Insonda aks ettirish darajalari Barcha psixologik mexanizmlar ma’lum bir tahlillarni talab qiladi ular muayyan bir muammolarning yechimlariga qaratilgan bo‘lishi kerak. Bu muammolar o‘zining holatlariga ko‘ra ijtimoiy tarixiy tabiatga egadir. Kognitiv psixologiya boshqa insonlar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur. Barcha kognitiv jarayonlar bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan kompleks tarzdagi ma’lumotlarni o‘zida jamlaydi. An’anaviy kognitiv jarayonlar tarixiy muammolarni tahlil qilish holatini yaratishi mumkin.
Psixika ta’rifidan kelib chiqqan holda, ikki asosiy funksiyani bajaradi: aks ettiruvchi va regulyativ (moslashuvchanlik). P.A.Ponomarev psixikaning quyidagi funksiyalarini ko‘rsatib o‘tadi: atrof-olam ta’sirlarining aks etishlari; insonlar xulq-atvorlari va faoliyatlarini tartibga solish; insonlarning atrof-olamdagi o‘zlari tutgan o‘rinlarini anglashlari.
Voqelikni psixik aks ettirish o‘ziga xos xususiyatlarga ega: psixika ob’yektiv voqelikni haqqoniy aks ettiradi; haqqoniy aks ettirish amaliyotda tekshiriladi; u rivojlantiriladi va takomillashtiriladi; faol harakatda namoyon bo‘ladi; psixika shaxsiyat orqali o‘z ma’nosini o‘zgartiradi; u ilgarilab ketish xususiyatiga ega.
Psixik voqelikni shartli ravishda: ekzopsixika, endopsixika va intropsixikaga ajratish mumkin. Ekzopsixika – inson psixikasining bu bo‘lagi organizmga nisbatan tashqi bo‘lgan voqelikni aks ettiradi. Endopsixika – inson organizmining holatini aks ettiruvchi psixik voqelikning bir bo‘lagi. Intropsixika – fikr, iroda kuchi, xayolot, tushlarni o‘z ichiga olgan psixik voqelikning bir qismi.
Psixika rivojining ikki darajasi mavjud: tuban va yuqori. Psixikaning tuban darajasi anglanmagan ong ostini, yuqorisi esa – ongni tashkil etadi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, psixika ongdan ko‘ra anchagina kengroqdir. Ong – muzlikning ko‘rinayotgan qismi bo‘lib, uning katta qismini esa insonning anglangan nazoratidan yashiringan ong osti tashkil etadi.
Inson psixikasi tarkibiga: psixik jarayonlar: bilish, hissiy, irodaviy va anglanmagan jarayonlar; psixik holatlar: motivatsion sohada – ehtiyojlar, qiziqishlar, istaklar, intilishlar; emotsional sohada – sezgilarning hissiy toni, emotsional aks ta’sir, kayfiyat, stress, affekt; irodaviy sohada – tashabbuskorlik, qaror qabul qilish, maqsadga yo‘nalganlik, qat’iyatlilik; ongning umumiy tarkibini ifodalovchi – diqqatning turli darajalari, frustratsiya, apatiya va boshqalar; psixik xossalar: yo‘nalganlik, temperament, fe’l-atvor, qobiliyatlar kiradi.
Shu tarzda, inson psixikasi aks ettirish va tartibga solish faoliyatining yaxlit psixik hodisasi demakdir.
Psixikani tushunishga oid turli yondashuvlar mavjud:
1. Antropsixizm ta’limoti (R.Dekart) – psixika faqat insonga xos.
2. Panpsixizm ta’limoti (fransuz materialistlari) – tabiatning umumiy ruhlanganligi; psixika butun tabiatga, butun olamga xos (shu jumladan toshga ham).
3. Biopsixizm ta’limoti – psixika – bu tirik tabiatning xossasi (o‘simliklarga ham xos).
4. Neyropsixizm ta’limoti (Ch. Darvin) – psixika asab tizimi mavjud bo‘lgan organizmlargagina xos.
5. Miyapsixizmi ta’limoti (K.K.Platonov) – psixika faqat bosh miyali, naysimon asab tizimiga ega organizmlarda mavjud (bunga ko‘ra, hasharotlarda psixika mavjud emas, chunki ular bosh miyasiz tugunli asab tizimiga ega).
6. Tirik organizmlarda psixika kurtaklarining namoyon bo‘lish mezoni bo‘lib qo‘zg‘aluvchanlik hisoblanadi (A.N.Leont’yev) – hayotiy ahamiyatsiz bo‘lgan muhit omillariga (tovush, hid va b.)javoban qo‘zg‘alish, ular ob’yektiv barqaror aloqasiga ko‘ra muhim hayotiy qo‘zg‘atuvchilar (ozuqa, xavf) uchun ogohlantiruvchi bo‘lib xizmat qiladi.