6. O‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyati va ularning jamiyatni
demokratlashtirishdagi o‘rni.
Fuqarolik jamiyati institutlari tizimida o‘zini o‘zi boshqarish organlarining
o‘rni beqiyosdir. Zero, boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, mahalla instituti
yurtimizda ming yillar davomida sinalgan va chuqur ildiz otgan, aholini
birlashtirib turadigan ijtimoiy hodisa sifatida rivojlanib kelmoqda. Аyniqsa, uning
hozirgi bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida xalqimizning urf-odatlari, anʼanalari
va qadriyatlarini saqlab qolish, ularni jipslashtirish kafolati sifatida maydonga
chiqayotganini yaqqol ko‘rib turibmiz.
84
Mahallaning tuzilmasi va funksiyasi vaziyatga qarab asrlar davomida
o‘zgarib turgan, ammo u o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini saqlab qolgan, o‘z
hududida istiqomat qiluvchi kishilar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni
muvofiqlashtirib turgan.
Mahalla o‘zini o‘zi boshqarish organlarining eng yorqin ko‘rinishi, ayni
paytda fuqarolik jamiyatining asosi va tayanchi deb tan olingani bilan ham
o‘zining yuksak mavqeyiga ega. U yuksak madaniyat va kishilar o‘rtasidagi
munosabatlar maʼnaviyatiga asoslanadi.
Mustaqillik yillarida mahalla hayoti bilan bog‘liq ko‘plab qadriyatlar, udum
va anʼanalarimiz qayta tiklanib, zamon talablari asosida boyib bormoqda. Shu
bilan birga, mahallaning huquq va vakolatlari kengaytirilmoqda, ular bugun o‘zini
o‘zi boshqarish idorasi, haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida keng ko‘lamli
faoliyat olib bormoqda.
Bu borada Janubiy Koreyaning Koreyashunoslik akademiyasining professori
Xan Do Xyon taʼkidlaganidek, “O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mahallaning
noyob tarixiy roli qayta tiklandi va boyidi. O‘zbekistonning barcha hududida, katta
shaharlar bilan bir qatorda, uzoq tumanlarda ham mahallalarning faoliyat
ko‘rsatayotgani O‘zbekistonda davlat boshqaruvi xalq va davlatning yaqin
hamkorligi asosida qurilganidan dalolat beradi. Mahalla instituti umuminsoniylik
o‘lchovida katta qadriyat kasb etadi. Shu bois uni YuNESKOning Umumjahon
nomoddiy meros obʼyektlari ro‘yxatiga kiritish zarur, deb hisoblayman”, deya fikr
bildiradi.
O‘zbek jamiyatida jamoa bo‘lib yashashning eng oliy shakli mahalladir.
O‘zini o‘zi boshqarishning mazkur shakli asrlar osha yashab kelmoqda. Mahalla
mamlakatimizda ko‘p asrlardan buyon mavjud bo‘lsa-da, O‘zbekiston davlat
mustaqilligidan keyingina munosib ijtimoiy-huquqiy maqomga ega bo‘ldi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan
davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi Konstitutsiyamizga
kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi qatʼiy belgilab qo‘yildi.
Uning 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat
ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga
ega ekanliklari, bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar
o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek, davlat
organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va
takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishiga oid norma o‘z ifodasini topdi.
Shuningdek, “Mahalla” so‘zi asli arabcha “joy”, “o‘rin”, maʼnosini
anglatadi. Respublika Konstitutsiyasining 105-moddasida shaharcha, qishloq va
ovullardagi mahallalarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishning huquqiy o‘rni
belgilab qo‘yilgan. Аsosiy Qomusimizning 105-moddasi bilan fuqarolar o‘zini o‘zi
boshqarish organlarining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Unga ko‘ra,
shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda
shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari
bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini
saylashi belgilandi.
85
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – xalq hokimiyatini amalga
oshirishning shakllaridan biri sifatida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish
organlarining huquqiy maqomini belgilab berdi. O‘zbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasi nafaqat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining
huquqiy hujjatlarida, balki butun normativ-huquqiy hujjatlar ichida shoh hujjat
hisoblanib, jamiyatning butun ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalari uning
asosida tartibga solinadi.
Аsosiy Qonunimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga
alohida to‘xtalib o‘tilganligi, bu demokratik institutga nisbatan yuksak umid va
ehtirom bildirilganligidir. Uning barqarorligi va ustunligi jamiyat siyosiy-huquqiy
tizimida katta o‘rin egallab, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan
chambarchas holda rivojlanadi. Chunki mamlakatimizda Konstitutsiyaning
ustunligi fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatining yuksakligi bilan
taʼminlanadi. Huquqiy ong va madaniyat esa jamiyatning eng dastlabki jabhasi
bo‘lgan mahallalarda, qolaversa, o‘zini o‘zi boshqarish organlarida fuqarolarning
rivojlantirishi bilan taraqqiy etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida sof nazariy nuqtayi
nazardan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining umumiy maqomi belgilab berildi.
Konstitutsiya fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tashkil etilish
asoslari, ularning boshlang‘ich faoliyati hamda jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini
birinchilardan bo‘lib o‘zida aks ettirdi. Konstitutsiya fuqarolar o‘zini o‘zi
boshqarishining huquqiy asoslari ichida eng asosiy o‘rinni egallaydi va quyidagi
omillari bilan ajralib turadi:
– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – fuqarolarning o‘zini o‘zi
boshqarishini xalq hokimiyati amalga oshuvining bir shakli sifatida tan oladi va
kafolatlaydi;
– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – xalqaro huquqning umum
eʼtirof etgan normalariga asoslangan holda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlarining rivojlanishiga normal sharoit yaratib beradi;
– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – fuqarolarning mahalliy
ahamiyatga molik masalalarini amalga oshirishda bevosita va bilvosita
qatnashishini kafolatlaydi.
Taʼkidlash kerakki,1992-yil 12-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining
birinchi Prezidenti I.А.Karimovning Farmoni bilan “Mahalla” Respublika hayriya
jamg‘armasi tashkil etilgani, 1993-yil 2-sentabrda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi
boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishining o‘ziyoq mahalla
institutining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligining yorqin dalilidir.
O‘z navbatida, Qonunda umumiy qoidalar, fuqarolar yig‘inini chaqirish tartibi, rais
(oqsoqol) va uning maslahatchilarini saylash tartibi, o‘zini o‘zi boshqarish
organlari faoliyatining iqtisodiy va moliyaviy negizi, o‘zini o‘zi boshqarish
organlarining vakolatlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining strukturasi va
ularning faoliyatini tashkil etish, raisning vakolatlari kabi masalalar o‘zining
huquqiy yechimini topgan edi. Ushbu Qonun bilan milliy davlatchilik tarixi,
huquqiy anʼanalarimiz va qadriyatlarimizga mos keladigan, xalqimizning xohish
86
irodasini aks ettiradigan, davlat va jamoat ishlarida aholining faol ishtirokini
taʼminlaydigan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish tizimining maxsus huquqiy kafolati
yaratildi hamda mazkur sohani tubdan qayta qurishning huquqiy mezonlari
belgilab berildi.
1995-yil 21-dekabrda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik
kodeksiga ham mahalla haqida alohida modda kiritilgan bo‘lib (78-modda), unda
qayd etilganidek, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yuridik shaxs
sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarning qatnashchilaridir”.
Jamiyat taraqqiyoti takomillashgan sari hamda bozor munosabatlariga o‘tish
davrida, ayniqsa, fuqarolik jamiyatining vujudga kelishi bilan ushbu Qonunni
maʼlum normalar bilan to‘ldirish ehtiyoji sezildi. Shu boisdan 1999-yil 14-aprelda
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari
to‘g‘risida” yangi tahrirdagi Qonuni qabul qilindi. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish
organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan hujjatlar jumlasiga O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 1998-yil 23-apreldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi
boshqarish organlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-apreldagi “Mahalla posboni”
jamoat tuzilmalari va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzuridagi
yarashtirish komissiyalari to‘g‘risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori
mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining
rivojlanishida muhim rol o‘ynadi.
Konstitutsiyaning 100-moddasida mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga
berilgan vakolatli huquqlar: qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning
xavfsizligini taʼminlash; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish; mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish;
fuqarolik holati aktlarini qayd etishni taʼminlash; normativ hujjatlarni qabul qilish
va qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish; mahalliy
byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash,
byudjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilishdir.
Viloyatlar hokimlari va Toshkent shahar hokimi Prezident tomonidan
tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Tuman va shaharlarning hokimlari
tegishli viloyat hokimlari tomonidan tayinlanadi.
Shaharlardagi tumanlarning hokimlari tegishli shahar hokimlari tomonidan
tayinlanadi va ishdan ozod qilinadi. Viloyat, tuman va shahar hokimlarining
qarorlari Xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik idorasi
bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga rahbarlik qiladi. Xalq deputatlari
mahalliy Kengashlariga: shaharlardagi tuman, shahar va viloyat Kengashlari
kiradi.
Mustaqillik yillarida hokimlik institutining tashkil qilinishi hududiy
boshqaruv tizimining muvofiqlashishi va mexanizmining aniq faoliyat
ko‘rsatishida muhim qadam bo‘ldi. 1993-yil 2-sentabrdagi “O‘zbekiston
Respublikasida mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi
Qonun bu borada tegishli huquqiy hujjat vazifasini o‘tadi.
87
Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari
va tegishli hokimlarning faoliyati O‘zbekiston Konstitutsiyasi, “Mahalliy davlat
hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonun va Qoraqalpog‘iston Qonunlari bilan tartibga
solinadigan bo‘ldi.
1994-yil 4-yanvarda Oliy Kengashning 9-sessiyasida “O‘zbekiston
Respublikasida mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi
Qonun qabul qilindi. Toshkent shahri va 12 viloyatda 1992-yil davomida Prezident
tavsiyasi asosida birinchi marta hokimlar tayinlandilar.
1995-yil sentabrda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi
Аkademiyasi tashkil qilindi. Ushbu akademiyada o‘tgan faoliyat yillari davomida
2000 ga yaqin rahbar va tegishli mutaxassis kadrlar o‘z malakalarini oshirdilar.
Respublika Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yil 30-maydagi qarorida
istiqbolli boshqaruv kadrlar faoliyatini takomillashtirishda mazkur akademiyaning
o‘rni va roli alohida belgilab qo‘yildi.
Jamiyatni demokratlashtirish, huquqiy fuqarolik jamiyatini barpo etish –
O‘zbekiston istiqbolda tanlagan bosh strategik yo‘l bo‘lib hisoblanadi.
O‘zbekiston uchun anʼanaviy sharq falsafasi va islom dini taʼlimotlarini aks
ettiruvchi hamjihatlik, totuvlik, bag‘rikenglik g‘oyalari hamda jamoatchilik
fikrining ustuvorligiga tayanuvchi sharqona demokratik qadriyatlar asos qilib
olindi. Shubhasiz o‘z-o‘zini boshqaruv tizimida anʼanaviy mahalla institutining
o‘rni va roli katta ahamiyat kasb etadi. Tarixiy jihatdan mahalla kishilarni
hamjihatlikka, totuvlik, o‘zaro hayrixohlikka chaqiradigan organ bo‘lib kelgan.
O‘zini o‘zi boshqarish organlarini tashkil qilishda 1993-yil sentabrda Oliy
Kengash 12-sessiyasida qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlari to‘g‘risida”gi Qonun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Prezidentning 1992-
yil 12-sentabrda “Mahalla” xayriya jamg‘armasini tashkil etish va 1992-yil 8-
oktabrda xayriya jamg‘armasiga mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi Farmonlari
mahallalarga homiylikni tashkil etishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Yirik shaharlarda ko‘p qavatli uylar joylashgan kvartallarga 1992-yil
boshlaridan mahalla maqomi berilib, tarixiy nomlar qo‘yildi, fuqarolar yig‘ini
o‘tkazilib, mahalla oqsoqoli va masʼul kotiblar saylandi. Sovet davrida tuzilgan
qishloq va posyolka (shaharcha)larda vakillik boshqaruv organlari qishloq yoki
posyolka sovetlari deb atalgan, ular mustaqil hokimiyat organi bo‘lmay, xalq
deputatlari tuman yoki shahar kengashlari, ularning ijroiya qo‘mitalariga bo‘ysunar
edi. Mustaqil bo‘lgach mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimi tubdan isloh qilindi,
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimini davlat hokimiyati tizimidan
ajratish tomon yo‘l tutildi.
1994-yil 12-mingdan ortiq o‘zini o‘zi boshqarish organlari shakllantirildi,
2001-yil ularning soni 7847 tani tashkil etdi. 1999-yil 14-aprelda qabul qilingan
“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi
Qonunda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari va huquqi kengaytirildi.
