O`zbеkiston rеspublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi


-MАVZU: Rivojlanish nasarijasi



Yüklə 1,19 Mb.
səhifə7/70
tarix05.12.2023
ölçüsü1,19 Mb.
#173383
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   70
O`zbеkiston rеspublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi

4-MАVZU: Rivojlanish nasarijasi.
Reja:
1. Dialektika va uning muqobillari.
2. Falsafaning asosiy qonunlari. Falsafada uslub muammosi.
3. Kategoriya tushunchasi va uning tasnifi (klassifikatsiyasi).
4. Falsafiy kategoriyalar.
Borliqni falsafiy tushunish faqat uning turlari va ularning oʼziga xos xossalarini bilib olishdan iborat boʼlmay, balki borliqni tashkil etgan narsa va hodisalarning oʼzaro aloqalari va bogʼlanishlarini, oʼzgarish va rivojlanishlarini bilishni ham taqozo qiladi.

Busiz, olamning bir butun, yaxlit manzarasini tasavvur etib, shuningdek uning haqidagi nazariy xulosaga kelib ham boʼlmaydi. Busiz borliqning holatini, tabiatini, manbai, sababi va harakatga keltiradigan kuchi hamda yoʼnalishini tushunishga imkon ham yaratilmaydi. Bu, oʼz navbatida, aloqadorlik va taraqqiyot toʼgʼrisidagi taʼlimotning falsafiy muammolarini ham oʼrganishni taqozo qiladi.


Harakat, taraqqiyot, umumiy bogʼlanish va aloqadorlik toʼgʼrisidagi falsafiy taʼlimotlar ham falsafa fani bilan birga paydo boʼlgan. Bu muammolar tahlili falsafada «dialektika» tushunchasi orqali ifodalangan. Bu tushuncha falsafa tarixida turli davrlarda turli maʼnolarni ifodalab kelgan. Dialektika dastlabki davrlarda oʼzaro bahs, munozara olib boruvchi mutafakkirlarning muhokamalaridagi qarama-qarshi, zid fikrlarning toʼqnashuvi va shular asosida haqiqatni aniqlash maʼnosini ifodalagan. Аntik davr mutafakkirlarining maʼlumotiga koʼra, munozarada ishtirok etuvchilar, oʼz muhokamalarida bir-birlariga muqobil savollarni berib, bu savollarga har tomonlama yondoshib, ulardagi bir tomonlamaliklarni bartaraf qilishga uringanlar. Bunda, ular, oʼz muhokamala¬rida har xil nuqtai nazarlarni hisobga olgan holda, ilmiy, nazariy, ahloqiy, siyosiy, huquqiy va shu kabi voqea-hodisalar toʼgʼrisida oʼz qarashlarini ishlab chiqqanlar. Ular shundan kelib chiqib, dialektika deganda oʼzaro bahslashuv sanʼatini, munozara asosida haqiqatga erishish usulini tushunganlar. Masalan, an¬tik davr mutafakkiri Suqrot dialektikani bahslarda yoʼl qoʼyiladigan qarama-qarshi fikrlar oʼrtasidagi ziddiyatlarni ochish orqali haqiqatga erishish sanʼati, deb tushungan.
Dialektikani bahs sanʼati sifatida tushunish hatto oʼrta asrlarda ham davom etgan. Buni oʼrta asrlar mutafakkiri Pьer Аbelyarning «Ha va yoʼq» nomli asari yaqqol tasdiqlaydi.
Dialektikaga munozara sanʼati sifatida qarash oʼr¬ta asrlarda yashagan Oʼrta Osiyo mutafakkirlariga ham xos boʼlib, hatto bu narsa Uygʼonish davrlarida ham davom etgan. Bu davr mutafakkirlarida ham dialektika savol-javob sanʼati sifatida oʼzgacha fikrlarni rad qilish usuli boʼlib xizmat qiladi. Bunga misol qilib G.Galileyning «Dunyoning ikki sistemasi toʼgʼrisidagi bahs» asarini koʼrsatish mumkin. Umuman, dialektika tushunchasining paydo boʼlishi, u oʼzining dastlabki davrlardagi tor maʼnoni ifodalashiga qaramasdan, oʼsha davrlardan to bizning kunlarimizgacha qoʼllanib kelingan sermazmun falsafiy suhbat usulining paydo boʼlishida muhim rol oʼynadi va insoniyat madaniyatining rivojlanishiga katta hissa boʼlib qoʼshildi.
Аsr¬lar davomida toʼplanib borgan dialektik munozara madaniyati murakkab muammolarni muhokama qilish, ulardagi turli qarama-qarshi nuqtai nazarlarni ochish, aniqlash va tushunish mahoratining qaror topishi inkor qilib boʼlmas ahamiyat kasb etdi. Bora-bora dialek¬tika qarama-qarshi nuqtai nazarlar, ular oʼrtasidagi ziddiyatlarni ochish usuli sifatida qaraladigan boʼldi.
Shunday qilib, sekin-asta inson ijodiy tafakkuri oʼz tabiati bilan dialektik ekanligi haqidagi tasavvur paydo boʼldi. Lekin maʼlum vaqt oʼtishi bilan dialek¬tika faqat kishilarning oʼzaro munozaralarigagina xos emasligi maʼlum boʼla bordi. Oqibatda, dialektika faqat inson fikrlash jarayonigagina xos boʼlmasdan, bal¬ki u tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalarga ham xos, deb qarala boshlandi. Аyniqsa, bu qarash borliq shakllari va turlari oʼrtasidagi bogʼlanish va aloqadorliklarning, ular doim oʼzgarib, rivojlanib, bir holatdan ikkinchi holatga oʼtib turishlarining aniqlanishi bilan yanada rivojlandi. Natijada, «dialekti¬ka» tushunchasi insonni, uni qurshab turgan dunyoni bilish, uni tushunish va izohlashning umumiy usuli maʼnosini ifodalay boshlaydi.
Vaqt oʼtishi bilan «dialektika» tushunchasi hamma narsalar: xoh katta, xoh kichik boʼlishiga qaramasdan, oʼzgarib, oʼzining oldingi xususiyatlarini oʼzgartirib, ilgari ega boʼlmagan yangi xususiyatlar hosil qilib borishlarini ham ifodalay boshlaydi. Shu asosda asta-sekin dunyoni dialektik tushunish, borliq va bilishga dialektik qarash qaror topa boshlaydi. Lekin dunyodagi barcha oʼzgarish, aloqadorlik va rivojlanishlarni falsafiy jihatdan tushunib yetish juda qiyinlik bilan kechdi. Sababi: insoniyat taraqqiyotining juda uzoq davrlarigacha kishilar kosmosni, oʼsimliklar, hayvonot dunyosini, hatto kishilarning oʼzlarini ham oʼzgarmas, doimo bir xilda turadi, deb bilishgan. Dunyoning oʼzgaruvchanligi, undagi narsa va hodisalarning bir-birlariga bogʼliqligi toʼgʼrisidagi tasavvurlarning paydo boʼlishi insoniyatning dunyoni bilishi jarayonida juda katta kashfiyot boʼlgan.
Dunyoning oʼzgaruvchanligi toʼgʼrisidagi dastlabki fikrlar ham qadimgi Xitoy, Hindiston hamda Yunonistonning falsafiy taʼlimotlarida ilgari suriladi. Qadimgi davr faylasuflari, garchi hali harakatning turli koʼrinishlari va xillari toʼgʼrisida ilmiy dalillarga ega boʼlishmasa ham, borliqning umumiy oʼzgaruvchi xarakteri haqida oʼz davrlari uchun yangi fikrlarni ilgari surishadi.
Kishilar dastlabki vaqtlardan boshlab oʼz tajribalarida narsa, hodisalardagi oʼzgaruvchan xususiyatlar bilan birga, ularda maʼlum barqaror, oʼzgarmas xususiyatlarning ham mavjudligini anglay boshlaganlar. Nihoyat, dunyo oʼzgaruvchanmi, yoki oʼzgarmasmi? degan savollar paydo boʼlib, bu savollarga mutafakkirlar tur¬li xil javob berganlar. Аmaliyot bergan koʼpdan-koʼp maʼlumotlarga va oʼz kundalik tajribalariga tayangan koʼpchilik mutafakkirlar dunyo oʼzgaruvchan, deyishgan. Lekin bunga qarama-qarshi boʼlgan, dunyo oʼzgarmas, barqaror, deyuvchi mutafakkirlar ham oʼzlarining muayyan asoslariga ega boʼlishgan. Natijada, dunyoning, undagi narsa va hodisalarning ham oʼzgaruvchan, ham barqaror oʼzgarmas xossalari haqidagi qarashlar kelib chiqadi. Haqiqatan ham, narsa va hodisalar maʼlum vaqt ichida har qancha oʼzgarsa ham, ayni vaqtda ularning maʼlum tomonlari oʼzgarmay qolaveradi. Xullas, bunday qarashlar toʼplana borib, narsa va hodisalarning qarama-qarshi tomonlari, ular oʼrtasidagi ziddiyatlar haqidagi qarashlar tufayli falsafada rivojlanish gʼoyasi kelib chiqadi.
Rivojlanish gʼoyasi inson ongida uzoq asrlar davomida shakllanib boradi. Dastlab kishilar rivojla¬nish toʼgʼrisida hech bir tasavvurga ega boʼlmagan. Lekin keyinchalik ular dunyodagi narsa va hodisalarda yuz beradigan turli xil oʼzgarishlarni anglay borib, dunyo¬ning uzluksiz harakatda, oʼzgarish va rivojlanishda ekanligini tushuna boshlaganlar. Ular, shu bilan bir¬ga, tabiat va jamiyat voqea-hodisalarida juda koʼp davriy, takrorlanuvchi hodisalarni ham bila borganlar. Masalan, yil fasllari, kun bilan tunning oʼrin almashishi va shular kabi. Lekin dastlabki davrlarda mutafakkirlar rivojlanishni butunlay yangi narsaning, yangi bosqichning paydo boʼlishi, deb tushunish darajasiga koʼtarila olmaganlar.
Rivojlanishni butunlay yangi sifat oʼzgarishi, eskiga nisbatan jiddiy yangining paydo boʼlishi, deb tushunishda Uygʼonish davri Sharq va Oʼrta Osiyo mutafakkirlari, keyinchalik esa oʼrta asr xristian, diniy va tarix falsafasi mutafakkirlari bir qadar oldinga ketadilar. Ularning qarashlarida rivojlanish gʼoyasini insoniyat jamiyati tarixiga tatbiq etishga urinishlarni uchratamiz.
Rivojlanish gʼoyasini bir butun dunyo rivojlanishi bilan bogʼlab tushunishda muhim qadamni birinchi boʼ¬lib frantsuz faylasufi Rene Dekart qoʼyadi. U, dunyoni xudo yaratayotib, unga dastlabki turtkini kiritgan va uni harakatga keltirgan, deydi. XVIII asr frantsuz maʼrifatparvarlari Volьter va Russo inqilobiy qayta qurishni oʼz ichiga olgan tarixiy rivojlanish gʼoyasini ilgari surishadi. Ularning izdoshi Kondorse esa oʼzi¬ning jamiyatning ilgarilama harakati, uzluksiz taraqqiyot toʼgʼrisidagi taʼlimotini yaratadi. Bu muta¬fakkirlar oʼz qarashlarida gʼoyaviy omillar (masalan: ahloq, din, huquq va shu kabilar) jamiyatni harakatga keltiruvchi, rivojlantiruvchi asosiy kuchlardir, degan gʼoyani ilgari suradilar.
Nihoyat, rivojlanish toʼgʼrisidagi har xil qarashlarning sintezi sifatida bir butun taraqqiyot nazariyasi faqat nemis klassik falsafasidagina paydo boʼldi. Bu falsafaning asoschilaridan biri Immanuilь Kant rivojlanish gʼoyasini quyosh sistemasi va barcha yulduzlar dunyosini izohlashga tatbiq etib, uni hatto insonning ijtimoiy rivojlanishiga, xususan, insonning ahloqiy rivojlanishiga ham joriy etishga urinadi. Kantning shogirdi Gerder esa rivojlanish gʼoyasini butun xalqlarning tarixi taraqqiyotiga va insoniyat madaniyati taraqqiyotiga birinchi boʼlib tatbiq etadi. Bu davrga kelganda, dialektika tushunchasi endi rivojlanish gʼoyasini ifodalay boshlaydi.
Dialektikani rivojlanish haqidagi har taraflama, mazmun jihatdan boy va chuqur taʼlimot sifatida birinchi marta nemis klassik falsafasining buyuk vakili Gegelь ishlab chiqdi. Gegelning ulugʼ xizmati shu boʼldiki, u birinchi boʼlib, butun tabiiy, tarixiy va maʼnaviy dunyoni bir jarayon shaklida, yaʼni uzluksiz harakat qilib, oʼzgarib, qaytadan tuzilib, taraqqiy qilib turadigan holda koʼrsatdi va bu harakat bilan taraqqiyotning ichki bogʼlanishini ochib berishga urindi. Natijada, insoniyat tarixi insoniyatning oʼzining taraqqiyot jarayoni sifatida maydonga chiqdi va endilikda tafakkurning vazifasi bu jarayonning barcha yanglishib yurishlari ichida uning izchil bosqichlarini kuzatib borish va zohiriy tasodiflar orasida bu jarayonning ichki qonuniyatlarini isbot etishdan iborat boʼlib qoldi.
Gegelning taraqqiyot toʼgʼrisidagi bu qarashi dia¬lektika haqidagi falsafiy taʼlimotni yanada boyitadi. Gegelь birinchi boʼlib dialektikaning barcha kategoriyalari va qonunlarini taʼriflab bergan edi. Lekin dialektika Gegelda mistiklashtirilgan, bir tomonlama, boshi bilan turgan dialektika edi. Chunki Gegelning fikricha, dialektika «fikrning har qanday ilmiy kengaytirilishining harakatlantiruvchi jonidir va u shunday bir printsipdan iboratdirki, bu printsip yolgʼiz oʼzi fanning mazmuniga immanent aloqa va zaruriyat kiritadi».
Keyingi davrlarda fan va amaliyot rivoji natijasida dialektika tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotining, ulardagi aloqadorlik va bogʼlanishlarning eng umumiy qonunlari haqidagi fan; voqelikdagi narsa va hodisalar, ularning fikriy inʼikoslari oʼrtasidagi munosabatlarni ifodalovchi printsiplar, ularni doimo oʼzgarish va rivojlanishda, ichki ziddiyatlar taqozosi bilan yuz beradigai «oʼz harakati»da, deb qaraydigan bilish nazariyasi; har tomonlama boy, ziddiyatlarga toʼla tarixiy taraqqiyot haqidagi taʼli¬mot sifatida maydonga chiqadi.
Bu dialektika bir butun borliqning eng umumiy aloqadorligi, oʼzgarishi va taraqqiyoti toʼgʼrisidagi taʼlimot sifatida ham moddiy dunyoga, ham uning inʼikosi boʼlgan inson bilishiga xos taʼlimotdir. Shunga koʼra bu dialektika oʼz ichiga obʼektiv va subʼektiv dialektikani oladi. Bunda moddiy dunyoning, undagi narsa va hodisalarning aloqadorlik va bogʼlanishlari, ularning harakati, oʼzgarish va rivojlanishlari obʼektiv dialektikani tashkil etadi. Moddiy dunyoning inson miyasidagi inʼikosiga xos boʼlgan bilish jarayonining dialektikasi subʼektiv dialektika — obʼektiv dialektikaning kishilar miya¬sidagi inʼikosidir. Demak, obʼektiv dialektika — bu narsalar, buyumlar dialektikasidir; subʼektiv dia¬lektika esa, obʼektiv dialektikaning inson ongidagi inʼikosi — yaʼni, tafakkur dialektikasidir.
Obʼektiv dialektika subʼektiv dialektikani vujudga keltiradi. Bu jihatdan dialektikaga yangicha yondoshish Gegelь dialektikasidan tubdan farq qiladi. Gegelь dialektikasiga koʼra fikr, tafakkur dialekti¬kasi narsalar, buyumlar dialektikasini yaratadi, yaʼni subʼektiv dialektika obʼektiv dialektikani tugʼdiradi. Boshqa faylasuflarning taʼlimotiga koʼra esa, aksincha, narsalar, buyumlar dialektikasi fikr, tafak¬kur dialektikasini yaratadi.
Dialektika borliq, yaʼni tabiat, jamiyat va inson tafakkuridagi aloqadorliklar va rivojlanishlarning umumiy qonuniyatlari haqida bizga toʼgʼri yoʼnalish berib, dunyoni oʼzlashtirish va oʼzgartirish yoʼllarini koʼrsatib beruvchi nazariyadir, usuldir. Dialektika dunyoning haqiqiy ilmiy manzarasini yaratib, kishilarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirishga yordam beradi. Chunki ilmiy asoslangan dialek¬tika, birinchidan, dunyodagi har bir narsa yoki hodisaning hamma tomonlarining bir-birlariga bogʼliq boʼlishi va bir-birlari bilan juda mustahkam aloqador ekanligi toʼgʼrisida chuqur maʼlumot bersa, ikkinchidan, u bosib oʼtilgan bosqichlarni takrorlanayotgandek boʼlib koʼrinadigan, lekin ularni boshqacha, yanada yuqoriroq negizda takrorlaydigan taraqqiyot, toʼgʼri chiziq bilan emas, balki spiral tarzda boradigan, maʼlum holatlarda boshlangʼich holga goʼyo qaytganday boʼ¬lib koʼringan, maʼlum tanazzullar va boʼhronlar bilan boʼladigan ilgʼor taraqqiyot toʼgʼrisidagi taʼlimot hisoblanadi.
Dialektika kishilarning, ularni qurshab turgan dunyoni bilishining umumiy usuli sifatida dunyoga dialektik qarashni vujudga keltirgan.
Dunyoga dialektik qarash — bu barcha narsa va hodisalarni, ularning inson miyasidagi inʼikoslari — inson bilishini ham oʼzaro aloqadorlikda va bogʼlanishda, qarama-qarshiliklar birligi va kurashida, miqdor va sifat oʼzgarishlarining bir-biriga oʼtishida, eskining oʼrnini yangi egallashida, xullas, ularni «oʼz harakati»da, oʼzgarib va rivojlanib turishida, paydo boʼlib va yoʼq boʼlib turishida, va ayni vaqtda hamma narsa oʼzaro bogʼliqlik va aloqa-dorlikda va oʼzaro munosabatda, deb tushunishdir. Bunday tushunish dialektik qarashni vujudga keltiradi. Dunyoga dialektik qarash dialektik tafakkurni yuzaga keltiradi.
Dialektik tafakkur subʼekt tafakkurining rivojlanish darajasiga ham bogʼliqdir. Tabiat va jamiyatda pirovard natijada hamma narsa dialektik tarzda yuz beradi. Bu dialektik jarayon subʼekt miyasida inʼikos etganda, paydo boʼlgan tasavvur va tafakkur yo metafizik yoki dialektik yoʼl bilan hosil qilinishi mumkin. Dialektik tafakkur shu jihatdan inson tafakkuri taraqqiyotining nisbatan yuqori bosqichiga xosdir. Dialektik tafakkur borliqdagi narsa va hodisalar asli qanday boʼlsa, ularning subʼekt miyasida muayyan fikr shaklida xuddi shunday aks etishidir. Dialektik tafakkur — bu dialektik fikrlash usuli. Dialektik tafakkur ham tabiatshunoslik va ijtimoiy fikr taraqqiyoti bilan oʼzgarib, rivojlanib boradi. Uning keyingi davr ijtimoiy taraqqiyot bilan, jahon xalqlari hamjamiyatlarining vujudga kelishi bilan bogʼliq yuzaga kelgan shakli, bu — yangicha tafakkurdir. Yangicha tafakkurning asosini jamiyatni dia¬lektik tushunish tashkil qiladi. Dialektik tafakkur usuli oʼz mohiyati bilan sofistik, eklektik va dogmatik tafakkur usullaridan tubdan farq qiladi.
Tafakkurning sofistik, eklektik, metafizik-dogmatik usullari dialektik tafakkur usulining muqobillaridir. Ular inson tafakkuri faoliyatining turli qirralari sifatida bir-birlariga ham qarama-qarshi, ham, ayni vaqtda, bir-birlarini toʼldiradilar.
Ularning har birining inson tafakkuri jarayonida oʼz oʼrni bor. Biz ularning har biri bilan qisqacha tanishib chiqamiz.
Sofistika . Sofistik tafakkur usuli dastlab qadimgi yunon falsafasida paydo boʼlib, oʼrta asrlarda, ayniqsa keng tarqaladi va rivojlanadi.
Qadimgi davr yunon falsafasida biron-bir xunarni yoki biron bir bilim sohasini mukammal egallagan kishilar sofistlar, deb atalgan boʼlsa, keyinchalik oʼrta asrlarga kelib, notiqlik, donishmandlik, bilimdonlik bilan nom chiqargan kishilar ham, turli omonim soʼzlar asosiga koʼrilgan turli fikrlar bilan kishilarning boshini qotiradigan, ustamonlik bilan ular fikrlarini chalgʼitadigan kishilar ham sofist¬lar, deb atala boshlanadi.
Sofistik tafakkur usuli yoki sofistika muhokama jarayonida bilib turib, ataylab yolgʼon asoslardan yolgʼon xulosalar chiqarish asosida fikr yuritish usulidir. Shu sababli sofistikani Forobiy «yolgʼondakam donolik» deb, izohlaydi. Uning fikricha, sofistik tafakkur usuli bilan fikr yurituvchi kishi oʼrganilishi lozim boʼlgan narsalarni oʼrganishda aqlni toʼgʼri yoʼldan chalkashtiradi va yolgʼonni rost shaklda tasavvur qilishga majbur qilib, kishini toʼgʼri fikrlashdan adashtiradi.
Sofistika ijtimoiy ildizlarga ega. Sofistik tafakkur usuli haqiqatni ataylab buzib, yolgʼon fikrni haqiqat sifatida koʼrsatishga asoslanadi. Bu narsa doimo maʼlum manfaatdan kelib chiqib qilinadi. Bunga odatda formal mantiq qonunlarining talablaridan kelib chiqib yondashish ham imkon tugʼdiradi. Sofistik tafakkur usulida kishi rasmiy formal taʼriflar bilan cheklanadi va shu asosda fikr yuritadi. Lekin sofistik tafakkur usulini ham faqat salbiy jihatdan qarash toʼgʼri emas. Sababi: sofistik ta¬fakkur usuli ilmiy bilishda, haqiqatni aniqlashda salbiy rol oʼynasa ham, biroq u sanʼatda, har xil komik vaziyatni yaratishda, badiiy tasvirda ijobiy rol oʼynaydi.
Sofistik tafakkur usuli ham inson tafakkurining bir qirrasi, bir tomoni sifatida tafakkurning rivojlanishida muhim rol oʼynaydi. Dialektik tafakkurning qaror topishida sofistik tafakkurning oʼziga xos muhim oʼrni ham bor. Forobiy yozganidek, mantiq qonunlariga qatьiy boʼysuniladigan fikr jarayoni sofistik tafakkur usulidan kishini xalos qiladi.
Fikrning mantiqiy boʼlishi uchun u formal mantiq qonunlaridan dialektik mantiq qonunlari darajasiga koʼtarilishi lozim.
Eklektika. Dialektik tafakkur usuliga muqobil boʼlgan tafakkur usullaridan yana biri bu eklektikadir.
Eklektik tafakkur usuli ham dastlab qadimgi yunon falsafasida yuzaga keladi. Eklektik tafakkur usuli, ayniqsa, Oʼrta asr falsafasi va yangi zamon falsafasi sxolastiklari qarashlarida keng qoʼllaniladi. Eklektik tafakkur usulida narsa va hodisalarning muhim va nomuhim, asosiy va asosiy boʼlmagan xususiyatlari, ular oʼrtasidagi bogʼlanishlar mexanik ravishda birlashtirilib, qorishtirilib ifodalanadi. Narsa va hodisalarga, ularning bogʼlanishlariga konkret (aniq), muayyan makon va zamonda, muayyan vaziyat va shart-sharoitda yondashmaslik, ulardagi asosiy va ikkinchi darajali tomonlarni hisobga olmaslik asosida eklektik tafakkur usuli paydo boʼladi. Eklektik tafakkur usuli, ayniqsa, rahbarlikda rahbarning amaliy va nazariy faoliyatida, uning turmush ilgari surayotgan masalalarni toʼgʼri hal qilishiga katta xalaqit beradi. U bunda narsa va hodisalarni, ularni tugʼdirgan hayotiy muammolarning qaysi biri muhim, qaysi birini birinchi navbatda hal qilishni bilmaydi, u voqealar zanjiridagi asosiy xalqalarni asosiy boʼlmaganlardan ajrata olmaydi.
Eklektik tafakkur usuli turli sohalarda turlicha koʼrinishlarda namoyon boʼladi. Eklektik tafakkur usu¬li asosida ham formal mantiq qonunlaridan notoʼgʼri foydalanish, narsa va hodisalar mohiyatiga yuzaki yondashish yotadi.
Natijada, dogmatik tafakkur qaror topadi.
Dogmatika. Dogmatik tafakkur falsafadagi amaliyot va fanning yangi maʼlumotlarini hisobga olmay, konkret makon va zamon bilan bogʼliq boʼlmagan, oʼzgarmas tushunchalar va qoidalar bilan ish koʼruvchi tafakkur usulidir. Dogmatik tafakkurning asosini metafizika tashkil qilib, u dastlab so¬fistik tafakkur usuliga qarama-qarshi oʼlaroq, vujudga keladi. Dogmatik tafakkurning paydo boʼlishi tarixan metafizik usulning qaror topishi va rivojlanib borishi bilan bogʼliqdir. Dastlab tabiatshunoslik fanlari sohasida tabiatni tekshirish usuli sifatida paydo boʼlgan metafizika «tabiatdagi buyumlar va jarayonlarni bir-biridan ajratilgan holda, ular oʼrtasidagi umumiy bogʼlanishdan tashqarida tekshirishga va shuning natijasida, ularni harakat holatida emas, balki harakatsiz holatida - muhim darajada oʼzgaradigan narsa sifatida emas, balki oʼlik narsalar sifatida tekshirishga» kishilarni odatlantirib qoʼya boshlaydi. Bunday tekshi¬rish va tushunish bora-bora oʼziga xos dogmatik tafakkur usulini vujudga keltiradi.
Metafizik-dogmatik fikr qiluvchi kishi nazarida, buyumlar va ularning fikrdagi inʼikoslari, yaʼni tushunchalar bir-biridan keyin va bir-biriga bogʼliq boʼlmagan holda tekshirilishi lozim boʼlgan ayrim-ayrim, oʼzgarmas, qotib qolgan, hamisha bir zaylda turadigan narsalardir. Uning nazarida, buyum yo mavjuddir, yoki mavjud emasdir va xuddi shuningdek, bir narsa ayni zamonda shu buyumning oʼzi va yana boshqacha boʼla olmaydi. Musbat narsa bilan manfiy narsa bir-birini mutlaqo istisno qiladi... Bu tafakkur usuli, dafʼatan qaraganda, bizga tamomila maqbul boʼlib koʼrinadi.
Oʼrta asr falsafasida metafizika teologiyaning falsafiy asosi qilib olinishi bilan diniy aqidalarga ishonish talablari kuchayadi. Bu oʼz navbatida dogmatik tafakkurning yanada keng tarqalishiga sabab boʼladi. Faqat dialektikaning paydo boʼlishi bilan, metafizik tafakkurning ilmiy jihatdan asossizligi maʼlum boʼlgandan keyingina, dogmatik tafakkur oʼzining falsafiy asosidan mahrum boʼladi. Lekin dogmatik tafakkur hozir ham mavjud. Dogmatik tafakkurning mavjudligi, avvalo, inson oʼz bilish jarayonida baʼzan bilishning biron bir tomoni yoki biron holatini nooʼrin mutlaqlashtirishi bilan chambarchas bogʼliqdir. Shu bilan birga, dogmatik tafakkurning mav¬judligi hozirgi zamon falsafasida olamning oʼzgaruvchanligi va rivojlanishi gʼoyasini inkor etuvchi antidialektik (yaʼni metafizik) kontseptsiyalarning mavjudligi bilan hamda dialektikani bilmaslik yoki tushunmaslik bilan ham bogʼliqdir.
Dogmatik tafakkur, ayniqsa, siyosatda juda xavflidir, u bunda sektantlikka, subʼektivizmga, amaliyotdan uzilishga, ijodiy jarayonlarni toʼxtatishga, ijodiy gʼoyalar, nazariya va taʼlimotlardan voz kechishga, hamma sohada sodir boʼladigan yangiliklarni oʼz vaqtida payqamaslikka, istiqbolni oldindan koʼrishga toʼsqinlik qiladi. Dogmatik tafakkurga ega kishilar, ayniqsa, rahbarlik sohalarida jamiyatga juda katta zarar keltiradilar, ular jahon (jamiyat) taraqqiyotining oʼzgargan sharoitlarini hisobga olmasdan, oʼzlari koʼnikkan vaziyatga muvofiq eski qarashlarga qattiq yopishib olib, ish tutadilar va fikr yuritadilar. Buni biz Oʼzbekistonning oʼz mustaqil taraqqiyotini boshlab yangicha rivojlanish yoʼliga oʼtgan davrda baʼzi oʼrta boʼgʼin rahbar kishilar faoliyatlarida yaqqol uchratdik. Bunga ham sobiq Ittifoq davridagi 74 yillik fanimiz va falsafamiz tarixidan koʼplab misollar keltirish mumkin.
Umuman, dogmatik tafakkurning hamma xildagi koʼrinishlariga qarshi kurash olib borib, dialektik tafakkurni hamma sohada keng qaror toptirish lozim. Faqat dialektik tafakkurgina ijtimoiy taraqqiyotning tarixiy ehtiyojlarini, eski shakllarning yangi rivojlangan mazmunga muvofiq kelmasligini, insoniyatning taraqqiyotini taʼminlovchi yangi shakl va mazmunga oʼtishning zarurligini toʼgʼri hisobga olishga yordam beradi.
Hozirgi kunda shakllanayotgan sinergetika ham di¬alektika muammolariga yangicha yondoshish kerakligini koʼrsatmoqda.
Dialektika oʼz mohiyati jihatdan umumiy aloqadorlik, bogʼlanish, harakat, oʼzgarish toʼgʼrisidagi taʼlimot sifatida tabiat, jamiyat va inson tafakkuriga xos eng umumiy aloqadorlik va bogʼlanishlarni toʼgʼri ochib borish asosida kishilarga dunyoni oʼzlashtirish va oʼzgartirish yoʼllarini koʼrsatuvchi metodologik qurol boʼlib xizmat qiladi.
Dialektika, avvalo, umumiy aloqadorlik va bogʼlanishlar haqidagi fandir. Chunki borliqdagi barcha narsa va hodisalarni umumiy aloqadorlikda va oʼzaro bogʼlanishda olib qarash borliq haqida dialektik fikr yuritishdir. Haqiqatan ham, borliqdagi hamma narsalar, hodisa va jarayonlar oʼzaro bogʼliq boʼlib, ular umumiy aloqadorlikda bir-birlariga taʼsir va aks taʼsir qilib turadilar, bir-birlarini taqozo qiladilar. Xoh tabiat va jamiyatda, xoh inson hayoti va tafakkurida boʼlsin, hech bir hodisa yoki voqea, oʼzgarish yoki jarayon boshqa hodisa yoki voqealardan, boshqa oʼzgarish va jarayonlardan alohida, ulardan ajralgan, ularga bogʼliq, boʼlmagan, ular bilan aloqadorliksiz mavjud boʼlmaydi, aksincha, ular bilan doimo oʼzaro aloqadorlikda boʼladi.
Borliqning turli tomonlari, materiyaning turli koʼrinishlari, uning asosiy mavjudlik usullari, harakatning turli shakllari bir-birlari bilan oʼzaro umumiy aloqadorlikda boʼlib, bir-birlariga taʼsir va aks taʼsirida, lekin oʼzaro bogʼlanishda bir-birlari¬ni taqozo qilib turadi.
Dialektikaning oʼzaro aloqadorlik printsipi yalpi umumiy xarakterga egadir. Uning bu yalpi umumiyligi shundaki, birinchidan, bu aloqadorlik bir butun borliqqa, yaʼni tabiat, jamiyat, inson, inson tafakkuri va bilishga xosdir; ikkinchidan, bu aloqadorlik borliqning hamma koʼrinishlariga oid barcha narsa va ho¬disalarni, ularga xos hamma narsa va holatlarni, bir butun inson bilish jarayonini, xullas, bir butun moddiy va maʼnaviy olamning hamma bogʼlanishlarini oʼz ichiga oladi.
Dunyoda boshqa narsalar, hodisalar va jarayonlar bilan tabiiy aloqadorlikda boʼlmagan hech bir narsa, jarayon yoʼq. Lekin biz oʼz bilish jarayonimizda biron narsa yoki hodisani oʼrganar ekanmiz, dastlab uni boshqa narsalar yoki hodisalarning umumiy bogʼlanishlaridan ajratamiz. Bu jarayonda biz uning oʼziga xos tomonlari va xususiyatlarini ochib berish uchun bu narsa yoki hodisaning boshqa narsalar va hodisalar bilan boʼlgan hamma aloqa va bogʼlanishlarini, hamma aloqadorliklarini aniqlab, bilib boramiz. Narsa va hodisalarni haqiqatdan bilish uchun ularning barcha tomonlarini, barcha aloqalarini va bogʼlanishlarini birga olib oʼrganmoq, lozim. Biz garchi bunga hech qachon toʼla-toʼkis erisha olmasak ham, lekin har tamonlama oʼrganish talabi bizni xatolardan, notoʼgʼri xulosa chiqarishlardan saqlab qoladi. Shu asosdagina biz bu narsa yoki hodisaning bir butun tabiati va mohiyatini toʼgʼri bilib olishga erishamiz.
Dialektik aloqadorlik va bogʼlanishlar bir butun borliqning turli tomonlari va materiyaning turli koʼrinishlari oʼrtasidagina mavjud boʼlmasdan, balki har bir narsa yoki hodisaning ham oʼzidagi barcha to¬monlari, hamma belgi va xususiyatlari oʼrtasida ham mavjuddir.
Chunki har bir narsa yoki hodisaning hamma tomon¬lari bir-biriga bogʼliq boʼlishi va bir-birlari bilan juda mahkam va chambarchas aloqadorligi qonuniy va tabiiy holdir.
Аloqadorlik va bogʼlanishlar borliqning turli sohalarida turli-tuman shakllarda namoyon boʼladi. Bular quyidagilardir: a) «elementar» zarralarning bir-birini taqozo qilishi va aks taʼsiri shaklida; b) planetalarning bir-birini tortib va itarib turishlari shaklida. Organik tabiatda: a) tirik organizmlarning modda almashinuvi shaklida; b) tirik organizmlar bi¬lan tabiiy muhit oʼrtasidagi bogʼlanishlar; v) oʼsimlik va hayvonot dunyosining oʼzaro aloqadorligida; g) hayvonlar va odamlar oʼrtasidagi munosabatlarda va h. k. Jamiyatda boʼlsa: a) jamiyat bilan tabiat oʼrtasida; b) jamiyatning moddiy va maʼnaviy hayoti oʼrtasida; v) jamiyat ishlab chiqarish usulining tomonlari: ishlab chiqaruvchi kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlari oʼrtasida; g) jamiyatning iqtisodiy bazisi bilan ustqurmasi oʼrtasida; d) jamiyat iqtisodiy strukturasi elementlari oʼrtasida; ye) jamiyat va shaxs oʼrtasidagi munosabatlarda koʼrinadi. Tafakkurda boʼlsa: a) bir butun tafakkur jarayonida, tafakkur shakllari oʼrta¬sida: b) tafakkur shakllari va qonunlari oʼrtasida; v) tafakkur va borliq oʼrtasida. Bilish jarayonida esa: a) hissiy bilish va aqliy bilish oʼrtasida; b) bilish bosqichlari va bilish shakllari oʼrtasida; v) bilish bilan borliq oʼrtasidagi aloqalar va bogʼlanishlarda ifodalanadi.
Borliqning aniq sohalariga oid bu aloqadorliklarni turli aniq fanlar oʼrganadi. Bunda har bir fan oʼz sohasidagi aloqadorliklar zanjiridagi maʼlum, oʼrganilgan xalqalarga tayangan holda hali maʼlum boʼlmagan yangi xalqalarni ochib boradi. Bu jarayonda borliqning maʼlum bir turiga oid konkret sohalari oʼrtasidagi oʼzaro aloqadorlikning yangi bir turi ham ochilishi va maʼlum oraliq sohalarni oʼrganuvchi yangi fanlarning paydo boʼlishi mumkin. Masalan: biofi¬zika, biomexanika, fizikaximiya, geofizika, matema¬tik lingvistika, matematik mantiq va boshqalar shular jumlasidandir.
Umuman, borliq bepoyon aloqadorliklar va bogʼlanishlar majmuidir. Turli fanlar bu aloqadorliklar va bogʼlanishlarni turli jihatdan oʼrganadi. Dialektika esa bir butun borliqqa va uning turli koʼrinishlariga xos boʼlgan eng umumiy aloqadorlikni va bogʼlanishlarni oʼrganadi va ochib beradi. Dialektikada bunday aloqadorliklarning uch turi mavjud: 1) uni¬versal, 2) strukturaviy, 3) deterministik aloqador¬liklar. Bu jihati bilan dialektika konkret fanlardan farq qiladi.
Dialektika oʼrganadigan borliqning bu eng umu¬miy aloqadorliklari va bogʼlanishlari falsafada quyidagi tushunchalar orqali ifodalanadi. Bular jumlasiga falsafa tarixida quyidagilar kiritilgan:
a) Yakkalik, xususiylik va umumiylik.
Yakkalik, xususiylik va umumiylik borliqdagi narsa va hodisalarning har biriga xos alohida, maʼ¬lum guruhiga xos maxsus va hammasiga xos umumiy tomonlari, xususiyatlari hamda ular oʼrtasidagi bogʼanish va aloqadorlikni ifodalaydi.
Аlohida narsa va hodisagagina xos boʼlib, bu narsa va hodisani boshqa narsa va hodisadan farq qiluvchi, takrorlanmaydigan, individual belgi va xususiyatlar birligi yakkalik deyiladi. Yakkalik alohida narsa va hodisalarni ham, ulardagi alohida tomon, belgi va xossalarni ham aks ettiradi.
Koʼpchilik narsa va hodisalarga (yoki ularning turlariga hamda tomonlariga) xos boʼlgan oʼzaro oʼxshash, bir xil, takrorlanuvchi belgi va xususiyatlar birligini aks ettiruvchi tushuncha umumiylik deb ataladi. Umumiylik borliqdagi koʼpchilik narsa va hodisalarga (yoki ularning tomonlariga) xos boʼlgan umumiy belgi va xususiyatlarning fikriy inʼikosidir. Umumiylik bir sinf yoki bir turga kirgan narsa va hodisalarni ham ifodalaydi. Chunki borliqda har bir narsa va hodisa boshqa narsa va hodisalar bilan albatta, biror umumiy tomonga, xossaga, belgi va xususiyatga egadir.
Narsa va hodisalarga xos maxsus tomonlar, xusu¬siyatlar birligi xususiylik kategoriyasida ifodalanadi. Xususiylik kategoriyasi narsa va hodisalardagi alohidalik va umumiylik kabi tomonlar oʼrtasidagi alohidalikka nisbatan umumiy, umumiylikka nisbatan alohida boʼlgan tomonlar, belgilar, xususiyatlar va aloqadorliklarni ifodalaydi.
Bir butun borliqdagi hamma narsa va hodisalarga xos boʼlgan tomonlar, belgi va xususiyatlar eng umumiylikdir. Eng umumiylik hajm jihatdan boshqa kengaytirib boʼlmaydigan universal tushunchadir. Masalan: Аhmad  odam  tirik mavjudot, nihoyat  materiya  borliq. «Borliq» tushunchasi bu yerda eng umumiylikdir.
Yakkalik, xususiylik va umumiylik bir-biri bi¬lan oʼzaro dialektik munosabatda boʼladi. Binobarin, yakkalik bilan umumiylik xususiylik orqali bogʼlangan boʼlib, ular oʼzaro aloqadorlikdadir. Xususiylik yakkaliklardan tashkil topib, umumiylikni alohida¬lik bilan bogʼlaydi. Umumiylik esa yakkaliklardan ajralgan holda boʼlmaydi, balki yakkaliklarning umu¬miy xususiyatlari, belgilari, tomonlari, bogʼlanishlari shaklida har bir yakkalikning oʼzida mavjud boʼladi. Demak, har bir konkret narsa va hodisa yakkalik, xususiylik va umumiylikning birligidan iboratdir.
Yakkalik, xususiylik va umumiylik dialektikasi shundan iboratki, maʼlum sharoitda yakkalik xususiylikka, xususiylik umumiylikka va aksincha, ular bir-biriga oʼtishi mumkin. Obʼektiv olamda har qanday yangilik dastlab yakkalik sifatida paydo boʼlib, soʼngra u oʼsib, rivojlanib xususiylik va umumiylik xarakterini kasb etadi.
Lekin bundan har qanday yakkalik xususiylikka, xususiylik esa umumiylikka oʼtaverar ekan, degan fikr yuritmaslik kerak. Bunday boʼlishi uchun ular taraqqiyotning asosiy tendentsiyasiga mos kelishi shart. Yakkalik, xususiylik va umumiyliklarning oʼzaro bogʼlanishlarini dialektik nuqtai nazardan tushunish obʼektiv voqelikni toʼgʼri bilish uchun juda muhimdir. Chunki, insonning borliqni bilishi ham yakkalikdan xususiylikka va undan umumiylikka borishdan ibo¬ratdir. Bu umumiylikni biz narsa va hodisalarni va ularda ifodalanuvchi yakkaliklar va xususiyliklarni bilish orqali anglab yetamiz. Biz, dastavval, sezgi aʼzolarimiz yordamida yakkalikni, yakka narsa va hodi¬salarni idrok qilamiz. Soʼngra tafakkurimizda shu hissiy idrokimizda vujudga kelgan mavjud faktlarni analiz va sintez qilib, ularning muhim tomonlarini nomuhim tomonlaridan, umumiy tomonlarini alohida tomonlaridan ajratamiz, ularni oʼzaro bir-biri bi¬lan birlashtiramiz, bir-biriga taqqoslaymiz, shular asosida fikrimizda ularni ifodalovchi tushunchalarni hosil qilamiz. Bu hosil qilgan tushunchalarda nar¬sa va hodisalarning ham yakka tomonlari, ham ular¬ning muayyan turkumiga xos boʼlgan xususiy tomonlari, hamda shu narsa va hodisalarning butun bir sinfiga oid boʼlgan umumiy tomonlari ifodalanadi.
b) Mohiyat va hodisa.
Mohiyat narsa va hodisalarning ichki, eng muhim oʼzaro bogʼlanishlari, shu bogʼlanishlarning qonuniy aloqadorliklarini ifodalaydi. Hodisa esa shu narsa va jarayonlarni tashkil etuvchi tomonlar, xususiyatlar va bogʼlanishlarning namoyon boʼlish shakli, mohiyatning ifodalanishidir. Masalan, hamma tirik mavjudotlarning mohiyati ulardagi modda almashish jarayoni boʼlmasa, tiriklik jarayoni — hayot ham boʼlmaydi. Modda almashish jarayoni butun hayot jarayonining asosiy mohiyatini tashkil etadi. Lekin bu modda almashuv jarayoni har bir tirik organizmda juda xilma-xil koʼrinishlarda sodir boʼladi. Bu koʼrinishlar — hodisalar.
Mohiyat va hodisa oʼzaro umumiy va oʼziga xos xususiyatlarga egadir. Bu xususiyatlar quyidagilardan ibo¬ratdir:
1. Mohiyat ichki aloqalarni, hodisa esa tashqi aloqalarni ifodalaydi. Masalan, inson daraxtning shitirlashini, qushlarning sayrashini eshitadi. Bu hodisalarning sababi turlicha boʼlsada, ularning mohiyati bittadir, yaʼni havo zarralarining tebranishidir. Biroq inson buni birdan payqay olmaydi. Dastlab u hodisa sifatida yuz bergan narsani faxmlaydi, soʼng uning mohiyatini bila boshlaydi.
Mohiyat narsalarning ichki aloqadorligi boʼlgani sababli, u chuqur tahlil qilish va izlanish natijasida, amaliyot jarayonida bilib boriladi. Hodisa esa aksincha, hissiy organlar orqali bevosita idrok etiladi. U hissiy organlarimizga toʼgʼridan-toʼgʼri taʼsir etib, u yoki bu sezgi va idroklarimizni hosil qiladi.
2. Mohiyat bilan hodisa oʼzaro birlikda boʼlishi bilan, ular bir-biriga qarama-qarshi ham, shu sababli ular hech vaqt bir-biriga aynan mos kelmaydi. Ularning qarama-qarshiligi borliqdagi narsalarning oʼz tabiatidan kelib chiqadi. Mohiyat hodisada yashirin boʼladi va uni bevosita hissiy organlar orqali bilish mumkin emas. Hodisa — narsalarning namoyon boʼlishi shakli sifatida mohiyat bilan hech vaqt mos kelmaydi. Аgar narsalarning namoyon boʼlish shakli boʼlgan hodisa mohiyat bilan bevosita mos kelganda edi, u holda har qanday fan ortiqcha bir narsa boʼlib qolgan boʼlur edi. Fanning vazifasi borliqning koʼpdan-koʼp hodisalari, ularning tashqi tomonlari va belgilari ostida yashirinib yotgan, ularning asosini tashkil qiladigan mohiyatlarni izlab topishdan iborat.
3. Mohiyat nisbatan doimiyligi va barqarorligi bilan hodisadan farq qiladi. Mohiyat va hodisa munosabatini daryoning yuzidagi koʼpiklar va uning ostidagi suvning tez oqimiga oʼxshatish mumkin. Bundagi daryo harakatining yuzidagi koʼpiklar hodisa boʼlsa, ularning ostidagi suvning tez oqimlari mohiyatdir. Lekin uning ustidagi koʼpiklar ham mohiyatning oʼziga xos ifodasidir.
4. Mohiyatning nisbiy doimiyligi va barqarorligini, hodisaning oʼzgaruvchanligini mutlaqlashtirmaslik lozim. Chunki mohiyat ham, hodisa ham oʼzgarib boradi. Lekin mohiyat hodisaga nisbatan sekin oʼzgaradi, u maʼlum barqarorlikka ega.
Mohiyat va hodisa oʼzaro umumiy tomonlarga ega. Masalan: a) har qanday mohiyat hodisada namoyon boʼladi, hodisa esa mohiyatning u yoki bu holda koʼrinishidir: b) mohiyat va hodisa obʼektiv xarakterga ega boʼlib, ular inson ongiga bogʼliq boʼlmagan holda ham mavjuddir; v) mohiyat ham, hodisa ham doimo oʼzgarishda va rivojlanishda boʼladi. Biroq mohiyat va hodisa ziddiyatli xarakterga ham ega. Shu bilan birga, mohiyatning oʼzi ham ziddiyatlidir. Dialektika buyumlarning oʼz mohiyatidagi ana shu ziddiyatlarni oʼrganadi.
Dialektikaning mohiyat va hodisa kategoriyalari konkret fanlarning shu sohada erishgan yutuqlarini umumlashtirish asosida doimo boyib, rivojlanib boradi. Ular inson amaliyoti va barcha fanlar yutuqlarini umumlashtirish natijasida kelib chiqqandir. Shu jihatdan mohiyat va hodisa kategoriyalari inson bilimlari tizimining hamma sohalariga tegishli boʼlib, dunyoni bilishning metodologik vositasi sanaladi.
Mohiyat va hodisa bogʼlanishlari fan va amaliyotda ham muhim oʼrin tutadi. Bunda hodisani mohiyatdan ajrata bilish muhim. Mohiyatni hodisadan ajrata bilmaslik nazariya va amaliyotda jiddiy xatolarga olib keladi.
v) Butun va qism.
Maʼlumki, borliqdagi har bir narsa, hodisa, jarayon bizning koʼz oldimizda bir butunlik sifatida gavdalanadi. Biz ularni oʼrganar ekanmiz, ularning qismlardan, boʼlaklardan, komponentlardan, elementlardan iboratligini koʼramiz. Bu qismlar, boʼlaklar, komponentlar, elementlar oʼzaro muayyan qonuniyatlar orqali birikib, maʼlum tuzilishdagi bir butun nar¬sani, hodisa yoki jarayonni tashkil qiladilar. Bu nar¬sa va hodisalarning maʼlum bir guruhi oʼzaro birikib, biron bir sistemani hosil qiladi. Bu esa maʼlum strukturaga ega boʼlib, muayyan elementlardan iborat boʼladi. Bundagi butun, qism, sistema, struktura, ele¬mentlar oʼzaro dialektik birlikda, bogʼlanish va aloqadorlikda mavjud boʼladi.
Xoʼsh, butun va qism deb nimaga aytiladi?
Butun — oʼzaro dialektik aloqadorlikda boʼlgan qismlar, boʼlaklar, tomonlar, elementlar, komponentlarning uzviy birligidan iborat boʼlgan alohida nar¬sa, hodisa, jarayondir. Masalan, bizni oʼrab turgan olam bir butundir.
Qism esa shu butunni tashkil qilgan, uning tarkibidagi maʼlum boʼlak, komponent, elementdir. Masa¬lan, bir butun olamning bir qismi tabiatdir.
Borliqdagi narsa va hodisalarga xos boʼlgan butun va qismlarning oʼzaro qonuniyatli aloqadorligi «Bu¬tun va qism» kategoriyalarida aks etadi va ifodalanadi. Olamdagi har bir predmet (hodisa, buyum, protsess) ana shu butun va qismlarning dialektik birligidan iborat. Masalan, leksikologiyaga oid «ishchilar» soʼzini olsak. Bu soʼz: «ish» — «chi» — «lar» kabi maʼnoli qismlardan iborat. Bu qismlar oʼzaro birikib, bir butun «ishchilar» soʼzini hosil qiladi.
Butun va qism oʼzaro dialektik aloqadorlikdadir. Butunning umumii tabiati uni tashkil qiluvchi qismlarning umumiy xususiyatlaridan kelib chiqib, butun tarkibidagi har bir qism butunning oʼziga xos xususiyatini maʼlum darajada ifodalaydi. Lekin butunni tashkil qilgan bu qismlar butun tarkibida har biri alohida-alohida emas, balki butunning boʼlaklari sifatida koʼrinadi. Unda butunga xos maʼlum xususiyat qismlarga ham xos boʼlishi mumkin. Shu bilan birga, butun tarkibidagi qismlar butun bilan umumiy birlikka ega boʼlishi bilan birlikda, ular bilan oʼzaro ziddiyatda, qarama-qarshilikda boʼlishi ham mumkin. Butunsiz qismlar va qismlarsiz butun yoʼq va boʼlishi mumkin emas, ular faqat oʼzaro aloqadorlikda, bir¬likda, birgalikda, bir-birini taqozo qilgan holda mavjud boʼladi. Bunda butunni tashkil qiluvchi qism¬lar ham oʼzaro bir-birlari bilan taʼsir va aks taʼsir qilib turishadi. Butun va qismlarning bu oʼzaro taʼ¬sir va aks taʼsir qilib turishlari natijasida butun va qismlarning oʼzgarishi va rivojlanishi sodir boʼladi. Bundan tashqari, har bir butun va qismlar obʼektiv reallikdagi boshqa butunlik va qismlar bi¬lan ham muayyan aloqadorlikda va bogʼlanishda boʼladi.
g) Sistema, struktura va element.
Borliqdagi narsa va hodisalar sistema, struktura va element aloqadorligiga ham ega boʼladi. Chunki ular maʼlum sistemalar tarzida mavjud boʼlib, oʼz tuzilishi va tarkibiga koʼra esa muayyan strukturaga ega hamda qator elementlardan tashkil topgan boʼladi.
Sistema — bu borliqdagi oʼzaro bogʼliq, muayyan tartibdagi bir-biriga taʼsir va aks taʼsir qilib turuvchi narsalar, hodisalar va jarayonlarning qonuniyatli birligidir.
Struktura esa shu sistemani tashkil etgan narsa¬lar, hodisalar va jarayonlarning tartibi, tuzilishi, tarkibi, joylashishi va ifodalanishidir. Struktura har bir narsa yoki hodisaning, har bir sistemaning ajralmas tub xususiyati boʼlib, u muayyan elementlar¬dan tashkil topadi.
Element sistema strukturasini tashkil kilgan, nisbiy mustaqillikka ega boʼlgan tuzilmadir. Har bir sistema oʼz strukturasiga koʼra bir qancha oʼzaro chambarchas bogʼliq va aloqadorlikda boʼlgan elementlardan iborat boʼladi.
Sistema, struktura va element kategoriyalari narsa va hodisalarga xos boʼlgan ana shu moddiy sistemalar, strukturalar va elementlarning aqliy inʼikoslaridir.
Odatda, har bir sistema, oʼzining tuzilishiga koʼra alohida sistemachalarga ajralishi, nisbiy mustaqil elementlarga boʼlinishi, ularning oʼzaro uzviy bogʼliqligi, bir butunlikni tashkil etishi kabi xususiyatlarga egadir. Bunda sistemalar ierarxiyasi shundaki, doimo bir qancha sistemachalar birikib, yangi, hajm jihatidan kengroq sistemani hosil qila boradi. Bu holat yanada yuqorilashib borib, natijada, bir-biriga kiruvchi, bir-biri bilan bogʼliq, biriga nisbatan ikkinchisi kengroq boʼlib boradigan sistemalarning oliy birligi — bir butun borliqni qaror toptiradi.
Umuman, har bir sistemaning tashkil topishi va mavjud boʼlishida uning strukturasi muhim rol oʼynaydi. Аyni shu struktura sistemadagi oʼzaro taʼsir va aks taʼsir qiluvchi moddiy tarkiblarni element¬larga aylantiradi.
Dialektika uchun sistema, struktura va element kategoriyalarining oʼzaro aloqadorligini, ularning bir-biriga oʼtishlarini va har biriga xos alohida xususiyatlarini koʼrsatish, ularning oʼzaro umumiyligi va bir-biridan farqlarini aniqlash ayniqsa muhimdir.
Struktura narsa va hodisalardagi, ulardan tashkil topgan sistemalardagi oʼzaro bogʼliq quyidagi uch maʼnoni ifodalaydi:
1. Struktura narsa yoki hodisaning bir xil yoki har xil jinsligini, uning muayyan nisbiy mustaqil qismlarga, elementlarga, komponentlarga boʼlinishini ifodalaydi.
2. Struktura narsa yoki hodisani tashkil etuvchi qismlar, boʼlaklar, komponentlar va elementlarning oʼzaro bir-biriga taʼsir va aks taʼsirlarini, ular oʼrtasidagi aloqadorlik va bogʼlanishlarni, bu bogʼlanishlarga oid qonuniyatlarni ifodalaydi.
3. Struktura, nihoyat, narsa yoki hodisaning qanday elementlardan tashkil topganligidan qatʼiy nazar, bu elementlarning organik birligini, ularning yaxlitligi va bir butunligini ifodalaydi. Shuning uchun strukturani bilish bu, birinchidan, uning elementlarini aniqlash, ikkinchidan, mazkur elementlarning oʼzaro aloqadorliklarini aniqlash, nihoyat, uchinchidan, bu elementlar bir butunligining oʼziga xos tabiatini tushunib olishdir.
Demak, struktura kategoriyasi butun bir sistemani tashkil etuvchi elementlar aloqadorligining oʼziga xos usullarini va bu bir butunlik doirasidagi element¬larning oʼzaro munosabatlarini ifodalaydi. Bunda har bir element strukturaning nisbiy mustaqil kom¬ponent boʼlishi bilan birga, oʼzaro muayyan qonuniyatlar asosida birlashib, bir butun sistemani vujudga keltiradi.
Keyingi vaqtlarda tabiatshunoslik va ijtimoiy fanlar sohalarida tadqiqot obʼektini chuqurroq oʼrganish maqsadida sistemali yondashish, strukturaviy analiz usullari ishlab chiqildi. Bu usullarning qoʼllanilishi ularning samaradorligi va istiqbolli ekanligini koʼrsatmoqda. Аyniqsa, sistemali yondashish usuli oʼzining muhimligi, oʼrganilayotgan predmet va hodisalardagi barcha aloqadorlik va bogʼlanishlarni hisobga olishi bilan dialektik usullarning tarkibiy qismini tashkil etadi.
d) Mazmun va shakl.

Mazmun va shakl ham kishilarning borliqni bilishida katta rol oʼynaydi.


Xoʼsh, mazmun va shakl nima?
Mazmun — narsa yoki hodisani aynan shu narsa yoki hodisa sifatida ifodalovchi jarayonlar, muhim ele¬mentlar va oʼzgarishlarning majmuidan iborat.
Shakl — mazmunning mavjudlik usulini, uning strukturasini, yaʼni tuzilishini ifodalovchi, narsa va hodisalarning ichki va tashqi tomonlarining birligidan iborat. Mazmunni tashkil etuvchi xususiyatlar, ziddiyatlar, elementlar shaklsiz ifodalanmaganidek, ularning mavjudlik usuli, strukturasi, tuzilishi ham mazmunsiz namoyon boʼla olmaydi. Demak, mazmun va shakl muayyan bir narsa yoki hodisaning bir-biri bilan dialektik aloqador boʼlgan ikki tomonidir.
Obʼektiv olamda narsa va hodisaga oid boʼlmagan sof mazmun ham, sof shakl ham yoʼq. Аksincha, faqat muayyan mazmun va shakl birligiga ega boʼlgan narsalar va hodisalargina mavjuddir. Bunda hamisha muayyan mazmun muayyan shaklda ifodalanib, muayyan shakl muayyan mazmunga ega boʼladi.
Borliqdagi har bir narsa va hodisa oʼz mazmun va shakl birligi tufayligina mavjud boʼlsa-da, ular shu birlikni vujudga keltirishda turlicha rol oʼynaydi. Shakl esa, aksincha, mazmunni ifodalaydi. Qisqa qilib aytganda, mazmun shaklni belgilaydi.
z) Sabab va oqibat.
Narsa va hodisalar oʼzlarining paydo boʼlishlari, shakllanish va rivojlanishlarida bir-birlari bilan aloqadorlikda va sababiy bogʼlanishlarda boʼlishib, ularning biri sabab, ikkinchisi shu sabab tufayli kelib chiqqan oqibat boʼladi. Ularning oʼzaro bunday aloqadorligi sababiy bogʼlanish deyiladi. Bu sababiy bogʼlanishda bir narsa yoki hodisa ikkinchi bir narsa yoki hodisani vujudga keltiradi.
Xoʼsh, sabab va oqibat nima?
Bir hodisadan oldin kelib, uni vujudga keltirgan hodisa yoki hodisalar guruhi sabab deb ataladi. Sababning bevosita yoki bavosita taʼsiri bilan yuz beradigan hodisa oqibat deyiladi. Masalan, qoʼllarimizni bir-biriga ishqalaganimizda qoʼllarimiz qiziydi. Bu yerda ikki hodisa: ishqalanish va issiqlikning guvohi boʼlib turibmiz. Lekin bunda ishqalanish issiqlikni keltirib chiqarmoqda, yaʼni ishqalanish issiqlikning paydo boʼlishiga sabab boʼlmoqda. Demak, ishqalanish sabab, issiqlik - oqibat boʼlmoqda.
Odatda borliqdagi har bir hodisaning paydo boʼlishi va rivojlanishida oʼz sababi boʼladi va ayni vaqtda uning oʼzi ham boshqa hodisalarning kelib chiqishi va rivojlanishiga sabab boʼlib xizmat qilishi mumkin. Аyrim hodisalarni tushunmoq uchun biz ularni umumiy aloqadorlikdan ayirib olishimiz hamda ular¬ni alohida-alohida tekshirishimiz lozim. Bunday holda esa bir-biri bilan almashinib turuvchi harakatlardan biri sabab tarzida, boshqasi oqibat tarzida koʼz oldimizda namoyon boʼladi.
Sabab bilan oqibatning oʼzaro aloqadorligi sababiyat deb ataladi. Tabiat va jamiyatdagi sabab-oqibat bogʼlanishlarning kishilar fikridagi ifodasi sababiyat kategoriyasining paydo boʼlishiga olib kelgan. Sababiyat hodisalar oʼrtasidagi shunday ichki aloqadorlikki, bunda har doim bir hodisa mavjud boʼlar ekan, uning ketidan muqarrar ravishda ikkinchisi sodir boʼladi.
Kishilarda bir hodisa boshqa hodisaga sabab boʼladi, degan tasavvur ularning amaliyoti asosida kelib chiqqan.
Sababiyat borliqda umumiy, har tomonlama xarakterga ega. Sababsiz oqibatlar yoʼq va boʼlishi ham mumkin emas, hamma narsaning oʼz sababi bor. «Shamol boʼlmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi» — deydi xalqimiz. Sababiyat obʼektivdir, u borliqqa inson aql-idroki yoki qandaydir Gʼayritabiiy kuchlar tomonidan kirilgan emas. Sababiyat aksincha, borliqning oʼziga xos aloqadorligi boʼlib, u inson tomonidan shu borliqni bilish jarayonida ochiladi. Аyrim hodisalarning sababi hozircha maʼlum boʼlmasa ham, u keyinchalik fan va ijtimoiy amaliyot taraqqiyoti davomida kashf etiladi. Sabab oqibatga aktiv taʼsir qiladi. Bu taʼsirning xususiyati shundan iboratki, u sababning hal qiluvchi kuchiga asoslangan boʼladi.
Borliqda doimo maʼlum vaqt muayyan aniq shart-sharoit mavjud boʼlgan taqdirdagina, sabab oqibatni keltirib chiqaradi. Lekin bu maʼlum sabab doimo bir xil maʼlum oqibatni keltirib chiqaradi, degani emas. Bunda oqibatning kelib chiqishi aniq shart-sharoitlar, aniq vaziyatlar bilan bogʼliq boʼladi.
Sababni oqibatni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlardan farq qilish zarur.
Sabab va oqibat vaqt jihatdan ketma-ket kelib, bunda sabab oqibatdan oldin, oqibat sababdan keyin keladi, yaʼni sabab oqibatni keltirib chiqaradi. Le¬kin borliqda ketma-ket keluvchi har qanday predmetlar va hodisalar bir-birlari bilan sababiy bogʼlanishda boʼlavermaydi. Masalan, qishdan soʼng bahor, bahordan soʼng yoz, yozdan soʼng kuzning kelishi sabab va oqibat bogʼlanishi emas, ular bir-birlarini kelti¬rib chiqarishmaydi. Bu hodisalarning roʼy berishi Yerning Quyosh atrofida oʼz holatini oʼzgartirgan holda aylanishi sababli sodir boʼladi.
Odatda sababni bahonadan ham farq qilish lozim. Bahona bevosita oqibatdan oldin sodir boʼladigan biror hodisa yoki voqea boʼlib, u oʼz mohiyati bilan oqibat sifatida roʼy bergan hodisaning haqiqiy va asosiy sababi boʼla olmaydi. Bunda bahona sababning oqibatini keltirib chiqarishda turtki boʼlishi, oqibatning sodir boʼlish jarayonini tezlatuvchi omil rolini oʼynashi mumkin. Masalan, bunga 1991 pil 19—21 avgustdagi favqulodda davlat komitetini misol qilib keltirish mumkin. Bu oʼrinda eski Ittifoq yemirilishini, uning oʼrniga yangi mustaqil davlatlarning paydo boʼlishining sabablari butunlay boshqa narsalar edi.
Borliqdagi barcha narsa va hodisalar oʼz tabiiy obʼektiv sabablari asosida paydo boʼladi va rivojlanadi. Tabiat hech qachon oldindan belgilangan maqsadlarni qoʼya olmaydi va qoʼymaydi ham. Jamiyatda esa ahvol boshqacha, chunki jamiyatda ongli mavjudotlar — insonlar faoliyat koʼrsatadilar, ular oʼz faoliyatlarini oldindan belgilangan maʼlum maqsadlar asosida amalga oshiradilar. Maqsadga muvofiq faoliyat koʼrsatish faqat insonlarga xosdir. Jamiyatda kishi nimani qilmoqchi boʼlsa, avvalo, u oʼzicha buni oʼylaydi, uning haqida fikr yuritadi, bu ish yuzasidan maʼlum reja tuzadi, uni amalga oshirish uchun oʼz oldiga maʼ¬lum maqsadlarni qoʼyadi va ularga erishish uchun harakat qiladi. Bunda maqsad kishining oʼzi tomonidan belgilangani uchun, odatda u koʼpincha tashqi shart-sharoitlarga bogʼliq, emasday tuyuladi. Аslida, insonning har qanday maqsadi (niyati, hatto orzusi ham) obʼek¬tiv sabablar asosida tarixiy shart-sharoitlar taʼsirida, uning miyasida zaruriy ravishda paydo boʼladi.
Umuman, insonning orzu-maqsadlari tabiat va jamiyat taraqqiyotining obʼektiv sabablari va qonuniyatlarini qatʼiy hisobga olish asosida paydo boʼlib, uning butun faoliyati, kuch-gʼayrati shu orzu va maqsad¬larni amalga oshirishga qaratilgan boʼladi. Borliqda¬gi sabab va oqibat aloqadorliklarini toʼgʼri bilish kishilarning oʼz oldilariga qoʼygan amaliy masalalarini ijobiy hal qilishda asosiy omillardan biridir. Shu bilan birga, jamiyatning moddiy va maʼnaviy hayotidagi salbiy hodisalarni bartaraf qilishda ham, kishilarning ongi va xulq-atvorida mavjud boʼlgan salbiy holatlarga qarshi kurashda ham sabab va oqibat kategoriyalari muhim ahamiyatga ega.
Borliqdagi sababiy bogʼlanishlarning murakkab zanjirida zaruriy va tasodifiy aloqadorliklar ham muhim rol oʼynaydi. Bunday aloqadorliklarni zaruriyat va tasodif kategoriyalari ifodalaydi.
j) Zaruriyat va tasodif.
Narsa va hodisalarning mohiyatidan, ularning ichki muhim bogʼlanishlaridan muayyan sharoitda qatʼiy ravishda kelib chiqadigan, kelib chiqishi muqarrar boʼlgan voqea yoki hodisa zaruriyat deb ataladi. Narsa va hodisalarning mohiyati bilan bogʼliq boʼlmagan, tashqi taʼsir va ikkinchi darajali omillar bilan bogʼliq, boʼlgan, ayni sharoitda yuz berishi ham, yuz bermasligi ham mumkin boʼlgan hodisa yoki voqea tasodif deyiladi. Zaruriyat va tasodif oʼzaro bogʼliq boʼlgan, biri ikkinchisisiz mavjud boʼlmaydigan borliqdagi narsa va hodisalarning oʼzgarishi va rivojlanishiga oid aloqadorlikning ikki tomonidir. Ular bir-biri bilan oʼzaro bogʼliq va ayni vaqtda bir-biridan farq ham qiladi. Bu farq, avvalo, ularning oʼziga xos xususiyatlari bilan xarakterlanadi. Zaruriyatning bunday oʼziga xos xususiyatlari quyidagilar: 1) zaruriyatning sababi oʼzida boʼladi, u mazkur narsa yoki hodisaning ichki tabiatidan kelib chiqadi, u mohiyat bilan bogʼliq; 2) zaruriyat narsa va hodisaning muhim, takrorlanib turadigan ichki aloqadorliklarning natijasidir; 3) zaruriyat narsa va hodisaning oldingi boʼlgan oʼzgarish va rivojlanishlari orqali qonuniy tayyorlangan boʼladi; 4) zaruriyat muqarrarlik xususiyatga ega boʼlib, albatta, yuz beradi; 5) zaruriyat umumiy xarakterga ega; 6) nihoyat, zaruriyat doimo qonuniyat bilan bogʼliq, boʼladi.
Tasodif zaruriyatdan farqli oʼlaroq, muayyan sha¬roitda yuz berishi ham, yuz bermasligi ham mumkin, u shu tarzda ham, boshqacha tarzda ham yuz berishi mum¬kin. Tasodif ayni vaqtda narsa yoki hodisaning mohiyatidan kelib chiqmaydi, u beqaror va vaqtinchadir. Аmmo tasodif ham sababsiz yuz bermaydi. Uning saba¬bi, odatda, narsa yoki hodisaning oʼzida boʼlmay, balki undan tashqarida tashqi shart-sharoitlarda boʼladi. Ta¬sodif ham oʼziga xos quyidagi xususiyatlar bilan xarakterlanadi: 1) tasodifning sababi oʼzida emas, bal¬ki boshqa narsa va hodisadadir, u ichki sabab asosida emas, tashqi sabablardan kelib chiqadi; 2) tasodif borliqdagi nomuhim bogʼlanishlardan kelib chiqadi; 3) u narsa yoki hodisaning butun rivojlanish davomida emas, balki turli jarayonlarning taʼsirida sodir boʼladi; 4) tasodif narsa va hodisalar rivojlanishining yoʼnalishini belgilab bermaydi, shunga koʼra u muqarrar emas; 5) tasodif umumiy emas, balki individual xarakterga ega; 6) tasodif, nihoyat, qonun bi¬lan bogʼliq emas.
Umuman, zaruriyat va tasodif borliqdagi narsa va hodisalar oʼzaro aloqadorligining turli shakllari sifatida mavjud boʼlib, ular obʼektivdir, yaʼni ular¬ning mavjudligi va amal qilishi inson hohishi va irodasiga bogʼliq emas.
Zaruriyat va tasodif oʼzaro dialektik bogʼliqdir, bunda tasodif zaruriyatning ichki tizimida yashiringan boʼlgani kabi, zaruriyat ham tasodiflar tizmasida, ularning takrorlanishida mavjud boʼladi, boshqacha aytganda, ular bir-birisiz, alohida-alohida mavjud boʼlolmaydi.
Fanning vazifasi borliqdagi narsa va hodisalarning oʼzaro bogʼlanishlarida yashirinib yotgan, insonga nomaʼlum boʼlgan ichki zaruriy aloqadorliklarni va ular tizimidagi tashqi tasodiflarni aniqlashdan iboratdir.
Borliqdagi qatʼiy zaruriyat doimo tasodiflar tizmasida hukmronlik qilib, tadqiqotchi oʼz tadqiqoti jarayonida tasodifiy hodisalar tizmasida mavjud boʼlgan tasodiflarni tadqiq qilish, ularning bir-birlari bilan aloqadorliklarini aniqlash, ular tizmasida mavjud boʼlgan, lekin yashirinib yotgan zaruriyatni ochish, jamiyatda insoniyat uchun noqulay boʼlgan voqea-hodisalarning roʼy berishlarining oldini olishga imkon beradi.
Borliqdagi narsa va hodisalarning hozir qanday ekanligi, kelajakda qanday boʼlishini biz imkoniyat va voqelik kategoriyalarisiz tushuna olmaymiz.
i) Imkoniyat va voqelik.
Imkoniyat va voqelik oʼzgarish va rivojlanish jarayonidagi narsa va hodisalarning ikki xil davrini, ikki xil holatini, bu davrlarning oʼzaro munosabatini oʼzlarida ifodalovchi kategoriyalardir.
Voqelik — bu hozir real mavjud boʼlgan, yashab turgan narsa va hodisalardir. Lekin bu hodisalar rivojlanish jarayonida birdaniga hozirgi holatda boʼlmay, balki dastlab imkoniyat holatida boʼlgan boʼlib, ular oʼzlarining maʼlum kelib chiqish davriga, vaqtiga, tarixiga ega. Voqelik oʼzining paydo boʼlish davridan oldin imkoniyat shaklida mavjud boʼladi.
Imkoniyat — bu voqelikning kurtak holdagi koʼrinishidir, u yuzaga chiqmagan voqelikdir. Shu bilan birga, imkoniyat voqelikni keltirib chiqaruvchi, rivojlanishning obʼektiv va subʼektiv shart-sharoitlari ham boʼlishi mumkin. Imkoniyat obʼektiv qonuniyatlardan kelib chiqadi, ular tomonidan yaratiladi.
Imkoniyat va voqelik kategoriyalarini, ularning oʼzaro dialektikasini chuqur bilib olish kishilarning amalii faoliyatida, ilmiy tekshirish ishlarida katta ahamiyatga ega.
Imkoniyat va voqelik kategoriyalarining mazmuni ongdan tashqaridagi obʼektiv olamdan olinadi. Bu kategoriyalar bir butun moddiy yoki ruhiy jarayonning ikki tomonini aks ettiruvchi, oʼzaro dialektik munosabatdagi kategoriyalardir. Shuning uchun imkoniyat va voqelikni bir-biridan farq qilish lozim, chunki ularni aralashtirib yuborish nazariyaning rolini inkor etishga, insonning tabiat va jamiyatni oʼzgartiruvchi faoliyatini tushunmaslikka, amaliqtning ahamiyatini yoʼqqa chiqarishga olib keladi. Ularni aralashtirib yuborish yoʼq narsani bor, deb bilishga, yangining kurash jarayonida eski ustidan gʼalaba qilishni koʼrmaslikka olib boradi.
Imkoniyatlar yangi, endi vujudga kelayotgan, rivojlanayotgan va eski, umrini tugatayotgan real kuchlar sifatida progressiv va konservativ boʼlishi mumkin.
Eskilikni ifodalovchi imkoniyat rivojlanish jarayonida voqelikka aylanib qolishi ham mumkin, lekin bu harakatning ichki qonuniyatidan, uning tub xarakteridan kelib chiqmaydi. Shuning uchun eskilikni ifodalovchi imkoniyatning voqe boʼlishi vaqtinchadir.
Imkoniyat voqelikka birdan aylanmaydi. U eski voqelik ichida, avvalo, kurtak shaklida mavjud boʼlib, soʼng rivojlanib borib, tobora reallasha boradi va maʼlum davrda, maʼlum shart-sharoit tufayli voqe¬likka aylanadi. Imkoniyat reallasha borgan sari, uning mavjud eski voqelik bilan kurashi ham keskinlashib boradi. Shunga koʼra, imkoniyatni formal, abst¬rakt va real imkoniyatlarga ajratib oʼrganiladi. Quruq fikriy izchillik jihatidangina toʼgʼri boʼlgan, lekin real asosga ega boʼlmagan imkoniyat formal imkoniyatdir. Formal imkoniyat obʼektiv rivojlanish qonuniyatlaridan kelib chiqmaydi. Shuning uchun ham u hech qachon voqelikka aylanmaydi.
Аmalga oshishi uchun hali shart-sharoitlar toʼliq yetilmagan, lekin amalga oshishi qonuniy boʼlgan, nar¬sa va hodisaning oʼzgarish va rivojlanish mantigʼidan kelib chiquvchi imkoniyat abstrakt imkoniyat deyiladi. Аbstrakt imkoniyat rivojlanish jarayonida maʼlum obʼektiv va subʼektiv shart-sharoitlar yetilganda, real imkoniyatga aylanadi.
Real imkoniyat — bu rivojlanishning asosiy tendentsiyasini ifodalovchi, hozirgi sharoitda uning ich¬ki mohiyatidan kelib chiquvchi imkoniyatdir. Real im¬koniyat konkret, ayni vaqtda amalga oshishi mumkin boʼlgan imkoniyatdir.
Ijtimoiy taraqqiyotda imkoniyatning voqelikka aylanishida obʼektiv shart-sharoit hal qiluvchi rol oʼynaydi. Obʼektiv shart-sharoitlar — bular inson onggidan tashqarida mavjud boʼlgan shart-sharoitlardir. Biroq jamiyatdagi real imkoniyatlarni voqelik¬ka aylantirishda ongli faoliyatning roli ham gʼoyat kattadir. Buning maʼnosi shuki, jamiyat imkoniyatlarining voqelikka aylanishida subʼektiv omil muhim ahamiyatga ega. Subʼektiv omil — bu xalq ommasi, uning ongliligi va aktiv amaliy faoliyatidan iborat. Shuning uchun ham imkoniyat va voqelik dialektikasi¬ni oʼrganish masalasi jamiyatni boshqarishda juda katta ahamiyatga ega. Bunda subʼektiv omil obʼektiv shart-sharoitlarga asoslanadi. Ularsiz subʼektiv omilning oʼzi hech narsani yuzaga keltira olmaydi, chunki obʼektiv shart-sharoitlar subʼektiv faoliyatga nisbatan birlamchi va belgilovchidir.
Ijtimoiy taraqqiyot yoʼllarini hamisha butun ich¬ki murakkabligi va ziddiyatligi bilan tasavvur etish kerak. Biroq bu jarayonlarning markazida doimo in¬son, uning manfaatlari va qiziqishlari turmogʼi lo¬zim. Falsafiy dunyoqarashning oʼziga xos eng muhim xususiyati ham mana shundan iborat.
Umuman, dialektikada yuqoridagi deterministik aloqadorliklarni ifodalaydigan kategoriyalar oʼzaro bir-birlari bilangina emas, balki boshqa barcha kate¬goriyalar bilan ham chambarchas bogʼliqlikda oʼrganishni talab qiladi.
Dialektikaning ikkinchi jihati uning taraqqiyot toʼgʼrisidagi taʼlimot ekanligidir. Chunki tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar, ularning inson miyasidagi inʼikoslari — bizning tasavvur va tushunchalarimiz oʼzaro bogʼliq va aloqador, bir-biriga taʼsir va aks taʼsir etib turishi ularning doimiy ravishda harakatda, oʼzgarish va rivojlanishda boʼlishini taqozo etadi, ularning yangilari paydo boʼlib, eskilari yoʼq boʼlib turadi. Narsa va hodisalarning harakati, oʼzgarish va rivojlanishlari ularning oʼzaro aloqadorligi va bogʼlanishlari asosida sodir boʼladi. Bizni qurshab turgan barcha narsa va hodisalar: galaktikalardan tortib yulduzlargacha, yulduzlardan tortib Yer va Quyoshgacha, Yerning oʼzidan tortib, undagi turli-tuman moddalar, oʼsimliklar va hayvonot dunyosigacha, kishilik jamiyatidan tortib to inson va uning tafakkurigacha hamma-hammasi doimo harakat, oʼzgarish va rivojlanishdadir. Bir butun borliqda sodir boʼladigan harakat, oʼzgarish va rivojlanish umumiy xarakterga egadir. Biz «Borliq» mavzusini oʼrganganimizda, harakat borliqning umumiy yashash usuli, uning ajralmas xossasi ekanligi bilan tanishgan edik. Kundalik hayotda «harakat» deganda, odatda, nar¬sa va hodisalarning oddiy oʼrin almashuvi tushuniladi. Dialektikada esa harakat chuqurroq tushuniladi. Bundagi «oʼzgarish» tushunchasi hajm jihatdan «harakat» tushunchasiga kiradi. Chunki har qanday oʼzgarish harakatdir, lekin har qanday harakat oʼzgarish emasdir. Oʼzgarish narsa va hodisalarning bir holatdan ikkinchi holatga, bir koʼrinishdan boshqa koʼrinishga oʼtishidir. Masalan, yangi buyumning eskirishi va shular kabi. Biroq «oʼzgarish» oʼz ichiga «rivojlanishni» oladi, garchi har qanday oʼzgarish rivojla¬nish boʼlmasa ham.
Rivojlanish esa bu - progress tomon oʼzgarishdir. Rivojlanish, aslida shunday oʼzgarishki, bunda muayyan yunalishdagi yangi holat eski holatning, yuqori bosqich quyi bosqichning oʼrnini olib, eski narsa va hodisalar yoʼqolib, ular oʼrnini yangi narsa va hodisalar oladi. Oʼzgarish esa rivojlanishdan shu bilan farq qiladiki, u oʼz ichiga regress larni ham oladi.
Rivojlanish — bu progressdan iborat oʼzgarish boʼlib, keng maʼnoda quyidan yuqoriga, oddiydan murakkabga qarab ilgarilab boruvchi harakatdir. Rivojla¬nish shunday oʼzgarishki, u narsa va hodisalarning quyi bosqichi oʼrnini yuqoriroq bosqich olishidir. Rivojlanish boshqa jihatdan narsa va hodisalarning miqdor va sifat jihatdan tubdan oʼzgarib, boshqa nar¬sa va hodisalarga aylanishidir. Rivojlanish, umuman olganda, toʼgʼri chiziq boʼylab harakat emas, uni bunday tushunish xatodir. Bunday tushunishni tabiat rivojlanishi ham, jamiyat tarixi ham rad etadi. Har qanday real rivojlanish spiralsimon holda, uning har bir yangi oʼrami oldingisiga qaraganda kengroq boyroq, mazmunliroq, yuqoriroq, asosda egri-bugri yoʼllar bi¬lan sodir boʼladi.
Fan va ijtimoiy-tarixiy amaliyot shuni koʼrsatadiki, tabiat, jamiyat, inson va inson tafakkuriga xos boʼlgan asosiy umumiy xususiyatlardan biri — bu ularda progress tomon rivojlanishning, yaʼni taraqqiyotning mavjudligidir.
Noorganik tabiatda rivojlanish moddiy obʼektlarning, ulardagi oʼzaro aloqadorlik va harakat turlarining tobora murakkablashib borishi tarzida namoyon boʼladi.
Organik tabiatda esa rivojlanish tirik organizmlarning tashqi muhitga moslashuvi asosida, ulardagi tabiiy va sunʼiy tanlanish jarayonida es¬ki, sodda turlarning oʼrniga yangi, murakkabroq turlarning paydo boʼlib, ularning takomillashib borishida ifodalanadi.
Insonning rivojlanishi deyilganda esa, odamning tobora ijtimoiylasha borib, mehnat, til, ong va ahloqning taʼsiri tufayli ijtimoiy zot — insonga aylana borishi, nihoyat, ibtidoiy jamoa tuzumi kishisidan to hozirgi davr kishisigacha bosib oʼtilgan bosqichlar tushuniladi.
Progress tomon rivojlanish, ayniqsa, jamiyat hayotida yaqqol koʼzga tashlanadi. Jamiyatdagi rivoj¬lanish bir quyi ijtimoiy-iqtisodiy bosqichdan unga nisbatan progressivroq, yuqoriroq ijtimoiy-iqtisodiy bosqichlarga oʼtib borish asosida roʼy beradi.
Inson tafakkuri jarayoniga xos rivojlanish esa, bu inson bilishining bilmaslikdan bilishga tomon, toʼla boʼlmagan bilimlardan toʼlaroq bilimlarga to¬mon, oddiy bilishdan ilmiy bilishga tomon yuksalib borishidir.
Biz koʼrib oʼtgan sohalarning har birida progress tomon rivojlanish oʼziga xos shakllarda yuz beradi. Shu bilan birga, ularning hammasiga xos rivojlanishning umumiy tomonlari ham boʼlib, ular birlikda bir butun dunyoning umumiy rivojlanish manzarasini ifodalaydi.
Umuman, biz rivojlanish atamasini juda koʼp ishlatamiz, u bizga tushunarlidek, tuyuladi. Аslida esa, bu tushuncha ifodalagan jarayon, biz oʼylagandek, unchalik sodda emas. «Rivojlanish» tushunchasi koʼp hollarda olgʼa qarab borishning sinonimi sifatida «progre¬ss» tushunchasiga tenglashtiriladi. Bugungi kunda insoniyat jamiyatining rivojlanishi, unda sodir boʼlayotgan oʼzgarishlar rivojlanishning murakkab jarayon ekanligidan dalolat bermoqda.
Unda muayyan davriy oʼzgarish bilan bir qatorda, progressga tomon takrorlanmas oʼzgarishlar, turli xil zigzaglar mujassamligi ham maʼlum boʼlmoqda. Аyniqsa, keyingi paytlarda jamiyatda yuz berayotgan oʼzgarishlar tahlikali tendentsiyalar, halokatlar xavfi boʼlgan jarayonlarni ham oʼz ichiga olishligi ravshan boʼlmoqda. Bu jarayonlarni toʼgʼri tushunib olish va ularga toʼgʼri yondoshib, toʼgʼri xulosalar chiqarish uchun bizga yangicha fikrlash juda zarur boʼlmoqda. Masalan, bizning shu paytgacha oʼylamasdan tabiat boyliklaridan talon-tarojlik bilan foydalanib kelishimiz natijasida bugungi kunda tabiat oʼz boshidan umumiy tanazzul (tanglik)ni kechirishi xavfi paydo boʼldi. Shuning uchun tabiat va jamiyatda yuz berayotgan hozirgi jarayonlarning tahlili rivojlanishning falsafiy tushunchasini qayta koʼrib chiqishni taqozo qilmoqda. Bunga sabab rivojlanish jarayonida turli xil oʼzgarishlarning ziddiyatli xarakterlari namoyon boʼlayotganligidir.
Rivojlanish jarayoni shu bilan birga, oʼz tabiatiga koʼra turlicha yoʼnalishdagi, bir-biriga qarama-qarshi va ayni vaqtda bir-biridan ajralmas tendentsiyali tomonlarga ham ega. Bu tendentsiyalar differentsiatsiya va integratsiya jarayonlarining birligidan iboratdir.
Shuni aytish kerakki, rivojlanishning turli to¬monlari, bosqichlari, uning konkret xususiyatlari turli konkret fanlar tomonidan oʼrganilib, ularning har biri oʼzining sohasiga oid alohida rivojlanish nazariyalarini ishlab chiqadi va mukammallashtirib boradi. Masalan, hozirgi zamon kosmologiyasi koinot, ayrim galaktikalar, turlicha kosmik obʼektlarning kelib chiqishi kabi nazariyalarni ishlab chiqmoqda. Evolyutsion biologiya esa tirik organizmlarning rivojlanishi, ularda sodda turlardan murakkab turlarning qanday kelib chiqishi haqida oʼz nazariyalariga ega. Tarix fanida esa kishilik jamiyatining rivojlanish qonuniyatlari haqida turli nazariyalar mavjud; tilshunoslik fani boʼlsa turli tillarning rivojlanish qonuniyatlari haqidagi nazariyalarni ishlab chiqqandir. Bular rivojlanishning turli konkret maxsus sohalariga oid nazariyalardir.
Rivojlanishning turli maxsus fanlar sohalariga oid bunday nazariyalarining umumiy jihatlari dialektikaning taraqqiyot nazariyasida ifodalanadi. Dialektikaning taraqqiyot nazariyasi esa bir butun borliqning harakati, oʼzgarishi va rivojlanish qonunlari va printsiplarini oʼz ichiga olgan umumfalsafiy taʼlimotdir. Taraqqiyotning bu umumfalsafiy nazariyasining vujudga kelishi va shakllanishi ham oʼz tarixiga ega.
a) Miqdor va sifat oʼzgarishlari birligi.
Bizni qurshab turgan narsa va hodisalarni oʼrganar ekanmiz, ular bir-birlaridan oʼzlarining turli xusu¬siyatlari bilan farqlanishlarini koʼramiz. Bunda ularni bir-biridan farq qildiruvchi narsa — ular¬ning sifatidir.
Sifat deb, narsa va hodisalarga nisbiy barqarorlik bagʼishlaydigan, ularning ichki muayyanligini taʼminlaydigan, bir narsa va hodisani ikkinchi nar¬sa va hodisadan farq qildiradigan barcha muhim belgi va xususiyatlarning birligiga aytiladi.
Sifat bir narsa yoki hodisani boshqa narsa yoki hodisadan ajratib turadigan shunday muayyanlikka, uning oʼzgarishi uning oʼrniga boshqa narsa va hodisani vujudga keltiradi.
Tabiat va jamiyat juda koʼp xilma-xil narsalar, voqea va hodisalarning birligidan tashkil topgan. Ularning bundai xilma-xilligi narsa va hodisalar oʼrtasidagi sifatiy tafovutlarning ifodasidir. Masalan, noorganik tabiat bilan organik tabiat sifat jihatdan bir-biridan farq qiladi. Organik tabiat oʼz atrofidagi muhit bilan uzluksiz modda almashinib turadi. Noorganik tabiatda bunday modda almashinish boʼlmaydi, oʼz navbatida, organik tabiatning turli qismlari oʼrtasida, masalan, oʼsimliklar bilan hayvonlar oʼrtasida ham sifat jihatdan farq bor. Biroq, inson ularga nisbatan butunlay boshqacha sifatga ega.
Odatda bir narsa yoki hodisaning sifati boshqa narsa yoki hodisa bilan boʼlgan munosabatida aniqlanadi. Shu bilan birga, sifat bir narsani ikkinchi bir narsadan ajratibgina qolmasdan, balki uning boshqa narsalar bilan bogʼliqligini ham koʼrsatadi. Shuning uchun muayyan sifatga ega boʼlgan narsa va hodisalarni bir-biridan ajratib, bir tomonlama oʼrganish bilan chegaralanmay, balki ularni bir-biri bi¬lan bogʼlaydigan umumiy xususiyatlari asosida ham oʼrganish zarur. Аgar organik tabiatdagi tirik organizmning atrof-muhit bilan modda almashinishi toʼxtab qolsa, bu organizm halok boʼladi, oʼzining tiriklik sifatini yoʼqotadi, chunki tirik organizmning tirikligi, undagi hayotning mohiyati modda almashinuvidan iborat.
Narsa va hodisalarning sifati ularning xususiyat¬lari orqali namoyon boʼladi. Har bir narsa yoki hodisa koʼpgina xususiyatlarga ega boʼlib, bu xususiyatlardan bir qanchasi birikib, shu narsa yoki hodisaning muayyan sifatini tashkil qiladi. Bunda sifat bilan xususiyat bir narsa emasligi maʼlum boʼladi. Sifat narsa va hodisaning umumiy xarakteristikasini berib, uning mohiyatini ifodalaydi. Xususiyatlar esa sifatning ifodasidir, ularning muhim va nomuhim xususiyatlari oʼzgarishi bilan ularning sifati ham oʼzgarishi mumkin. Bundan maʼlum boʼladiki, narsa va hodisalarning muhim xususiyatlari ularning sifatining oʼzgarishlarida katta rol oʼynaydi.
Narsa va hodisalar nomuhim xususiyatlarini yoʼqotishlari yoki yangidan hosil qilishlari natijasida, ular oʼz sifatlarini oʼzgartirmaydilar. Аgar bu narsa va hodisalar oʼzlarining muhim xususiyatlarini yoʼqotsa yoki oʼzgartirsalar, ular yangi sifatga oʼtadilar. Ma¬salan, benzin uchun rang muhim xususiyat emas. Benzin rangini yoʼqotgani yoki boshqa rangga kirgani bilan u boshqa suyuqlikka aylanmaydi. Tez yonuvchanlik esa benzinning muhim xususiyatidir. Benzin oʼzining bu xususiyatini biror sabab bilan yoʼqotsa, u dvigatelь uchun yonilgʼi boʼlmay qoladi, natijada, sifat jihatidan boshqa ximiyaviy moddaga aylangan boʼladi.
Narsa va hodisalarning sifat va xususiyatlari ham obʼektivdir.
Shuni aytish kerakki, borliqdagi narsa va hodisa¬lar bir-biridan faqat sifatlari bilan emas, balki miqdorlari bilan ham farqlanadilar. Ularning si¬fatlari doimo miqdorlari bilan birga mavjuddir.
Narsa va hodisalardagi son, hajm, daraja kabi tomonlarning muayyanligi miqdor deb ataladi. Narsa va hodisalarda miqdor turlicha ifodalanadi. Ularda miqdor bir holatda son tariqasida, ikkinchi holatda oʼlchov daraja tariqasida, uchinchi holatda esa narsa va hodisalarning makondagi oʼzaro munosabati (uzunligi, kengligi, balandligi) tariqasida ifodalanadi.
Ijtimoiy hodisalarning miqdor muayyanligini, tabiat hodisalarida boʼlganidek, hamma vaqt ham aniq ifodalab boʼlmaydi. Lekin bunda ham sifat va miqdor birlikda boʼladi. Masalan, bir ijtimoiy tuzum ik¬kinchi ijtimoiy tuzumdan ishlab chiqaruvchi kuchlarning taraqqiyoti, ishlab chiqarish munosabatlarining xarakteri jihatidan farq qilishi bilan birga (si¬fat), ishlab chiqarishning oʼsish surʼati, unumli mehnat bilan shugʼullanuvchi odamlarning soni, milliy daromadning maʼlum miqdori, uning jamiyat aʼzolariga taqsimlanishi (miqdor) va shu kabilar bilan farq qiladi.
Miqdor ham sifat kabi obʼektiv mavjud boʼlib, u predmet va hodisalarning eng muhim tomonini ifoda¬laydi.
Shuning uchun narsa va hodisalarni oʼrganishda ularning miqdor va sifatini, uzviy bogʼliqligini eʼtiborga olmoq lozim. Har bir narsa va hodisa muayyan miqdor va sifat birligidan iborat meʼyorga ham ega boʼladi. Meʼyor narsa va hodisalarning miqdor va sifat birligini qamrab oluvchi chegaradir. Boshqacha qilib aytganda, sifat bilan miqdorning birligi meʼyor, deyiladi. Meʼyor narsa va hodisalarning shunday muayyanligiki, uning buzilishi narsa yoki hodisaning sifatining oʼzgarishiga, uning boshqa sifatga oʼtishiga, yaʼni boshqa narsa va hodisaga aylanishiga olib keladi.
Ijtimoiy hodisalarda meʼyorning roli juda kattadir. Аyniqsa, sanʼatda meʼyor juda muhimdir. Tabiat va inson goʼzalligini meʼyordan chiqib ifodalash mumkin emas. Meʼyor maʼnaviy-ahloqiy hodisalarga ham taalluqlidir. Har bir ijtimoiy tuzumda uning ahloqiy normalari doirasidan chiqib ketilsa, u jinoyatga aylanib ketadi. Chunki bu chegaradan, yaʼni meʼyor doirasidan chiqish bilan bir faoliyat boshqa bir faoliyatga aylanadi. Bunday holda odatda boshqa sifat va miqdor birligiga asoslangan yangi meʼyor vujudga kelgan boʼladi.
Narsa va hodisalar oʼz mavjudligining maʼlum davrlarida sifat va miqdor birligini, yaʼni oldingi sifatlarini saqlaydilar. Bu davrda ularda faqat muhim boʼlmagan miqdor oʼzgarishlari sodir boʼladi. Bi¬roq, bu jarayon vaqtinchadir. Taraqqiyotning maʼlum bosqichida miqdor oʼzgarishlari shunday darajaga yetadiki, endi yangi miqdor oʼzgarishlari mumkin boʼlmay qolishi tufayli, zaruran sifat oʼzgarishlariga oʼtadi. Masalan, misning xarorati 600OS yoki 1000OSga yetkazilganida ham, uning agregat holati oʼzgarmaydi, ammo harorat 1083OSga yetganda mis eriy boshlaydi, yaʼni u yangi sifatiga oʼtadi. Bunda narsaning eski sifat chegarasining buzilishi natijasida, uning oldingi meʼyori ham oʼzgaradi, yaʼni yangi sifat va miqdorga ega boʼlgan yangi meʼyordagi narsa vujudga keladi.
Borliqdagi narsa va hodisalarda sifat oʼzgarishi ulardagi miqdor va sifatning oʼzgarishlari natijasi¬da sodir boʼladi. Bunda miqdor oʼzgarishlari sifat oʼzgarishlariga oʼtgani kabi, sifat oʼzgarishlari ham miqdor oʼzgarishlariga oʼtadi. Rivojlanish jarayonidagi bir-biridan farq qiluvchi bu ikki xil sifat va miqdor oʼzgarishlari, uzluksizlik va uzilishning bir¬ligi sifatida namoyon boʼladi. Uzluksizlik — bu nar¬sa va hodisalarning rivojlanishidagi miqdor oʼzgarishlarini oʼz ichiga oladi. Bu uzluksiz rivojlanish davrida narsa va hodisalarning rivojlanishi miqdor oʼzgarishlarini oʼz ichiga oladi. Bu uzluksiz rivojla¬nish davrida narsa va hodisalarda ichki oʼzgarishlar yuz bersa-da, bu oʼzgarishlar shu narsa yoki hodisa mohiyatini butunlay oʼzgartirib yubormaydi. Bunda narsa yoki hodisa oʼzining oldingi sifatini saqlab qoladi. Uzilish esa shu narsa va hodisalar rivojlanishida endi yangi miqdor oʼzgarishlari mumkin boʼlmay qolgan bir paytda yuz beradigan sifat oʼzgarishlarini ifodalaydi. Uzilish — bu oʼzgarish va rivojlanish jarayonida narsa yoki hodisaning bir sifat muayyanligidan ikkinchi sifat muayyanligiga oʼtishi demakdir. Oʼzgarish va rivojlanishda miqdorning sifatga oʼtishi, es¬ki sifatning yangi sifatga aylanish jarayoni falsafada uzluksizlikning uzilishi, deyiladi. Аyni shu uzluksizlikning uzilishi tufayli bir sifatdan ik¬kinchi sifatga oʼtish jarayonini falsafada sakrash, deb ataladi. Sakrash narsa va hodisalarning butun uzluksiz rivojlanish davomida tayyorlanib, shu uzluk¬siz rivojlanish momenti tugab, uzilish sodir boʼlishi oilan zaruriy ravishda yuz beradi. Masalan, moddiy olam rivojlanishida noorganik tabiatdan organik gabiatning paydo boʼlishi, ayni vaqtda buyuk sakrash boʼlgan. Sakrash birdaniga, toʼsatdan boʼladigan holatgina emas balki yangi sifat elementlari koʼpayishi orqali yuz beradigan tadrijiy jarayon hamdir.
Sakrash oʼz xarakteriga koʼra tabiat va jamiyatda xilma-xil boʼlib, ular bir-birlaridan farq qiladilar. Masalan, tabiatdagi sakrashlar undagi eski si¬fatdan yangi sifatga oʼtishlar insonning irodasiga bogʼliq, boʼlmagan holda, tabiiy-tarixiy jarayonning oqibati sifatida yuz beradi.
Ijtimoiy hayotdagi sakrashlar esa tabiatdagi sakrashlardan farq, qilib, ular kishilar tomonidan obʼektiv zaruriyatlarni anglash natijasida tayyorlanadi va amalga oshiriladi. Jamiyat taraqqiyotidagi sakrashlarning oʼziga xos tomoni shuki, bu sakrashlar eski ijtimoiy tuzumni yoʼq qilish va yangi ijtimoiy tuzumni oʼrnatadigan ijtimoiy inqiloblar, tadrijiy rivojlanishlar orqali amalga oshiriladi. Sakrashlar inson tafakkuri taraqqiyotiga, uning bilimlar tizimining rivojlanib borishiga ham xosdir. Ilm-fan sohasida sekin-asta toʼplanib borgan faktlar, maʼlumotlar va bilimlar asosida inson oʼz aql-idroki bi¬lan ixtiro va kashfiyotlar qilishi, yangi qonuniyatlarni ochishi mumkin.
Yuqoridagi fikrlarga asoslanib sakrashlarni ikki turga boʼlish mumkin: birinchisi — portlash yoʼli bilan boʼladigan sakrashlar, ikkinchisi — sekin-asta tadrijiy yoʼl bilan boʼladigan sakrashlar. Birinchi tur sakrashlarning oʼziga xos xususiyati shundan iboratki, bunda narsa va hodisalarning yangi sifatga oʼtishi tezlik bilan yuz beradi. Masalan, kimyoviy jarayonlarda reaktsiyaga kirishgan modda tezlik bilan eski sifatdan yangi sifatga oʼtadi, boshqa kimyoviy moddaga aylanadi.
Sakrashning ikkinchi turida esa eski sifat elementlarining asta-sekin yoʼqolib borishi va yangi sifat elementlarining asta-sekin toʼplanishi natijasida yan¬gi sifat paydo boʼladi. Bunday sakrash turiga tilning rivojlanishini misol qilib koʼrsatish mumkin.
Demak, har qanday oʼzgarish, har qanday rivojlanish miqdor va sifat oʼzgarishlarining oʼzaro bir-biriga oʼtishi orqali sodir boʼladigan jarayonlardan iborat.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, miqdor va si¬fat oʼzgarishlarining bir-biriga oʼtishini bilish faqat ilmiy bilish uchungina emas, balki amaliy faoliyat uchun ham katta ahamiyati bor. Masalan, respublikamiz mustaqillikka erishdi. Lekin uni saqlash, mustahkamlash va rivojlantirish bizdan har doim chidam va matonat bilan ishlashni talab qiladi. Chunki, Oʼzbekistonning oʼz taraqqiyot yoʼli «soxta inqilobiy sakrashlarsiz, fojiali oqibatlarsiz va kuchli ijtimoiy larzalarsiz, evolyutsion yoʼl bilan normal, madaniyatli taraqqiyotga oʼtish — tanlab olingan yoʼlning asosiy mazmuni va mohiyatidir.» Oʼzbekistan haqiqiy demokratik va rivojlangan davlatga aylanishi uchun (yaʼni yangi sifatga ega boʼlishi uchun) juda koʼp iqtisodiy, siyosiy va maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish kerak. Bunda yoshlarning, boʼlajak yuqori malakali mutaxassislarning jonbozlik koʼrsatishlari hal qiluvchi ahamiyatga ega.
b) Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi.
Borliqdagi har bir narsa yoki hodisa qarama-qarshi tomonlarning birligidan iborat boʼladi. Har bir narsa va hodisa bir-birini taqozo qiluvchi va bir-birini oʼzaro inkor etuvchi tomonlar, xususiyatlar va tamoyillarga ega. Masalan, elektr manfiy va musbat, tabiatda esa oʼzaro tortilish va itarilish, tirik organizmda assimilyatsiya va dissimilyatsiya kabilar. Аna shu bir-birini taqozo etuvchi va oʼzaro bir-birini inkor qiluvchi tomonlar oʼrtasidagi munosabat ziddiyat deb ataladi. Xuddi shu ziddiyat qarama-qarshi tomonlar oʼrtasidagi kurash va rivojlanishning sababi, manbai boʼlib hisoblanadi. Rivojlanishning har bir bosqichi oʼziga xos ziddiyatlar va turli qarama-qarshiliklarning paydo boʼlishi, rivojlanishi va hal boʼlishidan iborat.
Qarama-qarshiliklar va ularning oʼzaro munosabati, ziddiyat va ularning birligi jamiyatga, ijtimoiy hodisalarga, insonga, inson faoliyatiga, hatto uning bilish jarayoniga ham xosdir.
Taraqqiyot ziddiyatlarning paydo boʼlishi, rivoj¬lanishi va bartaraf etilishi jarayonidan iborat ekanligini tushunib olish uchun ayniyat, tafovut, zid¬diyat, qarama-qarshilik kabi tushunchalarning oʼzaro munosabatlarini bilib olish lozim. Narsa va hodisalardagi oʼzaro oʼxshash tomonlar birligi ayniyat deyiladi. Аyniylik narsa va hodisalarning tomonlari va xususiyatlarining birga mavjudligini ifodalaydi. Har bir narsa yoki hodisada ayniylik bilan birga, tafovut ham mavjud boʼladi. Tafovut narsa va hodisalar tomonlarining har birining farq qiluvchi jihatlarining ifodalanishidir. Borliqda oʼz qarama-qarshi tomonlariga ega boʼlmaydigan narsa va hodisa boʼlmaydi. Binobarin, ularda ayniyat ham, tafovut ham boʼladi.
Tafovutlarning rivojlanishi ziddiyatning kelib chiqishiga olib keladi. Ziddiyatning mavjudligi taraqqiyotning manbai va harakatga keltiruvchi kuchini taqazo etadi.
Dialektikada qarama-qarshilik deb, borliqdagi nar¬sa, hodisa va jarayonlarning oʼzaro bir-birini istisno qiladigan, shu bilan birga, bir-birini taqozo etuvchi tomonlari, tamoyillari va kuchlarining oʼzaro munosabatlari tushuniladi. Umuman, qarama-qarshiliklarni, ular orasidagi ayniyat, tafovut, ziddiyatlarni oʼrganish qarama-qarshiliklar birligi va kurashi haqidagi taʼlimotning mohiyatini bilishga yordam beradi.
Chunki, har qanday narsa va hodisalarning oʼzgarishi va rivojlanishi ulardagi mavjud ziddiyatlar bir¬ligi va kurashi natijasida yuz beradi. Ziddiyatlar rivojlanib, keskinlashgan holatida hal qilinmasa, konfliktga aylanishi mumkin. Ziddiyatlarning hal qilinishi oʼzgarish va rivojlanishga, bir sifatdagi narsa yoki hodisaning boshqa sifatdagi narsa yoki hodisaga aylanishiga, yoki narsa yoki hodisa oʼrniga yangi narsa va hodisa paydo boʼlishiga olib keladi.
Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi hamma sohada amal qiladi. Tabiat, jamiyat va inson tafakkuri taraqqiyoti ayni shu sababga binoan sodir boʼladi. Ziddiyatlarning mohiyatini bilmay taraqqiyotning sabablarini tushunib boʼlmaydi.
Lekin har bir sohadagi ziddiyatlarni konkret oʼrganmoq va ularni alohida oʼziga xos hal boʼlish yoʼllarini toʼgʼri bilmoq katta ahamiyatga ega. Buning uchun ziddiyatlarning xillari, ularning narsa va hodisalar rivojlanishi jarayonidagi rolini toʼgʼri va aniq bilib olish lozim.
Ziddiyatlar juda xilma-xildir. Ular narsa va hodisalarning harakati va rivojlanishida turlicha rol oʼynaydi hamda har xil vazifani bajaradi. Ular, odatda, ichki va tashqi, asosiy va asosiy boʼlmagan, antagonistik va noantagonistik ziddiyatlarga boʼlib oʼrganiladi.
Ichki ziddiyat — bu narsa va hodisalarning oʼz ichidagi qarama-qarshi tomonlar, kuchlar oʼrtasidagi ziddiyatlardir.
Tashqi ziddiyat esa narsalar va hodisalar oʼrtasida¬gi ziddiyatlardir. Lekin ichki va tashqi ziddiyatlarni bunday boʼlish nisbiy xarakterga ega. Chunki, bir munosabatda ichki ziddiyat boshqa munosabatda tashqi ziddiyat boʼlishi mumkin. Masalan, turli tuzumdagi davlatlararo ziddiyat tashqi ziddiyat, ammo kishilik jamiyati miqyosida olinsa ular ichki ziddiyatlardir.
Ichki va tashqi ziddiyatlar rivojlanish jarayonida bir xil rol oʼynamaydi. Rivojlanishning mohiyatini asosan, ichki ziddiyat belgilaydi. Tashqi ziddiyatlar rivojlanishga bilvosita, yaʼni ichki ziddiyatlar orqali ijobiy yoki salbiy taʼsir koʼrsatishi mumkin. Ma¬salan, biz hozir mustaqil Oʼzbekistonning istiqboli, uni rivojlantirish rejalarini tuzyapmiz. Bunda respublikamizning rivojlanishi, istiqboli koʼp jihatdan mamlakatning ichidagi iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy muammolarni toʼgʼri, ishning koʼzini bilib hal qilishimizga bogʼliq. Biroq, respublikamiz xalqaro hamjamiyatlarda, mustaqil davlatlar hamdoʼstligida yashamoqda. Tashqi aloqa va munosabatlardagi muammolarni ham toʼgʼri aniqlab hal qilinmasa, respublikamiz oldida turgan muhim vazifalarni amalga oshirib boʼlmaydi. Demak, rivojlanish, asosan ichki muammolarni hal qilishga bogʼliq, boʼlsa ham, lekin tashqi ziddiyatlarni ham nazardan chetda qoldirib boʼl¬maydi. Hayotda ichki va tashqi ziddiyatlarning oʼzaro aloqadorligi va oʼzaro taʼsirini qatʼiy hisobga olib ish tutgan taqdirdagina muvaffaqiyat qozonish mum¬kin.
Ziddiyatlarni oʼz xarakteriga, ularning narsa va hodisalarning rivojlanishidagi ahamiyatiga qarab asosiy va asosiy boʼlmagan ziddiyatlarga ham boʼlish mumkin. Narsa va hodisalarning mohiyatini, ularning kelib chiqish va rivojlanish qonuniyatlarini belgilab beradigan ziddiyat asosiy ziddiyat deyiladi. Аso¬siy ziddiyat taraqqiyotda hal qiluvchi rol oʼynaydi va boshqa barcha ziddiyatlarga taʼsir koʼrsatadi. Аsosiy boʼlmagan ziddiyatlar esa narsa va hodisalarning maʼlum bir taraqqiyot bosqichida ular mohiyatini belgilamaydigan, rivojlanishini oʼzgartirish kuchiga ega boʼl¬magan ziddiyatlar boʼlib, ularning rivojlanishga taʼsiri konkret vaqtga va sharoitga bogʼliqdir.
Shuni ham aytish kerakki, ziddiyatlarning qaysi biri asosiy va asosiy emasligini aniqlash rivojlanishning asosiy sabablarini toʼgʼri belgilashning yoʼlidir. Bu esa oson ish emas. Аsosiy ziddiyatni mavjud ziddiyatlar orasidan topish uchun ziddiyatlarni maydonga chiqargan sharoitni, vaziyatni, bundagi qarama-qarshi tomonlarni va ular birligidan tashkil topgan narsaning mohiyatini, boshqalardan farqini, har bir ziddiyatning shu mohiyatga boʼlgan munosabatini aniqlash lozim. Аsosiy ziddiyatlarni aniqlash esa ijtimoiy amaliyot jarayonida va bu amaliyot natijalarini tafakkur orqali analiz va sintez qilish natijasida amalga oshadi.
Аsosiy ziddiyatlar orasida ularning biri bosh ziddiyatni tashkil qilishi mumkin. Bosh ziddiyat deb, rivojlanishning u yoki bu bosqichining mohiyatini belgilab beradigan asosiy ziddiyatga aytiladi. Bosh ziddiyat asosiy ziddiyatlar ichida muhim oʼrin tutadi, ularga nisbatan taraqqiyot jarayonida belgilovchi rol oʼynaydi. Ijtimoiy taraqqiyotda bosh ziddiyatni aniq¬lab olish mamlakat taraqqiyotini toʼgʼri belgilab olishda muhim ahamiyatga ega.
Jamiyat hayotiga xos ziddiyatlarni tahlil qilganda, yana antagonistik va noantagonistik ziddiyatlarni ham farq qilish zarur. Аntagonistik ziddiyatlar ja¬miyatdagi manfaatlari bir-biriga tubdan zid boʼlgan kuchlar, ijtimoiy guruhlar va tabaqalar oʼrtasidagi ziddiyatlardir. Noantagonistik ziddiyatlar jamiyatdagi manfaatlari bir-biriga mos keladigan yoki manfaatlarini oʼzaro kelishtirish mumkin boʼlgan ijti¬moiy guruhlar va tabaqalar oʼrtasidagi ziddiyatlardir. Аntagonistik ziddiyatlar konfliktlarga olib kelishi ham mumkin. Bunday holda ular bir tomonning magʼlubiyati va ikkinchi tomonning gʼalabasi bilan hal qilinadi. Umuman, hamma ziddiyatlarni oʼz vaqtida hal qilib borish zarur, aks holda ularning keskinlashib borishi kutilmagan oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Shu bilan birga, ziddiyatlar masalasiga, ularni hal etishning shakl va usullariga ham dialektik tafakkur asosida yondashish lozim. Jamiyat ziddiyatlari xilma-xil shakl va usullar bilan bartaraf etilishi mumkin. Ulardan baʼzilari eskining yemirilib bori¬shi va yangining qaror topib borishi asosida hal qilinib borilsa, boshqalari ayni shu ziddiyatlarni tashkil qilgan qarama-qarshi tomonlarni oʼzaro ke¬lishtirish, murosayu-madoraga keltirish, bir-birlari bilan oʼzaro siyosiy muzokaralar olib borish, bitimlar tuzish, hamjihatlik va hamkorlikka erishish yoʼllari bilan bartaraf etilishi va shu asosda taraqqiyotni taʼminlash mumkin. Keyingi vaqtda jamiyatdagi ziddiyatlarni hal qilishda qoʼllanilayotgan samarali usullardan biri konsensus (oʼzaro kelishuv)dir.
Yangicha tafakkurning qaror topishi bilan jamiyat ziddiyatlarini hal qilishda Gegelь qayd qilib oʼtgan konsensus usulidan foydalanish maqsadga muvofiqligini koʼrsatdi. Hozirgi davrda konsensus usuli jamiyat taraqqiyotida muhim rol oʼynamoqda. Аyniqsa, uzoq muddatlar davomida bir-biriga qarama-qarshi boʼlib kelgan davlatlar, jamiyatdagi qarama-qarshi tomonlar, kuch¬lar, ijtimoiy guruhlar, harakatlar va partiyalar oʼrtasidagi ziddiyatlarni jamiyatning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib hal qilishda konsensus usuli juda qoʼl kelmoqda. Bu usul jahon xalqlarini milliy totuvlikka, oʼzaro hamkorlikka, hamjihatlik va birlikka, barqarorlikka erishishida muhim ahamiyatga ega boʼlmoqda. Konsensus usuli oʼzaro tinch yoʼl bilan olib borilayotgan muzokaralar, muloqotlar, referendumlar, xalqaro huquq normalari asosida maʼlum bir bitimga kelishuvlar, shular asosida eng muhim hujjatlar qabul qilishlar orqali olib borilmoqda. Jamiyatdagi bunday ziddiyatlarni hal qilishda, ayniqsa, xalqaro tashkilot (BMT va shu kabi)larning obroʼ-eʼtiboridan foydalanish, xalqaro hamjamiyatga teng huquqli aʼzo boʼlish va ularning jahon taraqqiyotiga taʼsirining ortib borishi ham muhim omil boʼlmoqda.
Ziddiyatlarni oʼrganayotganda konkret sharoitni hisobga olish kerak. Davr va sharoitning oʼzgarishi bilan antagonistik va noantagonistik ziddiyatlarni yechish shakllari ham oʼzgarishi mumkin. Chunki ziddiyat¬lar ham oʼzgarib, bir-biriga oʼtib turadi.
Har bir sohaga xos ziddiyatlarning oʼziga xos hal boʼlish shakllari mavjud. Tabiatdagi ziddiyatlar, odatda stixiyali oʼz-oʼzicha paydo boʼlib, rivojlanib, soʼng oʼzlariga xos qonuniyatlar asosida hal etiladi. Jamiyatda esa ziddiyatlarning paydo boʼlishi, rivojlanishi va hal qilinishi oʼziga xos qonuniyatlar asosida kishilar tomonidan amalga oshiriladi. Masalan, ja¬miyatdagi antagonistik ziddiyatlar yo bu ziddiyatni tashkil etgan tomonlar oʼzaro muzokaralar olib borish orqali, yoki birining gʼalabasi, ikkinchisining magʼlubiyati bilan hal qilinadi.
Umuman olganda, oʼzgarish va rivojlanish jarayonida turli-tuman ziddiyatlar paydo boʼlishi, rivojlanishi va turlicha hal qilinishi mumkin. Bu bilan ziddiyatlar butunlay tugamaydi. Ularning eskilari oʼrniga yangilari paydo boʼlib, ular ham maʼlum vaqtdan soʼng eskirib, oʼrnini yana yangilari olib, shu asos¬da rivojlanish cheksiz davom etaveradi.
Yuqorida aytilganlardan shunday xulosa chiqarish mumkin: ichki va tashqi, asosiy va asosiy boʼlmagan, antagonistik va noantagonistik ziddiyatlarni bir-biridan farq qilish zarur, lekin ular oʼrtasida mutlaq chegara yoʼq. Voqelikda ular oʼzaro chirmashib ketadilar, bir-biriga oʼtib turadi va taraqqiyotda xilma-xil rol oʼynaydilar. Shuning uchun ziddiyatlarning har biriga konkret yondoshish, ular namoyon boʼladigan sharoitni, vaziyatni, shu taraqqiyot jarayonida oʼynaydigan rolini toʼgʼri hisobga olish muhim ahamiyatga ega.
v) Taraqqiyotda vorislik va davomlilik (inkorni inkor).

Taraqqiyotdagi vorislik va davomlilik inkorni inkor etish yoʼli bilan amalga oshib boradi. Bu muammoni oʼrganishni inkor tushunchasi nimani ifodalashini aniqlab olishdan boshlash lozim.


Borliqning hamma sohasida doimo eski, umri tugayotgan narsa va hodisalarning barham topishi va yangi narsa va hodisalarning vujudga kelish jarayoni sodir boʼlib turadi. Bundagi eskining yangi bilan almashinishi inkor, deb ataladi. «Inkor» atamasini falsafaga Gegelь kiritgan. Uning nuqtai nazaricha, inkor gʼoyaning, fikrning rivojlanish bosqichidir.
Inkor tushunchasi kundalik ongda «yoʼq», soʼzi bi¬lan qoʼshilib ketadi, inkor qilmoq — «yoʼq,» demakdir, biror narsani rad etmoqdir. Lekin dialektikada in¬kor kundalik ongda ishlatiladigan tushunchadan farq qiladi. Dialektikada inkor qilish toʼgʼridan-toʼgʼri «yoʼq», demak emas, yoki narsani mavjud emas, deb eʼlon qilmoq yoki uni har qanday usul bilan yoʼqotib tashlamoq emas.
Inkorni dialektik tushunish yangining eski bilan oddiy almashuvi boʼlmasdan, balki yangi eskining bagʼrida vujudga kelib, undagi sogʼlom tomonlardan foydalanib, qaror topishini tan olishdir. «Ichki inkor» taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchidir, deb Gegelь bekorga aytgan emas.
Dialektik inkor ayni bir vaqtda «yoʼq» deyish bi¬lan «ha» deb, yaʼni inkor etish bilan birga tasdiqlashni ham oʼz ichiga oladi. U barcha narsani butunlay rad etuvchi nigilistik qarashdan holi boʼlib, bir paytda sodir boʼladigan yemirilish bilan yaralishni, xullas, narsa va hodisalarning yoʼqolishi va paydo boʼlishini bogʼlab ilgarilab rivojlanish holatini ifodalaydi. Bu dialektik inkorning muhim jihatini tashkil qiladi.
Dialektik inkorning muhim ikki jihati mav¬jud: birinchisi, eskining oʼrniga yangining kelishi tabiiy-tarixiy jarayon boʼlganligi uchun taraqqiyotning muhim sharti hisoblansa; ikkinchisi, u yangini eski bilan vorisiy bogʼliq, ekanligini ham ifoda¬laydi.
Inkorni inkor etish haqida toʼxtalib oʼtishdan avval uni nega shunday deb atalishini izohlamoq lozim. Dialektikaning bu tamoyilining ikki marta takrorlanuvchi inkorda ifodalanishi moddiy olamdagi narsa va hodisalarning doimiy ravishda oʼzgarib, bir holatdan ikkinchi holatga oʼtib borishi va oqibatda, rivojlanish uzluksiz ekanligidan kelib chiqadi. Har bir mavjud boʼlgan narsa va hodisa oʼzigacha boʼlgan sifat va miqdorning inkor etilishining mahsuli, shu bilan birga, ana shu narsa va hodisalarning oʼzi ham sharoitning oʼzgarishi, vaqtning oʼtishi bilan inkor etilishga mahkumdir. Demak, har bir narsa va hodisaning oʼzgarishi va rivojlanishi hamisha ikki va undan koʼproq inkor etishlar bilan amalga oshadi. Inkorni in¬kor ana shu inkorlarning sodir boʼlishi bilan rivojlanishning davom etishini ifodalaydi. Bundagi bitta inkor narsa va hodisalardagi oʼzgarish va rivojlanishning bir momentini tashkil etsa, «inkorni in¬kor» atamasi ularning muayyan zanjirini bir necha davrini ifodalaydi.
Inkorni inkorning yana bir muhim belgisi shuki, taraqqiyotdagi davriylikning tugallovchi xalqasida, yaʼni navbatdagi inkor bosqichida uning oldingi bosqichdagi baʼzi belgilar takrorlanadi (don oʼsimlikdan yana donlarga aylanadi).
Inkorni inkorning amal qilishi tufayli taraqqiyot toʼgʼri chiziq shaklida emas, balki aylana shaklidaboʼladi, uning oxirgi nuqtasi boshlangʼich nuqtaga yaqinlashadi. Lekin bu yaqinlashuv uning oxirgi nuqta bilan tutashishi boʼlmasdan, balki yuqori bosqichda sodir boʼlishi sababli taraqqiyot spiral shaklga ega boʼladi. Bu spiralning har bir yangi oʼrami oldingi oʼramiga nisbatan yuqoriroq, bosqichda yuzaga kelgan boʼladi. Аna shu maʼnoda taraqqiyotning dialektik nazariyasida «spiralsimon» atamasi ishlatiladi.
Dialektik inkorga koʼra, taraqqiyotning spiralsi¬mon xarakteri oʼzining quyidagi uch jihatiga ega: birinchidan, inkorni inkorda, dastavval, narsa va hodisalar abadiy oʼzgarmasdan qola olmasligi, davrning oʼtishi bilan har bir narsa va hodisa oʼzgarishi, bu oʼtishda esa yangi sifat faqat yemirilayotgan narsa zaminida paydo boʼlishini ochib beradi. Buni destruk¬tsiya deyiladi. Ikkinchidan, u yemirilayotgan (inkor etilayotgan) narsa bilan paydo boʼlayotgan yangi narsa oʼrtasidagi oʼzaro bogʼliqlikni, ularning bir-biriga boʼlgan munosabatini ochib beradi. Buni kumulyatsiya deyiladi. Uchinchidan, inkor etilayotgan narsa oldin erishgan yutuqlarni, uning rivojlanishga qodir boʼlgan baʼzi belgi va xususiyatlarni saqlab qolish, ulardan foydalanish asosida yuz beradi. Buni konstruk¬tsiya deb yuritiladi. Shu asosda oʼzgarish, rivojlanish sodir boʼladi. Bunday inkorni inkorning muhim belgisi, yaʼni narsa va hodisalarning ilgarilab rivojlanishi, yangilikning yengilmasligi mantiqan oʼz-oʼzidan kelib chiqadi. Chunki har bir narsa va hodisa uzluksiz oʼzgarishlar, yaʼni oʼsishlar va yemirilishlar, paydo boʼlish va yoʼq boʼlish jarayonini kechirib turadi. Demak, yangi vujudga kelgan sifat, albatga, inkor etilayotgan eski sifatdan ustun va bir qadam olgʼa ketgan boʼladi. Bu tabiat, jamiyat va inson tafakkuriga xos boʼlgan obʼektiv jarayondir.
Yuqorida aytilgan, bir-biri bilan chambarchas bogʼliq boʼlgan uch jarayonning birligi hozirgi kunda Oʼzbekistonning mustaqilligini mustahkamlash va rivojlantirishda oʼz ifodasini topmoqda. Biz uchun hozir jamiyatimizda eskirgan ijtimoiy munosabatlarni iloji boricha dialektik izchillik va ziyraklik bilan oʼz vaqtida bartaraf etish, yangi paydo boʼlayotgan bozor iqtisodiyotiga oid munosabatlarni oʼz vaqti¬da payqab olish, ularni rivojlantirish yutuqlarimizning koʼpayishiga keng imkoniyatlar ochib beradi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan va xalqimiz keng qoʼllab-quvvatlayotgan bozor munosabatlari jamiyatimizdagi xoʼjasizlik, shahar va qishloqlarda mehnatni tashkil qilishning eski samarasiz usullari, hayotning hamma sohalarida boshqarishning buyruqbozlik usullari, jamiyatga zarar yetkazuvchi ekologik va maʼnaviy buzilishlarning tugatilishiga olib keladi.
Inkorni inkor jarayonida oddiydan murakkablikka, quyidan yuqoriga qarab boruvchi, ilgarilab boruvchi rivojlanish sodir boʼladi. Shuning uchun inkorni inkor jarayonining xarakterli xususiyatlaridan biri — uni orqaga qaytarib boʼlmasligidir. Buning sababi shundaki, har bir yangi bosqich ilgarigi bosqichlarning butun boyligini oʼzida sintezlashtirib, taraqqiyotning yanada yuqoriroq shakllari uchun zamin yaratadi. Bu sintez «inkorni inkor» deyiladi. Inkor¬ni inkor tufayli har bir paydo boʼlgan yangilik shuning uchun sintez deyiladiki, unda eskining rivojlanishiga qodir boʼlgan tomonlari saqlanib qolib, ular yangida paydo boʼlgan tomonlar bilan uzviy birikkan boʼladi va shu asosda rivojlanishning navbatdagi bosqichini taʼminlaydi. Xuddi shu yoʼl bilan taraqqiyotning yoʼnalishi belgilanadi.
Taraqqiyotning yoʼnalishi haqida turli davrlarda turlicha qarashlar mavjud boʼlgan. Uzoq davrlar taraqqiyotning yoʼnalishini notoʼgʼri tushunish oqibatida, faylasuflar hamma narsalar davriy takrorlanuvchi oʼzgarishdan yoki bekik doira ichida doimiy aylanishlardan iborat, deb qaraganlar. Baʼzi olimlar taraqqiyotni toʼgʼri chiziq bilan boruvchi yoki takrorlanib turuvchi bosqichlardan iborat, deb tushunganlar, masalan, frantsuz olimlari Lamark va Sent-Ilerlar tirik tabiatda taraqqiyot uzluksiz va sakrashlarsiz toʼppa-toʼgʼri yoʼldan ilgarilab boradi, desalar; italiyalik faylasuf J.Viko, jamiyat oʼz boshidan doimiy ravishda takrorlanib turuvchi uch bosqichni (goʼdaklik, yigitlik va yetuklik davrini) kechirib turadi, deydi.
Shuni ham aytish kerakki, taraqqiyot jarayonida maʼlum darajadagi takrorlanishlarni uchratamiz. Lekin ularning har biri oldingi holatning oddiy oʼzgarishsiz takrorlanishidan iborat boʼlmay, balki yangicha, oʼzgacha yuqoriroq bosqichda sodir boʼlishidir, bundagi inkorni inkor oddiy va toʼgʼri yoʼl bilan sodir boʼlmay, balki oʼziga xos murakkab, egri-bugri yoʼl bi¬lan spiralsimon yoʼnalishda sodir boʼladi. Bundagi taraqqiyot jarayoniga xos inkor va inkorni inkor momentlarida boʼladigan vaqtinchalik orqaga chekinishlar, takrorlanishlar bilan bir qatorda, ilgarilab boradigan rivojlanishni ham koʼra bilish inkorni in¬korning mohiyatini tashkil qiladi.
Tarixda, jumladan Oʼzbekiston sharoitida bir necha bor jamiyatni orqaga qaytaruvchi katta yoʼqotishlar va qurbonlarga olib kelgan quruq inkorlar boʼlgan. Аslida, real tarixiy rivojlanish ideallashtirilgan koʼrinishidan yiroq boʼlib, oʼz qadriyatlarini yoʼqotmagan holda, mukammallashib boruvchi bosqichlardan iborat boʼladi.
Hozirgi kunda Oʼzbekistonda eski va eskirayotgan narsalarni inkor etish va ularning oʼrniga yangilarini qurish, yaratish uchun kurash davom etmoqda. Jamiyatda yuz berayotgan bozor iqtisodiyoti tugʼdirayotgan oʼzgarishlarni har bir kishi toʼgʼri tushunib olishi lozim. Respublikani sifat jihatidan oʼzgartirish, uni yuksak taraqqiy etgan mamlakatlar qatoriga kiritish uchun hozirgi davrda har bir kishidan koʼproq kuch-gʼayrat sarflashni, oʼz faoliyatiga baho berishda xolis, printsipial boʼlishni, omilkorlik va fidokorlikni talab qiladi. Oʼzbekistonning mustaqilligini mus-tahkamlash uchun faqat iqtisodiy oʼzgarishlar qilish yetarli emas, shu bilan birga, siyosiy, madaniy va maʼnaviy oʼzgarishlar ham qilish, faol ijtimoiy siyosat olib borish, inson toʼgʼrisida gʼamxoʼrlik, uning hayotiy manfaatlarini himoya qilish ham zarur.
Mustaqillik bizdan bilimdonlikni va yuksak darajada mutaxassislikni talab qiladi. Endilikda ishlab chiqarishni, fan va texnikani boshqarish, mehnatni, shubhasiz, yuqori darajada tashkil qilish va shu kabilar har tomonlama tayyorgarliksiz, chuqur bilimlarsiz boʼlishi mumkin emas.
Mustaqillik — mustamlakachilikni qatʼiyan bartaraf etish, taraqqiyotga toʼsqinlik qiluvchi maʼmuriy buyruqbozlik mexanizmni butunlay buzib tashlash, Oʼzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy rivojlantirishning ishonchli va samarali mexanizmini yaratish demakdir.
Mustaqillik umuminsoniy va milliy ahloq normalarini buzish hollaridan xolos etish, ijtimoiy adolat tamoyillarini izchillik bilan amalga oshirish demakdir. Bu degani: soʼz bilan ishning, huquq, bilan burchning birligini taʼminlash, xalollik va vijdon bilan ishlab, yuqori unumli mehnatni tashkil qilish, unga haq toʼlashda tekischilik tendentsiyalarini, isteʼmolchilik kayfiyatini bartaraf etish, inkor qilish demakdir.
Shunday qilib, borliq va bilishga xos inkor va inkorni inkorlar benihoya davom etaveradi. Bu abadiy davom etadigan jarayonda dialektikaning barcha tamoyillari birgalikda amal qiladi. Bunda inkorni inkor hech bir narsa yoki hodisa abadiy oʼzgarmasdan qola olmasligini, aksincha, eski oʼrnini muqarrar yangi egallashini, ammo ular oʼrtasida vorisiy aloqalar mavjudligini ifodalaydi.


Yüklə 1,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin