kompyuter bilan interfaol o‘zaro birgalashib, harakat qilish jarayonida o‘quv materialini o‘zlashtirishda;
o‘zlashtirilgan bilimlar, malakalar va ko‘nikmalarni takrorlash va mustahkamlashda;
o‘qitishda erishilgan natijalarni oraliq va yakuniy nazorat qilish va o‘z - o‘zini nazorat qilish bosqichida;
o‘quv materialini qismlarga bo‘lish, uni klassifikatsiyalash va tizimlashtirishni takomillashtirish orqali o‘qitish jarayoniga va uning natijalariga tuzatishlar kiritish bosqichida foydalanilishi mumkin.
Oqilona tuzilgan kompyuterli o‘qitish dasturlari axborotni o‘quvchi tomonidan o‘zlashtirilishining psixologik va pedagogik qoidalari e’tiborga olingan taqdirda o‘qitishni individuallashtirish va differensiyalashtirishga, bolalarning qiziqishlari va o‘qishdagi mustaqil faoliyatini rag‘batlantirishga imkon beradi. Maktab pedagogik jarayonida kompyuter o‘qituvchi, ishchi qurol, o‘qitish obyekti, hamkorlik qiluvchi jamoa, bo‘sh vaqt (o‘yin) muhiti xizmatlarini bajarishi mumkin.
Kompyuter o‘qituvchi sifatida — o‘qituvchini va kitobni qisman yoki to‘liq o‘rnini bosadigan o‘quv axboroti manbai; multimediya va telekomunikatsiya imkoniyatlari bilan tamoman yangi sifat darajasidagi ko‘rgazmali vosita; individual va axborot muhiti; trenajyor; o‘quvchilar bilimni tashhislash va nazorat qilishning vositasi vazifalarini bajaradi. Ishchi qurol sifatida kompyuter — matnlarni tayyorlash va ularni saqlash matn redaktori; grafikaviy redaktor va katta imkoniyatlarga ega hisoblash mashinasi vazifalarini bajaradi. O‘qitish obyekti sifatidagi xizmatini kompyuter-dasturlashtirish; dasturli mahsulotlarni tayyorlash; har turli axborot muhitlarini qo‘llash moboynida bajaradi. Hamkorlik qiluvchi jamoa — keng auditoriya bilan muloqot qilish, Internetda bog‘lanish orqali vujudga keltiriladi.
Bo‘sh vaqt (o‘yin) muhiti o‘yin dasturlari, tarmoq bo‘yicha kompyuterli o‘yinlar, kompyuterli video yordamida tashkil qilinadi. Axborot muhiti zamonaviy darajadagi axborot bazalari, gipermatn va multimediya, imitatsion o‘qitish, elektron kommunikatsiyalar, ekspert tizimlarini kiritadi. Hozirgi kunda kompyuter o‘qitishning qudratli vositasiga aylangan. Kompyuterli texnologiyada o‘qituvchinng ishi, quyidagilardan iborat: a) butun sinf o‘quv predmeti darajasida o‘quv jarayonini tashkillashtirish (o‘quv jarayoni grafigi, sirtqi tashhis, yakuniy nazorat);
b) sinf ichida o‘quvchilarni faollashtirish va ularning ishini muvofiqlashtirish, ish o‘rinlarini joylashtirish, yo‘riqnoma berish, sinf ichkarisidagi tarmoqni boshqarish kabilar;
v) o‘quvchilarni individual kuzatish, individual yordam ko‘rsatish, bolalar bilan individual «insoniy» munosabat. Kompyuter yordamida individual o‘qitishning ko‘rish va eshitish obrazlarini foydalanuvchi mukammal variantiga erishiladi;
g) axborot muhiti tarkibiy qismlarini tayyorlash, ularning ma’lum bir o‘quv fani mazmuni bilan bog‘liqligidan iborat.
Xususan, multimediya texnologiyalaridan foydalanib interfaol darslarni o‘tkazish yaxshi samara beradi. Odatdagi darsda o‘qituvchi dars mavzusi mazmunini bayon qiladi, o‘quvchilar esa tinglab, ko‘rib, eslab qoladilar, kerakli yozuvlarni daftarlariga yozadilar. Ular har qanday ma’lumotni tayyor holda qabul qiladilar. Aksincha, inter-faollik o‘quvchilarga o‘qitish jarayoniga faol kirishishga imkon beradi. Bolalar shunchaki tinglamaydilar. Ular savollar berib, o‘z fikrlarini bildiradilar, o‘quv materialining tushunarsiz qismlarini batafsilroq anglab olishga intiladilar, baxslashadilar, o‘zlari to‘g‘risida xulosalarga va yechimlarga keladilar.
Interfaol dars o‘qituvchi boshchiligi bilan amalga oshiriladigan an’anaviy o‘qitish usullarining va yakka tartibdagi kompyuterli o‘qitishning yaxshi tomonlarini birlashtiradi. Kompyuter o‘qituvchining faol yordamchisiga aylanadi. Kompyuter slaydlarini foydalanish evaziga interfaol darslar bilishga taqdim etiladigan axborot mazmuni bilan birga, ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. Dars mavzusini bayon qilishda o‘qituvchi illyustratsiya sifatida slaydlardagi axborotni kerak joylarda taqdim etib boradi. Rasmlar, grafiklar, jadvallar, diagrammalar, formulalar ovoz jo‘rligida, multiplikatsiya elementlari hamkorligida taqdim etilib, o‘qituvchining izohlari bilan beriladi.