qayd qilish kuzatiladi. Chanqoq kuchayadi, hayvonning mahsuldorlik va ish qobiliyati pasayadi. Tashqi ta’sirotlarga befarqlik kuzatiladi. Yurak turtkisi va tonlari kuchayadi, puls tezlashadi. Ekstrosistoliya va paraksizmal taxikardiya vujudga keladi. Nafas soni va ritmi o’zgarib, vaqti-vaqti bilan hansirash kuzatilib turadi.
Kasallikning o’tkir bosqichida katta qorin devorining harakati susayadi, ingichka ichaklar peristaltikasi vaqti-vaqti bilan kuchayib turadi va ichak shovqinlari balandlashadi. Kasallikning kuchayishi bilan ruminasiya yo’qolib boradi. Ichaklarning peristaltik shovqinlari susayadi. Yosh va gavdasi kichik hayvonlarda palpasiyada oshqozon va ichaklarda og’riq, perkussiyada esa mahalliy meteorizm aniqlanadi. Jigar kattalashgan va og’riqli bo’ladi.
Gastroenteritning tipik belgisi - ich ketishi hisoblanadi. Gemorragik, difteritik va eroziyali-yarali enteritlarda tezak qizg’ish rangda bo’ladi. Ichaklardagi hazm jarayonining yetishmovchiligi asosiy kaprologik sindrom hisoblanadi. Bularning hammasi nisbatan qisqa vaqt ichida paydo bo’ladigan suvsizlanish, kaxeksiya, yurak yetishmovchiliklari va depressiya bilan o’tadi.
Qonda shaklli va hamma turdagi elementlar miqdori oshadi. EChT sekinlashadi, jigardan o’tgan bilirubin miqdori oshadi, oliguriya, siydikda shakllangan cho’kmalar miqdorining ko’payishi (asosan leykositlar va buyrak epiteliysi hisobiga), oqsil va proteazalar paydo bo’lishi mumkin.
Patologoanatomik o’zgarishlari. Gavda oriq, ko’zlar cho’kkan, oshqozon va ichaklar shilliq pardasida turli xildagi yallig’lanishlar uchraydi. Hazm kanalidagi ovqat massasi ko’pincha suyuq, shilimshiq va qonli suyuqlik aralashgan bo’lishi mumkin.
Tashhisi. Kasallikning aniqlash usullari xuddi gastritdagidek bo’ladi. Qiyin hollarda kasallik alimentar (diyetik), toksik, allergik, yuqumli va invazion kasalliklardan farqlanadi. Tezakni tekshirish natijalari e’tiborga olinadi.
Qiyosiy tashhisi. Kasallik gastroenteral sindrom bilan o’tuvchi bakterial va virusli infeksiyalar va invaziyalardan farqlanadi.
Davolash. Gastritdagidek umumiy tadbirlar va parhyez davolash o’tkaziladi. Mumkin bo’lgan holatlarda 1%-li natriy xlorid yoki natriy gidrokarbonat, 0,01%-li kaliy permanganat eritmalari bilan oshqozon yuviladi. Surgi tuzlaridan 2-6 %-li magniy yoki natriy sulfat eritmalari, o’simlik yog’lari (itlarga kanakunjut yog’i) ichiriladi.
Antibiotiklar, sulfanilamid va nitrofuran preparatlari qo’llanadi. Dezinfeksiyalovchi va disbakteriozga qarshi dori sifatida otlarga 3-10, sigirlarga 5-15, qo’ylarga 2-5, cho’chqalarga 1-3, itlarga 0,3-1 grammdan kseroform, ixtiol yoki salol beriladi.
Og’riq sindromlarida og’riqsizlantiruvchi dorilardan analgin, anestezin (itlarga bellastezin) tavsiya etiladi. Dalachoy, mingbarg, ikki uyli krapiva, xmel, buznoch kabi shifobaxsh giyohlardan tayyorlangan damlama va qaynatmalar ishlatiladi. Vitaminlar bilan davolash kursi o’tkaziladi.
Gemorragik gastroenteritda 2-3 kun ichida diareya to’xtamasa burishtiruvchi va qon ketishini to’xtatuvchi dorilardan vismut nitrat, tanin, vikasol (yirik shoxli hayvonlarga 0,1-0,3, itlarga 0,01-0,03 g, kuniga 2-3 martadan) ichiriladi yoki muskul orasiga yuboriladi. Yuqorida ko’rsatilgan dorivor o’tlardan tashqari dub po’stlog’i, zmeyevka ildizi, krovoxlebka ildizi yoki na’matak gulidan tayyorlangan qaynatma va damlamalar tavsiya etiladi.
Kuchli gemorragik yallig’lanishlar paytida vena qon tomiriga 10%-li kalsiy xlorid eritmasi yuboriladi. Ichaklar meteorizmi va spazmi paytlarida va og’riqli hollarda yuqorida ta’kidlab o’tilgan og’riqsizlantiruvchi dorilar bilan birgalikda terapevtik dozalarda atropin ishlatiladi.
Intoksikasiya va suvsizlanishga qarshi vena qon tomiriga yoki qorin bo’shlig’iga glyukoza va natriy gidrokarbonat eritmalari, natriy xloridning izotonik eritmalari, vena qon tomiriga gipertonik regidratasion eritmalar yuboriladi.
Maxsus kimyo terapiyasi va fitoterapiya bilan birgalikda vikar va umumiy stimullovchi davolash usullaridan (S vitamini, fermentlar, oqsil preparatlari, gidrolizatlar, aminokislotalar) foydalaniladi. Kuchli dispepsiya va disbakterioz paytlarida oshqozon shirasi, xlorid kislota eritmalari, pepsin preparatlari, yosh hayvonlarga ABK, PABK, asidofillin, yog’sizlantirilgan yoki asidofilli sut tavsiya etiladi.
Kasallik belgilari bartaraf etilgandan keyin ham 2-3 kun davomida parhyez davolash hamda vitaminoterapiya davom ettiriladi.
Oldini olish. Hayvonlarni saqlash va oziqlantirish qoidalariga rioya qilinadi.

Yüklə 51,39 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin