2.2. Xalq hunarmandchiligi texnologiyasi bo‘limi darslarida axborot texnologiyasidan foydalanish ва amaliyotda qo'llash
Xalq hunarmandchiligi fanini o'qitishda talabalarning ko'nikmalarini shakllantirishda hunarmandchilik faoliyatiga tayyorlashning ob’ektiv va sub’ektiv omillari:
a) ob’ektiv omillar: ustaxona, hunarmandchilik asbob-uskunalari hamda faoliyat jarayonini xom ashyo bilan ta’minlash imkoniyati, o‘quvchilarni hunar o‘rganishga yo‘naltirish va tadbirkorlik faoliyatiga tayyorlashga oid pedagogik, psixologik va metodik adabiyotlar bilan ta’minlanganligi;
b) sub’ektiv omillar: o‘quvchilarning hunar o‘rganish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish borasidagi xohish-istaklari, qiziqishlari va ehtiyojlari darajasi, oila a’zolari (shu jumladan, ota-onalar va o‘smirlar) o‘rtasida o‘zaro psixologik birlikning qaror topganligi; maqsadlar yagonaligi hamda mavjud muammolarning birgalikda hal etilishi, ota-onalar va katta yoshli oila a’zolarining o‘quvchilarga namuna ko‘rsatishlari.
Davr ruhini ifodalab, kun sayin barcha soalar amaliyotiga jadal kirib borayotgan axborot texnologiyalarini umumta’lim maktablari ta’lim jarayoniga ham tatbiq etish dolzarb masalalardan biridir. Butun jahon miqyosidagi axborot tarmog‘i har qanday sohada axborotning hajmi va tezligidan qat’iy nazar, uni istagan miqdorda qabul qilish uchun taqdim eta oladi.
Multimediya va Internet texnologiyalarining paydo bo‘lishi axborot texnologiyalarining umumiy ta’lim maktablari ta’lim va tarbiya, muloqot jarayonlarida samarali vosita sifatida foydalanishga keng yo‘l ochib berdi. Axborot texnologiyalarining barkamol shaxsni rivojlantirish, uning mustaqil kasb tanlashi va kasbiy jihatdan o‘z-o‘zini shakllantirish, kasbiy mahoratini o‘stirishda tutayotgan o‘rni va ta’siri ortib borayotganligini inkor etib bo‘lmaydi. Umumiy ta’lim maktablaridagi ta’lim jarayonida axborot texnologiyalari vositasida o‘qituvchi va o‘quvchilar oldida quyidagi imkoniyatlar ochiladi, xususan:
axborot yig‘ishning yangi usullarini va ularni qo‘llashni bilib oladilar;
bolalarning fikrlash doirasi kengayadi, bilim olishga qiziqishlari ortadi;
mustaqil ishlashning roli ortadi, samaradorligi yaxshilanadi;
bolani aqliy jihatdan rivojlantirishga, hissiy-estetik doirasini kengaytirishga, ijobiy qobiliyatlarini o‘stirishga yordam beradi.
Kompyuter va axborot texnologiyalaridan foydalanib, ta’lim sohasida, o‘quv faoliyatida va o‘quvchilar ijodiy tafakkurini rivojlantirishda yangi imkoniyatlar yaratiladi. Axborot texnologiyalari ta’limni amalga oshish jarayonida hayot bilan uyg‘unlashtirishga imkon beradi. O‘qitishni kelajakdagi kasbiy faoliyat bilan chambarchas bog‘lash imkoniyati paydo bo‘ladi. Axborot texnologiyalarini qo‘llashda o‘quvchi shaxsining butun imkoniyatlarini amalga oshirishga:
Kompyuter vositalari orqali bolaning bilishga oid, axloqiy, ijodiy, muloqot qilish va estetikaviy imkoniyatlarini, qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga intilish lozim. Kompyuter va axborot texnologiyalarini o‘quvchi shaxsini rivojlantirishning to‘laqonli vositasiga aylantirish uchun o‘qituvchining o‘zi axborot texnologiyalari sohasida bilimdon (salohiyatli) bo‘lishi kerak.
O‘qituvchining axborot texnologiyalari sohasidagi bilimdonligini quyidagi sifatlar bilan baholaydilar:
1) zamonaviy axborot muhitida faoliyat tajribasini baholash va integratsiyalashga qodirlik;
2) shaxsiy ijodiy sifatlarini rivojlantirishga intilish;
3) umumiy komunikativ (o‘zaro muloqot qilish) madaniyatining yuqori darajada bo‘lishi;
4) axborot vositasida o‘zaro birlashib xatti-harakatlarni bajarish masalasida nazariy tushunchalarning va uni tashkillashtirish tajribasining bo‘lishi;
5) o‘zini refleksiyalash (o‘z ruhiy holatini tahlil qilish) ehtiyojining bo‘lishi;
6) axborotni qabul qilish, tanlash, saqlash, qayta tiklash, taqdim etish usullarini, uni o‘zgartirish, uzatish va integratsiyalash madaniyatini o‘zlashtirish.
Axborot texnologiyalarining asbob-uskuna va dasturiy vositalarining juda jadallik bilan rivojlanib borishi, masalan, yangi avlod kompyuterlarining, yangi dasturlarining chiqishi, turli ta’limiy vazifalarni hal etish qulay texnikafiy imkoniyatlar ochib beradi. Biroq ilmiy izlanishlar o‘quv maqsadida foydalaniladigan axborot tizimlari o‘z didaktik sifatlariga ko‘ra hali ham qoniqarsiz darajada ekanligini ko‘rsatadi. Buning sababi shundaki, axborot texnologiyalarini o‘qitish maqsadlarida foydalanishning metodik (pedagogik) vositalari axborotlashtirishning texnikaviy vositalari rivojlanishidan ancha orqada qolib ketyapti. Kompyuterning imkoniyatlari juda katta, biroq pedagogik maqsadlarda u yetarli darajada foydalanilmayapti. O‘qitish maqsadidagi axborot uni loyihalashtirish bosqichida kiritiladi. Xususan, axborot — avtomatlashtirilgan o‘qitish tizimlarining ma’lumotlar bazasini yaratishda, elektron darsliklarni tuzish uchun o‘quv materialini tayyorlashda, modellashtiriuvchi turdagi kompyuter tizimlari bilan o‘quv ishlarining ssenariylarini, masalalar va mashqlar, test topshiriqlari tuzishda kiritiladi. Axborot texnologiyalari bir yo‘la bir necha fan sohalariga informatika, matematika, kibernetika, psixologiya, pedagogika kabi fanlarga oid ma’lumotlarni birlashtiradi. Biroq bu uyg‘unlikda psixologik-pedagogik asos yetakchi o‘rin tutadi. Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va o‘qitish jarayoniga joriy qilish muhim o‘rin egallaydi. Yangi axborot texnologiyalari o‘quv jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlari uchun katta ahamiyatga ega. Odatdagi ta’limiy texnologiyalardan farqli ravishda, axborot texnologiyalarida mehnat predmeti va uning natijasi sifatida axborot, mehnat quroli bo‘lib esa axborotlashtirishning texnikaviy vositalari xizmat qiladi.