Paralingvistik ta’sir – bu nutqning atrofidagi nutqni bezovchi, uni kuchaytiruvchi yoki susaytiruvchi omillari bo‘lib, bunga nutqning baland yoki past tovushda ifodalanayotganligi, artikulyasiya, tovushlar, to‘xtashlar, duduqlanish, yo‘tal, til bilan amalga oshiriladigan harakatlar, nidolar kiradi.
Noverbal ta’sir «nutqsiz» ko‘rinishga ega bo‘lib, bunga suhbatdoshlarning fazoda bir-birlariga nisbatan tutgan o‘rinlari, holatlari (yaqin, uzoq, intim), qiliqlari, mimika, pantomimika, qarashlar, bir-birini bevosita his qilishlar, tashqi qiyofa, undan chiqayotgan turli signallar (shovqin, hidlar) kiradi. Ularning barchasi muloqot jarayonini yanada kuchaytirib, suhbatdoshlarning bir-birlarini yaxshiroq bilib olishlariga yordam beradi.
Agar muloqot jarayonini yaxlit bir faoliyat sifatida undagi asosiy maqsad - muomalaga kirishgan shaxslarning umumiy muammolarini echish bo‘ladigan bo‘lsa, muloqotning tashabbuskori bo‘lgan shaxsning ta’siri qanchalik adresatga - ta’sir yo‘naltirilgan kimsaga etib borishi katta amaliy ahamiyatga ega. SHuning uchun ham olimlar muloqotning samaradorligi ko‘proq qaysi vositalarga bog‘liqligiga qiziqadilar. Amerikalik olim Mexrabyanning ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi uchrashuvda biz boshqalardan kelayotgan noverbal signallarga 55%ga ishonamiz, ulardan ta’sirlanamiz; 38% - paralingvistik va 7%gina nutqning bevosita mazmuniga ishonamiz. SHuning uchun ham obrazli tarzda “Kiyimga qarab kutib olinadi, aqlga qarab kuzatiladi” deyiladi. Keyingi uchrashuvlarda bu mutonosiblik, tabiiy, o‘zgaradi.
Albatta, paralingvistik hamda noverbal vositalarning muloqatdagi o‘rni va ulushi masalasi suhbatdoshlarning yosh, jins, kasb, hattoki, milliy xususiyatlariga bog‘liq. Masalan, boshqa bir amerikalik olim Argayl turli millatlar vakillari muomalasida qiliqlar va qo‘l harakatlarining kuchi va takrorlanishini o‘rgangan. Ma’lum bo‘lishicha, 1 soat mobaynida finlar bir marta qiliq qilarkan, italiyaliklar - 80 marotaba, fransuzlar - 20 va meksikaliklar 180 marta. Demak, har bir xalq vakilining asriy udumlari, rasm-rusmlari, odatlari va emotsionalligiga qarab qiliq va harakatlar ma’lum o‘rin egallar va bu narsa o‘z navbatida muloqotni kuchaytiradi, uni boyitadi.
Muloqot jarayonida suhbatdoshlarning fazoviy joylashishlari hamda vaqt mezonlari amaliy ahamiyatga ega. Masalan, yuzma-yuz turib gaplashish, telefon orqali yoki qichqirib gapirishdan farq qiladi. YOki muloqotning vaqt mezonlari ayniqsa diplomatik uchrashuvga o‘z vaqtida kelish va unda odob-axloqqa qat’iy rioya qilish yoki aksincha, sherikni hurmat qilmaslik, uchrashuvga kechikib kelish, uzoqdan turib gaplashish, iyaklarni tepaga qaratib, kibor bilan gapni boshlash, muzokaralarning har bir sekundi o‘ziga xos ma’no va mazmun kasb etadi va mos tarzda sharxlanadi.
YUqorida ta’kidlangan holatlar psixologiyadagi maxsus bo‘lim - proksemika tomonidan o‘rganiladi. Bu yo‘nalishning asoschisi amerikalik E.Xoll bo‘lib, uning o‘zi proksemikani “fazoviy psixologiya” deb atagan. Masalan, u amerikaliklarga xos bo‘lgan suhbatdoshning sherigiga nisbatan fazoviy joylashuvi xususiyatlarini aniqlab, muloqotning turli sharoiti va shakliga qarab, fazoviy yaqinlashuvning o‘rtacha qiymatini aniqlagan:
intim (yaqin) masofa - 0 - 45 sm;
personal (shaxsiy) masofa - 45-120 sm;
ijtimoiy masofa - 120-400 sm;
ommaviy masofa - 400-750 sm.
Har bir masofa o‘ziga xos muloqot vaziyatlariga mos. Vaqt va fazo bilan bog‘liq aloqalarning o‘ziga xos majmui xronotoplar deb ataladi. Amaliyotda “kasalxona palatasi xronotopi”, “vagon yo‘lovchilari xronotopi” va boshqalar aniqlangan.
Muloqotda suhbatdoshlarning ko‘z qarashlari - vizual kontaktlari ham katta ahamiyatga ega. Vizual kontakt - bu qarashlar soni, ularning uzoqligi, qarashlardagi statika va dinamik almashinuvlar, ko‘z olib qochishlar va boshqalardir. Argayl shulardan kelib chiqib, “yaqinlik (intimlik) formulasi”ni ishlab chiqqan va bunda intimlilik darajasi suhbatdoshlarning o‘rtasidagi masofaga va ko‘z qarashlarga bog‘liqligini isbotlagan. CHunki ko‘z qarashlar suhbatdoshning muloqotga tayyorligi, uni davom ettirish kerak yoki kerak emasligi haqida ma’lumot berib, suhbatning yo‘nalishini belgilaydi.
YAna bir muhim ta’sirchan belgilar majmuini o‘ziga mujassam etgan soha - bu yuzimizdir. Ilmiy adabiyotda yuz qiyofasining 2000 dan ziyod qirralari aniqlangan. Ularni ma’lum tartibda tizimga solish uchun P.Ekman“FAST” - Facial Affect Scoring Technique deb nomlangan metodikani ham taklif etgan. Professor Pol Ekman vizual kontaktning yuz sohasiga yo‘nalishiga ko‘ra yuz uch zonaga bo‘linadi:
I – Nigoh ko‘z va peshona sohasiga qaratilishi- “bo‘yruq” zonasi.
II - Nigoh ko‘z va burun va burun oldi sohasiga qaratilishi- “ijtimoiy, do‘stlik” zonasi.
III - Nigoh ko‘z, og‘iz, iyak va undan pastki sohalariga qaratilishi- “intim, yaqinlik” zonasi.