Amir Temur davlatida soliq tizimi. Amir Temurning pul siyosati har doim davlatni mablag‘ bilan ta’minlash va xazinani doim to‘latib turish zarur bo‘lgan davlat ehtiyojlariga xizmat qilardi.
Davlat byudjeti Amir Temur davlatida XIV asrda paydo bo‘lgan edi. Bu byudjetda tushum va chiqimlar qayd etilgan, har bir viloyat va tumanlarda olib borilardi. Tumanni boshqaruvchi 1 vazir foyda, soliq va mahsulotlarni qayd etgan holda, kirimlar kitobini olib borsa, ikkinchi vazir chiqimlar kitobini olib borilgan. Bundan tashqari keyingi moliya vaziri qo‘lida mo‘ljaldagi chiqim va soliqlar miqdori rejalashtirilardi.
Tarixiy manbalar bunday qaydlarning 5 guruhi mavjudligini ko‘rsatadi:
qo‘shinni ta’minlashga ketadigan harajatlar;
ma’muriy va shoh saroyi ehtiyojlariga zarur harajatlar;
iqtisodni rivojlantirishga zarur va xo‘jalik harajatlari;
fan, madaniyat va dinni rivojlantirishga zarur harajatlar;
aholi ijtimoiy himoyasiga zarur chiqimlar.
Ulkan davlat moliyasini markazdan turib boshqarish qiyinligini tushungan Amir Temur, moliyaviy hokimiyatni markazlashtirishga urinmasdi. Joylarda mavjud bo‘lgan soliq tizimini o‘zgartirmagan holda, soliq yig‘imini amalga oshirishni 27 ta chekka mamlakat shahar va tumanlari mahalliy hokimiyati zimmasiga yuklardi. “Agar xalq boshqarishning oldingi tartiblarida yashashni istasa, bu istak amalga oshirilardi, aks holda soliqlar men o‘rnatgan tartiblar bo‘yicha yig‘ilardi”, - deb yozgan edi Amir Temur o‘z tuzuklarida. Xazinaning chiqim qismi soliqlar yig‘ishning barqaror tizimini kiritishni talab qilar edi. Amir Temur va Temuriylar davlatida soliqlarning 20 dan ortiq turi mavjud edi. Ularning asosiylari quyidagilardan iborat:
Sap shumor - jon boshiga to‘lanadigan soliq, miqdori 1 dinordan 10 dinorgacha bo‘lgan, aholining hamma tabaqasiga tarqalgan va boylik darajasiga qarab aniqlangan;
Xarj - Temuriylar va ulardan keyingi davrga ta’lluqli еr solig‘i. U olingan hosilning 3 dan 1 qismiga teng bo‘lib, pul yoki mahsulot shaklida olingan.