Jismoniy daqiqa. Tarbiyachi bolalarga «Rasmni top» o’yinini taklif etadi. Buning uchun tarbiyachi bolalarni uch guruhga bo’ladi: 1-guruhga «O» tovushi bilan boshlanadigan predmetlar rasmlarini topish, 2-guruhga «O» tovushi bilan tugaydigan predmetlar rasmlarini, 3-guruhga «O» tovushi so’z o’rtasida kelgan predmetlar rasmlarini topish aytiladi, qaysi guruh o’ylanib, belgilangan muddatda so’z topa olmasa, o’yindan chiqadi. O’yinni oxirigacha davom ettirgan guruh g’olib sanaladi.
Bolalar uchun amaliy ish. Tez aytish:
Oqqush ko’lda suzadi,
Oppoq bo’yin cho’zadi
Mashg’ulotga faol qatnashgan bolalar rahbatlantiriladi.
Bolalar bilimini tekshirish va mustahkamlash uchun savollar : Bugun qaysi tovush bilan tanishdik?
U qanday tovush ekan?
Bu tovushni nima qilamiz?
Biz tovushlarni nima uchun o’rganamiz?
Qaysi tovushlar unli tovushlarga kiradi?
Halq ertaklari, rivoyatlar va xalq o’yinlari orqali bolalar nutq madaniyatini rivojlantirish.
I. «Tulki, quyon va xo’roz» xalq ertagi: Bola mazkur ertak mazmunini qabul qilib tushundimi?
Bola ko’rgazma asosida ertak mazmunini so’zlab bera oladimi?
Bola ertak mazmunini ko’rgazmali vositasiz so’zlay oladimi?
Bolalarga ertak o’qib berilgandan keyin bir kun o’tib, har bir bola bilan ushbu ertak bo’yicha tajriba uchun suhbat o’tkazildi. Ertak yuzasidan quyidagi savollar berildi:
1. Tulkining uyi quyonning uyidan nimasi bilan farq qiladi?
2. Nimaga tulki quyonni uyidan haydab chiqardi?
3. Xo’roz quyonni qanday qilib qutqardi?
Savollardan ko’rinib turibdiki, birinchi savol ertakdagi parchani qayta hikoya qilib berishga qaratilgan bo’lsa, ikkinchi savolimiz ertak bo’yicha bola o’z fikrini bildirishga qaratilgan. Uchinchi savolimiz esa, nutqning ifodaviyligini talab etadi.
2. Rivoyat. Bir kampirning o’g’li bor ekan. Uning xotini va to’rt yoshli o’g’li bor ekan. Nabira buvisini nihoyatda yaxshi ko’rarkan. Har kuni kelin ovqat pishirib qaynonasiga yog’och kosa, yog’och qoshiqda ovqat berar ekan. Nabira buni kuzatib borar va ajablanar edi. Bir kuni kelin o’g’li yog’ochdan nimadir yasayotganini ko’rib qolibdi.
- Nima yasayapsan, bolam? deb so’rabdi onasi.
- Siz bilan otamga tovoq yasayapman. Katta bo’lganimda sizlarga shunda ovqat beraman, debdi o’g’il. Kelin o’z qilmishidan pushaymon bo’lib, qaynonasiga mehribon bo’la boshlabdi.
Bir kunday so’ng har bir bolaga mazkur rivoyat bo’yicha quyidagi savollar berildi:
– Kelin qaynonasiga ovqatni nimada berar edi?
– Kelin o’g’li yog’ochdan nimadir yasayotganini ko’rib, nima qilayapsan bolam, deb so’raganda qanday javobni eshitdi?
– Keyin nima bo’ldi?