Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti Samarqand filiali Kompyuter injiniringi fakulteti 5A330501 – Kompuyter injiniringi (“Kompuyter tizimlarini loyihalash”) mutaxassisligi magistranti Sa’dinov Azizbek Akram o‘g‘lining “GATning imkoniyatlaridan foydalanib Samarqand viloyatining ayrim hududlari atmosferasida zararli moddalarning tarqalishini bashoratlovchi dasturiy vositani ishlab chiqish” mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasiga ilmiy rahbar
XULOSASI
Mavzuning dolzarbligi. Jahonda atrof-muhitni antropogen chiqindilarning salbiy ta’siridan himoyalash bo‘yicha qarorlar qabul qilishni qo‘llab quvvatlashga yo‘naltirilgan matematik modellar, samarali sonli algoritmlar va dasturiy majmualar ishlab chiqish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Sanoat hududlari atmosferasida zararli moddalarning ko‘chishi va diffuziyasi jarayonini monitoring qilish, qaralayotgan hududning ifloslanish fon darajasi, ob-havo va iqlimiy sharoitlari hamda orografik xarakteristikalarini hisobga olgan holda atmosfera havosida zararli moddalar konsentratsiyasining tarqalishini baholash va bashoratlash masalalari nazariy va amaliy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, dunyoning sanoati rivojlangan AQSh, Germaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlarida atmosferada zararli moddalarning ko‘chishi va diffuziyasi jarayonini monitoring qilish va bashoratlash muammolari doimiy ravishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Ushbu dissertatsiya ishi ma’lum darajada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 apreldagi 5024-sonli “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 maydagi 310-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash” haqida va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 sentyabrdagi 737-sonli “O‘zbekiston respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimini takomillashtirish” to‘g‘risida Qarorlarida va mazkur sohaga tegishli boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun xizmat qiladi.