Mavzu: O‘zbek halq dostoni."Alpomish"dostonidan parcha



Yüklə 61,45 Kb.
səhifə1/8
tarix13.06.2023
ölçüsü61,45 Kb.
#129324
  1   2   3   4   5   6   7   8
Adabyot maruza matni (2)


Mavzu:O‘zbek halq dostoni.”Alpomish”dostonidan parcha.
Alpomish“ — oʻzbek xalq qahramonlik dostoni. Turk xalqlarida ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelayotgan sarkarda nomi. Turk xalqlari orasida keng tarqalgan. „Alpomish“ning qoraqalpoq, qozoq, oltoy versiyalari doston shaklida, tatar va boshqird versiyalari ertak va rivoyat shaklida bizgacha yetib kelgan. Oʻzbeklar „Alpomish“, qoraqalpoqlar „Alpamis“, qozoqlar „Alpomish batir“, oltoyliklar „Apip-Manash“, qozon tatarlari „Alpamsha“, boshqirdlar „Alpamisha va Barsin hiluu“ deb nomlaganlar Oʻzbek dostonchiligi taʼsirida XX asr boshlarida ertak va rivoyatlar shaklidagi tojik variantlari ham yuzaga kelgan. Oʻrta asr oʻgʻuz eposining muhim yodgorligi hisoblangan „Kitobi Dadam Qoʻrqut“ tarkibidagi „Bamsi Bayrak“ asari oʻzining syujeti va kompozitsiya qurilishi jihatidan „Alpomish“ dostoniga yaqin turadi. „Alpomish“ dunyo estetik tafakkuri tarixida kamdan-kam uchraydigan favqulodda va noyob badiiy hodisalardan biridir. Uning favqulodda va noyobligi shundaki, qadimiyatda yaratilgan bu ulkan epos baxshilar tomonidan asrlar davomida kuylanib, jonli epik anʼanalarda ogʻzaki ravishda bizgacha yetib keldi. Shuning uchun ham u bugungi kunda qadimiyatning buyuk bir ehsoni, oʻzi yaratilgan davrning umumiy dunyoqarashi, ayni paytda jonli anʼanaviy ijod va ijro sharoitlarida xalq ommasi ruhining ob’ektiv holatini davrlararo ifodalab, mazmun va shakl jihatidan goh kengayib, goh torayib, koʻplab variantlarda va xilma-xil koʻrinishlarda ajdodlardan avlodlarga yetib kelgan adabiy yodgorlik, xalq milliy tarixidagi qahramonlik voqealarining afsonalar qobigʻiga oʻralgan oʻziga xos badiiy ifodasi, buyuk epos sifatida baholanadi. „Alpomish“ dostoni bundan ming yil oldin turkiy xalqlarning qadim dostonchilik anʼanalari asosida xalq ogʻzaki ijodi namunasi sifatida yaxlit doston shaklini olgan boʻlsada, aslida „Alpomish“ dostonining eng qadim qatlamlari miloddan avvalgi yuz yilliklarda yurtimizda kechgan jarayonlarning badiiy talqinini oʻzida aks ettirgan. Qoʻngʻirot qabilasining turli hududlarga siljishi va ularning yangidan shakllanayotgan xalqlar tarkibiga kira borishi natijasida doston boshqa urugʻ va elatlarga ham oʻtib, ularning epik anʼanalari asosida qayta ishlana borib, juda keng tarqaldi va nihoyat, uning yaratilishida ota-bobolari ishti-rok etgan har bir xalqning oʻz eposiga aylandi. „Alpomish“ dostonining ogzaki epik anʼanalarda bizgacha yetib kelgan nusxalari IX-X asrlarda yaratilgan. Ammo bunday xulosa dostonga asos boʻlgan syujet va yetakchi motivlarning mifologik va tarixiy-hayotiy ildizlari qadimgi davrlarga — miloddan avvalgi zamonlarga taqalishini inkor etmaydi. Doston syujet tarkibida islomgacha bulgan karashlar va mifologik qatlam mavjud. Undagi mifologik qatlam esa, kad. turmush tarzining badiiylashtirilgan va ideallashtirilgan koʻrinishlaridir. „Alpomish“ variantlari 1922-yildan yozib olina boshlangan. Hozirgacha Fozil Yoʻldosh oʻgli, Mahammadqul Jonmurod oʻgʻli Poʻlkan, Berdi baxshi, Saidmurod Panoh oʻgʻli, Boʻri baxshi, Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli, Mardonaqul Avliyoqul oʻgʻli, Abdulla Nurali oʻgʻli, Umir baxshi, Haydar Boycha oʻgʻli, Rahmatulla Yusuf oʻgʻli, Hodir Rahim oʻgʻli kabi oʻttizdan ortiq dostonchilardan qirqqa yaqin variantlari yozib olingan. Dostonning yozib olingan qoʻlyozmalarining asl nusxalari Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutinnng folklor arxivida saqlanadi. Bu variantlar orasida eng mukammali, badiiy jihatdan eng yuksagi Fozil Yoʻldosh oʻgʻlidan yozib olingani hisoblanadi. „Alpomish“ning Berdi baxshi, Saidmurod Panoh oʻgʻli, Pulkan va Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli, Xushboq Mardonaqulov aytgan variantlari ham nashr etilgan. „Alpomish“ dostoni qahramonlik, mardlik, vatanparvarlik, turli elatlar va xalqlarning birodarligi, sevgi va sadoqat, oila mustahkamligi va urugʻ birligini kuylovchi ulkan eposdir. Respublikamiz prezidenti Islom Karimov „Alpomish“ dostonining 1000-yilligiga bagʻishlangan tantanali maro-simda soʻzlagan nutqida aytganidek: „Alpomish“ dostoni bizga insonparvarlik fazilatlaridan saboq beradi. Odil va haqgoʻy boʻlishga, oʻz yurtimizni, oilamiz qoʻrgʻonini qoʻriqlashga, doʻstu yorimizni, or-nomusimizni ota-bobolarimizning muqaddas mozorlarini har qanday tajovuzdan himoya qilishga oʻrgatadi". Doston qoʻngʻirot urugʻi boshliqlari — aka-uka Boyboʻri va Boysarining farzandsizligi tasviri bilan boshlanadi. Unda Alpomish, Barchin, Qaldirgʻochlarning bir kunda tugʻilishi, Barchin. Dostonning yetakchi obrazi (V. Ye. Kaydalov asari).Barchinning Alpomishga beshikkerti qilinishi, Boysarining Boyboʻridan arazlab oʻn ming uyli elat bilan qalmoq eliga koʻchishi, qahramonning yorini olib kelish uchun oʻzga mamlakatga safari, Qorajon bilan doʻst tutinib, Barchin shartlarini bajarishi va yorini olib oʻz yurtiga qaytishi, keyin yana yetti yil tutqunda qolishi, zindondan oti Boychibor yordamida qutulib, oʻz eliga umr yoʻldoshi Barchinning zoʻravon Ultontoz bilan boʻlayotgan majburiy toʻyi ustiga kelishi ham raqibini yengib, murod-maqsadiga erishishi voqealari juda qiziqarli, eposga xos rang-barang badiiy boʻyoqlarda tasvirlangan. Alpomish va Qorajon, Qultoy va Yodgorlarning oʻzaro munosa-batlari, hatto qahramonning oti Boychi-bor bilan, enchi harvona tuya bilan munosabati tasvirida jamiyat taraqqiyotining do-stonda tasvirlangan bosqichiga xos oli-janob soddalik, ulugʻvor vazminlik, patriarxal insoniylik, bolalarcha begʻubor samimiylik gʻoyatda goʻzal mujassamlashgan. „Alpomish“ dostoni badiiy barkamol asar. Unda oʻzbek xalqi sheʼriy dahosining buyuk qudrati toʻlaligicha namoyon boʻlgan. „Alpomish“ning slovak tilida nasriy bayoni, rus tilida badiiy tarjimasi nashr etilgan. Undan parchalar ingliz tilida eʼlon qilingan. Doston turk tiliga tarjima qilindi.Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga (1998-yil 13-yanvar) hamda YUNESKOning 1999-yildagi tadbirlar rejasiga binoan Oʻzbekistonda 1999-yil noyabrda „Alpomish“ dostonining 1000-yilligi keng nishonlandi. Soʻnggi tantanalar 1999-yil 6-noyabrda Termiz shahrida boʻlib oʻtdi. Shu munosabat bilan bu yerda xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazildi, Alpomish nomidagi bogʻ barpo etildi va xalq qahramoniga haykal ochil-di. „Alpomish“ning atoqli xalq baxshilari kuylagan variantlari qayta nashr etildi. Doston haqida hujjatli va badiiy film, uning motivlari asosida teatr spektakllari yaratilgan.
Qadimiy turkiy tilda yozilgan doston. 1999-yilda Oʻzbekistonda „Alpomish“ dostonining 1000-yilligini keng nishonlandi. Bu dostonda Alpomish laqabli Hakimbek degan qoʻrqmas pahlavonning amakisi (qaynotasi) bilan sevgilisi Barchinoyni yovuz Qalmoqlar yurtidan qutqarib kelishi va murod-maqsadiga yetishi juda jonli tasvirlangan. Alpomish Qalmoqlar yurtida koʻp qiyinchiliklarga, hiyla-nayranglarga duch kelib, ularni mardona yengib oʻtadi. Oʻzining mardligi, haqqoniyligi, tantiligi tufayli Qalmoqlar yurtida ham, oʻz vatanida ham adolatni qaror toptiradi. Ushbu dostonda oʻzbeklarning feʼl-atvori juda mahorat bilan tasvirlangan.
Mavzu:”Go‘ro‘g‘li” dostonidan parcha
Go'ro'g'lining tug'ilishidagi g'ayritabiiylik, uning ilk bola-ligi, o'spirinlik davridagi «noodatiy» qiliqlari ana shu o'ziga xosliklar bilan izohlanadi. Ilk asotir va afsonalarning ta’siri, qadimgi tasavvur va e’tiqodlarning ba’zan yorqin, ba’zan xira qoldiqlari tasvirlari zaminidagi ma’nolarni tushunish qi-yinroq tuyulishi mumkin. Dostonda ko'plab badiiy timsollar yaratilgan. Xalq boshliqlari, oddiy fuqarolar, ko'plab yigitlar, qiz va ayollarning takrorlanmas siymolari zo'r badiiyat bilan ko'rsatib berilgan. Doston voqealari Zargar yurtining podshosi Shohdorxonning Yovmit yurtiga bosqinchilik urushi qilishi bilan rivoj-lanib boradi. Bu yerda ikki davlat podsholarining, ya’ni Go'ro'g'lining bobosi Odilxon podsho bilan Shohdorxonning o'ziga xos bo'lgan xislatlari yoritiladi. Odilxon podshoning insoniy fazilatlariga qarama-qarshi o'laroq, Shohdorxonning nuqsonlari ko'zga tashlanadi. Shohdorxonning maslahatga quloq solmay, o'ylamay qaror qabul qilishi, uzoqni ko'ra bilmasligi ko'plab insonlarning bevaqt o'limiga, taqdirlarining o'zgarib ketishiga sabab bo'ladi. Chunki mana shu urush tufayli Go'ro'g'lining ota-onasi – Ravshan va Bibi Hilol ham bolaligida Zargar eliga borib qolib, musofirchilikda voyaga yetadi. Dostonda qahramonning tug'ilishi va yoshligidanoq ba-hodirlik kuchini namoyish qilishi ancha keng tasvirlangan. Go'ro'g'lining tug'ilishi va xalq manfaati yo'lida qahra-monlik ko'rsatishida chiltanlar va Xizr alayhissalom katta o'rin tutadi. Bular xalq dostonlarining doimiy ishtirokchilari bo'lib, ular xalq qahramonlariga homiylik, rahnamolik qiladi. Ular hali hayot tajribasiga ega bo'lmagan qahramonga yo'l-yo'riqlar ko'rsatish bilan uni tarbiyalab boradi va qahramonni elga xizmat qilishga o'rgatadi.
Mantiqiy fikrlaganda g'ayritabiiy bir sharoitda tug'ilgan go'dakni kimdir o'limdan saqlab qolmog'i kerak. Go'ro'g'li go'rda tug'ilgan ekan, Bibi Hilolning jonsiz murdasi uni tarbiyalay olmas edi. Shu o'rinda go'dakni yo'rgaklab olish uchun Xizr alayhissalom va chiltanlar hozir bo'ladilar. Go'ro'g'lining g'ayritabiiy tug'ilishi – uning kelajakda boshqalarga o'xshamaydigan, favqulodda kuch-qudrat, aql-idrok egasi bo'lib kamol topishiga ishora. Tengdoshlariga nisbatan sho'xliklari, o'zidan kattalarga ham tegajoqlik va zo'ravonlik qilishi esa undagi alplik alomatlarining badiiy tasviridir. Parokanda bo'layozgan Taka-Yovmit elida Go'ro'g'lining kelishi bilan tub burilishlar sodir bo'ldi. Eng muhimi, u el-yurt sha’nini, shavkatini, or-nomusini tiklaydi. Go'ro'g'lida yigitlik burchi va mas’uliyatini his etish juda kuchli darajada 49shakllangan. Ayni mana shu tuyg'u uni harakatga soladi, kuchiga kuch ba g'ishlaydi.Doston voqealari rivojida Rayhon arab obrazining ham o'ziga xos o'rni bor. U Shirvon yurtining podshosi bo'lib, Iroq va Arabiston mamlakatlari unga qarar edi. Rayhon arab – Rustam kelbatli, pahlavon, qo'rqmas va jasur, o'ziga ishongan podshoh. Uning mingan oti chin tulpor bo'lib, uni quvib yetib bo'lmas edi. Buni Go'ro'g'lining Rayhon arabga qarata aytgan quyidagi so'rovidan ham anglash mumkin:Ostingda o'ynaydi chin tulpor oting,Rustamga o'xshaydi shon-u shavkating,Qayerda, mehmonjon, sening elating,Ajdaho nishonim, qaydin bo'larsan? Rayhon arab Xoljuvonning suluvligini eshitib, kelib ko'rgan va unga oshiq bo'lib qolgan edi. Xoljuvonga sov-chi qo'yganda, Ahmadbek ham sovchi qo'yib o'zi olgan edi. Rayhon arab Xoljuvonga yetisha olmasa-da, har yili Ahmad-bekning yo'qligini poylab, pana yerlardan turib uni ko'rib ketar, ko'rmasa kasal bo'lib qolar edi. U doim Xoljuvonni olib qochish payida bo'lgan. Kunlarning birida Rayhon arab Ahmadbekning bir shaharga safar qilganini eshitadi va paytdan foydalanib Xoljuvonni olib qochish uchun Turkman yurtiga keladi. Shunda u Go'ro'g'liga duch keladi va o'z rejasini undan foydalanib amalga oshiradi. Rayhon arabning Xoljuvonni olib qochishida o'zini aybdor bilgan Go'ro'g'li qanday qilib bo'lmasin undan qasdini olishni maqsad qiladi va bunga erishadi. Xoljuvon chechasining o'rniga Rayhon arabning qizi Zaydinoyni tog'asi Ahmadbekka olib kelib beradi. Mana shu voqealar jarayonida Go'ro'g'li va Rayhon arabning o'ziga xos insoniy his-tuyg'ulari, mard va jasurliklari yanada yaqqol ko'zga tashlanadi.«Go'ro'g'li» nomining talqinlarida turli yondashuvlar mav-jud. Jumladan, uning «go'r» – qabrda tug'ilishi motivini asoslaydigan qarashlar ham ustuvorlik kasb etgan. Ayni payt-da, uning «ko'r ota ning farzandi» ekanligiga urg'u beradi gan yo'nalish ham mavjud. Jumladan, Po'lkan shoir variantida mana shu ikkala qarashning ham ta’siri ochiq seziladi. Nomning o'zak qismi ko'plab talqin larga imkon beradi. Zero, «go'r» va «ko'r»dan tashqari «kur» o'zagi ham mana shunday rang-barangliklardan birini tashkil etadi. Uning ma’nosi alp, botir, mard deganidir. Ravshanning faqat sinchi bo'libgina qolmay, anchayin kuchli bir bahodir ekani ham tasodifiy emas. Bu o'zakda «quyosh», «o't», «olov», «qo'r», «qir», «tog'» sin gari ma’nolar ham mujassamlashganki, ular qa dimgi asotir va afso nalar vositasida eng qadimgi tasavvurlarni qayta tiklash imkonini beradi. Xalq dostonlarida qahramon har doim o'z oti bilan bir-galikda namoyon bo'ladi. Esingizda bo'lsa, Alpomishning ham oti bor edi. U Boychibor nomi bilan mashhur bo'lgan. Xuddi shuningdek, bu yerdagi G'irot ham mana shunday jangovar otlar timsolidir.
"Go'ro'g'li" turkumi dostonlari ko'pgina xalqlar orasida juda keng tarqalgan bo'lib, ayrim xalqlarda baxshilar tomonidan hozir ham kuylanib kelinmoqda. Bu dostonlar o'zbek, tojik, turkman, ozarboyjon, turk, qozoq, qoraqalpoq, arman, gruzin, kurd xalqlari epik ijodiyotida o'ziga xos turkumlarni tashkil etadi. Go'ro'g'li Sibir tatarlari, Bulg'or turklari, Eron ozarboyjonlari, Stavropol turkmanlari, Afg'oniston o'zbeklarining ham sevimli epik qahramonlaridan biridir. Turkumning ayrim lavhalari O'rta Osiyo (Buxoro) arablaridan ham yozib olingan. Bunday keng hududda, asosan, turkiy elatlar va qisman turkiy bo'lmagan xalqlar orasida juda ham keng miqyosda tarqalgan, turkumlashishning barcha xillarini o'z ichiga olgan bunchalik ko'p tarmoqli biror-bir epik asarni dunyo folklorshunosligi bilmaydi. Shuning uchun ham ozarboyjon versiyasining 13 majlisini (dostonini) yozib olib, 1842-yilda uning inglizcha taкjimasi bilan nashr etgan diplomat A. Xodzko: "Osiyoda biror burchak yo'qki, u yerda Go'ro'g'lining nomi aytilmasin. Hatto Bessarabiya va Moldaviyada ham uning otini eshitasiz. Agar adiblarning shuhrati va mashhurligi ularning o'quvchilarining soni bilan hisoblansa, unda Firdavsiy Go'ro'g'lidan biroz ortiq bo'ladi", — deb yozgan edi. Olimlar "Go'ro'g'li" turkumi dostonlarining kattakon ikki tarmoqqa bo'linishini qayd etadilar. Fanda ularning biri Zakavkazye va Yaqin Sharq versiyalari (ozarboyjon, arman, gruzin, turk va boshqalar) deb yuritilsa, ikkinchisi O'rta Osiyo versiyalari (o'zbek, qozoq, qoraqalpoq, turkman, tojik va boshqalar) deb ataladi. Bu ikki tarmoqqa birlashgan versiyalar o'zaro muayyan umumiyliklarga ega bo'lsalar-da, dostonlarda qamrab olingan voqelik, epik an'ana va bosh qahramonga berilgan baho jihatidan, ularning hajmi, tarkibi, kuylanish va tarqalish xususiyatlari bilan bir-birlaridan jiddiy ravishda farq ham qiladi. Turkumning ozarboyjon versiyasi Zakavkazye va Yaqin Sharq versiyalariga xos bo'lgan umumiy xususiyatlarni o'zida to'la ifodalay oladi, deb hisoblash mumkin. Bu versiyada tasvirlanishicha, Go'ro'g'li qirq yigitga bosh bo'lib, mavjud tuzumga qarshi isyonkorlik harakatlari olib boradi. Kutilmaganda, savdogarlar karvonini talaydi, o'ziga dushman qo'shni podsholiklarni yengadi, bunday janglarda ajoyib jasorat va qahramonliklar ko'rsatadi; cho'pon, otboqar, darbadar baxshi, duoxon, folbin qiyofalarida dushman ichiga kirib, juda usta tadbirkorlik bilan asir tushgan yigitlariga yordam beradi, o'ziga va yigitlariga ma'qul bo'lgan go'zallarni olib qochadi. Ko'ro'g'lining jasorati va mardliklari haqidagi bunday hikoyalar yarim tarixiy, yarim afsonaviy xarakterga ega. Bu hikoyalar mag'zida xalq og'zaki ijodi bo'yoqlaridagi real tarix yotibdi. Turkiya sultoni yoki Eron shohlariga tobe bo'lgan yarim mustaqil podsholiklardagi turli xil saroy intrigalari, hukmdorlar yashagan gavjum savdo va hunarmandlik shaharlaridagi hayot, katta karvon yo'llaridagi janglar ozarboyjon versiyasining tarixiy asoslari hisoblanadi va bu versiyaga ko'ra, Go'ro'g'li Eron shohi Abbos I ning (1585—1628) zamondoshi qilib ko'rsatiladi. Chindan ham arman tarixchisi Arakel Tavriziy (vafoti 1670-yil)ning ko'rsatishicha, shoh Abbos va Turkiya sultoniga qarshi qo'zg'olon ko'targanlarning boshliqlaridan biri Go'ro'g'li boigan. "Bu hozir oshiqlar kuylayotgan juda ko'p qo'shiqlarni to'qigan Go'ro'g'lining xuddi o'zi", — deya aniqlik kiritadi arman tarixchisi. Demak, ozarboyjon versiyasida konkret shaxs va davr bilan bog'liq voqealar tengsiz kuch-qudrat va shijoat, olijanob insoniy fazilatlar ideali nuqtai nazaridan kuylanadi. Ammo bunda umumlashtirish va ideallashtirish muayyan davr va tarixiy voqealarni inkor etish darajasida emas, balki u (xalq ideali) konkret biografik detallar va hayotiy lavhalar bilan chambarchas bog'lanib ketgan. O'rta Osiyo versiyalari, xususan, o'zbek variantlarida esa umumlashtirish va ideallashtirishning juda yuqori darajasini ko'ramiz. Bunda qahramonona o'tmish aniq tarixiy voqealar aspektida emas, balki mislsiz romantik lavhalarda, xalqning beqiyos ideallari ko'lamida tasvirlanadi. Hamma narsa — hayot ham, xalq turmushi ham, tarixiy voqelik ham, mavjud zamon yetishtirgan qahramonlar ham ko'tarinki romantik bo'yoqlarda, bepoyon ideal badiiy tasavvurlarda, cheksiz obrazlar girdobida gavdalanadi. Ana shu bepoyon ideallik va cheksiz romantika bu dostonlarni yanada real, hayotiy, xalqqa yaqin va davrimizga hamohang qilgan. 

Mavzu: Qadimgi adabiyotlarning rivojlanish tamoyillari



Yüklə 61,45 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin