3. O‘zbekistonda ekologik holatning og‘irlashishi. Orol fojeasi.
Ushbu mavzu bugungi kunda dolzarb bo‘lib, ijtimoiy soha vakillari
tadqiqotlari diqqat markazidan o‘rin olgan. Jumladan, N.Jo‘rayev va H.Usmonov
tadqiqotlarida mavzuning tarixiy jihatlari tahlil etilgan. O‘zbekistonning
mustaqillikka erishuv yo‘lidagi harakatlari А.Аzizxo‘jayev ilmiy izlanishlarida o‘z
aksini topgan. Mustaqil O‘zbekistondagi demokratik jarayonlar, sud-huquq
tizimidagi islohatlar hamda iqtisodiy hayot talqini taniqli olimlar – А.Saidov va
M.Sharifxo‘jayevlar ilmiy ishlaridan o‘rin olgan. Umuman, ushbu mavzuni
atroflicha o‘rganish o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining ko‘pgina tarmoqlari haqiqatda paxta
ishlab chiqarish va uni qayta ishlash bilan bevosita bog‘liq bo‘ldi. Respublikada
mamlakat va bir qator xorijiy davlatlardagi paxta yetishtiradigan mintaqalar
ehtiyojini qondiradigan darajada qudratli paxtachilik mashinasozligi barpo etildi.
O‘zbekiston jahondagi eng yirik paxta yetishtiruvchi hududga aylandi. Lekin
bularning barchasi butun mamlakat manfaatlari, ittifoqning iqtisodiy va siyosiy
qudrati rivoji uchungina edi. Paxta ekin maydonlarining to‘xtovsiz kengayib
borishi, har qanday yo‘l bilan hosildorlikni oshirishga ruju qo‘yish, boshqaruvning
maʼmuriy-buyruqbozlik tarzida ko‘r-ko‘rona tashkil etilishi hamda iqtisodiyotning
ekstensiv tarzdagi inqiroziy holatlarining chuqur ko‘lami respublikaning chekka
xomashyo zahira o‘lkasi sifatidagi o‘rnini aniq belgilab bergandi.
Ekin ekiladigan yerlar, asosan, bo‘z yerlar va oddiy tuproqdan, baʼzi
joylarda esa tuz aralashgan yerlardan iborat edi. Shu bois O‘zbekistonda yer
ko‘proq o‘g‘itlanar edi. Qadimdan mahalliy aholi yerlarni daryolardagi suvlar bilan
sug‘organida, loyqa suv bilan uning tarkibida o‘simliklar uchun foydali turli
moddalar ham oqib kelgan. Bular yerning quvvatiga quvvat qo‘shgan, tuproq
qatlami ham loyqa hisobiga o‘sib borgan. Kanallar qurilishi bilan ular orqali
sug‘orilgan yerlarga suv omborlarida obdon tingan muzdek suvlar kelishi ham
yerning tarkibini o‘zgartirib yuborgandi.
Vaqt o‘tishi bilan maydonlar oriqlab, yerning hosildorligi imkoniyatlari
kamayib, yer eroziyasi kuchaydi. Oxir-oqibatda ko‘proq mineral o‘g‘it solinmasa
yerdan hosil olish mumkin bo‘lmaydigan darajaga kelib, tuproqdagi yo‘qolgan
moddalarning o‘rnini mineral o‘g‘itlar bilan qoplash zaruriyati kuchaydi. 1984-
yilga kelib respublikada 600 ming ga yer tezda meliorativ ishlar olib borilishini
talab qiladigan holatga tushib qoldi. O‘zbekistonda har gektar yerga ishlatilayotgan
mineral o‘g‘itlarning miqdori o‘rta hisobda 600 kgni tashkil etdi, bu esa jahonda
34
qabul qilingan normadan 20-30 marta yuqori darajada bo‘ldi. Holbuki, bu
o‘g‘itlarning deyarli 60 foizi o‘zlashtirilmay, tuproq sahnida qolib ketdi va yer
tarkibini buzib yubordi.
Аsosan, serhosil bo‘lgan Farg‘ona va Zarafshon vodiylarida sho‘r yuvish
zarurati kelib chiqdi. Sho‘rxok yerlar respublikaning Buxoro, Qashqadaryo,
Sirdaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonning katta qismini tashkil etdi. 1985-
yilga kelib respublikada sho‘rlangan yerlar sug‘oriladigan maydonlarning jami 25
foizini tashkil etdi. O‘sha yilning o‘zidagina haddan tashqari sho‘rlanib ketgani
bois besh ming gektardan ko‘proq yer qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarib
tashlandi.
Mazkur holat o‘simliklarning tabiiy yo‘l bilan o‘zini himoya qilish
immunitetini kamaytirib, dalalarda turli hashoratlar ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Shu
bilan birgalikda qishloq xo‘jaligini, xususan, paxtazorlarni zaharli kimyoviy
moddalar bilan dorilashda aviatsiyadan keng foydalanish usulini qo‘llash
kuchaydi. Birgina 1980-yilning o‘zida paxtazorlarni dorilash uchun 6,03 ming
tonna zaharli moddalar ishlatildi. Paxta ekiladigan maydonlar turli kimyoviy
moddalar bilan shunchalik zaharlandiki, bu holat, eng avvalo, aholi sog‘ligiga
salbiy taʼsir ko‘rsatdi. Har gektar yerga solinadigan pestitsidlar miqdori ham xavfli
darajadan oshib, tuproq tarkibidagi gumus miqdori kamayib ketdi. G‘o‘zaga ishlov
berish uchun solingan bu moddalarning 45-50 foizi foydali taʼsirga ega bo‘lgan
holda, qolgan 50-55 foizi tuproqdan yuvilib havoga uchib, insonlarga, atrof-
muhitga salbiy taʼsir etdi. Xo‘jaliklar esa rejalashtirilgan hosilni ham olmadi.
Tuproq tarkibi esa zararli tuzlar, ayniqsa, og‘ir metall birikmalar – ftor, xrom,
marganes, kobalt, nikel, mis, rux, kadmiy, simob, qo‘rg‘oshin, surma va boshqalar
bilan ifloslanib ketdi. Tuproqning bu yo‘l bilan zaharlanishining manbalari
metallurgiya sanoati chiqindilar, baʼzi bir texnogen mahsulotlar, chiqindi gazlar
qishloq xo‘jaligida ishlatilayotgan pestetsid, gerbetsid va boshqalar bo‘ldi.
Yuqoridagi holatlar natijasida hosildorlik kamayib bordi. Masalan, 1980-
yilning o‘zida paxtaning har bir gektar yeridan olinadigan hosil 1975-yilgi darajaga
tushib qoldi, yillik rejaga nisbatan shu yili 350-400 ming tonna kam xomashyo
olindi. Аgar respublikada har gektar sug‘oriladigan yerdan olingan daromad 1980-
yilda 1.337 rublni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich, 1982-yilga kelib 1.241
rublga tushib qoldi. Faqat Qashqadaryo viloyatining o‘zida 1984-yilda yangi
yerlarga 685 million rubl mablag‘ sarflangan bo‘lsa, har bir gektar yerdan 15
sentner hosil olinib, davlat belgilagan paxta tayyorlash rejasi faqat 55 foizga
bajarildi. Olingan hosil esa 1980-yildagiga nisbatan 37 ming tonnaga kam bo‘ldi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, paxta yakkahokimligining kuchayishi oziq-
ovqat mahsulotlari, yem-xashak yetishtiriladigan yerlarga, chorvachilikka ham
taʼsir etdi. 1980-1985-yillarga oid bo‘lgan maʼlumotlarda ko‘rsatilishicha, shu davr
ichida O‘zbekistonda 64,3 ming bosh yirik qoramollar (respublikadagi
qoramollarning 20 foizi), 872,1 ming bosh qo‘y-echki (barcha mayda mollarning
3,7 foizi), 215,1 ming bosh cho‘chqa (mavjud cho‘chqalarning 11,5 foizi)
zaharlanish, kasallanish natijasida nobud bo‘lgan. Bulardan kelgan zarar esa besh
yil ichida 85,6 million rublni tashkil etdi. Аyni paytda shu yillarda bunday
35
yo‘qotishlarning sababi veterinariya ishlarining yomon yo‘lga qo‘yilganligi deb
ko‘rsatildi.
Natijada aholi turmush tarzining pasayib, genofond buzila boshladi, bolalar
o‘limi va turli kasalliklar tarqalishi avj oldi, ekologik vaziyat og’irlashib (tabiiy
jabhalar – suv, havo, tuproqning zaharlanishi), ishsizlik, qambag‘allashish va
boshqa ijtimoiy salbiy illatlarning yuzaga kelishi aynan bir tomonlama – paxta
yakka hokimligiga asoslangan iqtisodiy siyosatning O‘zbekistondagi fojeali
yakunlari edi.
Respublika agrosanoat kompleksini kengaytirish partiyaning oziq-ovqat
dasturi bilan bog‘liq holda amalga oshirilsa-da, bunday katta tarmoqni boshqarish
va hamma usullarni ishga solish qiyin edi. Ish, asosan, ekstensiv usulda olib
borilar, rejani bajarishga intilib, bu kompleks xo‘jaliklarda har gektar yerga
qilinayotgan xarajatlarni 22 foizga oshirib, 1980-1985-yillar davomida agrosanoat
kompleksiga qarashli bo‘g‘inlarda mehnat unumdorligini 11 foizga, hosildorlikni 6
foizga kamaytirib yuborgandi. Har 100 rubl sarflangan kapital mablag‘lardan
tushgan mablag‘ 1980-yilda 75 rubl bo‘lgan bo‘lsa, 1985-yilga kelib bu
ko‘rsatkich 54 rublga tushdi. 1980-1985-yillar davomida agrosanoat kompleksiga
qarashli 245,9 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtirilib, bu kompleksga qarashli
korxonalarda sabzovot yetishtirish 2,8 foiz, uzum – 2,8 foiz, tuxum – 7 foizni
tashkil etdi, ish haqi faqat 1,8 foizga ko‘paydi.
Umuman, shu yillarda agrosanoat kompleksiga qarashli korxonalar berilgan
rejalarni bajarmaslikdan ko‘rgan zararining 624 million rubli Qashqadaryo
viloyatiga, 153 million rubli Buxoro viloyatiga, 81 million rubli Jizzax viloyatiga
to‘g‘ri keldi. Bu kompleksda sabzavot, kartoshka, mevalarni tashish va saqlash
hamda uni qayta ishlash ham qiyin masalalardan biri bo‘lgan. Respublikada
sabzavot va mevalar saqlanadigan omborxonalar bilan xo‘jaliklarning atigi 50 foizi
taʼminlangan edi. Omborlarda sanitariya-gigiyena ishlari orqada qolgan, mevalarni
yaxshi saqlashning to‘liq imkoni ham yo‘q edi. Bunday ahvolda yetishtirilgan
mahsulotning sifati buzilib, isteʼmolchiga tezda yetib borish imkonini bermas edi.
Holbuki butun SSSRda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalari qishloq xo‘jalik
mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha sobiq ittifoqdosh respublikalar orasida eng
yuqori o‘rinda turardi.
O‘zbekiston XX asrning 60-yillaridayoq ittifoqdosh respublikalar orasida
mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallagan, 1980-
yillarga kelib mamlakatdagi butun kimyo korxonalarining beshdan bir qismi
O‘zbekistonda joylashtirildi. Bu korxonalar ham mamlakat ehtiyoji uchun zarur
bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarib, respublika atrof-muhitiga tuzatib bo‘lmas
darajada zarar keltirdi. Buning ustiga bunday korxonalar, asosan, aholi zich
yashaydigan, namlik juda tez so‘rilib ketadigan yerlarda qurildi. Masalan,
Qo‘qondagi yangi kimyo zavodi ham ana shunday yerda qurilgan bo‘lib, bu
korxonada texnik tartibga rioya etilmasligi va uskunalarning ahvoli yomonligi
oqibatida rejada belgilangandan 3 marta ko‘p zaharli moddalar havoga chiqarildi.
O‘z navbatida, bu zaharlar oziq-ovqat mahsulotlari va ochiq suv havzalari orqali
aholi organizmiga o‘tib, sog‘ligiga salbiy taʼsir qildi. 1985-yilda Qo‘qon atrofida
36
tekshirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining 3,8 foizida, ichimlik suvining 4,9 foizida,
atmosfera havosining 18,8 foizida inson salomatligiga zarar keltiradigan darajada
ko‘p zaharli kimyoviy moddalar borligi aniqlangan edi.
Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish maqsadida kimyoviy moddalardan
foydalanish, ayniqsa, 1986-yil KPSS MKning ko‘rsatmalari asosida qishloq
xo‘jaligini kimyolash keng ko‘lamda boshlandi. Shu yillar davomida kimyoviy
modda yetkazib berish ikki baravar oshdi va pestetsidlar, gerbetsidlar va
oltingugurtli dorilarni sarflash sug‘oriladigan har gektar yer hisobiga 11,6 kg ga
yetdi. Paxta maydonlariga sepilayotgan zaharli kimyoviy moddalar va
defoliantlarning miqdori mamlakatdagi o‘rtacha miqdordan 10-15 marta ko‘p
bo‘ldi va 80 dan ortiq turi qo‘llanildi. Gerbetsid va pestetsidlar bilan zaharlangan
dalalarda ishlashga “internatsional burchni bajarish uchun” ayollar ham chiqdilar.
Tug‘ilgan bolalarning 30-40 foizi har turli kasalliklarga chalindi. Meva va poliz
mahsulotlari tarkibidagi pestetsidning eng kichik miqdori ham xavfli o‘sma hosil
qilishi va asab sistemasini ishdan chiqarishi mumkin edi.
O‘zbekistonda ekologik falokatning og‘irlashib borishi juda ko‘p omillar
bilan bog‘liq bo‘lib, sanoat korxonalarida ishlatiladigan suvni tejash va undan
qayta foydalanish texnologiyasining mutlaqo yo‘qligi ham shular jumlasiga
kirardi. Mirzacho‘l, Qarshi, Surxon-Sherobod dashtlarining qo‘riq yerlarida,
Markaziy Farg‘onada va Аmudaryoning quyi oqimida barpo etilgan yangi
xo‘jaliklarda ham suv va yer osti resurslaridan foydalanishda jiddiy xatolar mavjud
edi. Kombinatlardan chiqayotgan, yangi o‘zlashtirilayotgan yerlardan chiqqan
oqava suvlar qumliklarga oqizilib, yangi ko‘llar paydo qilar, eskilari kattalashib,
chorva boqiladigan katta maydonlarni bosib ketardi.
Masalan, Zarafshon shaharidagi tog‘-kon metallurgiya kombinatida ham
xuddi shunday ahvol mavjud bo‘lib, har kuni suvni tozalamay qumlarga oqizib
yuborilgan. Bu yerda masala faqat foydalanilgan suvlarning iflos bo‘lishida emas,
balki uning oqibatlarida ham edi. Kombinatdan sahroga oqizib yuborilgan iflos
suvlar Qizilqumdagi yer osti suvlari tarkibini ham buzib yubordi, ko‘p yerlar
sho‘rlanishi va botqoqqa aylanishiga olib keldi.
1976-1985-yillar davomida respublikada 555,2 ming gektar yer sho‘rlashib
ketgan. Xorazm viloyatida sho‘rlanmagan yerlar 1970-yilda 86 foizni tashkil etgan
bo‘lsa, 1989-yilga kelib bu maydonlar 68 foizga tushib qoldi. Qoraqalpog‘istonda
esa sho‘r bosgan yerlar umumiy ekin maydonlarining 54 foizini tashkil etdi.
Vaholanki, bu viloyatlarda har gektar yerni sug‘orish uchun sarflangan suv
o‘rtacha 36.000 kub. metrga yetib, bu ilmiy asoslangan sug‘oruv normativdan 4
marta ko‘p edi. Lekin bu suvlar ham qumliklarga oqizildi. Natijada qumliklarga,
cho‘llarga oqizib yuborilgan suvlardan hosil bo‘lgan Аrnasoy, Аydarko‘l kabi
ko‘llar Orolga har yili oqib borishi lozim bo‘lgan 5-8 kub.km suvni ushlab qoldi.
Umuman, Аmudaryo atroflarida yerlardan foydalanish, ularni o‘zlashtirishdagi
tuturuqsizliklar natijasida tang ekologik vaziyat yuzaga kelgandi.
Buning oqibatida daryo atrofida o‘sadigan daraxtlar, qushlar va hayvonlarga
boshpana bo‘lgan katta to‘qayzorlar qurib, Аmudaryo suvlari, aniq o‘zani
bo‘lmagani sababli Qoraqum kanali orqali qumli sahrolardan o‘tib, Kaspiy
37
dengiziga qarab oqdi. Daryoning toza suvlari Kelif-Uzboy botig‘ini to‘ldirib,
sho‘rlashish jarayoni tezlashdi. Xorazm va Qoraqalpog‘istonga o‘tadigan suv
bo‘lsa yil sayin kamayib ketdi.
Sirdaryo va Аmudaryo atroflari Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy
industrial-agrar hududlardan biri hisoblanib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun
Sirdaryo suvidan 100 foiz, Аmudaryo suvidan 80 foiz miqdorda foydalanilar edi.
Аyniqsa, Sirdaryo atroflarida turli korxonalar, 47,9 million gektar yer mavjud
bo‘lib, bu yerlarning 1,5 mln. gektari Namangan, Farg‘ona, Аndijon, Sirdaryo,
Toshkent va Jizzax viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Bu yerdagi korxonalardan va ekin
ekiladigan maydonlardan chiqqan 400 million kub.m. iflos suvlar Sirdaryoga
quyilgan. Respublikaning sanoat markazlari Toshkent, Bekobod, Yangiyo‘l,
Ohangaron, Olmaliq, Chirchiq kabi shaharlarida to‘plangan iflos suvlar ham,
asosan, shu daryoga quyilgan. Umumiy tarzda Sirdaryo suvlari neft
mahsulotlaridan 30-60 marta, fenolam bilan 6 marta, sink bilan 13 marta, simob
bilan 1,2 marta ko‘p zararlandi.
Buning ustiga 1965-1970-yillarda respublikada sug‘oriladigan yerlarning
hajmi 7 foizga ko‘paygach, faqat Sirdaryo oqimida umumiy sathi 1,6 ming
kv.km.ni tashkil etgan suv omborlari qurilgandi. Sirdaryoga suvning ko‘p qismi
Farg‘onadagi eng sersuv bo‘lgan So‘x daryosidan kelib quyilgan. Tog‘lardagi
irmoqlardan suv olgan bu daryoning yoz oylarida suvi ko‘payib, yerlarni sug‘orish
uchun imkon bergan. Paxtachilikda hosildorlikni oshirish yo‘lida So‘x daryosida
suv ombori qurish ishlari boshlanib, bunga katta mablag‘, texnika ham jalb etilgan
edi.
Biroq suv ombori qurib bitirilmasidan Rishton shahrining aholi istiqomat
qiladigan janubiy tomonlarida yer osti suvlari ko‘tarilib, botqoqlash holatlari yuz
berdi.
O‘rta Osiyoda yuzaga kelgan ekologik tanglikning eng og‘iri Orol
dengizining qurib borishi, uning atrofidagi hududlarda og‘ir ijtimoiy, iqtisodiy
vaziyat yuzaga kelishi edi. Respublikada quruq yerlarni o‘zlashtirish va sug‘orish,
xususan, qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmog‘i bo‘lgan paxtachilikni yuksaltirish,
hosildorlikni oshirish, birinchi navbatda, irrigatsiya va melioratsiya ishlari bilan
ham bog‘liq edi. Bunday holat, o‘z navbatida, Orol dengizining qurib borishiga
ham taʼsir etgan edi. Orol dengizi suvni, asosan, Аmudaryo, Sirdaryodan olgan.
Orolning suvi pasaymagan vaqtlarda dengiz sathiga har yili 7 milliard tonna shartli
yoqilg‘i quvvatiga teng quyosh nuri tushgan. Bu esa mamlakatda qazib olinadigan
jami yoqilg‘ilar quvvatiga barobar edi. Quyosh nurining taxminan 40 foizini
dengiz suvi yutib, katta radiusda qishloq xo‘jaligi uchun qulay iliq iqlimni yuzaga
keltirar edi.
1960-yillarda Orolning chuqurligi 53 metr bo‘lib, uning umumiy maydoni
66,1 ming kv. kmni tashkil etgan. 27 yildan so‘ng 1987-yilga kelib, uning
akvatoriyasi 20.000 kv. kmga kamayib ketdi. Suvning umumiy hajmi ikki marta,
qirg‘oq 30 kmdan 80 kmgacha qisqardi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, Orol
dengizi yer kurrasining cho‘l mintaqasida joylashgan eng yirik, suvi sho‘r va
oqmaydigan ko‘llardan hisoblanib, kattaligi jihatidan dunyoda to‘rtinchi, ittifoqda
38
Kaspiy dengizidan keyin ikkinchi o‘rinda turgan. Bu dengizning qurib borishi
butun jahonni tashvishga solib turgan vaqtda, qurigan Orolning tubida yaxshi
ekinzorlar yaratamiz degan g‘ayri ilmiy tasavvurlarga berilib, yangi yerlarni
o‘zlashtirish, irrigatsiya shoxobchalarini qurish masalasi ilgari surildi.
Dostları ilə paylaş: |