Mustaqillik yillari mobaynida jamiyatdagi boshqaruv tizimlarini isloh qilish,
davlat vazifalarini jamoat tashkilotlariga bosqichma-bosqich o‘tkazish, yaʼni
kuchli davlatdan kuchli jamiyatga o‘tish borasidagi ishlar izchil davom
88
ettirilmoqda. Ushbu jarayonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va
ularning asosiy negizini tashkil etuvchi mahalla instituti fuqarolik jamiyati
institutlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Konstitutsiyaning ushbu qoidasi mahallaning huquqiy asoslarini yanada
rivojlantirish uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qildi. Shunday qilib, 1993-yil 2-
sentabr kuni “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun
qabul qilindi. Ushbu qonun ilk marta qonunchilik darajasida mahalla faoliyatini
tartibga soldi, yaʼni uning huquqiy maqomini belgilab berdi.
Fuqarolarning moddiy mustaqilligi va siyosiy-huquqiy ongi oshishiga sabab
bo‘layotgan demokratik islohotlar chuqurlashib, bozor munosabatlari rivojlanib
borgani sari mahalla institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurati
tug‘ildi. Natijada 1999-yil 14-aprel kuni “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda fuqarolarning
o‘zini o‘zi boshqarish huquqi bevosita mustahkamlab qo‘yildi, mahalla
faoliyatining asosiy tamoyillari, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga davlat
kafolati belgilab berildi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlari
kengaytirildi.
2004-yil 29-aprelda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning
maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi mahalla faoliyatini
demokratlashtirish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi. Ushbu qonunda, birinchidan,
fuqarolar yig‘ini organlariga saylovning demokratik tamoyillari belgilab berildi va
mahalla organlariga saylov tizimi barpo etildi; ikkinchidan, saylov jarayonining
barcha bosqichlari batafsil tartibga solindi; uchinchidan, qonun darajasida
mustahkam huquqiy kafolat yaratildi.
Mahalla o‘z faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha ham davlat ko‘magini ola
boshladi. Shunday qilib, rais, masʼul kotib, “Mahalla posboni”, jamoatchilik
tuzilmasi rahbari va fuqarolar yig‘inlarining diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy
tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisidan iborat to‘rt nafar masʼul shaxs ishi,
shuningdek, mahallaning qo‘shimcha xarajatlari davlat hokimiyatining mahalliy
organlari byudjetidan moliyalashtirilmoqda.
Hozirgi paytda O‘zbekistonda 10 000ga yaqin o‘zini o‘zi boshqarish organi
faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 8275 ta mahalla, 1301 ta qishloq, 154 ta shaharcha
va 155 ta ovul fuqarolar yig‘inidir. Mahalla fuqarolar yig‘inlari va faollari
qonunchilik belgilab bergan vakolatlardan kelib chiqib, fuqarolar yig‘inlari
faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tuzilgan komissiyalar yordamida aholini
ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb qilish, maʼnaviy-axloqiy tarbiyani kuchaytirish,
oilalarda qulay muhitni saqlab qolish, ehtiyojmand oilalar va nogironlarga moddiy
yordam ko‘rsatish, aholining tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini
oshirish, hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqda,
boshqa bir qancha tadbirlarni tashkil etmoqda.
2013-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi
boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlaridagi asosiy
yo‘nalishlar bo‘yicha komissiyalar ro‘yxati quyidagilardir:
•
yarashtirish komissiyasi;
89
•
maʼrifat va maʼnaviyat masalalari bo‘yicha komissiya;
•
ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya;
•
xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiya;
•
voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiya;
•
tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari
bo‘yicha komissiya;
•
ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish va
ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiya;
•
jamoatchilik nazorati va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish
bo‘yicha komissiya o‘z faoliyatini olib boradi.
2017-yil fuqarolar yig‘inlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallalar
soni 10 mingdan ortiqni tashkil etdi. Shu yildan boshlab mahalla o‘z-o‘zini
boshqaruv organlarining faoliyatida zamonaviy asnodagi o‘zgarishlar ro‘y berib,
uni tom maʼnoda xalq organiga aylantirish chora-tadbirlari belgilandi.
Mahalla oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri fuqarolarning ijtimoiy
faolligini oshirish, oilalarni mustahkamlash, odamlarni loqaydlik, boqimandachilik
kabi illatlardan forig‘ etish, aholini tom maʼnodagi fuqarolik jamiyatini barpo
etishga safarbar qilishdir.
O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan
yarashtirish masalasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Taʼkidlash joizki,
fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan Yarashtirish komissiyalarining
vazifasi faqat nizoli oilalardan kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqishdagina emas,
balki nizoni keltirib chiqaruvchi sabablarni atroflicha o‘rganib, oilalarda sog‘lom
turmush tarzini keng targ‘ib qilishdan ham iborat hisoblanadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining muqaddimasida xalqlar
o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashish zaruriyatiga
eʼtibor qaratish lozim, deb belgilangan. G‘arb mamlakatlarining ayrim
siyosatchilari ham O‘zbekistondagi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari
tizimining o‘ziga xosligini yuqori baholashgan. Jumladan, nemis siyosatchisi Аrtur
Faynberg: “Mahalla – inson huquqlarini hurmat qilgani holda yoshlarni
tarbiyalashga, uning kamol topishiga ko‘mak beruvchi jamiyat instrumenti”, deb
baho bergan. Shu bilan birga individualizm singib ketgan G‘arb mutaxassislari
uchun bu tizimning tub mohiyatini tushunish mushkulligini ham obʼyektiv
tavsiflab berishgan.
O‘zbekistonda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan keng qamrovli
islohotlar va milliy taraqqiyot talablaridan kelib chiqib mahalla faoliyatiga oid
qonun hujjatlari muntazam ravishda takomillashtirib borilyapti. Xususan, 2013-yil
22-aprelda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi
qonunning yangi tahriri tasdiqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-
fevraldagi “Jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla
institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash
tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5338-son
farmoni qabul qilindi.
90
Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-
quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mahalla va oila institutlarida bir qancha
o‘zgarishlar bo‘ldi. Xotin-qizlar qo‘mitalar, Respublika Mahalla kengashi,
“Nuroniy” jamg‘armasining hududiy bo‘limlari tugatildi. “Oila” ilmiy-amaliy
tadqiqot markazi, “Mahalla” o‘quv-uslubiy va ilmiy tadqiqot markazi negizida
“Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi. Mahallalarga yuklatilgan 46
turdagi va Profilaktika inspektorlariga yuklatilgan 13 turdagi vazifa va funksiyalar
qisqartirildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy
bo‘linmalari tashkil etildi. Jamoatchilik tuzilmalari maqbullashtirildi, ayrimlari
tugatildi. Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi, ijtimoiy qo‘llab-
quvvatlash va jamoatchilik nazorati bo‘yicha komissiya tashkil etildi. 2020-yil 1-
apreldan boshlab FHDYo organlari Аdliya vazirlgi huzuridagi Davlat xizmatlari
agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. 22-mart “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb eʼlon
qilindi. Endilikda mahalla raisining saylanish muddati 5 yil qilib belgilandi.
Mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini
profilaktika katta inspektori bajarib u ham 5 yilga muddatga tayinlanadi. Mahalla
va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi vazir uning birinchi o‘rinbosari, Xotin-qizlar
qo‘mitasi raisi, 3 ta o‘rinbosar “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” kengashi raisi
o‘rinbosari va huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimi taʼsis
etildi.
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taklifi bilan keng
aholining qo‘llab-quvvatlashiga asoslanib, 2021-yil kuzidan boshlab mamlakatdagi
mahalliy boshqaruv tizimida yangi institut “hokim yordamchisi” lavozimi joriy
etildi.
Аlbatta, bundan markazlashtirilgan boshqaruvdan asta-sekin voz kechib,
mahallalarda ishlash va shu yerdagi muammolarni tezkorlik bilan hal etish
imkoniyatini yaratish maqsadi ko‘zlanadi.
O‘zbekiston Respublika Prezdentining 2021-yil 3-dekabr kuni qabul
qilingan “Mahallada tadbirkorllikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va
kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi
farmonida belgilab berilganidek:
– hokim yordamchisi lavozimiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni
qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi,
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari,
iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy
bo‘linmalarida bo‘lim (sho‘ba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi
rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari
tayinlanadi;
– hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar tegishlicha Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari
boshchiligidagi tanlov komissiyalari orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul
qilinadi;
– nomzodlarning intiluvchanligi, maqsadga yo‘nalganligi, qobiliyati,
tajribasi kabilarni inobatga olgan holda tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol
91
yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy maʼlumotga
ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkinligi qayd qilingan.
Demak, bu tuzilma tajriba tariqasida qo‘llanilmoqda. Uning natijasidan esa
tizim yanada takomillashib boradi.
Dostları ilə paylaş: |