Fanidan o‘quv-uslubiy majmua


Xalqaro xususiy huquqning predmeti



Yüklə 19,78 Mb.
səhifə5/74
tarix20.11.2023
ölçüsü19,78 Mb.
#165561
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   74
Халқаро хусусий ҳуқуқ УМК

Xalqaro xususiy huquqning predmeti
Umumiy qoidaga binoan har qanday alohida huquq sohasining predmeti, ushbu sohaning mazmunini tashkil qiluvchi huquqiy normalar vositasida tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning xususiyatlari va ushbu tartibga solishning metodi, ya’ni usuli bilan ifodalanadi. Ushbu umumiy qoidadan xalqaro xususiy huquqning predmetini aniqlashda ham foydalanish lozim. Ushbu huquq normalari bilan tashqi savdo, ishlab chiqarish, qurilish-montaj, pudrat, xizmat ko‘rsatish (havo, dengiz, temir yo‘llarida yuk va yo‘lovchilar tashish), moliyaviy, kredit, hisob-kitob, komissiya, sug‘urta, tijorat va boshqa turli tadbirkorlik faoliyatlari bo‘yicha O‘zbekiston va chet davlatlarning firmalari, kompaniyalari, birlashmalari o‘rtasida vujudga keladigan munosabatlar tartibga solinadi. Bunday munosabatlar qatoriga fan va texnika, intellektual mulk ob’ektlari, ijodiy faoliyat natijalari va boshqa madaniy qimmatliklar (masalan, san’at va madaniyat sohasidagi asarlar, kashfiyotlar, kinofilmlar, arxitektura loyihalari va h.k)dan foydalanish bo‘yicha o‘rnatilgan turli xil aloqalar ham kiradi. Xalqaro xususiy huquq normalari bilan tartibga solinadigan munosabatlar doirasiga, shuningdek O‘zbekiston va chet el fuqarolarining nikohdan o‘tishi, vasiylik va homiylik, farzandlikka olish, vorislik va boshqa shaxsiy, mulkiy munosabatlarga asoslangan aloqalar ham kiradi.
Yuqorida keltirilgan munosabatlar o‘z xususiyatlari, ya’ni ushbu munosabatlarning haq evaziga amalga oshirilishi, taraflarining shaxsiy manfaatlarini qondirishga qaratilgan bo‘lishi, taraflarining teng huquqligi jihatdan fuqarolik huquqi normalari vositasida tartibga solinadigan munosabatlarga o‘xshashligi bor, lekin ular vujudga kelishi asoslari, ularda qatnashuvchi shaxslarning huquqiy maqomi va amalda qo‘llanishi doirasi bilan fuqarolik huquqiy munosabatlardan farq qiladi va shuning uchun ham FKning 1158-moddasiga muvofiq "Chet el elementlari bilan murakkablashgan fuqarolik huquqiy munosabatlar" deb ataladi. Bunga sabab, ushbu munosabatlar da, masalan, tovarlarni eksport va import qilish bo‘yicha, turli litsenziya bitimlari va nashriyot shartnomasi, chet el fuqarosi bilan niqoxdan o‘tish yoki uni bekor qilish va ushbu nikohdan bo‘lgan bolalar uchun nafaqa undirish, chet elda joylashgan firmaning mol-mulki hisobidan zararni undirish yoki uni natsionalizatsiya qilish, chet elda yashayotgan shaxsning vafotidan keyin meros ochilishi kabi munosabatlarda turli davlatlarning fuqarolari va tashkilotlari ishtirok etadi. Ushbu munosabatlarda chet el elementining mavjudligi, ya’ni ularda turli davlat fuqarolarining, tashkilotlarining ishtirok etishi ularni odatda fuqarolik yoki oila huquqi normalari bilan bitta davlat ichida tartibga solinadigan munosabatlar doirasidan chetga chiqarib yuboradi va natijada xalqaro xususiy huquq normalarini qo‘llashga olib keladi.
Ba’zi mamlakatlarda xalqaro xususiy huquq sohasining tarkibiy qismi faqat kollizion (to‘qnashuvchi) normalardan tashkil topishi mumkinligi, boshqa chet el fuqarolarining huquqiy holatini, xalqaro fuqarolik protsessini tartibga soluvchi normalar (masalan, chet el elementlari bilan murakkablashgan munosabatlar bo‘yicha nizolarning qaysi sudga taalluqliligi, chet el fuqarolarining protsessual huquq va burchlari, chet el sud va arbitrajlarining qarorlarini tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi normalar) xalqaro xususiy huquq emas, boshqa huquq sohalari (davlatning ichki huquq sohalari)ga taalluqli ekanligi haqida fikr yuritiladi. Ushbu mamlakatlarda, masalan Germaniya, Fransiya, Vengriya, Bolgariyada xalqaro xususiy huquq odatda xalqaro kollizion huquq deb yuritiladi.
Huquq fani sohasi sifatida xalqaro xususiy huquq kollizion va moddiy huquqni qo‘llashning umumiy qoidalari bilan bir qatorda xalqaro fuqarolik protsessiga oid masalalarni ham o‘rganadi. Chet el elementi bilan murakkablashgan xalqaro mulkiy munosabatlar sodir bo‘lganda faqat qo‘llanishi lozim bo‘lgan huquq emas, balki ushbu huquqni belgilovchi vakolatli organ, shuningdek muayyan ishni (nizoni) ko‘rishning protsessual shakli va tartibi haqida muammolar vujudga keladi.
Chet el elementlariga va xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan, shuningdek nizoli ishni ko‘rishga qaratilgan protsessual huquqning normalari xalqaro fuqarolik protsessual huquqning tarkibiy qismini tashkil etadi, deyish mumkin. Shunday ekan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, chet el tashkilotlarining, chet el davlatining, xalqaro tashkilotlarining, ajnabiy davlat, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining va ular mansabdor shaxslarining fuqarolik ishlarini olib borish sohasida yuzaga keladigan protsessual tartib va qoidalar haqidagi masalalar, fuqarolik ishlarining xalqaro sudlovga tegishli bo‘lishi masalalari, chet el adliya muassasalarining murojaatlari, sud topshiriqlarini bajarish masalalari, fuqarolik ishlari bo‘yicha chet el sudlarining qarorlarini tan olish va ularni ijro etish va boshqa masalalar xalqaro fuqarolik protsessual huquqi sohasiga taalluqlidir. Xalqaro tijorat arbitraj masalalari ham ushbu sohaga aloqadordir.
Yuqorida keltirilgan masalalar protsessual huquq normalariga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar, ular pirovard natijada, xalqaro xususiy huquq normalari bilan tartibga solinadi, shuning uchun ular xalqaro xususiy huquq fani tomonidan o‘rganiladi.
Xalqaro xususiy huquq normalarining bir qismi, vujudga kelishi, tan olinishi va qo‘llanishiga xos xususiyatlari xalqaro ahamiyatga ega, chunki ular xalqaro shartnomalar tuzish, konvensiyalar, deklaratsiyalar qabul qilish yo‘li bilan tashkil topadi. Ikkinchi qismi davlatning ichki qonunlari (masalan, Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeks, Yer kodeksi, Havo kodeksi va boshqalar)ga asosan tashkil topadi. Ushbu normalar pirovard natijada xalqaro munosabatlarning qanday vaziyatda bo‘lishi, davlatning xalqaro siyosiy, xalqaro iqtisodiy holati, turli sohalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikning rivojlanishi darajasi bilan belgilanadi.
Xalqaro xususiy huquq normalarining har bir mamlakatda tashkil topishida bunday normalarning xalqaro miqyosda tashkil topishi kabi keng doiradagi turli muhim ichki va tashqi manfaatlar hisobga olinadi. Lekin bunda jamiyatning moddiy hayot sharoitini hisobga olish va uni xalqaro xususiy huquq normalarida aks ettirish ichki davlat huquq normalariga nisbatan ancha murakkab tus oladi. Chunki ichki davlat huquq normalarida ushbu davlatning muayyan ijtimoiy sharoiti, siyosiy va iqtisodiy manfaatlari o‘z aksini topadi. Xalqaro xususiy huquq normalarida esa xalqaro munosabatlarga oid tan olingan udum va odat, o‘rnatilgan qoidalar, uning pozitsiyasi, chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslarning xalqaro huquqiy maqomi, ya’ni turli davlatlar va ularga mansub shaxslarning xususiy manfaatlari o‘z aksini topadi.
Demak, xalqaro xususiy huquq alohida huquq sohasi sifatida huquq tizimida o‘ziga yarasha joy egallaydi. Uning mazmuni davlatning ichki huquqiy normalari va kollizion (to‘qnashuvchi) normalar bilan tartibga solinadigan normalardan tashkil topadi. Uning predmeti ushbu normalar bilan tartibga solinadigan chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet ellik yuridik shaxslar ishtirokidagi (davlatlar ham xalqaro xususiy huquq normalari bilan tartibga solinadigan munosabatlarning ishtirokchilari bo‘lishi mumkin) chet el elementi bilan murakkablashgan mulkiy, shaxsiy, nomulkiy, oilaviy, mehnat munosabatlaridan va protsessual harakatlardan iborat.
Xalqaro xususiy huquq fanining predmeti, shuningdek uning nomi ham boshqa huquq fani sohalariga qaraganda ko‘pchilik uchun tanish emas, alohida huquq sohasi sifatida unchalik tan olinmagan. Bunga sabab, xalqaro xususiy huquq fan sifatida o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab shakllana boshladi va boshqa huquq fanlari bilan taqqoslaganda eng yosh huquq fani deb hisoblasa bo‘ladi. Co‘nggi yillarda xalqaro xususiy huquqqa bo‘lgan e’tibor ancha kuchaydi. Bunga asosiy sabab siyosiy va iqtisodiy hayotning dunyo miqyosida keng ko‘lamda rivoj topishi va O‘zbekistonning ushbu jarayonda faol qatnashishidan iborat.

Yüklə 19,78 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin