Oyoq venalarining varikoz kasalligi


Orttirilgan yurak nuqsonlari



Yüklə 346,74 Kb.
səhifə13/32
tarix20.11.2023
ölçüsü346,74 Kb.
#164749
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   32
Varikoz kasalligi, PTFS. Yurakning tug‘ma va ortirilgan nuqsonlari. YUIKlarni xirurgik davolash

Orttirilgan yurak nuqsonlari
Ichki kasalliklar orasida orttirilgan yurak nuqsonlari dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Yurak nuqsonlari aholi orasida 0,5-1% va yurak-qon tomirning organik kasalliklari orasida 20-25% uchraydi. Barcha yurak nuqsonlari orasida orttirilgan yurak nuqsonlari 98-99% ni tashkil etadi. Bu kasallik turli yoshdagi insonlarda uchrab, ularning ish qobiliyatining pasayishiga va nogironlikka olib keladi. Buning natijasida katta sotsial muammolar yuzaga keladi. Kasallik klinik ko‘rinishlari yetarli miqdorda ko‘p o‘rganilganiga qaramay kasallik diagnostikasida xatoliklar yetarlicha uchraydi. Yurak nuqsonlari o‘z vaqtida to‘g‘ri diagnostika qilinishi, ularni xururgik yo‘l bilan radikal usulda davolashni ta’minlaydi.
Orttirilgan yurak nuqsonlarining etiologiyasida quyidagi 10 ta kasallik va omillar muhim ahamiyatga ega:
1. Revmatizm hozirgi vaqtda ham yurak klapanlari nuqsonlari rivojlanishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Mitral, aortal va uch tavaqali klapanlar stenozi singari nuqsonlar 100 % bemorlarda revmatizm natijasida rivojlanadi, vaholanki bu bemorlar 30-50 % ining anamnezida yaqqol revmatik xurujlar kuzatilmagan. 50 % dan ko‘proq bemorlarda yurak klapanlari yetishmovchiligining ham sababi revmatizm hisoblanadi. Ammo keyingi yillarda ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarda revmatizm bilan kasallanish darajasi pasayib bormoqda. Shu bilan birga yurak klapanlari nuqsonini rivojlantiruvchi boshqa analitik omillar ahamiyati ortib bormoqda.
2. Yuqumli endokardit ko‘p hollarda klapanlarni asosan aortal klapanlarning yemirlishiga va ularning yetishmovchiligiga olib keladi. Shunday qilib yuqumli endokardit bilan og‘rigan 26,8 % bemorlarda klapanlar yemirilishi natijasida faqatgina aortal klapanlarning yakka yetishmovchiligi kuzatilgan. 30 – 40 % bemorlarda yuqumli endokardit rivojlanishini keltirib chiqaruvchi omil – klapanlarning revmatik zararlanishi hisoblanadi. Ko‘pincha yuqumli endokardit klapanlarning turli tug‘ma anomaliyalari (2 tabaqali, aortal klapan, mitral klapanning tug‘ma prolapsi) bilan og‘rigan bemorlarda kuzatiladi (4.1-rasm). Ko‘pchilik g‘arb mamlakatlarida, asosan narkomanlarda rivojlanuvchi (nosteril sharoitda vena ichiga narkotiklarni yuborish natijasida) uch tabaqali klapan yuqumli endokarditi katta muammo bo‘lib qolmoqda.
3. Yurak klapanlarining biriktiruvchi to‘qimali elementlaridagi turli degenerativ va distrofik o‘zgarishlar nuqsonlar rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Marfan, Elers – Danlos sindromlari, tizimli qizil bo‘richa (SKV), sklerodermiya singari kasalliklar mitral va aortal klapanlar yetishmovchiligini rivojlanishiga olib keladi.
4. Yurakning ishemik kasalligi so‘rg‘ich mushaklar ishemiyasi yoki infarkti natijasida mitral klapan yetishmovchiligining rivojlanishi bilan uning distrofiyasini vujudga keltiradi. So‘rg‘ichsimon mushaklar disfunksiyasi bilan og‘rigan ko‘pchilik bemorlar, oldin infarkt bilan og‘rigan yoki qaytalangan subendokardial ishemiyada so‘rg‘ich mushaklarining fibroziga va mitral klapan funksiyasining buzilishiga olib kelishi mumkin.
5. 0,5-1 % hollarda o‘tkir miokard infarktidan keyin qorinchalararo to‘siq yoriladi va defekt hosil bo‘ladi. Bu kasallik bilan deyarli 10 % bemorlar bir yil umr ko‘rishadi.
6. Ateroskleroz orttirilgan nuqsonlar etiologiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. U qari kishilarda aortal klapanlarning kalsinozlangan stenozi rivojlanishiga olib keladi.
7. Oldingi vaqtda 70 % hollarda aortal klapanlar nuqsoniga olib keluvchi sifilis, hozirgi vaqtda aortal yetishmovchiliklarning 1/20 hollarigagina sabab bo‘layapti.
8. Nuqsonlar ko‘krak qafasining to‘mtoq shikastlanishi oqibatida ham kelib chiqadi.
9. Yurakning sovuq yoki o‘t ochuvchi qurollardan jarohatlanishi natijasida ham rivojlanishi mumkin. Adabiyotlarda klapanlarning travmatik yetishmovchiligi, yurak to‘siqlarining defekti qayd qilingan. Ammo travmatik nuqsonlar juda kam uchraydi.
10. Klapanlarning anatomik o‘zgarishlar natijasida rivojlangan organik yetishmovchiligidan tashqari gipertoniya, miokardit, gemodinamik o‘zgarishlar, boshqa klapanlar nuqsoni natijasida vujudga kelib, fibroz halqaning kengayishiga asoslangan nisbiy yoki funksional yetishmovchiligi ham uchrab turadi. Nisbiy mitral yoki aortal yetishmovchilik odatda kuchli ifodalanmaydi va aksariyat hollarda qaytuvchi bo‘lib xirurgik aspekti bo‘yicha ahamiyatga molik emas. Uch tavaqali klapanlarning nisbiy yetishmovchiligida esa xirurgik korreksiya zarur.
Surunkali yurak yetishmovchiligi yoki surunkali qon tomir yetishmovchiligi yurak-qon tomir sistemasidagi deyarli hamma kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu sindrom asosida yurakning bitta yoki ikkita qorinchasining qisqarish funksiyasining buzilishi yotadi.
Klapanlar nuqsoni bilan og‘rigan bemorlarda yurakning qisqarish funksiyasining buzilishini quyidagi sabablar bilan tushuntirish mumkin: yurak mushaklarining bosim (klapanlar stenozi, kichik qon aylanish doirasidagi gipertenziya) yoki hajm (klapanlar yetishmovchiligi, yurakning ichki shuntlari) ta’siri ostida zo‘riqishi, shuningdek yurakning murakkab nuqsonlarida kombinirlangan zo‘riqishi, boshqa tomondan kardioskleroz, ya’ni miokard yetishmovchiligi natijasida yurak mushaklarining zararlanishi sabab bo‘ladi.
Klapanlar nuqsonini xirurgik davolash kasallikning asosiy sababini (yurakni qisqarish funksiyasining buzilishiga olib keluvchi), ya’ni bosim va hajm bilan zo‘riqishini yo‘qotishga qaratilgan. Operatsiya yurak yetishmovchiligining miokardial yetishmovchiligi bo‘lmagan yoki kam ifodalangan hamma turlarida yaxshi samara beradi. Klapanlar nuqsoni bilan og‘rigan bemorlarni kasallikning dastlabki rivojlanish bosqichi, ya’ni surunkali yurak yetishmovchiligi alomatlari paydo bo‘lishigacha bo‘lgan davrda xirurgik davolashga yo‘llash lozimligi amalda tasdiqlangan.
Surunkali yurak yetishmovchiligining bir nechta klassifikatsiyasi bor. Butun dunyo kardiojarrohlarining davolash prinsiplarni bir xil qilish maqsadida Nyu-York kardiojarrohlar assotsiatsiyasining (NYHA) yurak surunkali yetishmovchiligi tasnifi qabul qilingan. Bu tasnif bo‘yicha surunkali yurak yetishmovchiligi 4 funksional sinfga bo‘linadi:
1-sinf. Odatdagi jismoniy mehnat hansirash, yurak tez urishi, holsizlik, nafas yetishmovchiligi, og‘riq singari noqulayliklarni chaqirmaydi, ya’ni bemorlar o‘zlarini sog‘lom kishiday his qiladilar. Lekin fizikal va instrumental tekshiruvlarda nuqson aniqlanadi.
2-sinf. Yurak kasalligi jismoniy harakatni biroz chegaralab qo‘yadi. Tinch holatda bemorning shikoyatlari yo‘q. Odatdagi jismoniy harakat hansirash, yurakning tez urishi, holsizlik va anginoz og‘riqlarga olib keladi.
3-sinf. Jismoniy harakatning chegaralanganligi kuchli ifodalangan. Xatto ozgina jismoniy harakat ham tez charchash, og‘riqlar, hansirash va yurakning tez urishiga olib keladi. Tinch holatda bemorlar o‘zini yaxshi his qiladi.
4-sinf. Jismoniy mehnat umuman chegaralangan. Qon aylanishning buzilishi subyektiv alomatlari tinch holatda ham yaqqol ko‘rinadi. Har qanday jismoniy harakatda yurak-qon tomir yetishmovchiligi alomatlari kuchayadi.
Bu tasnif bo‘yicha “funksional sinf” tushunchasi dinamikdir va adekvat davolanganda bemorning ahvoli yaxshilanadi, ya’ni funksional sinf o‘zgaradi (masalan, 4-sinfdan 1- yoki 2-funksional sinfga). Bu xirurgik davolashning kechki natijalarini baholashga qulaydir.
Bizning mamlakatda bir vaqtning o‘zida surunkali qon aylanishi yetishmovchiligining G.F.Lang, V.X. Vasilenko va N.X.Strajesko tomonidan taklif qilinib, Terapevtlarning 12-butunittifoq syezdida qabul qilingan tasnifidan foydalaniladi.

Yüklə 346,74 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   32




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin