Fanidan o‘quv-uslubiy majmua


Ashyoviy huquqlarni himoya qilish



Yüklə 19,78 Mb.
səhifə14/74
tarix20.11.2023
ölçüsü19,78 Mb.
#165561
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   74
Халқаро хусусий ҳуқуқ УМК

Ashyoviy huquqlarni himoya qilish
Fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining ashyoviy huquqlarini xalqaro xususiy huquqiy himoyalashni ta’minlash muhim ahamiyatga egadir. Ashyoviy huquqlarni himoya qilish keng ma’noda tushunilib, eng avvalo, maxsus fuqarolik huquqiy usullari, vosita va shakllaridan foydalanishda namoyon bo‘ladi. Ashyoviy huquqni himoya qilish vazifasi fuqarolik muomalasida mulkdan o‘zining tayinlangan maqsadiga ko‘ra foydalanishni ta’minlashdir. Bundan tashqari, ashyoviy huquqiy himoya buzilgan huquqlarni tiklash, uchinchi shaxslarning yetkazgan mulkiy zararini qoplashga yordam beradi. Bu maqsadga majburiyat-huquqiy va ashyoviy-huquqiy vositalar yordamida erishish mumkin.
Mulkiy huquqlarni majburiyat-huquqiy vositalarda himoya qilish bitim tarafi sifatida mulkdorning mulkiy manfaatlari yoki shartnomalardan tashqari uning mulkiga zarar yetkazilganda amalga oshiriladi.
Ashyoviy huquqiy himoya vositalari mulk huquqining turli xil buzilishiga qarshi va bu huquqning amaliy yaxlit yoki mulkdorning alohida vakolatlarini muhofaza qilish maqsadiga yo‘naltirilganligi bilan izohlanadi[14].
Roman-german huquqiy tizim davlatlarida buning uchun maxsus ashyoviy-huquqiy da’volardan, umumiy huquq davlatlarida esa huquq buzilishidan kelib chiqadigan alohida da’volar (forts) hamda bir qancha maxsus ashyoviy-huquqiy da’volardan foydalaniladi. Roman-german huquqi tizimi davlatlarida mulk huquqini himoya qilish uchun asosan ikkita ashyoviy-huquqiy da’vodan – da’vogar mulkdor o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish haqidagi da’vo (actio rei vindicatio) va negator da’vo – mulkdor o‘z huquqlarining har qanday buzilishini, garchi bu buzish egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham bartaraf etishni talab qilish haqidagi da’vodan (acto nedaforia) foydalaniladi. Bunday ikki xil da’vo talablariga asoslangan da’voni taqdim etish, o‘z navbatida, mulkdorning oldingi holatini tiklashga yo‘naltirilgan (status quo) bo‘lib, shu bilan bir qatorda majburiyat-huquqiy normalar asosida uning mutlaq vakolatlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga oid talabni qo‘yishni ham inkor etmaydi[15].
Fransiyada vindikatsiya va negator da’vo haqidagi qoidalar kodeksda nazarda tutilmasada, balki insofli va insofsiz egallash haqidagi Fuqarolik va Fuqarolik protsessual kodekslari normalarini sharhlash asosida da’vo va boshqa muddatlar qo‘llash bo‘yicha doktrina va sud amaliyotida amal qiladi. Xorijiy davlatlar fuqarolik huquqi (Germaniya fuqarolik tuzuklari 932-§; Shotlandiya fuqarolik kodeksi 933-moddasi; Amerika Qo‘shma Shtatlari Yagona savdo kodeksi 2-403-moddalari) insofli egallovchining manfaatlari himoyasini ta’minlab, mulkdordan ashyoni talab qilish bo‘yicha cheklashni ham nazarda tutadi. Hamma huquqiy tizim uchun umumiy holat shuki, mulkdorning ashyoni faqat insofsiz egallovchidan talab qilib olish tamoyiliga asoslaniladi[16].
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga asosan ashyoviy huquqlarni himoya qilish vindikatsiya va negator da’volar asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Binobarin, Fuqarolik kodeksining 228-moddasiga ko‘ra mulkdor o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishga haqli (vindikatsiya). Bunday talab, odatda, sudda vindikatsiya da’vosini qo‘zg‘atish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 231-moddasiga ko‘ra mulkdor o‘z huquqlarining har qanday buzilishini, garchi bu buzish egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham, bartaraf etishni talab qilishi mumkin (negator da’vo).
Fuqarolik kodeksiga binoan mol-mulkining kimga (fuqarogami, yuridik shaxsgami, davlatgami) tegishli bo‘lishidan qat’i nazar, uni insofli yoki insofsiz egallab turuvchidan hech qanday istisnosiz tenglashtirilgan umumiy qoidaga ko‘ra mulk egasi tomonidan talab qilib olish huquqiga ega bo‘ladi (FKning 229, 230-moddalari).
Fuqarolik kodeksining 228 va 231-moddalari mazmunidan anglanishicha, vindikatsiya va negator da’volar qo‘zg‘atish huquqi asosan mulk egasiga berilgan. Mazkur kodeksning 232-moddasiga muvofiq umrbod meros qilib qoldirilgan mol-mulkka egalik qiluvchi shaxslar, xo‘jalik yuritish va operativ boshqarish huquqlariga ega bo‘lgan tashkilotlar, shuningdek qonun yoki shartnomalarda nazarda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra mol-mulkka egalik qilayotgan shaxslar ham fuqarolik kodeksining 228–231-moddalarida nazarda tutilgan huquqlarga ega. Binobarin, bunday shaxslar o‘z egaligidagi mol-mulkni, uning egalari bo‘lgan shaxsdan ham himoya qilish kabi huquqqa ega.
Eng asosiysi ashyoviy huquqlarni himoya qilishda qaysi mamlakat huquqini qo‘llashni aniqlash manfaatdor tarafning huquqlari kafolatini ta’minlabgina qolmay, balki sud amaliyotining samaradorligini oshirishga ham yordam beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1188-moddasiga ko‘ra mulk huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qilishga nisbatan ariza beruvchining tanlovi bo‘yicha mol-mulk turgan mamlakatning huquqi yoki sud qaysi mamlakatga qarashli bo‘lsa o‘sha mamlakatning huquqi qo‘llanadi. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qilishga nisbatan bu mulk turgan mamlakatning huquqi qo‘llaniladi. O‘zbekiston Respublikasining davlat reestrida qayd etilgan mol-mulkka nisbatan O‘zbekiston Respublikasining huquqi qo‘llaniladi.
Fuqarolik huquqiy normalar jismoniy va yuridik shaxslarning ashyoviy huquqlarini himoya qilishda katta imkoniyatlarni nazarda tutadi.
Ashyoviy huquqlarni himoya qilishda, birinchidan, o‘z huquqini himoya qilish maqsadida ariza bergan tomonning tanlovi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk turgan mamlakat huquqi, ikkinchidan, uning arizasini ko‘radigan sud qaysi mamlakatga qarashli bo‘lsa, o‘sha mamlakatning huquqi qo‘llanilishidan dalolat beradi. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi va ashyoviy huquqlarni himoya qilish ko‘char
mol-mulklarni muhofaza qilishdan farqli ravishda ko‘chmas mol-mulk turgan davlat huquqini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi huquqini ham qo‘llashni nazarda tutadi. Ko‘chmas mulkka nisbatan bo‘lgan huquqni himoya qilishga qaratilgan ariza ham ushbu mamlakatga tegishli sud tomonidan ko‘riladi. Shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining davlat reestrida qayd etilgan transport vositalari va boshqa mol-mulklar qaysi mamlakat hududi doirasida joylashgan yoki turgan bo‘lishidan qat’i nazar, bunday mulklarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi huquqi qo‘llaniladi.
Xulosa qilib aytganda, xalqaro xususiy huquq normalari bilan ashyoviy huquqlarini himoya qilishning ta’minlanishi ular ishtirokidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning samaradorligini oshirish uchun xizmat qiladi.



Yüklə 19,78 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin