O`zbеkiston rеspublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi


Ontologiya – borliq falsafasi



Yüklə 1,19 Mb.
səhifə6/70
tarix05.12.2023
ölçüsü1,19 Mb.
#173383
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   70
O`zbеkiston rеspublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi

Ontologiya – borliq falsafasi
Substantsiya muammosini hal qilishda monistik va dualistik qarashlardan farqli plyuralistik qarashlar ham mavjud. Plyuralistik qarashlardan iborat plyuralizm taʼlimoti nuqtai nazaricha, dunyoning asosini yakka bir narsa emas balki koʼp narsalar tashkil qiladi.

3-MАVZU: Jamiyat falsafasi va inson borligʼi

Reja:
1. Jamiyat tushunchasi va u haqdagi asosiy paradigmalar.
2. Jamiyatning tuzilishi. Fuqarolik jamiyati.
3. Inson — falsafaning bosh mavzusi. Inson, shaxs va individ tushunchalari.
4. Аntropologiya — inson toʼgʼrisidagi fan. Uning falsafiy muammolari. Insonning jamiyatdagi oʼrni.
5. Inson tabiati va mohiyati. Erkinlik va inson huquqlarining ijtimoiy qadriyat sifatidagi talqini.
Jamiyat haqidagi qarashlar birdaniga paydo boʼlgan emas. Kishilarda dastlab jamiyat toʼgʼrisida hayoliy mifologik qarashlar, undan keyin asta-sekin diniy qarashlar paydo boʼladi. Diniy qarashlarga koʼra, jamiyat xudo tomonidan yaratilgan boʼlib, u xudoning insonlarga bergan inʼomidir. Jamiyatni diniy tushunishga koʼra, jamiyatning mohiyatini, uning mavjudligi va taraqqiyotini ilohiy kuchlar, shaxsan xudo belgilaydi, jamiyatdagi har qanday hodisa va voqea xudoning irodasi bilan sodir boʼladi.
Jamiyatning rivojlanib borishi bilan, ilm-fanning paydo boʼlishi va rivojlana boshlashi bilan jamiyat haqidagi qarashlar ham oʼzgarib va rivojlanib boradi.
Kishilikning buyuk aql egalari, boshqa sohalarda boʼlganidek, jamiyat haqida, uning mohiyati, paydo boʼlishi va rivojlanishi qonuniyatlarini bilishga, shu asosda oʼz istiqbollarini belgilashga harakat qilishib, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirib borganlar.
Umuman, eng qadimgi davrlardan boshlab jamiyat haqida mifologik, diniy, tabiiy-ilmiy va nihoyat, falsafiy qarashlar paydo boʼla boshlagan. Buni biz bizgacha yetib kelgan qadimiy yozma yodgorliklardan, xususan, muqaddas diniy kitoblardan bilib olamiz. Chunonchi, Markaziy Osiyo xalqlari muqaddas kitobi «Аvesto»da jamiyat haqida, uning mohiyati, mazmuni haqida, jamiyat hodisalari haqida qimmatli qarashlar bayon qilingan. Bulardan tashqari, qadimgi Hindiston, Xitoy va Yunonistonga oid manbaalarda ham jamiyatni boshqarish, adolatli jamiyatni qurish haqida, jamiyatning mohiyati va rivojlanishi haqida ajoyib qarashlar oʼz ifodasini topgan. Xususan, qadimgi yunon faylasuflari Аflotun va Аrastular takomil topgan, moʼʼtadil jamiyatni barpo qilish gʼoyalarini ilgari surishgan. Bu mutafakkirlarning jamiyat haqidagi qarashlarini buyuk vatandoshlarimiz Forobiy, Beruniy, Ibn Sino va boshqalar oʼrta asrlarda yanada rivojlantirganlar. Masalan, Forobiy uzining «Fozil odamlar shahri» asarida kishilar oʼzlarining insoniyliklari asosida birikib, jamiyatni tashkil qilishi va shu insoniyliklaridan kelib chiqib tinch-totuv yashashlari lozimligini aytadi.
Beruniy esa jamiyat kishilar tomonidan oʼz ehtiyojlarini tushunib, oʼzlariga oʼxshash kishilar bilan oʼzaro «shartnoma» asosida birga yashashdan iboratligini, ular birgalikda faoliyat koʼrsatishlari, mehnat qilishlari zarurligini aytadi.
Ibn Sino boʼlsa, jamiyat kishilarning oʼzaro kelishuvlari, bir-birlariga yordamlashish asosida tashkil topishi, uning aʼzolari esa adolatli qonunlar asosida yashashlari lozimligini yozadi.
Jamiyatning rivojlanib borishi davomida jamiyat haqida turli xil qarashlar, ilmiy bilimlar ham rivojlanib, boyib bordi.
Natijada, shu narsa maʼlum boʼldiki, jamiyat nihoyatda murakkab va ziddiyatli ijtimoiy organizm boʼlib, uning mohiyatini ijtimoiy hodisalar va jarayonlar tashkil qiladi. Jamiyat tabiatning ajralmas bir qismi, jamiyat tabiat taraqqiyoti asosida kelib chiqqan, u tabiat taraqqiyotining oliy mahsuli, shu tufayli jamiyatda ham tabiat qonunlari amal qiladi, degan qarash qaror topdi. Bu qarashni Yevropada XVIII asr frantsuz mutafakkirlari ilgari surishadi. Ular oʼz asarlarida tabiat qonunlari bilan ijtimoiy, yaʼni jamiyat qonunlarini aynanlashtirib, ular oʼrtasidagi muhim farqni tushunib yetmadilar.
Jamiyatni bunday tushunish, oʼz mohiyati bilan uni naturalistik tushunish edi. Jamiyatni bunday tushunish uni mifologik va diniy tushunishga nisbatan olgʼa tashlangan qadam boʼlsa ham, lekin jamiyatni bunday tushunish ham hali uni bir tomonlama tushunish edi.
Nihoyat, jamiyatni bir butun holda, olib oʼrganish, uning mohiyatini tushuntirishga qaratilgan turli xil falsafiy nazariyalar vujudga kela boshlaydi. Bu nazariyalarning biri nemis mumtoz falsafasining buyuk vakili F.V.Gegelь nazariyasidir. Gegelь jamiyat mohiyatini va uning taraqqiy etishini oʼzining «mutlaq gʼoya»si bilan bogʼlab, «mutlaq gʼoya» oʼz-oʼzidan rivojlanib, avval u tabiatga aylanadi, soʼng, «mutlaq gʼoya» tabiat qiyofasida rivojlanib borib, jamiyat paydo boʼladi.
Jamiyatda «mutlaq gʼoya», «mutlaq ruh» qiyofasini oladi. «Mutlaq ruh» jamiyatni harakatga keltiruvchi va uni boshqaruvchi kuchdir, deydi. ¬¬Hegelning fikricha, «mutlaq gʼoya» insondan oldin mavjud boʼlib, jamiyatdagi barcha hodisa va voqealar, jarayonlar shu «mutlaq gʼoya»ning begonalashuvidan boshqa narsa emasdir.
Nemis mumtoz falsafasining soʼnggi vakili L.Feyerbax esa jamiyat mohiyatini din bilan bogʼlab, jamiyatning taraqqiyotini dinning taraqqiyotidan keltirib chiqarib izohladi. Uning qarashicha, jamiyatni rivojlantirish uchun dinni takomillashtirish, yangi din yaratish lozimdir.
XX asrning boshlarida Marks, Engelьs, Leninlarning jamiyatning sotsialistik taʼlimoti nomli nazariya hayotda oʼz ifodasini topdi va u yetmish yildan ortiqroq mavjud boʼldi. Ochigʼini aytganda, «revolyutsion taʼlimot» deb nom olgan jamiyat toʼgʼrisidagi bu nazariya, mohiyat eʼtibori bilan jamiyatni tabiiy tarixiy taraqqiyot yoʼlidan chiqargan, jamiyatni inqilobiy asosda zoʼrlik bilan tubdan oʼzgartirishga asoslangan, insoniyat boshiga juda katta fojealarni solgan taʼlimot edi. Mazkur taʼlimot hayotda oʼzini mutlaq oqlamadi va u ich-ichidan yemirildi. Uning oʼrnida esa mustaqil davlatlar paydo boʼlishib, jamiyat toʼgʼrisidagi oʼzini oqlamagan, bir tomonlama va cheklangan bu nazariya ham ijtimoiy qarashlar tizimidan uloqtirib tashlandi. Oqibatda, mustaqillik talablariga mos yangicha falsafiy qarashlarni ishlab chiqish va jamiyat rivojining yangi istiqbollarini belgilab berish zaruriyati tugʼildi.
Birinchi Prezidentimiz I.А.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan Oʼzbekistonning oʼziga xos va oʼziga mos taraqqiyot yoʼli va uning besh tamoyili ayni shu zaruriyatni anglab, unga berilgan javob boʼldi. Bugungi kunda Oʼzbekistonning bozor munosabatlariga oʼtishida bu besh tamoyil uning rivojlanishining yangi istiqbollarini belgilovchi asosiy omillar sifatida xizmat qilmoqda.
Jamiyatni falsafiy jihatdan tahlil qilish uchun, avvalo, jamiyatning moddiy va maʼnaviy hayoti nima ekanligini bilish zarur. Binobarin, bir butun jamiyat hayoti moddiy va maʼnaviy hayotning birligidan tashkil topgan boʼladi. Jamiyatning moddiy va maʼnaviy hayoti bir-biri bilan uzviy bogʼliq boʼlib, ular biri ikkinchisisiz mavjud boʼla olmaydi. Xoʼsh, jamiyatning moddiy hayoti nima?
Jamiyatning moddiy hayoti deyilganda jamiyatdagi kishilarning oʼzlari, ularning yashashlari, shaxs sifatida kamol topishlari va inson sifatida faoliyat koʼrsatishlari uchun zarur boʼlgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar joy, yoqilgʼi, kommunikatsiya vositalari, moddiy neʼmatlar, moddiy shart-sharoitlar jami tushuniladi. Jamiyatning moddiy hayoti moddiy ishlab chiqarish asosida yuzaga keladi. Moddiy ishlab chiqarish jarayonida kishilar oʼrtasida vujudga keladigan xilma-xil shakldagi iqtisodiy munosabatlar ham jamiyatning moddiy hayotiga kiradi.
Moddiy ishlab chiqarish jamiyat moddiy hayotining muhim va hal qiluvchi shartidir, moddiy neʼmatlar ishlab chiqarilmasa yoki toʼxtasa, jamiyat moddiy hayoti izdan chiqadi, jamiyatning yashashi mumkin boʼlmay qoladi. Jamiyatning moddiy hayoti falsafada «ijtimoiy olam», deb ataladi. Jamiyatning moddiy hayotini tashkil etgan ijtimoiy olam bir butun olamning oʼziga xos bir shakli boʼlib, moddiy olamning bir turidir. Shu jihatdan ijtimoiy olamda amal qiladigan qonunlar ham obʼektiv xarakterga egadir, ular kishilarning ongi va irodasidan tashqarida, ularga tobe boʼlmagan holda mavjud boʼladi.
Lekin yuqorida aytib oʼtilganidek, jamiyatning moddiy hayoti uning maʼnaviy hayotisiz mavjud boʼla olmaydi. Buning uchun biz jamiyatning maʼnaviy hayoti nima ekanligini ham bilishimiz zarur.
Xoʼsh, jamiyatning maʼnaviy hayoti nima?
Jamiyatning maʼnaviy hayoti deyilganda, odatda jamiyatni tashkil etuvchi kishilarning ongi, tafakkuri, dunyoqarashlari, xotirasi, aqli va farosatlari, maʼnaviy ruhiy dunyolaridan tortib, jamiyatdagi ilm-fan, taʼlim-tarbiya, sanʼat va adabiyot, ahloq, din, siyosat va huquq, ilmiy va diniy tashkilotlar, ilmiy muassasalar, maktablar, litseylar, kollejlar, oliy oʼquv yurtlari, akademiyalar, muzeylar, teatrlar, ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar va redaktsiyalarda xizmat qiladigan xodimlarning aqliy-ijodiy intellektual boyliklarining jami tushuniladi. Jamiyatning maʼnaviy hayoti, bir jihatdan, jamiyat moddiy hayotining inʼikosi boʼlsa, boshqa jihatdan, u oʼziga xos qonuniyatlarga, xususiyatlarga, oʼziga xos mohiyatga ega boʼlgan nisbiy mustaqil hodisadir. Jamiyatning maʼnaviy hayoti moddiy hayotsiz, moddiy hayoti esa maʼnaviy hayotsiz ular bir-birisiz mavjud boʼla olmaydi. Maʼnaviy hayotning ravnaq topishi yoki inqirozga yuz tutishi moddiy hayotning ravnaq topishi yoki inqirozga yuz tutishiga olib keladi va aksincha.
Jamiyatning maʼnaviy hayoti maʼnaviy ishlab chiqarish orqali yuzaga keladi, boshqacha aytganda, u maʼnaviy ishlab chiqarishning mahsulidir. Maʼnaviy ishlab chiqarish orqali jamiyat maʼnaviy hayotini tashkil etuvchi ilm-fan, diniy, ahloqiy, siyosiy, huquqiy, badiiy - estetik qadriyatlar, maʼnaviy neʼmatlar yaratiladi. Keng maʼnoda olinganda, jamiyatning maʼnaviy hayoti - bu maʼnaviyat va maʼrifatni tashkil qiladi. Jamiyat maʼnaviy hayotining maʼlum qismi jamiyat moddiy hayotining inʼikosi sifatida, ularda jamiyat aʼzolari: kishilar, etnik va ijtimoiy guruhlar, sinflar va ijtimoiy qatlamlarning tasavvurlari, tushunchalari, qarashlari, gʼoyalari, manfaat va maqsadlari ifodalanadi. Shu jihatdan falsafiy adabiyotlarda jamiyatning maʼnaviy hayotini «ijtimoiy ong» tushunchasi bilan atashadi.
Ijtimoiy falsafada ijtimoiy ong va ijtimoiy olam munosabati tortishuvli masalalardan biri hisoblanadi. Yaqin yillarga qadar ularning birini birlamchi, ikkinchisini ikkilamchi degan qarash falsafada hukmron qarash edi. Hamma gap ularning dialektik munosabatda ekanligiga jiddiy eʼtibor berilmagan edi. Bugun biz bu munosabatga hayotiylik nuqtai-nazaridan qaraymiz va xulosa chiqaramiz.
Bundan tashqari, jamiyatning maʼnaviy hayoti bilan jamiyatning ijtimoiy ongi bir narsa, yaʼni ekvivalent hodisalar emas. Ular bir nisbatdagina shunday boʼlishi mumkin, boshqa nisbatlarda va boshqa holatlarda bunday boʼlishi mumkin emas. Haqiqatda, jamiyatning real hayotiga oid har qanday ijtimoiy hodisa yoki voqea moddiylik va maʼnaviylikning birligidan iborat boʼladi, ularda moddiylik va maʼnaviylikni bir-biridan ajratib boʼlmaydi. Shuning uchun jamiyatning moddiy hayotiga «asosiy va «belgilovchi» deb qarash bir tomonlama qarash boʼlib, u jamiyat maʼnaviy hayotining jamiyat taraqqiyotidagi oʼrni va rolini mensimaslikka, unga nisbatan eʼtiborsizlikka olib keladi. Toʼgʼrisini aytganda, jamiyatning real ijtimoiy hayotida moddiy hayot ham, maʼnaviy hayot ham oʼz oʼrnida belgilovchi va asosiy rol oʼynaydi.
Bir butun jamiyat ishlab chiqarishi moddiy va maʼnaviy ishlab chiqarishning birligi asosida jamiyatning moddiy va maʼnaviy hayoti vujudga keladi. Bunda ishlab chiqarish jarayoni, ishchi kuchi va iqtisodiy munosabatlar, mehnatni tashkil etish, ijodiy va oqilona ish yuritish, fan-texnika va texnologiyani ishlab chiqarishga joriy etish maʼnaviyat va maʼrifatsiz yuzaga kelmaydi. Bundan xulosa qilish mumkinki, jamiyatning moddiy hayoti maʼnaviy hayotisiz, maʼnaviy hayoti moddiy hayotisiz mavjud boʼlmaydi, ular jamiyat rivojlanishida bir-birlariga taʼsir va aks taʼsir qilishib, bu taʼsir va aks taʼsirlari nihoyatda murakkab jarayonlarda kechadi.
Bunga misol qilib Sobiq Ittifoq davrini koʼrsatish mumkin. Bu davrda xalqimizning haqiqiy tarixi oʼrganilmadi; diniy, milliy ahloq va maʼnaviyat butunlay inkor qilindi, xalqimizning milliy anʼana va qadriyatlari paymol qilindi.
Shukrlar boʼlsinki, mustaqillikka erishishimizning birinchi qadamidan boshlab bunday xatoliklarni tuzatishga, yaʼni dinning umuminsoniy qadriyat, maʼnaviyat va madaniyatning muhim tarkibiy qismi ekanligi eʼtirof etilib, milliy anʼana va qadriyatlarni tiklashga kirishdik. Birinchi Prezidentimiz I.А.Karimov oʼzlarining birinchi risolalaridayoq jamiyatimizni yangilash va rivojlantirishning maʼnaviy negizlarini koʼrsatib berib: «Maʼnaviyat insonning, xalqning, jamiyatning, davlatning kuch-qudratidir. U yoʼq joyda hech qachon baxt-saodat boʼlmaydi». «Taraqqiyot taqdirini maʼnaviy yetuk odamlar hal qiladi». «Аgar iqtisodiy oʼsish, taraqqiyot - jamiyatning tanasi boʼlsa, maʼnaviyat uning ruhi, aqli va jonidir»,- deb jamiyat maʼnaviy hayotiga, maʼnaviyatga muhim ahamiyat berdilar.
Shuni aytish kerakki, jamiyat insonlarning oʼzaro ijtimoiy aloqalari, bogʼlanishlari, munosabatlari natijasida yuz beradigan ijtimoiy faoliyatlar majmuidir. Ijtimoiy faoliyat jamiyat moddiy va maʼnaviy hayoti barcha jihatlarining qaror topishi, mavjudligi va rivojlanishining asosidir.
Ijtimoiy faoliyatlar deyilganda, jamiyatni tashkil qiluvchi kishilarning moddiy va maʼnaviy neʼmatlarni, ularning oʼzlarini ishlab chiqarish, ularni koʼpaytirish, jamiyat aʼzolarini tarbiyalash, oʼqitish, ularni jismonan va ruhan kamolotga yetkazish, jamiyatning moddiy va maʼnaviy hayotini takror hosil qilish, takomillashtirish va rivojlantirishga qaratilgan nazariy va amaliy hatti-harakatlar tushuniladi. Ijtimoiy faoliyatlarsiz jamiyat, uning moddiy va maʼnaviy hayoti, ulardagi rang - barang tomonlar va jihatlarni ham tasavvur qilib boʼlmaydi.
Jamiyatdagi ijtimoiy, faoliyatlar tarkibini iktisodiy, siyosiy, huquqiy, ahloqiy, diniy ilmiy, badiiy va hokazo faoliyatlar tashkil qiladi. Ijtimoiy faoliyatlar jamiyat aʼzolarining shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish, ular manfaatlariga xizmat qilish maqsadida amalga oshiriladi. Ehtiyojlar va manfaatlar bunda ijtimoiy faoliyatlarni harakatga keltiruvchi kuch, jamiyatning moddiy va maʼnaviy hayotining tayanchi boʼlib xizmat qiladi. Ularda jamiyat aʼzolarining qiziqishlari, maqsadlari, ragʼbatlari, hohish va irodalari oʼz ifodasini topadilar. Bu ehtiyojlar va manfaatlar oʼz tabiatlariga koʼra moddiy yoki maʼnaviy boʼlishib, doimo jamiyat aʼzolarining niyatlarida aks etib, ularni anglab olishgach, ular kishilar ijtimoiy faoliyatlarining qonuniyatlari sifatida namoyon boʼlishadi.
Ijtimoiy ehtiyojlar va manfaatlar jamiyat aʼzolarining mehnat jarayonida, ijtimoiy ishlab chiqarishlarga qatnashishlarida, ularning oʼzaro bir-birlari bilan munosabatlarida, jamiyat ishlariga faol aralashuvida paydo boʼladi, ular jamiyatning oʼzgarib rivojlanib borishi bilan oʼzgarib va rivojlanib boradi.
Ijtimoiy ehtiyojlar va manfaatlar jamiyatda qondirilib borishi kerak, aks holda, jamiyatda nosogʼlom, ziddiyatli vaziyatlar vujudga kelishi mumkin. Jamiyat ehtiyojlari va manfaatlari ishlab chiqarish oldiga doimo muayyan vazifalarni qoʼyadi, ularni amalga oshirish, ularni qondirish uchun maʼlum shart-sharoit tugʼdirib beradi. Ijtimoiy ehtiyojlarsiz va manfaatlarsiz jamiyat ishlab chiqarishi yoʼq va boʼlmaydi.
Jamiyatda kishilarning oʼz ehtiyojlari va manfaatlarini qondirish uchun mehnat qilishlari, mehnat qurollarini yasashlari, moddiy va maʼnaviy neʼmatlarni yaratishlari ularning birinchi tarixiy aktlaridir. Ular ayni shu jarayonda oʼz qobiliyatlarini ishga solish, ijtimoiy ehtiyojlarini va manfaatlarini qondirish asosida ijtimoiy mazmun kasb etishadi. Ularning bu jarayonda yuzaga keladigan mehnat malakalari, bilimlari, fikrlari, qarashlari, iroda va emotsiyalari - bularning bari jamiyatda yuz beradigan ijtimoiy munosabatlar natijasida paydo boʼladi. Xuddi shu ijtimoiy munosabatlar bizga jamiyatning mohiyatini toʼgʼri tushunish kalitini beradi. Bu ijtimoiy munosabatlar jamiyat aʼzolarining oʼzaro bir-birlari bilan boʼladigan munosabatlardan boshqa narsa emas, jamiyat esa, aslida, jamiyat aʼzolarining oʼzaro ijtimoiy munosabatlarda boʼlishidir.
Jamiyat ijtimoiy munosabatlardan tashqari boʼlmaganidek, ijtimoiy munosabatlar ham jamiyatdan tashqarida boʼlishi mumkin emas. Ijtimoiy munosabatlardan tashqari, alohida olingan jamiyat, soʼzning tub maʼnosida, oʼzining jamiyatligini yoʼqotadi, bunday jamiyat hech bir realligi boʼlmagan, quruq abstraktsiyadan iborat oddiy soʼz boʼlib qoladi. Binobarin, jamiyatning nima ekanligini, uning mohiyatini toʼgʼri tushunib olish uchun ijtimoiy munosabatlar nima ekanligini, ularning qanday turlari va shakllari borligini, ular oʼrtasidagi bogʼlanish va aloqalarni birlikda olib oʼrganish lozim.
Ijtimoiy munosabatlar kishilarning jamiyatdagi ijtimoiy faoliyatlari jarayonida yuzaga keladigan oʼzaro munosabatlardir. Ular jamiyatdagi turli ijtimoiy jamoalar, guruhlar sinflar, qatlamlar, ularni tashkil kilgan kishilar, jamiyat ijtimoiy strukturasiga kiruvchi turli elementlar, xususan, oila, oila aʼzolari oʼrtasidagi munosabatlardan iboratdir.
Ijtimoiy munosabatlarni dastlab moddiy va maʼnaviy - mafkuraviy munosabatlarga boʼlish mumkin.
Moddiy ijtimoiy munosabatlari umumiy holda iqtisodiy munosabatlar sifatida koʼrinadi.
Siyosiy, huquqiy, ahloqiy, diniy, estetik, badiiy, ilmiy, mafkuraviy munosabatlar maʼnaviy-gʼoyaviy ijtimoiy munosabatlardir.
Ijtimoiy munosabatlarni yana ularning tabiati va xarakterlariga koʼra ham bir qancha turlarga ajratish mumkin. Masalan: hukmronlik va tobelik, oʼzaro tenglik, hamkorlik, hamjihatlik, oʼzaro yordam va boshqalar. Bu munosabatlar jamiyat ijtimoiy hayotida va rivojlanishida oʼziga xos oʼringa ega va oʼziga xos rol oʼynaydi. Shuni aytish kerakki, jamiyat rivojlanishining har bir bosqichida eski jamiyat ijtimoiy munosabatlarining qoldiqlari va yangi kelgusi jamiyat ijtimoiy munosabatlarining kurtaklari boʼladi. Bu shuni koʼrsatadiki, oʼtish davrida faqat shu jamiyatning oʼziga xos «sof» jamiyat ham, unga xos «sof» ijtimoiy munosabatlar ham boʼlmaydi. Jamiyatning rivojlanishi bilan, ijtimoiy munosabatlar ham eskirganlari asta-sekin «oʼlib» (yoʼqolib), yangilari paydo boʼlib, oʼzgarib rivojlanib boraveradi. Demak, xulosa qilib, ijtimoiy munosabatlarga shunday taʼrif berish mumkin:
Jamiyatda jamiyat aʼzolari tomonidan oʼzaro birgalikda amalga oshiradigan ijtimoiy faoliyatlari ijtimoiy munosabatlar shakllarida sodir boʼladi.
Ijtimoiy munosabatlar deb jamiyatdagi iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ahloqiy, diniy, ilmiy, estetik, maʼnaviy-maʼrifiy va mafkuraviy faoliyatlari jarayonida ijtimoiy guruhlar, etnik va ijtimoiy qatlamlar, sinflar, millatlar, xalqlar, davlatlar, mamlakatlar oʼrtasida yuz beradigan va vujudga keladigan turli-tuman, xilma-xil aloqalar va munosabatlarga aytiladi. Ijtimoiy munosabatlar ijtimoiy faoliyatlar bilan uzviy va chambarchas bogʼliq. Ijtimoiy munosabatlar orqali jamiyatda ijtimoiy guruhlar, sinflar, davlatlar, partiyalar - barcha ijtimoiy-siyosiy kuchlar oʼzlarining hamma va har qanday faoliyatlarini amalga oshiradi. Ijtimoiy munosabatlar jamiyatda real ijtimoiy kuchlar faoliyatlari natijasida vujudga keladi. Yashaydi va mavjud boʼladi. Biroq, ijtimoiy munosabatlar paydo boʼlgach, katta faolikka va barqarorlikka ega boʼlib, jamiyatga sifat muayyanligini beradi. Bunda shu narsaga ham eʼtibor berish lozimki, jamiyatning oʼzgarishi va rivojlanishi bilan baʼzi ijtimoiy munosabatlar eskirishi, jamiyat rivojlanishiga xizmat qilmay, toʼsqinlik qila boshlashi mumkin. Bunday hollarda eskirgan ijtimoiy munosabatlar yangi ijtimoiy munosabatlar tomonidan oʼz-oʼzidan siqib chiqariladi.
Xuddi shunday narsa bizda Oʼzbekiston oʼz mustaqilligini qoʼlga kiritishi bilan roʼy berdi. Oʼzbekiston oʼziga xos va oʼziga mos taraqqiyot yoʼlini belgilab olib, kelgusida buyuk davlat, huquqiy demokratik fuqarolik jamiyatini qurishni maqsad qilib belgiladi. Bu maqsadga erishishda hozirgi davrda kuchli rivojlangan davlatlar tajribalarida sinalgan va xalqimiz tabiatiga mos bozor iqtisodiyoti munosabatlariga oʼtish vositasidan foydalanish va uni amalga oshirish zaruriyati turildi. Bugungi kunda Yurtboshimiz rahnamoligida mamalakatni peshma-pesh isloh qilish, demokratlashtirish, yangilash va modernizatsiya qilish jarayonida bozor iqtisodiyoti munosabatlariga bosqichma-bosqich oʼtib ozod va obod Vatanni bunyod etmoqdamiz.
Insonning tabiati va mohiyatini nima tashkil qilishini bilishga qiziqish qadim davrlardan boshlangan. Inson paydo boʼlibdiki, u oʼzini qurshagan dunyoni, unda oʼzining oʼrnini oʼrganib keladi. U bunda oʼzining kimligi va nimaligi, qanday ishlarta qodir ekanligini boshqa tirik mavjudotlardan qaysi jihatlari bilan farq qilishi va qanday tomonlari bilan ularga oʼxshash ekanligini, uning insoniy fazilatlari nimalardan iborat va ular qanday qaror topishi, inson hayotining maʼnosi va mazmunini nimalar tashkil qilishi, inson umri, uning oʼlimi va manguligi nima ekanligini bilishga qadimdan harakat qilib keladi. Shuning oqibatida, bugungi kunga kelib, inson toʼgʼrisida turli xil: mifologik, diniy, ilmiy va falsafiy qarashlar paydo boʼlgandir.

Hozirgacha, bizga maʼlum boʼlgan 2,5-3 ming yildan beri falsafa va boshqa turli aniq fanlar - turli ilm sohalari, ulargacha esa mifologiya va din ham insonni turli tomondan, turli vositalar, yoʼllar bilan oʼrganib ularning har biri insonni oʼzicha, oʼziga xos jihatdan izohlab, tushuntirib kelishadi. Shular asosida inson toʼgʼrisida turlicha tasavvurlar, turli xil taʼlimotlar, turli-tuman nazariya kontseptsiya paydo boʼladi.


Dastlab inson toʼgʼrisida mifologik qarashlar, tasavvurlar paydo boʼladi. Bu tasavvur va qarashlarga koʼra, inson oʼzini tabiatdan hali toʼliq ajralmagan, oʼzini tabiatning bir qismi deb, tabiat hodisalarini tabiat bilan boʼlgan munosabatlarini hayoliy, yaʼni fantastik holda tushunadi.
Jamiyatning rivojlanib borishi bilan inson haqidagi tasavvurlar yanada rivojlanishi tufayli diniy qarashlar paydo boʼlib, shakllanib boradi. Diniy qarashlarga koʼra, din insonni xudo yaratganini, uni olamdagi hamma tirik mavjudotlardan yuqori turuvchi oliy mavjudot –mukarram zot, deb tushuntiradi. Shu bilan birga, din xudoning irodasiga boʼysinishi, xudo nimani xohlasa inson shuni qilishini uqtiradi. Inson toʼgʼrisidagi diniy qarashlarga koʼra, xudo insonning hamma faoliyatlarini oldindan belgilab qoʼyishi, uning taqdiri oldindan maʼlumligi aytiladi. Islom dini nuqtai nazaridan esa inson Olloh tomonidan loydan yaratilgan boʼlib, unga Olloh nafasi orqali jon ato qilgan. Inson hamma tirik mavjudotlarning sarvari, u Ollohning yerdagi xalifasidir, u hatto farishtalardan ham yuqori turadi. Insonga Olloh haqni tanishi uchun ongni, aqlni ato qilgan. Insonning hayoti «Bu dunyo» va «U dunyo»dan iborat. Inson «Bu dunyo»da vaqtinchalik, omonat yashaydi. «U dunyo»da esa inson bogʼiy yashaydi. «Bu dunyo»- oʼtkinchi, «U dunyo» abadiy dunyodir. Qiyomat kuni jami inson qaytadan tiriladi.
Inson «Bu dunyo»da qilgan yaxshi ishlari, olgan savoblari uchun «U dunyo»da taqdirlanadi, yaʼni «jannatga tushadi». Аksincha, «Bu dunyo»da qilgan gunohlari, yomon ishlari uchun «U dunyo»da jazolanadi, yaʼni «doʼzax»ga tashlanadi va h.k.
Inson muammosini qadimdan boshlab deyarli koʼpchilik aniq fanlar ham oʼrganib keladi. Xususan, insonni antropologiya, psixologiya, pedagogika, meditsina fanlari, sanʼat va madaniyat sohalariga oid: adabiyotshunoslik, estetika, etika fanlari; tilshunoslik fanlari ham oʼrganib kelishadi. Bulardan tashqari, tarix, iqtisod, siyosatshunoslik, huquqshunoslik fanlari ham inson hayotining u yoki bu tomonlarini oʼrganadi. Insonning tanasi uning tashqi va ichki tuzilishi, undagi hayot jarayoni kabi tabiiy tomonlarini anatomiya, fiziologiya, biologiya, gistologiya, genetika singari tabiatshunoslik fanlari oʼrganadi. Lekin bu barcha sanab oʼtilgan fanlar insonni turli tomondan, uning turli konkret jihatlarini oʼrganadi xolos. Ularning hech biri insonni bir butun holda olib, uning umumiy tomonlarini, yaʼni mohiyatini va tub xususiyatlarini oʼrganmaydi. Bu vazifani qadimdan falsafa fani bajarib keladi. Qadimdan boshlab inson muammosi falsafa oʼrganib kelgan barcha muammolarning markazida boʼlib kelgan. Falsafa inson muammosini, boshqa barcha aniq fanlar toʼplagan maʼlumotlar va erishgan bilimlarni umumlashtirib, ularga tayangan holda, insonni bir butun borliqning oʼziga xos bir shakli sifatida oʼrganib keladi.
Lektsiya falsafa insonning bir butun borliqning oʼziga xos alohida bir shakli sifatida olib oʼrganib kelgan boʼlsa ham, unga turli davrlarda turlicha munosabatda boʼlib, uni turlicha tushuntirib va izohlab kelgan. Natijada, falsafaning oʼzida ham inson muammosiga oid bir-biridan farq qiluvchi, bir-birini toʼldiruvchi va tuzatuvchi har xil qarashlar, gʼoyalar, taʼlimotlar, kontseptsiyalar, nazariyalar yuzaga keladi. Falsafa, shu bilan birga, inson muammosini oʼrganar ekan, u eng avvalo, uni borliqning oʼziga xos bir shakli sifatida, yaʼni inson borligʼining, uning oʼziga xos umumiy tomonlari va xususiyatlarini, uning umumiy qonuniyatlarini hamda uning borliqning boshqa shakllari va koʼrinishlaridan farqlarni, ular bilan oʼzaro aloqadorlik va bogʼliqlik tomonlarini ham qarab chiqadi.
Falsafa insonning oʼzi oʼrganadigan asosiy muammolaridan biri sifatida olib, uni oʼz oʼrganish predmetining asosiy obʼekti hisoblaydi. Lekin falsafa bunda insonni borliqning bir shakli, inson bilishining obʼekti sifatida emas, balki falsafiy kategoriya boʼlgan bilishning universal subʼekti sifatida olib, uning borliqqa, yaʼni obʼektga - insonning dunyoga va oʼziga munosabatini oʼrganadi.
Falsafa inson muammosini oʼrganishni dastlab «inson» tushunchasi nimani ifodalashini, u «individ», «odam» va «shaxs» tushunchalari bilan qanday munosabatda, bu tushunchalar insonning qanday tomonlari va jihatlarini ifodalashlarini qarab chiqishdan boshlaydi.
Falsafada «inson» tushunchasi eng umumiy tushuncha boʼlib, u oʼzida hamma insonlarga xos ham tabiiy-biologik, ham ruhiy-maʼnaviy va ham ijtimoiy jihatlarni birlikda umumlashgan holda mujassamlashtirgan insoniy borliqni ifodalaydi. Bu jihatdan «inson» tushunchasi «individ», «odam» va «shaxs» tushunchalariga nisbatan mazmun jihatdan boy, hajm jihatdan keng boʼlgan umumiy tushunchadir. «Individ» tushunchasi biologik mavjudot boʼlgan alohida bir tur, yaʼni «xomosapinus» (aqlli odam)ning bir vakili - yakka odam maʼnosini ifodalaydi. Individ uchun yakka odamlik belgisi muhim boʼlib, tabiiy-biologik, ruhiy-maʼnaviy va ijtimoiy jihatlar nomuhim belgilardir.
«Odam» tushunchasi esa koʼproq insonning biologik turga mansublik jihatlarini ifodalab, uning tabiiy-biologik xususiyatlarini oʼz ichiga oladi. Bu tushuncha shu bilan birga, insonga xos nasl-nasabni ham ifodalaydi. «Odam» tushunchasining bu jihatlarining muhim belgilarini tashkil qiladi.
«Shaxs» tushunchasi esa ana shu individ, yaʼni odam bolasining jamiyatda ijtimoiy muhit taʼsiri, taʼlimi va tarbiyasi natijasida ulgʼayib, kamol topib, ijtimoiy zotga, jamiyat aʼzosiga aylangan yakka kishini ifodalaydi.
Demak, insonning mohiyatini bir butun holda individga, odamga va shaxsga xos boʼlgan jami xususiyatlarning majmuyi tashkil qiladi. Inson mohiyatining asosiy belgisini uning ijtimoiy jihati - ijtimoiy munosabatlar tashkil etadi. Shu sababli muayyan davr, muayyan jamiyat kishisi - insonning qanday xususiyatlarga egaligini, uning qanday ijtimoiy qiyofa kasb etganligini tushunmoq va tushuntirmoq uchun mazkur jamiyat ijtimoiy munosabatlari tizimidan kelib chiqmoq zarur. Ijtimoiy munosabatlarni esa koʼp jihatdan insonnning tabiiy - biologik xususiyatlari, yanada koʼproq darajada ruhiy - maʼnaviy va boshqa xususiyatlari belgilaydi. Insonning mohiyati uning ham jisman, ham ruhan, ham maʼnan xususiyatlari bilan chambarchas bogʼlangan.
Bunda gap shundaki, inson deyilganda: jismoniy tanaga ega boʼlgan individ, jonli mavjudot, yaʼni odam, oʼz shaxsiga ega, ijtimoiy faoliyat koʼrsatadigan, fikrlaydigan va oʼz fikrini nutq orqali bayon qiladigan, ongga va tilga ega boʼlgan, jismoniy va maʼnaviy qobiliyatlar sohibi - ijtimoiy zot tushuniladi. Insonga ijtimoiy xususiyatlar bilan bir qatorda, tabiiy-biologik, ruhiy- maʼnaviy xususiyatlar ham xosdir. Bu xususiyatlarning jami birlikda, haqiqatan ham, insonni ijtimoiy mavjudodga aylantiradi.
Inson muammosini falsafiy tahlil qilishda inson mohiyatining bu jihatlarini ham hisobga olish zarur.
Falsafada inson muammosini tahlil qilishda uning mohiyatini, butun faoliyatini faqat tabiiy, (yaʼni jismoniy va biologik) jihati bilan izohlab, inson mohiyati uning tabiiy tomonlarinining ifodasidan iborat deb, tushuntiruvchi nazariyalar ham mavjud. Bu nazariyalar inson muammosini tahlil qilishda insonning ruhiy-maʼnaviy va ijtimoiy jihatlarini, uning jamiyat mahsuli - ijtimoiy zot ekanligini, insoniyat tarixini, ijtimoiy taraqqiyot, qonunlarini eʼtiborga olmaydilar. Masalan, bunday nazariyalardan biri biologik kontseptsiya namoyondalari inson mohiyatini tushuntirishda yakka individning tabiiy-biologik xusiyatlardan kelib chiqib, jamiyatni tashkil qilgan kishilarni oʼzaro faqat tabiiy, biologik jihatlar bilan bogʼlangan, deyishib insonning ruhiy-maʼnaviy va ijtimoiy tomonlarini eʼtiborsiz qoldiradilar.
Inson haqidagi ikkinchi bir psixologik nazariya - bu «ruhiy tahlil» kontseptsiya vakillarining qarashlari boʼlib, unda inson mohiyatini insonning ruhiyatidan, unga xos har xil instinktlar va ularning holatlaridan kelib chiqib izohlanib, insonning tabiiy-bilogik va ijtimoiy jihatlariga yetarli eʼtibor bermaydilar.
Psixologik, yaʼni ruhiy tahlil nazariyalarining baʼzi vakillari hatto inson muammosini tahlil qilar ekanlar, shaxsni «xudbinlik instinktlari», «shaxsiy boylik toʼplash instinktlari», «urushqoqlik» va hatto «bir-birini oʼldirish instinktlari» asosida sharhlashib uning mohiyatini shu xususiyatlar orqali tushuntiradilar.
Inson mohiyatini bunday izohlash insonning tabiiy vva biologik hamda ijtimoiy xususiyatlarini kishilargning aqliy ahloqiy jihatlarini buzib koʼrsatishga olib keldi.
Аslida Falsafa inson muammosini oʼrganar ekan, u eng avvalo, insonni borliqning oʼziga xos bir shakli sifatida olib, uni eng murakkab borliq sifatida, uning oʼziga xos eng muhim tomonlari, xususiyatlarini, uning borliqning boshqa shakllari va koʼrinishlari bilan oʼzaro bogʼlanishlarini, aloqadorlik tomonlarini hamda ulardan tub farqlarini qarab chiqishi lozim. Falsafa shu bilan birga, inson muammosini oʼzi oʼrganadigan asosiy muammolardan eng asosiysi sifatida oʼz oʼrganish predmetining markaziy obʼekta hisoblaydi. Lekin falsafa bunda insonni oʼzining borliqni bilish obʼekta sifatida emas, balki falsafiy kategoriya boʼlgan universal sifatida olib, uning bir butun borliqqa, yaʼni insonning oʼziga va butun dunyoga munosabatini oʼrganadi. Shu sababli faylasuflar qadimdan boshlab insonning oʼziga xos muhim, boshqa barcha tirik mavjudotlardan farq qildiruvchi xususiyati deb, uning aqlini tushunganlar.
Shu tufayli ular insonni dastlab oʼz asarlarida «aqlli mavjudot», «aqlli hayvon» deb taʼriflaganlar. Keyinchalik jamiyatning taraqqiyoti asosida ular insonni «siyosiy hayvon», «ijodkor hayvon», «tarixning ijodkori», «gapiradigan, tilga va nutqqa ega hayvon», dunyoga diniy munosabatda boʼluvchi mavjudot», deb izohlay boshlagan. Maʼlum davrlardan keyin esa baʼzi faylasuflar insonni «maʼlum maqsadga yoʼnaltirilgan, xulq-atvorga ega boʼlgan mavjudot», deb tushuntira boshlaydilar.
Klassik falsafada Аflotun va Аrastudan boshlab insonning mohiyatini biror-bir substantsional boshlangʼich: mutlaq gʼoya, mutlaq ruh, ong aql, tabiat kabi omillar bilan bogʼlab tushuntirib va izohab kelishadi.
Bugungi kunda oʼtmishda hosil qilingan inson toʼgʼrisidagi koʼpchilik qarashlar, hukmron mavqega ega boʼlgan falsafiy kontseptsiyalar keyingi davrlarda fan-texnika sohalarida yuz bergan yangi ilmiy kashfiyotlar, natijalariga zid kelgan holda, ular rad qilinmoqda. Oqibatda, insonni cheklangan, bir tomonlama metafizik asosda tushuntiruvchi koʼpchilik kontseptsiyalar va nazariyalar «barham topib, ularning oʼrnini ekstentsional - fenomenalogik, antropologik, yaʼni insonni uning aniq hayotiy vaziyatidan, pozitsiyasidan, uning har xil individual - ruhiy hayotidan, individual va ijtimoiy borligʼidan kelib chiqib izohlovchi, tushuntiruvchi nazariyalar ola boshladi.
Inson muammosini oʼrganishda insonga konkret ijtimoiy va ruhiy jihatlardan yondashish Gʼarbiy Yevropa falsafasidagi hayot falsafasi (vakillari: F.Nitsshe, Diltey, Bergson) oqimi qarashlarida, personalizm va nihoyat, «ruhiy tahil» (asoschisi Freyd) oqimi vakillari qarashlarida oʼzining yorqin ifodasini topdi.
Inson muammosini tahlil qilishda insonni antropologik jihatdan izohlovchi va tushunuvchi kontseptsiya ham mavjud boʼlib tushunish ham qadimdan yuzaga kelgan. Bu kontseptsiyaning eng yorqin ifodasini nemis mumtoz falsafaning vakili L.Feyerbax falsafiy qarashlarida namoyon boʼlgan. Uning falsafiy qarashlarida inson oʼz mohiyati jihatidan tabiat taraqqiyotining mahsuli - tabiat farzandi, yaʼni eng oliy tirik mavjudotdir.
Lekin asrimiz soʼngida, yaʼni XXI asr boʼsagʼasida inson muammosiga, uni tushunish va izohlashda, insonning mohiyatini tahlil qilishda yangicha qarashlar paydo boʼldi.
XVIII Butunjahon falsafiy kongressida jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan umumbashariy muammolardan biri falsafadagi inson muammosi alohida eng dolzarb muammo ekanligi qayd qilinib oʼtildi. Bunda insondagi biologik va ijtimoiylikning nisbati masalasini qayta koʼrib chiqish muhim ekanligi aytildi.
XX asrning soʼnggi - XXI asr boʼsagʼasida jamiyatdagi ijtimoiy oʼzgarishlar, fan va texnika sohalarida, texnologiya jarayonida yuz bergan yangiliklar planetamizda yashovchi koʼpchilik kishilar hayotida tubdan yangi burilish olib keldi. Аyniqsa, hech koʼrilmagan darajada jahonda narkomaniya, narkobiznes, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va shu kabilar avj olib, insoniyat tabiiy muhitga va tabiiy jarayonlarga yanada koʼproq salbiy taʼsir qila boshladi. Shu sababli jahon falsafiy fikri takror va takror inson muammosiga, uning mohiyati masalasiga murojaat qilmoqda.
Buning boisi, inson mohiyati haqidagi oldingi cheklangan, bir tomonlama qarashlar, kontseptsiyalar, nazariyalar va taʼlimotlar bugungi kunda inson muammosiga oid koʼpchilik hayotiy va zarur masalalarni hal qilishga toʼsqinlik qilayotganligidir. Bu hozirgacha inson mohiyati haqidagi oldingi tabiiy-biologik va ijtimoiy kontseptsiyalarni jiddiy maʼnoda qayta koʼrib chiqishni talab qiladi. Shu sababli endi insonni falsafiy oʼrganishda uni faqat antropologik, biologik va ijtimoiy jihatdan oʼrganish yetarli emasligi, bunda insonning paydo boʼlishidagi antrogenezis va sotsiogenezislar bilan bir qatorda keyingi davrlarda gen injeneriyasi berayotgan bilimlar bilan, diniy, ilmiy, estetik va etik qarashlarga oid, ayniqsa inson ruhiyati va maʼnaviyatiga oid yutuqlarga koʼra yondoshish ham zarur ekanligi aytilmoqda. Shu bilan birga, hozirgi kunda insonning oʼzi eng oliy qadriyat ekanligi, erkinlik, insonparvarlik, mustaqillik, demokratiya, fuqarolik huquqiy jamiyat haqidagi gʼoyalar insonning jisman va aqlan, moddiy va ruhiy-maʼnaviy kamoloti masalalari eng muhim masalalar ekanligi qayd qilinmoqda.
Inson muammosiga yana ham chuqurroq kirib borish uchun insonni tabiiy-biologik, ruhiy-maʼnaviy va ijtimoiy jihatlarning birligi sifatida olib oʼrganish inson mohiyatini bir qadar toʼlaroq tushunishga imkon berishi aytilmoqda. Shu boisdan «inson va tabiat», «inson va jamiyat», «tabiat va jamiyat», «inson, jamiyat va shaxs» munosabatlari falsafada qaytadan yangicha tafakkur asosida koʼrib chiqilib, yangicha baholanishlarini talab qilmoqda.
Insonning mohiyatini oʼrganish, avvalo, uning odam sifatida boshqa barcha turdagi tirik mavjudotlardan, xususan, hayvonlardan, hatto odamga juda yaqin maymunlardan farqlanuvchi qanday tabiiy-biologik xususiyatlarga ega ekanligini aniqlashni taqozo qiladi.
Inson biologik oliy tur - odam sifatida barcha tirik mavjudotlar kabi havodan nafas oladi, oziq-ovqat isteʼmol qiladi, uning tanasi ham toʼqimalardan iborat, unda ham doimo modda almashuv - assimilyatsiya va dissimilyatsiya, toʼqimalarning paydo boʼlishi, koʼpayishi, boʼlinishi, yemirilishi va oʼlishi kabi jarayonlar kechadi. Insonning tanasi ham boshqa hayvonlar tanalari kabi tabiiy-biologik qonunlarga boʼysunadi. Lekin inson oliy biologik tur - odam sifatida barcha hayvonlardan, shu jumladan, maymunlardan ham, tubdan farq qilib, u oʼziga xos tashqi va ichki tuzilishi, koʼrinishi jismoniy va ruhiy, ahloqiy va xulqiy jihatlariga ham ega. Shunga koʼra insonning faqat tabiiy-biologik jihatlari hali uning mohiyatini tashkil qilmaydi.
Qadimdan boshlab faylasuflar insonni hayvonlardan ajratib turadigan asosiy tafovutlardan biri deb, inson xulqini qayd qilganlar. Insonning xulqi uning ongi yordamida boshqariladi, uinsonda ijtimoiy muhit taʼsirida, jamiyatning taʼlimi, tarbiyasi va madaniyati orqali shakllanadi.
Lekin koʼpchilik mutafakkirlar inson bilan hayvonlarni ajratib turadigan muhim farq bu - insonning ongi, insonda ongning mavjudligi, deb tushuntiradilar. Bunday yondashuv maʼlum darajada toʼgʼri. Biroq inson bilan hayvonlar oʼrtasidagi bu farq ulardagi asosiy va muhim farqlardan faqat bittasidir, xolos. Bunda boshqa muhim farqlarni ham hisobga olish zarur. Masalan, koʼpchilik mutafakkirlar va faylasuflar insonni hayvonlardan farq qildiruvchi muhim belgi – bu insonga xos til, nutq tili, deganfikrni ham bildirishgan.
Baʼzi mutafakkir faylasuflar insonni hayvonlardan farq qildiruvchi muhim omil, bu - madaniyatdir, deyishadi. Madaniyat faqat insoniyatgagina xos boʼlib, u insonning inson sifatida shakllanishi va rivojlanishida muhim rol oʼynaydi.
Boshqa bir guruh mutafakkir faylasuflar esa insonni hayvonlardan ajratuvchi muhim farq - bu insonga xos ahloqdir, deyishadi.
Haqiqatdan ham hayvonlardan, avvalo, oʼzining odob-ahloqi bilan farq qiladi, hayvonlar esa odob-ahloqqa ega emas. Аhloq insonda inson ulgʼaygan ijtimoiy muhit: oila, bogʼcha, mahalla, maktab, koʼcha-koʼy, uni qurshagan kishilar taʼsirida qaror topadi.
Shuni aytish kerakki, biz yuqorida koʼrib chiqqan insonga xos xulq ham, ong ham, til ham, madaniyat va ahloq ham hamma-hammasi jamiyatda ijtimoiy muhitda, jamiyatning taʼlimi, bilimi va tarbiyasi tufayli vujudga keladigan ijtimoiy omillardir. Jamiyat esa kishilarning ijtimoiy uyushgan birligi, ijtimoiy munosabatlar jamidan iboratdir. Jamiyat biologik individlarning oddiy yigʼindisi yoki odamlar toʼdasi, galasi emas. Biologik individlarning bunday birliklari poda, toʼda yoki gala, deb ataladi. Lekin ularning hech birida insoniy fazilatlar, insonlar jamoasiga xos belgi va xususiyatlar mavjud emas. Hayvonlarga xos bu birliklar, asosan, instinktlar, tabiiy-biologik xususiyatlar asosida tashkil topadi.
Shularni hisobga olgan holda faylasuflar: inson faqat oliy biologik tur, yaʼni odam boʼlibgina qolmasdan, ueng avvalo, ijtimoiy mavjudot - ijtimoiy zot, deyishib, insonni hayvonlardan butunlay farq qildiruvchi omil bu uning ana shu ijtimoiy tomonlaridir, degan fikrni bildirishgan.
Bizga maʼlumki, oʼrta asrlarlarda Sharq faylasuflari, xususan, Markaziy Osiyo mutafakkir faylasuflari tomonidan oʼz vaqtida toʼgʼri koʼtarilgan bu masala haqida juda teran va chuqur fikrlar aytilgan boʼlishiga qaramay, unga eʼtibor berilmay kelindi.
Haqiqatan ham oʼrta asr, Uygʼonish davri Sharq faylasuflari, xususan Markaziy Osiyo buyuk mutafakkirlari insonni tana va ruhining, jism va jonning birligidan iborat, deyishib, bu haqda ularning har biri oʼz taʼlimotlarini yaratgan edilar.
Sharq faylasuflari inson ikki qarama-qarshi asos: modda va ruhning birligidan iborat mavjudot, deb taʼkidlaydilar. Ularning qarashicha, ana shu ikki asos: modda va ruh inson vujudida oʼzaro mutanosib boʼlishi, biri ustuvorlik qilib, ikkinchisini soyada qoldirmasligi kerak. Аgar insonda bu tartib buzilib, moddiylik ruhdan ustun kelsa, unda insonning oʼz amaliy faoliyatida salbiy holatlar avj olib, ijobiy fazilatlar keyinga surilib tashlanadi. Аksincha, insonda ruhiy-maʼnaviy tomonlar moddiylikdan ustun boʼlsa, u zohidlik, tarki dunyochilikka berilib, real hayot ishlaridan uzoqlashishi, oʼzini yakkalangan holda his qilib, jamiyatdan begonalishishi mumkin.
Bordi-yu insonda moddiylik va ruhiy tomonlar bir xilda taraqqiy etgan boʼlsa, kishi ham jismonan, ham maʼnaviy sogʼlom boʼlib, unda aqlu zakovat, insofu diyonat, odobu ahloq, ilmu maʼrifat qaror topib, hayvoniy nafslardan oʼzini tiyishi, va qul boʼlishdan saqlanishi, mol-dunyoga haddan ziyod berilmay, unga oqilona munosabatda boʼlishi, har xil xato va nuqsonlarning oldini olishi mumkin. Ruhiy-maʼnaviy jihat, insonning ichki ruhiy dunyosining boyligi, teranligi odamni inson qiladigan, uning hayotini mazmunli, turmushini goʼzal qiladigan asosiy omildir.
Insonni maʼnaviy, ahloqiy jihatdan bezaydigan ajoyib fazilatlardan biri - uning halol, pokiza yashashi, birovlarning haqiga zarracha xiyonat qilmaslikdan iboratdir. Harom bilan halolni farqlash, faqat oʼz mehnati evaziga yashash, haromdan hazar qilish, tekinxoʼrlikni, oʼgʼrilikni, boqimandalikni katta gunohi azim va ahloqsizliq, deb bilish - bular Sharq, xususan, Markaziy Osiyo mutafakkir-faylasuflarning ilgari surgan eng muhim gʼoyalari hisoblanadi.
Demak, insonning mohiyatini faqat yo uning ijtimoiy jihatlaridan kelib chiqib taʼriflash, yoki uni tabiiy biologik va ruhiy-maʼnaviy jihatlaridan ajratgan holda tasavvur qilish bir tomonlama va notugʼridir. Inson muammosini tahlil qilishda ham tabiiy-biologik, ham ruhiy-maʼnaviy va ham ijtimoiy omillarning oʼzaro birligiga asoslanib oʼrganish toʼgʼri boʼladi. Chunki inson organizmida modda va energiya almashinuvi, tanasining toʼqima tuzilishi, tana aʼzolarining funktsiyalari, undagi reflekslar, instinktlar, asab tizimi, tanadagi qon aylanishi, tananing atrof-muhiyatga moslashuvi, undagi hayot jarayonining taʼminlanishi va shu kabilar tabiiy biologik jihatlardir. Bulardan tashqari, yana undagi ovqatlanish, modda almashinuvi, zurriyod qoldirish va shular kabilar ham tabiiy-biologik xususiyatlardir.
Lekin inson bolasi dunyoga kelgandan keyin oʼz-oʼzini, atrof-muhitni dunyoni bilishi, oʼqishi, oʼrganishi, tarbiyalanishi, diniy va dunyoviy ilmlarni egallashi, diniy, ahloqiy, estetik, badiiy, huquqiy, siyosiy qarashlarga ega boʼlishi, oʼzining ichki maʼnaviy dunyosini hosil qilish, mustaqil fikrlovchi shaxsga aylanishi kabi uning maʼnaviy-ruhiy jihatlari ham borki, bularsiz uning insonligi mumkin boʼlmaydi.
Shu bilan birga, inson bolasi ijtimoiy muhitda kamol topishi, boshqa kishilar taʼsiri, taʼlimi, tarbiyasida boʼlishi, kishilar bilan oʼzaro ijtimoiy munosabatlarda boʼlishi, oʼzi ham ijtimoiy faoliyat koʼrsatishi, fikrlashi, jismoniy va maʼnaviy qobiliyatlarini rivojlantirishi moddiy va maʼnaviy boyliklar ishlab chiqarishi zarur. Bular uning ruhiy-maʼnaviy va ijtimoiy jihatlaridir. Ular insonda tugʼma boʼlmay, balki tarixiy taraqqiyotning, ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy munosabatlarning mahsulidir.
Insonning bu koʼrib chiqqan tabiiy-biologik, ruhiy-maʼnaviy va ijtimoiy jihatlarining hech biri insonda alohida mavjud boʼlmay, balki ular oʼzaro bir-birlari bilan chambarchas bogʼlanib ketgan boʼlib, ular oʼzaro taʼsir va aks taʼsirda bir-birini rivojlantirib, boyitib, takomillashib, oʼzgarib boradi.
Insonga nisbatan faqat sof ijtimoiy va ruhiy nazardan yondashuv, uning tabiiy biologik jihatlarini eʼtiborga olmaslik, uni tashqi tabiiy muhitdan ajratib qarash ham uni gʼayri tabiiy kuchdir, degan xulosaga olib keladi. Buning notoʼgʼriligi shundaki, inson ham boshqa tabiiy-biologik tirik mavjudotlar kabi tugʼilish, oʼsish, ulgʼayish, tashqi tabiiy muhitga moslashish, kasallanish, qarish, keksayish va oʼlish kabi jarayonlarni boshidan kechiradi.
Fanning hozirgi taraqqiyoti insonning isteʼdodi, qobiliyati, biror soha yoki mutaxassislikka, hunarga moyil boʼlishida biologik omillarning katta taʼsiri borligini isbotladi. Oʼz navbatida, ruhiy va ijtimoiy omillar ham kishilarning tabiiy-biologik jihatlariga kuchli taʼsir koʼrsatadi. Ruhiy va ijtimoiy omillar kishilarning jismoniy rivojlanishiga, nasl qoldirishga, salomatligiga, umrining uzayishiga katta taʼsir qiladi. (Bu taʼsir ijobiy yoki salbiy boʼlishi mumkin). Xalq bekorga «Sogʼ tanda sogʼlom aql»,- demaydi. Va aksincha, ruhan sogʼlom boʼlgan kishi jismonan ham baquvvat boʼladi.
Xullas, insonning bioruhiy ijtimoiy mavjudot sifatida taʼriflanishi va izohlanishi falsafaning insonni oʼrganuvchi boshqa fanlar sohasida olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar uchun katta metodologik ahamiyatga ega boʼladi.
Inson muammosini oʼrganishda inson hayotining maʼnosi va mazmuni masalasini toʼgʼri tushunish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun inson hayotining maʼnosini nima belgilaydi, uning mazmunini nimalar tashkil qiladi? Inson qanday yashasa, uning hayoti mazmunli kechadi?... kabi savollarga javob berish lozim boʼladi. Ochigʼini aytganda, insoniyat paydo boʼlgandan boshlab bu savollarga javob izlab keladi. Bu savollarga javob berish falsafada inson muammosining muhim tomonini tashkil qiladi. Chunki bu masala inson oʼzini anglashga kirishgan vaqtdan boshlab uzoq davrlar davomida kishilar dunyoqarashning muhim jihatini tashkil qilib keladi. Shuning uchun ham diniy va dunyoviy, milliy va umuminsoniy masalalar bilan shugʼullanib kelgan buyuk olimlar, davlat rahbarlari va shu kabilardan tortib, oddiy kishilargacha bu masalani oʼz hayotida hech kim chetlab oʼtmagan.
Maʼlumki, har bir insonga hayot bir marta beriladi, shu jihatdan har bir kishining dunyodagi yashash betakror, uning bu dunyoda vaqtincha va oʼtkinchi, hech kim bu dunyoda abadiy yashash mumkin emas. Inson bu dunyoda qancha yashamasin, qanday yashamasin, baribir, bir kun kelib, bu dunyodan koʼz yumadi, uni tark etadi, yaʼni u vafot etadi. Har qanday sharoitda ham inson uchun bu dunyoda oʼlim muqarrardir. Shu sababli inson bu dunyodan nom-nishonsiz oʼtib ketmasligi uchun imkoni boricha harakat qilish lozim. Inson dunyoga keldimi, u hayotda shunday ish qilishi, shunday yashashi kerakki, u umrining oxirida oʼlimi oldidan oʼz hayoti bekorga oʼtmaganligi, bir marta yashashga berilgan umr bekorga yelga sovrilmaganligi, ayniqsa, oʼzi uchun, oʼz oilasi, bola-chaqalari farzandlari, eli, xalqi, millati va Vatani uchun yaxshi ishlar qilib, uning umri samarali, maʼnoli kechganligi, mazmunli oʼtganligiga qoniqish hosil qilib, bu hayotdan rozi boʼlgan holda koʼz yumishi lozim.
Buning uchun har bir kishi bu dunyoga kelgandan keyin, avvalo, oʼz hayot yoʼlini toʼgʼri aniqlab toʼgʼri belgilashi, hayotdan oʼz oʼrnini toʼgʼri topishi, hayotda ongli yashashi, oʼz hayotini toʼgʼri qurishi, oʼz oldiga buyuk va olijanob maqsadlar qoʼyib, ularni amalga oshirish uchun doimo sabot va qunt bilan harakat qilish, kurash olib borishi zarur. Chunki har bir inson bu dunyoga kelar ekan, u hur va ozod hamda baxtli yashashga ham tabiiy va ham ijtimoiy jihatdan haqlidir.
Inson, aslida, dunyoga baxt uchun, baxtli hayot qurish va kechirish uchun, hayotning moddiy va maʼnaviy neʼmatlaridan toʼliq barhamand boʼlib yashash uchun keladi. Shuning uchun inson dunyoda kelajakka doimo yaxshi umid bilan yashaydi. U oʼz oldiga doimo yaxshi orzu-havaslarni qoʼyib, shu orzu-havaslarga erishsam, farzandlarimning baxti va kamolini koʼrsam, deb; men koʼrmagan baxtli kunlarni farzandlarim, nabiralarim koʼrsa deb, yaxshi va qutlugʼ niyatlar qiladi, kelajakka katta umidlar bilan boqadi. Bunday qarash milliy istiqlol gʼoyamizning obʼektiv omili rolini ham oʼynaydi. Xalqimiz, millatimizning hamjihatlikda kelajak orzu-umidalri bilan yashashi va mehnat qilishi yurtimizni obod va farovonlik sari yetaklaydi.
Falsafa inson hayotining maʼnosi va mazmuni deganda avvalo, insonning dunyoda oʼzining boshqa kishilarga kerakligini anglab yashashini, uning hayotda oʼz yoʼlini toʼgʼri belgilab, hayotda oʼz oʼrnini toʼgʼri topishini, qilgan yaxshi va ezgu ishlarining beiz ketmasligiga ishonch hosil qilib, oʼz mehnatiga yarasha jamiyatda izzat-ikromga ega boʼlishini, uning mehnatiga boshqalar hurmat bilan qarab, uning qadr-qimmatini joyiga qoʼyishini, uning mehnati va ishlari qadrlanishini, unga berilgan umrining samarasiz oʼtmaganligini tushunadi.
Inson hayotining maʼnosi, aslida, har bir kishi oʼzining kamolotga tomon doim betoʼxtov, uzluksiz harakat qilib, intilib yashashidir. Lekin uning kamolotga yetdim, deb unga intilish, harakat qilishdan toʼxtashi, insonning oʼz-oʼzini mahv etlishidir.
Shuning uchun inson hayotining mazmuni va maʼnosi, avvalo har bir kishining hayot yoʼlini toʼgʼri aniqlash, uning hayotdan oʼz oʼrnini toʼgʼri topishi bilan belgilanadi. Bu haqda Prezidentimiz I.А.Karimovning quyidagi aytganlari ayni haqiqatdir: «Har qanday odam ham oʼsmirlik chogʼida, endigina voyaga yetib kelayotgan davrida jamiyatdan oʼzining munosib oʼrnini topishi kerak. Аks holda, bu narsa noxush oqibatlarga, baʼzan esa ogʼir fojialarga, hatto ijtimoiy larzalarga ham sabab boʼladi. Yosh yigit-qizlarimizning ishda, turmushda, oila va jamoa orasida oʼz oʼrnini topolmaslik holatlari ularning jamiyatda oʼz qadrlarini yoʼqotishiga olib keladi. Oʼz qadriga, oʼz shaʼniga ega boʼlmagan inson hayotda koʼp-koʼp toʼsiqlarga duchor boʼladi, beqaror va salbiy taʼsirlrga tez beriladi, uning shaxs sifatidagi yemirilishi ham tez kechadi». Аksincha: «Dunyoga umid bilan qadam qoʼyib kelayotgan navqiron inson hayotdan munosib oʼrnini topsa, turmushidan, taqdiridan, Vatanidan rozi boʼlib yashaydi, umr boʼyi bunyodkorlik faoliyati bilan mashgʼul boʼladi»...
Inson hayotining qadr-qimmati esa oʼz hayotini ongli va mazmunli qurishi, maʼlum maqsadlar asosida yashashi, shu maqsadlari yoʼlida kurashishi, boshqa kishilarga nafi va yordami tegishi, oʼzidan, avvalo, yaxshi ishlar, yaxshi nom qoldirishi, oʼz ishlari va hayotni davom ettiruvchi tarbiyalab oʼstirishi, eli, yurti vatani manfaatlari uchun kurashishi, savob ishlarni koʼp va xoʼp qilishi asosida qaror topadi. Lekin buning uchun u yoshligidan qunt va sabot bilan oʼqish, ilm-maʼrifat oʼrganishi, yuksak maʼnaviyatli boʼlib kamol topishi zarur. Shundagina u komil inson boʼlib yetishadi.
«Komil inson deganda biz,- deb yozadi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov,- avvalo, ongi yuksak, mustaqil fikrlay oladigan, xulq-atvori bilan oʼzgalarga ibrat boʼladigan bilimli, maʼrifatli kishilarni tushunamiz. Ongli, bilimli odamni oldi-qochdi gaplar bilan aldab boʼlmaydi. U har bir narsani aql, mantiq tarozisiga solib koʼradi. Oʼz fikr oʼyi, xulosasini mantiq asosida qurgan kishi yetuk odam boʼladi».
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli bunyodkorlik ishlari birinchi galda inson qadrini ulugʼlashga qaratilgan. Mamlakatda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning amalga oshirilishi, olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar insonni tushunish, insonni qadrlash, insondek yashash jarayonining mohiyatini chuqurroq tushunish imkonini bermoqda. Bu imkoniyatlarning barchasi istiqlol bergan imkoniyatlardir. Mamlakatimiz fuqarolarining birinchi galdagi burchlari ana shu istiqlolni mustahkamlash uchun safarbar boʼlishdir. Istiqlolning mustahkamlanishi esa ayni vaqtda insonning oʼz imkoniyatlarini yanada kengroq ochishi uchun shart-sharoit yaratadi. Ushbu dialektika mustaqil yurtimiz taraqqiyoti dialektikasining muhim jabhasini tashkil etadi.
Inson — falsafaning bosh mavzusi. Insonning yaralishi, mohiyati va jamiyatda tutgan oʼrni falsafiy muammolar tizimida muhim oʼrin tutadi. Turli falsafiy taʼlimotlarda bu masalalar turlicha talqin etib kelingan. Shunday boʼlishi tabiiy ham edi, chunki inson mohiyatan ijtimoiy-tarixiy va madaniy mavjudot sifatida har bir yangi tarixiy sharoitda oʼzligini chuqurroq anglashga, insoniy mohiyatini roʼyobga chiqarishga intilaveradi.
Suqrotning «Oʼzligingni bil» degan hikmatli soʼzi har bir tarixiy davrda yangicha ahamiyat kasb etadi. Insonda butun olam va jamiyatning mohiyati mujassamlashgandir. ulugʼmutasavvuf Аbdulxoliq Gʼijduvoniy insonni «kichik olam» deb hisoblagan. Falsafada baxs yuritiladigan barcha masalalar inson muammosiga bevosita daxldordir. Umuman olganda, insonga daxldorboʼlmasa,unga foyda keltirmasa, jamiyatningogʼirini yengil gʼilmasa, unday fanning keragi bormikan?Shu maʼnoda,inson,avvallo,oʼzi uchun zarur boʼlgan fanlarni,ilmlar va bilimlar tizimini yaratgan.
Tabiat, madaniyat, siyosat, sivilizatsiya, bilish kabi masalalar inson manfaatlari va insoniy mohiyatning namoyon boʼlish shakllaridir. Ularning barchasi inson tabiati va mohiyati bilan bogʼliqdir.
Falsafa insonni olamning tarkibiy qismi sifatida oʼrganadi. Inson shunday murakkab va koʼp qirrali mavjudotki, uning mohiyati yaxlit bir butunlik sifatida inson, shaxs, individ, individuallik tushunchalari orqali ifodalanadi. Bu tushunchalar bir-biriga yagʼin va maʼnodosh boʼlsa ham, bir-biridan farqlanadi.
Inson—oʼzida biologik, ijtimoiy va psixik xususiyatlarni mujassamlashtirgan ongli mavjudot. Insonning biologik xususiyatlariga ovgʼatlanish, himoyalanish, zurriyot qoldirish, sharoitga moslashish kabilar xos.
Inson boshqa mavjudotlardan sotsial xususiyatlari bilan ajralib turadi. Chunonchi, til, muomala, ramziy belgilar, bilim, ong, mahsulot ishlab chiqarish, tagʼsimlash, isteʼmol qilish, boshqarish, oʼz-oʼzini idora etish, badiiy ijod, axloq, nutq, tafakkur, qadriyatlar, tabu (ruxsat va taʼqiqlash) shular jumlasidandir.
Insonning psixik xususiyatlariga ruhiy kechinmalar, hayratlanish, gʼam-tashvish, qaygʼu, iztirob chekish, zavqlanish, kayfiyat kabilar kiradi.
Inson shu xususiyatlari orqali yaxlit bir tizimni tashkil etadi. U yaxlit mavjudot sifatida oʼz ehtiyojlarini gʼondiradi va insoniyat davomiyligini taʼminlaydi. Insonga xos boʼlgan biologik xususiyatlarni ijtimoiy xususiyatlardan ustun qoʼyish yoki psixologik xususiyatlarni boʼrttirish uning mohiyatini buzib talqin etishga, bir yoqlamalikka olib keladi.
Falsafa tarixida inson toʼgʼrisidagi taʼlimotlarda biologizm, sotsiologizm, psixologizm kabi yoʼnalishlar vujudga kelgan. Biologizm insonning tabiiy-biologik xususiyatlariga, sotsiologizm insonning ijtimoiy xususiyatlariga, psixologizm esa, maʼnaviy, ruhiy, psixologik xususiyatlariga bir yogʼlama yondashishga asoslangan edi.
Inson mohiyatini falsafiy jihatdan chuqurroq tahlil qilishda shaxs, individ, individuallik tushunchalarining mohiyatini bilish va ularni bir — biridan fargʼlash muhimdir. Shaxs oʼzida sotsial sifatlarni mujassamlashtirgan insonni ifoda etadi. Kishilar shaxs boʼlib tugʼilmaydi, balki jamiyatdagina shaxs boʼlib shakllanadi va rivojlanadi. Chunki insonga xos ijtimoiy sifatlar, fazilatlar avloddan-avlodga irsiy yoʼl bilan oʼtmaydi. Inson dunyoga kelgan vaqtida jamiyat, siyosiy tuzum, madaniyat, ishlab chiqarish, oila, ommaviy axborot vositalari, mafkura kabi ijtimoiy tuzilmalar mavjud boʼladi.
Inson taʼlim-tarbiya, mehnat, muloqot jarayonida ijtimoiy tajriba, bilim, turli munosabatlar, axloqiy meʼyorlar, siyosiy gʼoya, milliy mafkura kabi omillar taʼsirida yashaydi, ularni oʼzlashtiradi va shu jarayonda ijtimoiylashadi, yaʼni shaxs boʼlib shakllanadi. Natijada insonda yangicha fazilat va sifatlar paydo boʼladi. U yaratuvchan mavjudot sifatida faoliyat koʼrsata boshlaydi.
Oʼz-oʼzini nazorat qilish, oʼz-oʼzini tarbiyalash, yuksak masʼuliyatni his etish, gʼoya uchun kurashish, mustahkam eʼtiqodga ega boʼlish, oʼz fikr-mulohazalarini erkin bayon etish va ijtimoiy-siyosiy faollik shaxsga xos belgilardir. Shaxsning maqsad, gʼoya va ideallari jamiyatdagi mavjud gʼoya va mafkura bilan uzviy bogʼliq ravishda shakllanadi. Milliy gʼoya va mafkurani amalga oshirish, ezgu ideallar yoʼlida hatto hayotini qurbon qilish shaxs hayotining bosh maqsadiga aylanadi.
Shaxs mustahkam iymon-eʼtiqod, gʼoya va insoniy fazilatlarga ega boʼlgan, Vatan, millat tuygʼusi bilan yashaydigan, oʼzida davr xususiyatlarini ifoda etadigan insondir.
Jamiyat oʼz taraqqiyoti davomida vujudga kelgan muammolarni hal etish uchun shaxsning muayyan tarixiy namunalarini yaratadi. Har bir oʼzgargan tarixiy sharoitda shaxs mohiyatini va mazmunini yangicha tushunish zaruriyati vujudga keladi. Bugungi adabiyotlarda harizmatik, shuhratparastlik, tajovuzkorlik va boshqa shakldagi shaxslar timsoli aks ettirilmoqda.
Oʼzbekistonda bozor munosabatlariga oʼtish sharoitida fozil va barkamol inson shaxsini shakllantirish dolzarb vazifalardan biri boʼlib qoldi. Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarqoʼz oldiga ana shunday shaxsni shakllantirishni maqsad qilib qoʼydi.
Inson tarixning yaratuvchisi sifatida tabiat taraqqiyotidagi uzluksizlikni taʼminlaydi. U oʼz bilimi, tajribasi va yutugʼlarini kelgusi avlodlarga meros qilib qoldiradi; tabiat va jamiyatni qayta quradi va takomillashtiradi. Inson oʼz aqli tufayli butun koinot, tabiat taraqqiyotida buyuk yaratuvchi kuch sifatida namoyon boʼladi, oʼz tarixini yaratadi, uni avaylab-asraydi. Inson faoliyati va tajribalari jamiyatning takomillashuvi va kishilarning har tomonlama kamol topishi uchun manba boʼlib xizmat qiladi.
Tabiat va jamiyatdagi oʼrni va ahamiyati, yaratuvchilik mohiyati, oliy mavjudot ekani, vorislikning davomiyligini taʼminlashi barcha ijobiy va foydali yutugʼlarni sagʼlashi va targʼib etishi kabi xususiyati va qobiliyati tufayli inson mugʼaddas va tabarruk qadriyat hisoblanadi.
Аntropologiya insondagi insoniylikning namoyon boʼlishi va rivojlanishini ruh bilan bogʼlaydi. Аyrim tadqiqotchilar insonga xos boʼlgan biror-bir xususiyatga alohida urgʼu bergan va shu orqali insoniy mohiyatni ochib berishga harakat qilgan. Masalan, I. Kant insondagi axloqiy jihatlarga koʼproq eʼtibor bergan va uni ezgulikni yovuzlikdan fargʼlovchi mavjudot sifatida taʼriflagan. Vladimir Solovьev insonning boshqa mavjudotlardan fargʼini uyalish, achinish va oliy kuchlarga sigʼinish kabi xususiyatlarda, deb bilgan. Uning fikricha, inson oʼzining tuban mayllari va gunohlaridan uyalish qobiliyatiga ega. Faqat odamlarga emas, balki butun tirik jonga achinish va muqaddas kuchlarga sigʼinish insongagina xos.
Inson tabiati — gʼoyat murakkab. Unda hayvoniy va ilohiy sifatlar mujassamlashgan. Lekin u — hayvon ham, farishta ham emas. Insoniy ruh va maʼnaviyat uni boshqa mavjudotlardan yuqori darajaga koʼtaradi.
Insonni oʼrganadigan fan — antropologiya deb yuritiladi.
Аntropologiya inson mohiyatini, uning tabiat va jamiyatdagi oʼrnini, oʼziga xos xususiyatlarini oʼrganish bilan shugʼullanadi. Аntropologiyada inson mohiyatini toʼlaroq ochish uchun «men», «ong», «shaxs», «ruh» tushunchalari shoʼgʼullanadi. «Men» — insonning oʼzligini tashqi olamdan, real borliqdan farqlashidir. «Men» ong tufayligina oʼzini boshqa borliqdan fargʼlaydi. boshqa narsalar insonga begona voqelik boʼlib tuyuladi. Shaxs insonning mustaqilligini ifoda etadi.
Inson oʼz hayoti davomida tana va ruh ehtiyojlarini qondirishga intiladi. Tana ehtiyojlarini qondirish inson borliqining birlamchi sharti hisoblanadi. Biroq hayotning maʼnosi faqat moddiy neʼmatlardan bahramand boʼlish, tanparastlik, lazzatlanish, boylikka ruju qoʼyishdan iborat emas. Inson ruhi ham oʼziga xos oziqqa ehtiyoj sezadi. Shu bois unda maʼrifatparvarlik, odamiylik, odillik, rahm-shafqat, diyonat, vijdon, olihimmatlik, vatanparvarlik kabi maʼnaviy fazilatlar shakllanadi. Yuksak maʼnaviyat insonni ruhan poklaydi, iymon-eʼtiqodini mustahkamlaydi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar insonni maʼnaviy-ruhiy jihatdan kamol toptirishga gʼaratilgandir.
Insonning maʼnaviy ehtiyojlarini uning tabiiy-moddiy manfaatlaridan ajratish, unga faqat ilohiy mavjudot sifatida qarash ham biryogʼlamalikka olib kelishi, yetilgan ijtimoiy muammolar mohiyatini toʼgʼri tushunishga xalaqit berishi mumkin.
Mamlakatimizda shakllanayotgan milliy gʼoya va milliy mafkura insonga biryogʼlama qarashlarga zid ravishda, undagi moddiylik va maʼnaviylikni uygʼunlashtirishni taqozo etadi. Bozor iqtisodiyoti kishilarning farovon, boy — badavlat, mulkdor, barcha qulayliklarga ega boʼlishini inkor etmaydi. Аksincha, ularni tadbirkor, uddaburon va mehnatsevar boʼlishga ragʼbatlantiradi. Yuksak maʼnaviyatgina inson ehtiyojlarini oqilona qondirishga, ijtimoiy adolat oʼrnatib, saxiy va olihimmat boʼlishga undaydi.
Аntropologiya insonning maʼnaviy olamiga chuqurroq kirib borish orqali olam mohiyatini bilish mumkin, degan gʼoyani ilgari suradi. Islom Karimov taʼrifiga koʼra, maʼnaviyat (ruh) insonni axloqan poklaydigan, iymon-eʼtigʼodini mustahkamlaydigan, ezgulikka undaydigan botiniy kuchdir. Yuksak maʼnaviyatda haqiqiy insoniy mohiyat mujassamdir. Insonning olijanob fazilatlari yetuk shaxslar timsolida oʼz aksini topadi. Insonga xos boʼlgan barcha xususiyatlar shaxs faoliyatida, uning jamiyatda tutgan oʼrnida, uning oʼz moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirishida, muayyan mafkurani amalga oshirishida yaqqol koʼrinadi.
Shaxsning shakllanishi va rivojlanishida tarixiy shart-sharoit, ayniqsa, gʼoya va mafkura muhim oʼrin tutadi. Bozor munosabatlariga oʼtish davrida vujudga kelgan muammo va vazifalar yangi barkamol insonni voyaga yetkazishni tagʼozo etdi. Unga xos fazilat va sifatlar Islom Karimov asarlarida asoslab berilgan.
Bozor iqtisodiyoti inson ehtiyojlarini toʼlarogʼ qondirish, uning qobiliyati, ijtimoiy faolligini yanada kuchaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Bular quyidagilardir:
- mehnatni tashkil etish usul va shakllarining oʼzgarganligi;
- mehnatga yangicha munosabatni ragʼbatlantirishga yordam beruvchi omillar;
- oʼz qobiliyati, gʼizigʼishlariga mos boʼlgan faoliyat turlarini tanlash imkoniyatining yaratilganligi;
- shaxstadbirkorligi va ishbilarmonliginingqoʼllab-quvvatlanishi;
- turli mulk shakllarining vujudga kelganligi;
- shaxs erki va huquqlarining kengayganligi;
- davlat va jamoat ishlarida qatnashish imkoniyatlarining yaratilganligi;
- demokratik qadriyatlar rivoji;
- maʼnaviy meros va madaniyat yutugʼlaridan erkin foydalanish imkoniyatining yaratilganligi kabilardir.
Ular shaxsning moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirishda, uning komil inson sifatida rivojlanishida muhim ahamiyatga egadir. mustaqil lik yillarida amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson manfaatlari, uning ezgu maqsadlari roʼyobga chiqishini taʼminlashga, uning barkamol sifatlar kasb etishiga qaratilgandir. Shaxs islohot natijalaridan bahramand boʼluvchigina emas, balki ularni sobitqadamlik bilan amalga oshiruvchi kuch sifatida ham yangilanish jarayonida oʼzgaradi, yuksaladi, qadr-qimmat topadi va eʼzozlanadi.
Insonning jamiyatidagi oʼrni, qadr-qimmati borasida milliy istiqlol oʼz oldiga quydagilarni maqsad va vazifa qilib qoʼyadi:
- insonning qadr-qimmatini joyiga qoʼyish;
- inson uchun baxtli hayot sharoitlarini yaratish;
- insonning oʼzligini anglashi, ijtimoiy burch va vazifalarini ado etishi, sogʼlom avlodlar uzluksizligini taʼminlashi, kelgusi avlodlarga yaxshi xotiralar qoldirishi va iymon-eʼtiqodi butun boʼlishi uchun qulay sharoitlar yaratish.
Bunday imkoniyatlarni amalga oshirishga xalaqit beradigan nugʼsonlar ham inson tabiati bilan bogʼliqdir. Hozirga qadar inson toʼgʼrisidagi falsafiy taʼlimot va qarashlarda, asosan, uning ijobiy xususiyatlariga, yaratuvchanligiga koʼproq eʼtibor berib kelindi. Keyingi vaqtlarda inson borliqining salbiy jihatlari ham tahlil qilina boshlandi.
Mustaqillik yillarida inson tabiatini chuqurroq oʼrganish va undagi salbiy mayllarni bartaraf etishga yordam beradigan falsafiy qarashlarga ehtiyoj vujudga keldi. Shuni taʼkidlash joizki, ayrim kishilar millat, Vatan, xalq manfaatlariga zid ravishda jamiyatdagi mavjud qonun-qoida va meʼyorlarni poymol etib, koʼproq qarazli maqsadlarini amalga oshirishga va turli ixtiloflarni keltirib chiqarishga harakat qiladi. Shunday niyatlar yoʼlida hatto jinoiy guruhlarga birlashadilar, jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega boʼlgan davlat dasturlarini amalga oshirishga toʼsqinlik qiladilar. Shuningdek, ular milliy totuvlik, tinchlik va barqarorlikka raxna soladi, maʼnaviy-axlogʼiy muhitni buzadi, kishilarning ijtimoiy adolatga boʼlgan ishonchini susaytiradi, barkamol insonni voyaga yetkazishga qarshilik koʼrsatadi. Ular turli ziddiyatlarni keltirib chigʼaruvchi firibgarlar, hokimiyatga intiluvchi ekstremistlar, korruptsiya va jinoyatchilik olami vakillari, giyohvand, poraxoʼr, terrorchi va shuhratparastlar kabi jamiyat uchun noxush odamlardir.
Insonni falsafiy bilish va tahlil etishda ana shunday kishilar mavjudligini eʼtiborga olish muhimdir. Demokratik jamiyat inson huquqlarini taʼminlashni oʼz oldiga maqsad qilib qoʼyar ekan, bunday kishilarni tarbiyalashga, ularni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etishga, kishilar ongida milliy manfaat va ijtimoiy qadriyatlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor beradi.
Shaxs erkinligi va tarixiy zarurat bir-biri bilan uzviy bogʼliq tushunchalardir.Mamlakatimizning taraqqiyot yoʼlida paydo boʼlgan gʼiyinchilik va muammolar mohiyatini anglash shaxsni oʼz bilimi va mahoratini oshirishga, yuksak gʼoyalarga sodigʼ boʼlib yashash va ularni jadal amalga oshirishga undaydi.
Bozor munosabatlariga oʼtish sharoitida inson qobiliyatlari toʼlarogʼ namoyon boʼladi. Ijtimoiy tabagʼalanish jarayonida kishilarning boy va qashshoqguruhlargaajralishi tabiiy qonuniy jarayondir. Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning eng muhim xususiyati — aholining muayyan qismining ijtimoiy himoyalanishida, koʼp bolali oilalar, nafaqaxoʼrlar, talabalar va nogironlarning davlat tomonidan himoyalanishida, ijtimoiy adolatning qaror topishida yaqqol namoyon boʼlyapti. Kishilarning boqimandalik kayfiyati, tafakkur turgʼunligidan ozod boʼlishlari, oʼzgargan yangi iqtisodiy sharoitga moslashishlari, oʼz bilimi va mahoratini oshirishlari uchun gʼamxoʼrlik qilish iqtisodiy islohotlarning insonparvarlik yoʼnalishga ega ekanligidan dalolat beradi. iqtisodiy islohotlar va bozor munosabatlariga oʼtish sharoitida aholini kuchli ijtimoiy himoyalash tamoyili Birinchi Prezident I. Karimov tomonidan ishlab chiqilgan oʼzbek modelining muhim jihatlaridan biridir.



Yüklə 1,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin