Nima uchun inson qonunni bilishi kerak? Bunda
oddiy misollarga murojaat qilamiz: yoz
oylarida barcha odamlar issiq kiyimlar (etik, palto, qo’lqop va h. k.) sotib olishadi, o’tin yoki ko’mir g’amlab
qo’yishadi va h. k. Nima uchun? Chunki ular tabiatning bitta qonunini, ya’ni fasllarning o’zgarishi, yozdan keyin
kuz, undan keyin qish kelishini juda yaxshi bilishadi.
Yoki yana bir, jo’nroq bo’lsa-da, misol: sizga birov uyning 5-qavatidan tashlasang, falon pul beraman desa, rozi
bo’lmaysiz. Nima uchun? Chunki siz I. Nyuton kashf qilgan «Butun olam tortishish qonuni»ni yaxshi bilasiz. Balki
bilmassiz ham, havoning o’z jismingizdan zichligi kamligiga e’tibor qilmassiz ham, deylik. Ammo siz bu holda omon
qolishingiz qiyinligini, mayib bo’lishingizni yaqqol tasavvur qilasiz.
Inson qonunlarni bilishi, ularga amal qilishi doirasida erkindir. Erkinlik nima? Erkinlik anglab olingan zaruriyatdir.
Har qanday qonunga xos belgilardan biri zaruriylik, ya’ni ob’ektiv tarzda amalga oshish, o’z-o’zidan namoyon
bo’lishdir. Erkinlik esa ana shu zaruriylikni anglab olish va unga amal qilishdan iborat faoliyatni anglatadi.
Yuristlarda shunday ibora bor: «Qonunni bilmaslik javobgarlikdan xolos qilmaydi». Ana shu tufayli siz yuridik
qonunlarni qancha yaxshi bilsangiz, o’zingizning faoliyatingizni shunga moslab olib borasiz. Demak, shuncha erkin
bo’lasiz. Bu holda siz nima qonuniy, nima esa qonuniy emasligini yaxshi bilasiz, qonunga xilof qadamlar qo’ymaysiz.
Yuqoridagi fikrlarni xulosa qilib, qonunga qo’yidagicha ta’rif berish mumkin:
Qonun olamdagi narsa va
hodisalarning muhim, zaruriy, umumiy va takrorlanib turuvchi bog’lanishlari, o’zaro aloqalari va munosabatlarining
namoyon bo’lishidir.
Endi qonunning belgilariga to’xtalamiz:
- qonun turli-tuman aloqadorliklar, bog’lanishlardan faqat muhimlarini, ya’ni shunday bog’lanishlarni ifodalaydiki,
bular olamning mavjudligi, o’zgarishlari va undagi narsa hamda hodisalarning mohiyatidan kelib chiqqan bo’ladi;
- qonun zaruriy bog’lanishlarni ifodalaydi, ya’ni tasodifiy bog’lanishlar, goh paydo bo’lib, goh yo’qolib ketadigan
bog’lanishlarga asoslanmaydi.
- qonun narsa va hodisalarning umumiy bog’lanishlarini ifodalaydi.
Qonun nisbatan barqaror, takrorlanib turuvchi bog’lanishlarni (munosabatlarni) ifodalaydi, ya’ni bir safar yuz berib,
ikkinchi safar yuz bermaydigan bog’lanishlarni qonun qamrab olmaydi. Masalan, 2001 yili qishdan keyin bahor kelib,
2002 yilda qishdan keyin birdaniga yoz kelishini tasavvur qilib bo’lmaydi. Chunki, bu tabiat qonuni — fasllar
o’zgarishi qonuni doirasiga kirmaydi.